Olim

GAPPAROV FURQAT AXATOVICH

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

Gapparov Furqat Axatovich, 1958-yil 31-iyulda tug‘ilgan. Bo‘lajak olim 1980-yilda O‘zbekiston agrar universitetining (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti) O‘simliklarni himoya qilish fakultetini olim-agronom mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan va shu yildan sobiq O‘rta Osiyo o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot institutida katta laborant (1980–1989), laboratoriya mudiri (1989–2021) lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan. F.Gapparov 1988-yilda Leningrad (Sankt-Peterburg) shahrida nomzodlik, 2002-yilda esa doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan bo‘lib, 2014-yilda unga professorlik ilmiy unvoni berilgan. Olim o‘simliklarni himoya qilish va karantini, entomologiya, zararli chigirtkalar bioekologiyasi hamda cho‘llanishga qarshi kurash sohasida qirq olti yillik sermahsul mehnat stajiga ega bo‘lgan xalqaro miqyosdagi yirik mutaxassisdir. U MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib zararli chigirtkalarni o‘rganish laboratoriyasiga asos solgan va o‘z ilmiy maktabini yaratgan soha yetakchisi bo‘lib, bugungi kunda fan va innovatsion texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam berib kelmoqda.Professor Furqat Gapparov o‘z faoliyati davomida ilmiy, tashkiliy va davlat miqyosidagi vazifalarni muvaffaqiyatli birlashtirib kelmoqda. U 1991–2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuzilgan «Zararli chigirtkalarga qarshi kurash komissiyasi» a’zosi, 2012–2021-yillarda esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi eksperti sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Olim 2024-yildan buyon “O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti” yetakchi ilmiy xodimi hamda hozirgi kunda muassasada yirik ilmiy loyiha rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda, shu jumladan Turkiya Respublikasi bilan hamkorlikdagi yirik xalqaro ilmiy loyihaga muvaffaqiyatli rahbarlik qilmoqda. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligida bosh mutaxassis sifatida Orolqum va Qizilqumning yangi barpo etilgan hamda mavjud saksovulzorlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, cho‘l va qurg‘oqchil mintaqalarda «yashil qoplamalar»ning sanitar holatini nazorat qilish va ekologik dasturlarni ishlab chiqishga mas’uldir.Olimning tadqiqotlari entomologiya, to‘g‘riqanotlilar bioekologiyasi, o‘simliklar karantini va cho‘llanishga qarshi kurash muammolarini o‘z ichiga oladi. U ilk bor O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan 165 dan ortiq chigirtka turlari bo‘yicha mukammal ma’lumotlar to‘pladi hamda xavfli chigirtka turlariga qarshi zamonaviy kimyoviy preparatlarni sinovdan o‘tkazib, ularning yuqori samaradorligini aniqladi va amaliyotga joriy etdi. Antropogen omillarning zararli hasharotlarga, xususan, to‘g‘riqanotlilarga (Orthoptera) ta’sirini, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini, Orolqum va Markaziy Osiyo cho‘llarida uchraydigan zararli hasharotlar hamda saksovul zararkunandalari bioekologiyasini chuqur tadqiq etdi. Uning zararli chigirtkalarga bag‘ishlangan 3 ta yirik ilmiy monografiyasi jahonning ko‘zga ko‘ringan soha olimlari bilan hammualliflikda AQSH, Germaniya, Italiya va Rossiya davlatlarida chop etilgan.Professor F.A. Gapparovning faoliyatida xalqaro ilmiy hamkorlik alohida o‘rin tutadi. U Orol muammosi bo‘yicha xalqaro loyihalarda ilk bor faol ishtirok etib, Germaniyaning GTZ/GIZ tashkiloti loyihasida Orolqum tubida saksovulzorlar barpo etish va zararli organizmlar biologiyasini o‘rganish ishlariga rahbarlik qildi, shuningdek, Jahon banki ishtirokidagi yirik loyihalarni boshqardi. 