Karshibayev Xazratqul Kilichiyevich 1953-yil 1-mart kuni Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 1-Boyovut xo’jaligida tavallud topgan. 1961-1970-yillari Boyovut tumanidagi 17-o’rta maktabda taxsil oldi. 1970-1975-yillari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining tabiatshunoslik fakulteti “Biologiya va qishloq xo’jaligi asoslari” bo’limini imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1975-1977- yillari Boyovut tumanidagi 18-o’rta maktabda biologiya-ximiya fanlari o’qituvchisi sifatida mehnat qildi. 1977-1978- yillari Boltiqbo’yi xarbiy okrugida xarbiy xizmatni o’tadi. X.K. Karshibayev 1978- yildan boshlab O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika ITIda dastavval stajyor-tadqiqotchi, keyinchalik ilmiy xodim lavozimida mexnat qildi. 1983 -yili “Miya va ayritojli turkum vakillarining gullash biologiyasi va mevalashi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu ishda shirinmiya va unga yaqin bo’lgan qardosh 11 ta turning Toshkentda introduktsiya sharoitida o’sishi va rivojlanishi qonuniyatlari, gullashi va mevalashining o’ziga xos jihatlari ilk bor ochib berildi.
X.K. Karshibayev 1985-yildan Sirdaryo davlat pedagogika instituti (hozirgi Guliston davlat universiteti)da o’qituvchilik lavozimida mehnat faoliyatini boshladi. 1986-yildan 1990-yilgacha Umumiy biologiya kafedrasining katta o’qituvchisi, kafedra dotsenti, tabiatshunoslik fakulteti dekani muovini, fakultet dekani lavozimlarida mehnat qildi. 1991-1992-yillari Rossiya FA Sibir bo’limi Ilmiy markazida (Novosibirsk shahri) doktaranturani o’tadi. 1992- yili oktyabr oyida Xalq ta’lim vazirligining buyrug’i bilan doktaranturadan chaqirib olinib, Guliston davlat universitetining o’quv ishlar prorektori lavozimiga tayinladi. Bu lavozimda 2012-yilgacha faoliyat yuritdi. X.K.Karshibayev mehnat faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab tashkilotchiligi, talabchanligi, professional pedagogik va rahbarlik mahorati bilan universitet jamoasi o’rtasida hurmat qozondi. U o’quv ishlari prorektori sifatida universitetning o’quv jarayonini to’la yangicha shaklda tashkil etishga erishdi. Ta’lim jarayoniga yangi pedagogik va axborot texnologiyalari joriy etildi. U tomonidan fanning o’quv-metodik majmuasi strukturasi yaratildi, o’quv jarayoniga tabaqalashgan bo’lakli-modulli tizim joriy qilindi, o’quv mashg’ulotlarni kompleks loyihalashtirish va “Ilm orqali bilim berish” usuli amaliyotga kiritildi. Uning bevosita ishtirokida universitetda ichki “ta’lim portali” yaratildi va unga 184 gb miqdordagi elektron ta’lim resurslari joylashtirildi.
X.K.Karshibayev professor-o’qituvchilar malakasini oshirishga nihoyatda katta e’tibor qaratdi. O’zbekiston Prezidenti qoshidagi «Iste’dod» jamg’armasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan masofaviy malaka oshirish kurslarida 290 dan ortiq o’qituvchilar malakasini oshirdilar. Natijada Guliston davlat universiteti Respublikaning eng kuchli beshlik OTMlar safidan joy oldi. U 2002- yili “O’zbekistonning qurg’oqchil sharoitida dukkakli o’simliklarning urug’ yordamida ko’payishi” mavzusidagi doktorlik ishini himoya qildi. X.K.Karshibaev o’z dissertatsiyasida ilk bor O’zbekiston florasining eng yirik oilalaridan biri bo’lgan burchoqdoshlar misolida o’simlikda boradigan reproduktsiya jarayoni bosqichlarini va uni amalga oshishi qonuniyatlariini ilmiy jihatdan asoslab berdi. Botanika faniga o’simlikning hayotiy strategiyasi, turning urug’dan tiklanish piramidalari to’g’risidagi tushunchani kiritdi va uni aniqlash usulini yaratdi. Qurg’oqchil sharoitda cho’l va adir fitotsenozlarida ayrim turlar dominatligining sabablarini ochib berdi. X.K.Karshibayev boshchiligidagi innovatsion guruh tomonidan 2009-2012 yillari Oliy ta’lim tizimida mustaqil ta’limning ilmiy-nazariy asoslari ishlab chiqildi va “Talabalar mustaqil ishini tashkil etish va nazorat qilish bo’yicha yo’riqnoma” Vazirlikning buyrug’i bilan tizimga joriy etildi. Oliy ta’lim muassasalari o’quv rejalarida mustaqil ta’limga ajratilgan o’quv yuklamalar hajmi 40 % dan kam bo’lmasligi taklif qilindi. X.K.Karshibayev 2012 -yildan boshlab “Botanika va ekologiya”, 2019- yildan buyon esa “Dorivor o’simliklar va botanika” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritmoqda. U biologiya fanlarini o’qitishda “shaxsiy fikr” interfaol metodini (hammuallifi O.Suvonov) qo’llashni taklif qildi va uni qo’llashning samaradorligini ilmiy asoslab berdi.
