Daminov Asadullo Suvonovich 1960-yil Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumani Sinchi mahallasida ishchi oilasida tugʻilgan. 1977-yil ushbu tumandagi 40-oʻrta maktabni a'lo baholar bilan tamomlagan. 1978-1981-yillarda harbiy dengiz flotida xizmat qilgan. 1982-1987-yillarda Samarqand qishloq xoʻjalik institutini (hozirgi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti) Veterinariya fakultetini imtiyozli diplom asosida tamomlagan. 1987-yildan buyon ushbu dargohda pedagogik va ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib kelmoqda. 1995-yilda professorlar D.X.Narziev, Sh.I.Ibragimovlar ilmiy rahbarligida “Qorakoʻl qoʻylar umurtqa pogʻonasi suyaklarini postnatal taraqqiyoti davridagi ekomorfologik oʻzgarishlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2004-yilda Dotsent ilmiy unvonini olgan. 2016-yilda professor B.S.Salimov ilmiy maslahatchiligida “Respublikamizning turli biotsenozlarida qoramol trematadozlarining epizootologik va immunologik xususiyatlari” mavzusida fan doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2019-yilda Professor ilmiy unvonini olgan. A.S.Daminov 2009-2018-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi universitet ixtisoslashgan ilmiy kengash ilmiy kotibi lavozimida faoliyat koʻrsatib mamlakatimiz uchun juda koʻplab ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshgan. Professor A.S.Daminov 2018-2023-yillar davomida universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor lavozimida faoliyat koʻrsatib, koʻplab ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshib, universitet ilmiy salohiyatini sezilarli darajada oshishiga munosib hissa qo‘shgan. Olim tomonidan 400 ga yaqin ilmiy va uslubiy ishlar chop ettirilgan boʻlib, shundan 15 ta darslik va oʻquv qoʻllanma, 8 ta monografiya, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirilgan. Muallif tomonidan yozilgan ilmiy maqolalari AQSh, Hindiston, Angliya, Turkiya, Germaniya, Portugaliya, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Belorussiya kabi mamlakatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida nashr etilgan. Professor A.S.Daminov respublikamiz veterinariya va chorvachilik sohalarini rivojlantirishda oʻzini munosib hissasini qoʻshib kelayotgan yetuk olimlardan biri sifatida “Qishloq xoʻjaligi hayvonlarining gelmintozlari, ularni davolash va oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida katta ilmiy maktab yaratgan boʻlib, ustoz tomonidan hozirga qadar 10 nafar falsafa doktorlari (PhD) tayyorlangan. 3 nafar fan doktori (DSc) ga ilmiy maslahatchilik qilib kelmoqda. Professor A.S.Daminov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda xorijiy mamlakatlarning koʻplab faxriy yorliqlari, “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi”, Respublika “Oltin tulpor” tanlovida yilning eng yaxshi veterinariya ustozi nominatsiyasi gʻolibi, hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Veterinariya fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2008-yildan to hozirga qadar Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash kotibi, a’zosi, rais o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2023-2026-yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar huzuridagi ilmiy texnik kengash (ITK) a’zosi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalarni aprobatsiyadan o‘tkazishda faol ishtirok etmoqda. A.S.Daminov universitetda professor o‘qituvchilar o‘rtasida 2025-yilning ‘‘Ilmiy ishlar bo‘yicha eng samarali professor-o‘qituvchi’’si nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Veterinariya fanlari doktori, professor A.S.Daminov 2023-yildan hozirga qadar Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. 1982-1987 yy - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti talabasi. 1987-2000 yy - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti anatomiya, gistologiya va patanatomiya kafedrasi assistenti 2000-2004 yy. - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti zoologiya, tabiat va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi assistenti, dotsent vazifasini bajaruvchi 2004-2005 yy. - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti umumtexnika fanlari va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi 2004-2006 yy. - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti hayvonlar kasalliklari va parazitologiya kafedrasi assistenti, katta oʻqituvchisi 2006-2015 yy. - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti hayvonlar kasalliklari va parazitologiya kafedrasi dotsenti 2015-2017 yy. - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti hayvonlarning yuqumli va invazion kasalliklari kafedrasi katta ilmiy xodim izlanuvchisi 2017-2018 yy. - Samarqand qishloq xoʻjalik instituti hayvonlarning yuqumli va invazion kasalliklari kafedrasi mudiri 2018-2022 yy. - Samarqand veterinariya meditsinasi, instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori 2022-2023 y. - Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori 2023 y. fevral oyidan hozirga qadar Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Parazitologiya kafedrasi mudiri.
A.S.Daminov oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, professional sohasiga sadoqati va yurtiga boʻlgan mehri bilan keng jamoatchilik, hamkasblari, oilasi va mahallasi orasida katta hurmat qozongan.