Olim

G‘OFUROV BAXTIYOR G‘OFUROVICH

Tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi

Mamlakatimiz tibbiyoti va ilmiy jamoatchiligining yirik namoyandalari, nevrologiya sohasida ulkan ilmiy maktab yaratgan, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan ustoz – tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor G‘ofurov. G‘ofurov Baxtiyor G‘ofurovich 1946-yil 15-sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1970-yilda Andijon Davlat tibbiyot institutini a’lo baholar bilan tamomlab, shu davrdan boshlab o‘zini iste’dodli shifokor sifatida namoyon qilgan. O‘z mehnat faoliyati davomida tibbiyot sohasida yuksak mas’uliyat, professionallik va fidoyilik namunasini ko‘rsatib kelmoqda. Hozirda u Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti Nevrologiya kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy Markazining Shoshilinch nevrologiya bo‘limiga rahbarlik qilmoqda. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Bosh nevrologi sifatida ish yuritib, mamlakatda nevrologiya xizmatini tizimli rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan. Shuningdek, B.G‘. G‘ofurov O‘zbekiston Nevrologlari assotsiatsiyasi raisi, MDH davlatlari (Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston) va O‘zbekistonda nashr etiladigan bir qator nufuzli nevrologik ilmiy jurnallar tahririyat kengashiga kiradi. Jumladan, «International Journal of Stroke» jurnalining rus tilidagi nashrining tahririyat kengashi a’zosi. Faoliyati doirasida u mamlakatda nevrologiya sohasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash, mutaxassislar malakasini oshirish va xalqaro tajribani joriy etish ishlarini muvofiqlashtirib kelmoqda. Bundan tashqari, u tibbiyot ilmini rivojlantirish, olimlarni birlashtirish va ilg‘or davolash usullarini amaliyotga joriy etish maqsadida tashkil etilgan Yevroosiyo tibbiyot fanlari akademiyasi a’zosi sifatida tasdiqlangan. Professor B.G‘. G‘ofurov o‘zining ilmiy va amaliy faoliyatini Moskva shahrida akademik A.M.Veyn va E.I.Gusev rahbarligida boshlab, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini insult va uning asoratlari, shuningdek bu boradagi davolash xususiyatlari va klinik muammolarga bag‘ishlab, ilmiy ishlarining muvaffaqiyatli himoyasini Moskva tibbiyot akademiyasida o‘tkazgan. Bunda insult muammolari, uyqu va insultning o‘zaro nisbati, kechki va kunduzgi insultlar patogenezi, kasallikning o‘ng va chap miya yarimsharlariga yetkaziladigan zararining roli hamda xronoterapiya masalalari keng tadqiq qilingan. Bu ilmiy ishlar insultning turli shakllari va uyqu bilan bog‘liq mexanizmlarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, klinik amaliyotda samarali yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qildi. Professor B.G‘. G‘ofurovning ilmiy va amaliy faoliyatining asosiy yo‘nalishlari angionevrologiya, insult, epilepsiya, og‘riq sindromlari va nevroz muammolarini qamrab oladi. B.G‘. G‘ofurov 700 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi bo‘lib, ular mahalliy va xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilgan. U insult, epilepsiya va bosh og‘riqlari muammolariga bag‘ishlangan 6 ta monografiya muallifidir. Bu asarlar tibbiyot xodimlari, ilmiy izlanuvchilar va amaliyotchi shifokorlar uchun muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, B.G‘. G‘ofurov ilmiy rahbar sifatida 60 nafar fan nomzodi va 22 nafar fan doktorini tayyorlagan. Insult kasalligini davolashda trombolizis va jarrohlik usullari bo‘yicha muhim ilmiy tadqiqotlarni olib borgan. Mazkur tadqiqotlar insult bilan bog‘liq o‘lim va nogironlik darajasini kamaytirishga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyihalardir. Bundan tashqari, u miyadagi ichki qon quyilishlari natijasida yuzaga keladigan ikkilamchi ishemiya jarayonini o‘rganishga bag‘ishlangan loyihaning rahbari bo‘lib, bu tadqiqotlar insultning oldini olish va davolashda muhim amaliy loyihalardan hisoblanadi. B.G‘. G‘ofurov O‘zbekistonda ilk marotaba uyqu davrida miyaning biotoklari tadqiqotlarini ilmiy amaliyotga va klinik faoliyatga joriy qilgan. Professor B.G‘. G‘ofurov xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham keng e’tirof etilgan. U ko‘plab xalqaro konferensiyalar ishtirokchisi, shu jumladan Yevropa insult kongresslarining doimiy qatnashchisidir. Uning kundalik mehnati alohida e’tiborga loyiq bo‘lib, haftasiga 300 nafarga yaqin nevrologik bemorni ko‘rikdan o‘tkazish, murakkab klinik holatlarda maslahat berish, shifokorlar uchun ma’ruzalar o‘qish va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishning barchasi yuqori professionallik va fidoyilikni talab qiladi. Mamlakatimiz tibbiyoti rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun professor B.G‘. G‘ofurov davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. 2008-yilda “O‘zbekiston Respublikasi xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni, 2009-yilda “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, 2013-yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. Professor Baxtiyor G‘ofurov nafaqat yuqori malakali shifokor va taniqli olim, balki o‘zining ilmiy maktabi asoschisi, 3 mingdan ortiq nevrolog mutaxassislarni tarbiyalagan ustoz, mamlakatimiz nevrologiya xizmati rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan rahbar.