X.K.Karshibayev Botanika, Antekologiya, O’simliklar reproduktiv biologiyasi va O’simliklar introduktsiyasi kabi mutaxassislik fanlarini o’qitishda interfaol metodlardan “shaxsiy fikr”, “keys-stadi”, “FSMU” va “loyihalashtirish” usullaridan keng foydalanmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilgan holda barcha ma’ruza soatlariga multimediya materiallari (taqdimotlar va videolavhalar, o’z-o’zini nazorat qiluvchi testlar, sillabus va elektron ta’lim resurslari) tayyorlangan va ular ta’lim jarayonida samarali qo’llanilmoqda. X.K.Karshibayev xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli ilmiy jurnallarda e’lon qilingan 350 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, 15 ta darslik va o’quv qo’llanmalari, 8 ta monografiya, 2 ta mualliflik guvohnomasining muallifi hisoblanadi. U tomondan yaratilgan “O’simliklar ko’payish biologiyasi” (2006) va “Antekologiya” (2008) darsliklari Respublika o’quv adabiyotlari tanlovida 1-o’rinlarni egalladi. Uning ilmiy rahbarligidagi 1 ta doktorlik (DSe), 2 nafar nomzodlik va 13 ta magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. X.K.Karshibayev respublikamizning agrar sohasini rivojlantirishga o’z hissasini qo’shib kelmoqda. Uning urug’ni ekishdan oldin mikroelementlar va maxsus himoyalovchi moddalar bilan ishlash, g’alladan keyin soyadan takroriy ekin sifatida foydalanish kabi tavsiyalari qishloq xo’jaligida keng qo’llanilmoqda. Uning “Sirdaryo viloyatida dala ekinlari etishtirishning ilg’or texnologiyalari” (2016) va “Mirzacho’lda Soya etishtirish texnologiyasi” (2017) nomli qo’llanmalari viloyat dehqon-fermerlari uchun uslubiy qo’llanma bo’lib xizmat qilmoqda.
X.K.Karshibayev ta’lim jarayonini o’quv-metodik ta’minotini yaxshilashda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, keyingi yillarda uning magistrlar uchun “Dars jarayonida interfaol metodlarni qo’llash texnologiyasi” (2017), “O’simliklar introduktsiyasi” (2018) va “Mutaxassislik fanlarini loyihalashtirish texnologiyasi” (2018) nomli o’quv qo’llanmalari hamda “Botanika fanidan ilmiy-tadqiqot ishlarni o’tkazishga oid metodik ko’rsatmalar” (2018), “Talabani ilmiy faoliyatga yo’llashning ayrim qirralari” (2018), “Biologiya mutaxassisligi bo’yicha magistrlik dissertatsiyasini tayyorlashga oid metodik ko’rsatma”(2019) va “Dorivor o’simliklar bioekologiyasini tadqiq etish bo’yicha metodik ko’rsatmalar” (2021) nomli ilmiy - uslubiy qo’llanmalari chop etilgan. X.K. Karshibayev Universitet huzuridagi Biologiya ixtisosligi bo’yicha ilmiy daraja beruvchi Ilmiy kengashning raisi hamda “Guliston davlat universiteti ilmiy axborotnomasi” ilmiy jurnalining bosh muharrir o’rinbosari sifatida oliygohda ilmiy salohiyatini oshirishda o’zining munosib hissasini qo’shmoqda. X.K.Karshibaev Viloyat xalq ta’limi tizimdagi biologiya fani o’qituvchilar malakasini oshirishga nihoyatda katta e’tibor qaratadi. U har yili o’rta maktab biologiya fani o’qituvchilari uchun ko’rgazmali ochiq darslarni tashkil etadi. Uning rahbarligida o’rta maktab biologiya darslari ishlanmalari tayyorlandi va nashr qilindi hamda viloyat biologiya fani o’qituvchilariga tarqatildi. Oliy ta’limni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun X.K.Karshibayevga 2003-yili “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni berilgan. 2010 - yili Respublika OTMlari o’rtasida tashkil etilgan tanlovda “Oliy ta’lim tizimining eng yaxshi tashkilotchisi” nominatsiyasi g’olibi bo’lgan. 2022-yili esa 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko’krak nishoni bilan taqdirlangan.