Azimova Ziyodaxon Ergashevna 1972-yil 6-dekabrda Andijon shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Mehnat staji 30 yil. 2022-yildan Andijon davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta’lim kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. Azimova Z.E. 1989-1994 yillarda Andijon davlat tillar pedagogika institutining “Rus tili va adabiyoti” yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Pedagogik faoliyatini o‘rta maktabdan boshlab, 2004-yilda Andijon davlat universitetining Pedagogika kafedrasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilindi. 2009-yil may oyida Qori Niyoziy nomidagi pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida “O‘quvchilarning shaxslararo munosabatlari integral diagnostikasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2010-2012 yillar davomida Andijon davlat universiteti Pedagogika fakultetida xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 2012-2014-yillarda Pedagogika kafedrasi mudiri, 2014-2015-yillarda Boshlang‘ich ta’lim metodikasi fakulteti dekani lavozimida ishladi. 2015-yil yanvar oyidan Andijon davlat universiteti Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi rahbari va ADU “Olima ayollar” uyushmasi raisi etib tayinlandi. Kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimida faoliyat ko‘rsatar ekan talabalar, magistrantlar, ilmiy izlanuvchi-tadqiqotchilar bilan ko‘proq ishlashga, ularning saviya jihatini o‘rganishga, ularni mustaqil, erkin fikrlashga o‘rgatishga, ularning ma’naviy qiyofasini yuksaltirishga alohida e’tibor berdi. 2018-yilda Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy – amaliy markazi mustaqil izlanuvchisi sifatida “Tarbiyaviy ishlar tizimini integral diagnostik asosda takomillashtirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Z.Azimova doimo talabalar, magistrantlar, doktorantlar qurshovida. Uning ilmiy rahbarligi ostida 2012-yili talaba M.Jo‘rayeva Respublika fan olimpiadasida faxrli 1 o‘rinni egalladi. 2014-yili talaba H.Qodirova Z.Azimovaning ilmiy rahbarligi ostida Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. Shaxsan Z.Azimovaning tashabbusi bilan 2012-yili “Oliy ta’lim muassasalari ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimining ijtimoiy-pedagogik asoslari” mavzusidagi Respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi, 2014-yili “Bo‘lajak o‘qituvchilarni diagnostik faoliyatga tayyorlashning ijtimoiy-pedagogik asoslari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari universitetda yuqori saviyada o‘tkazildi. 2017-yili Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod Davlat universitetining Tosh-Ko‘mir muhandislik-pedagogika fakultetida xalqaro ekspert sifatida attestatsiya – akkreditatsiya komissiyasining a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. U o‘z ilmiy-ijodiy faoliyati davomida “Sharq ayollari namunasida qizlar tarbiyasi”, “O‘quvchilarning shaxslararo munosabatlarini integral diagnostika vositasida pedagogik nazorat qilish”, “Xotin-qizlarimizning ilm izlashlaridan mahalla manfaatdorligi”, “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tashxislash ko‘nikmasini shakllantirish”, “Ta’lim jarayonida o‘qituvchi va talaba munosabatlari tashxisi”, “Психологическо-педагогическая диагностика и интегральная педагогика”, “O‘qituvchi pedagogik jarayonni ilmiy asosda tahlil qilish malakalarini rivojlantirish tajribasidan”, “Ma’naviy-ma’rifiy faoliyat jarayonida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining shaxslararo munosabatlarini shakllantirish”, “Oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ijtimoiy-siyosiy asoslari”, “Talabalarda shakllantirilishi zarur bo‘lgan fazilatlar turkumi haqida”, “Oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda ijtimoiy hamkorlik” kabi ko‘plab ilmiy maqolalar yaratgan. 2015-2017-yillar №A-1-41-raqamli “Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish o‘quv ishlab-chiqarish tizimida milliy an’anaviy bazasi hamda ushbu yo‘nalishda ta’lim berish jarayonining amaliy-uslubiy asoslarini yaratish” nomli amaliy tadqiqot ilmiy loyihasida yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2017-2020 yillar №OT-F-1-17-raqamli “Ma’naviy begonalashuvning oldini olishda shaxs faolligini oshirishni ijtimoiy-pedagogik tadqiq etish” nomli fundamental tadqiqot loyihasiga rahbarlik qildi. 2021-2022 yillari “Oliy ta’lim muassasalari negizida maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) xodimlarining kasbiy kompetensiyasi va metodik ta’minotini takomillashtirish” fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy texnika dasturlari doirasida moliyalashtirilgan loyihada yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Pedagogika va psixologiya, Maktabgacha ta’lim, Boshlang‘ich ta’lim va Sport tarbiyaviy ish ta’lim yo‘nalishlari magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilda. Kunduzgi tayanch doktorantlariga ilmiy-tadqiqot va ilmiy–pedagogik ishiga ilmiy maslahatchilik qilib kelmoqda. Bundan tashqari, bir necha mustaqil izlanuvchilarning pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hamda fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish uchun tayyorlayotgan doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilmoqda. Uning ilmiy rahbarligi ostida 6 nafar tadqiqotchi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Z.Azimovaning shaxsiy tashabbusi bilan dunyoning kuchli top 1000 talik ro‘yxatiga kiritilgan Oliy ta’lim muassasalari – Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti va Qozog‘iston milliy pedagogika universitetidan sohaning yetuk mutaxassislari Andijon davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdilar va ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida qo‘shma dasturga asoslangan hamkorlik shartnomasi imzolandi. 2022-yilda Z.Azimova professor ilmiy unvonini olishga sazovor bo‘ldi. 2016-2022 yillar u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan 13.00.01-Pedagogika nazariyasi, Pedagogik ta’limotlar tarixi va 13.00.07 – Ta’limda menejment ixtisosliklari bo‘yicha Namangan davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/05.06.2020.Ped.76.03. raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi sifatida ko‘plab tadqiqotchilarning ilmiy ishlari muhokamasiga boshchilik qildi. 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi va 13.00.08-maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha Namangan davlat universiteti huzuridagi PhD.03/04.06.2020.Ped.76.02 raqamli Ilmiy kengashda Ilmiy kengash raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2023-yildan buyon u Andijon davlat pedagogika instituti va Qo‘qon davlat pedagogika instituti qoshidagi ilmiy seminar va ilmiy kengashlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliy Attestatsiya komissiyasining 2024-yil 24-dekabrdagi qaroriga asosan Qo‘qon universiteti huzuridagi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.03/25.12.2024.Ped.l30.03 raqamli ilmiy kengash raisi etib tayinlangan. Z.E.Azimova tomonidan 200 ga yaqin ilmiy ish e’lon qilingan. Xususan,uslubiy qo‘llanma, darslik, monografiya, risola, uslubiy tavsiya, targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun qo‘llanma, ijodiy ish, xorijiy jurnallarda maqolalar, OAK ro‘yxatiga kiritilgan jurnallarda maqolalar, ilmiy-ommabop jurnallarda, xalqaro anjumanlarda maqola, respublika miqyosida o‘tkazilgan anjumanlarda maqola va tezislari bilan ishtirok etib kelmoqda. Z.Azimova intizomliligi, qat’iyatliligi va qobiliyati bilan talabalar, ilmiy izlanuvchilar va professor-o‘qituvchilar orasida obro‘ qozondi. ADPI ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda. Oilali, 4 nafar farzandi bor.