Olim

ERGASHEV ABDIRASHID ILYOZOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori(PhD), dotsent, professor v.b. 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sovrindori, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi”

Ergashev Abdirashid Ilyozovich 1957-yil 17-mayda hozirgi Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani, Ochil Qodirov nomli jamoа xo‘jaligining O‘rozmat qishlog‘ida ishchi(cho‘pon) oilasida tavallud topdi. 1973-yil maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, shu yili Samarqand davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirib, (diplom oldi amaliyotini M. V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universitetining “Magnetizm” kafedrаsida o‘tab), Xalqaro pedagogika fanlari akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Obloqul Quvondiqov rahbarligida diplom ishini himoya qilgan. 1978-yil mazkur fakultetni fizik ixtisosligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tugatib, o‘z mehnat faoliyatini Samarqand shahridagi «Krasnyy-dvigatel'» zavodining “Markaziy o‘lchov texnikasi laboratoriyasi”da injenerlik lavozimidan boshlagan. 1979-1987-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga qarashli Fizika-texnika institutida faoliyat ko‘rsatib, ilmiy izlanishlar olib borgan. U Fizika-texnika institutining «Materialshunoslik» bo‘limi boshlig‘i O‘zR. Fanlar akademiyasining akademigi Risqiyev To‘xtapo‘lat Tursunovich qo‘l ostida injener, katta injener, kichik ilmiy xodim lavozimlarida ishlash bilan birga, O‘zR FA Yadro fizikasi ilmiy-tadqiqot institutining sirtqi bo‘lim aspiranti sifatida «Mnogochastichnye effekty v problemax spekaniya i otjiga» mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, 01-04-02(nazariy fizika) ixtisosligi bo‘yicha 1991-yil 27-noyabrda mazkur institutning Ilmiy kengashida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan. A. I. Ergashev ilmiy ishlarni olib borish uchun Rossiya davlatining Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinburg) viloyatidagi: “Восточный институт огнеупоров”, “Институт электрохимии”, “Moskva Davlat universiteti”, “Peterburg” politexnika instituti; “Kiyev politexnika instituti” va boshqa ilmiy tekshirish institutlarida bir necha marta xizmat safarida bo‘lgan. U o‘sha yillarda ham ilmiy ishni, pedagogik faoliyat bilan birga olib borib, asosiy ishga ta’sir qilmagan holda hozirgi ToshPTI, TDTU, TDPU, TATUlarning kechki ta’lim kursi talabalariga o‘rindoshlik va soatbay asosida assistent, katta o‘qituvchi lavozimlarida ham faoliyat yuritib, pedagogik staj to‘plab yurgan. 1987-1995-yillarda hozirgi Islom Karimov nomidagi TDTUning “Amaliy va nazariy fizika” kafedrасida assistent, katta o‘qituvchi lavozimlarida, 1995-1998-yillarda TDPUning “Fizikani o‘qitish metodikasi” kafedrасida katta o‘qituvchi, dotsent v.b. lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1998-2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tarkibida «Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi»da, avval yetakchi ekspert, keyin bosh ekspert lavozimlarida faoliyat yuritgan. Ushbu davrda Respublikamizda faoliyat yuritgan barcha turdagi Oliy o‘quv yurtlari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarini hamda ularda faoliyat yuritgan professor-o‘qituvchilarni egallаb turgan lavozimi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazib kelgan. Bu haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Vazirlar mahkamasi hamda tegishli vazirliklarga ma’lumotlar berib kelgan. A. I. Ergashev ko‘p yillar davomida Respublika ta’lim markazi(hozirgi Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti) Ilmiy-uslubiy kengashi, OO‘MTV O‘rta maxsus, kasb hunar ta’limi markazi tarkibidagi Metodika markazi Ilmiy-uslubiy kengashi, TKTI va fakultet Ilmiy-uslubiy kengashi a’zosi edi. Domla A.I. Ergashevni jamoatchilik asosida an'anaviy tarzda har yili tashkil etilgan O‘zR VM qoshidagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasiga Respublika OO‘Ylari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar tomonidan yuborilgan fundamental tadqiqot loyiha ishlariga; “Iste'dod” jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida qatnashish uchun oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan va “Oliy va o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazi”ga yuborilgan o‘quv adabiyotlariga xulosa berish uchun ham ekspert a’zosi sifatida taklif qilingan. 2003-2009-yillarda, avval, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi(Markaz) tarkibidagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish institutining malaka oshirish fakultetida dekan o‘rinbosari lavozimida ishlab, Respublikamizda faoliyat yuritgan barcha akademik litsey, texnikum va kasb-hunar kollejlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, injener-pedagoglarini 7-toifada o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish, ularga qulay sharoitlar yaratib berish hamda chet el (Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Avstraliya kabi mamlakatlar) ta’lim tizimlarini o‘rgatish hamda o‘quv kursi yakuniga ko‘ra, ularga Davlat namunasidagi sertifikatlar berish kabi ishlarni tashkil qilgan. Keyin, Markazdagi “Idoraviy metrologik nazorat xizmati”da bosh mutaxassis lavozimlarida ishlab, Respublikamizning barcha O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘zimizda ishlab chiqarilgan va chet ellardan keltirilgan zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari, apparatura va qurilmalar, mashina va mexanizmlarning joylarda samarali foydalanilayotganligi, ularning o‘quv va amaliy mashg‘ulotlarda qay tarzda ishlatilayotganligini o‘rganish va nazorat qilish hamda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha ularga foydali metodik tavsiya va yo‘riqnomalar berib kelgan. Ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanish bo‘yicha hududlar kesimida seminar-treninglar tashkil etish va ularni o‘tkazish jarayonlarida faol qatnashib kelgan. A.I. Ergashev 2004-yil mart-aprel oylarida chet el ta’lim tizimini o‘rganish va o‘zimizda joriy etish maqsadida davlatlararo shartnoma bo‘yicha bir guruh mutaxassislar bilan Malayziya davlatining Kuala Lumpur, Avstraliya davlatining Melburn universitetida ham malaka oshirib kelgan. A.I. Ergashev 2009-2015-yillarda Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Uslubiy bo‘lim” boshlig‘i, 2015-2021-yildan esa “Fizika va elektrotexnika” kafedrасining dotsenti lavozimida ishlagan. Keyin, 2022-yildan Nizomiy nomidagi TDPUning “Fizika va uni o‘qitish metodikasi” kafedrасida dotsent lavozimida ishlagan. Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti Olmaliq filiali “Matematika va tabiiy fanlar” hamda Toshkent Fan va texnologiyalar universitetining “Amaliy fanlar” kafedrасida professor v.b. lavozimida ishlab kelgan. Domla 50 yilga yaqin, ta’lim islohoti yo‘lida, ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib, o‘zining bilim va tajribasini, nafaqat o‘quvchi va talaba yoshlarga, balki keng jamoatchilikka ham ulashib kelmoqda. Ta’lim va ilm sohasining malakali mutaxassisi, Fizika-matematika fanlari doktori(PhD), dotsent, professor v.b., A. I. Ergashev ko‘plab shogird va izdoshlar orttirgan. Uning bevosita ilmiy rahbarligida ikki nafar fan nomzodi, yordami va ko‘magida bir nafar fan doktori va to‘rt nafar fan nomzodlari tayyorlangan. Domlaning ta’lim islohoti sohasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnatlar e'tiborga olinib, u O‘zbekiston respublikasi «Ma’naviyat fidoyisi” sertifikati (2003-yil), “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni va diplomi), O‘zbekiston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni va diplomi), 2008-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan 42-Xalqaro Mendeleev olimpiadasini tashkil etish va uni muvaffaqiyatli o‘tkazishda ko‘rsatgan alohida xizmatlari uchun tashkiliy qo‘mitaning maxsus diplomi hamda faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Hozirgi kunda Umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining fizika kabinetlariga yetkazib berilgan zamonaviy asbob va jihozlardan foydalangan holda laboratoriya va namoyishli tajriba ishlarini bajarish uchun A.I. Ergashev boshchiligida hammuаlliflar tomonidan yaratilgan «Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida fizika fanidan laboratoriya ishlarini o‘tkazish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma» nomli o‘quv adabiyoti “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” 2007-yil Respublika ko‘rik tanlovi g‘olibi bo‘ldi (III-darajali diplom bilan taqdirlangan) va «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida fizika fanidan laboratoriya ishlarini o‘tkazish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma» nomli o‘quv adabiyoti “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” 2009-yil Respublika ko‘rik tanlovi g‘olibi (II-darajali diplom bilan taqdirlangan) kitoblari chop etilib, ulardan respublikamizning maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, texnikumlari o‘quvchi va o‘qituvchilari tomonidan ta’lim muassasalarida foydalanib kelinmoqda. A. I. Ergashev 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “1-darajali Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlangan. Uning muallifligida 170 ga yaqin ilmiy, ilmiy-uslubiy maqola va risolalari Xorijiy, MDH va Respublika ilmiy jurnallarida, ikkita monografiyasi O‘zR FA ning «Fan» nashriyotida chop etilgan, 25 ta o‘quv adabiyotlar, 8 ta ilmiy risolalar yaratilgan. 20 dan ortiq Xalqaro anjumanlarda ilmiy maqolalari bilan qatnashib, Xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan. A. I. Ergashev hozirgi kunda ham ilmiy izlanishdan to‘xtamagan holda “Science and innovation” Xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida o‘tkazilayotgan barcha konferensiyalarda faol qatnashib kelmoqda (quyida rasmlar keltirilgan). A.I. Ergashev 2-guruh nogironi bo‘lishiga qaramasdan farzandlar, nevaralar va og‘ayni-qarindoshlarning ta’lim-tarbiyasiga ham alohida e'tibor qaratib kelmoqda. Bundan tashqari, domla mahalla yoshlarining ta’lim-tarbiyasiga ham befarq bo‘lmasdan ularga ham foydali maslahat, ko‘mak va yordam berishda mahalla faollaridan biri hisoblanadi. Domla 5 nafar farzandlarning ibratli otasi, va 13 nafar nevaralarning suyukli bobosi sifatida, ularning ham ta’lim-tarbiyasiga alohida mas'uliyat hissi bilan yordam beradi. Farzandlarining barchasi Respublikamizning nufuzli oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan va ular hozirgi kunda Davlat tashkilotlarida mas'uliyatli lavozimlarda samarali faoliyat yuritib kelmoqdalar.