2003–2019-yillarda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida chigirtkalarga qarshi kurash bo‘yicha mustaqil xalqaro eksperti sifatida faoliyat yuritdi va tashkilotning rasmiy hujjatlarida ekologik monitoring, bio-pestitsidlarni sinash hamda atrof-muhitni baholash sohalarida mintaqaviy yetakchi mutaxassis sifatida qayd etildi. Professor transchegaraviy chigirtka turlarining migratsiyasi xavfini kamaytirish maqsadida qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining tegishli soha mutaxassislari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, chegaraoldi hududlarda qo‘shma monitoring ishlarini tashkil etish, chigirtka o‘choqlarini erta aniqlash va o‘zaro tezkor axborot almashish tizimini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi. Olim global va mintaqaviy miqyosdagi ilmiy integratsiyani ta’minlash maqsadida AQSH, Germaniya, Italiya, Marokash, Xitoy va Rossiya kabi dunyoning ko‘plab nufuzli mamlakatlarida o‘tkazilgan Butunjahon entomologlar hamda to‘g‘riqanotlilar assotsiatsiyasi anjumanlarida ma’ruzalar qildi.Olim rahbarligida yirik ilmiy maktab yaratilgan bo‘lib, u jami 4 ta fan doktori (DSc) va 8 ta fan nomzodini (PhD) tayyorladi, hozirgi kunda esa Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlaridagi yosh izlanuvchi tadqiqotchilarga ham ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. U respublikada zararli chigirtkalar hamda tut parvonalariga qarshi kurashish xizmatlari xodimlari uchun tizimli amaliy seminarlar tashkil etish va kadrlar malakasini oshirishda jonbozlik ko‘rsatib, zamonaviy innovatsion usullarni ishlab chiqarishga joriy etishda faol ishtirok etmoqda. Professor F.A. Gapparov o‘zining sermahsul faoliyati davomida 200 dan ortiq ilmiy xalqaro maqolalar, monografiya, darslik, risola va amaliy tavsiyanomalar e’lon qilgan bo‘lib, ulardan 28 tasi nufuzli chet ellarda nashr etilgan. Uning ilmiy ishlari “Agro kimyo, himoya va o‘simliklar karantini” hamda “Agro ILM” kabi yetakchi jurnallarda, shuningdek AQSHda chop etiladigan nufuzli “Orthoptera” jurnali tahrir hay’ati a’zosi sifatida muntazam chop etib kelinadi. Olimning ilm-fan va yurtimiz ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi yuksak baholanib, u 2012 va 2017-yillarda “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” hamda “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. Ilm-fan va ishlab chiqarishdagi ulkan yutuqlari uchun MDH davlatlari orasida yagona olim sifatida Marokashda (Agadir, 2021-yil) Butunjahon to‘g‘riqanotlilar assotsiatsiyasining oliy mukofoti — Ser Boris Uvarov nomidagi oliy mukofotga (Sir Boris Uvarov Award in Applied Acridology) sazovor bo‘lgan bo‘lib, xalqaro ilmiy nashrlarga ko‘ra, u ushbu yuksak mukofotga munosib ko‘rilgan butun MDH hududidagi sanoqli va eng yetakchi olimlardan biridir.
Tojikiston. 2023-yil.
Turkmaniston. Butunjahon to‘g‘riqanotlilarni o‘rganish jamiyati raisi. Fayoming universiteti professori A.V. Lachininiskiy. Turkmaniston. 2025-yil.
Shogirtlari bilan. Qozog‘itson Respublikasi shimoliy Orolqumda o‘quv mashg‘uloti. Jahonning ko‘zga ko‘ringan soha olimlari Qizilqumda.
AQSh 1999-yil. 2002-yil AQSh. Yellouston. Butunjaxon to‘g‘riqanotliylar jamiyati.
Akademik Zinoviy Bogdanovich Noviskiy bilan O‘rmon agentligi xodimlari.