Oʻzbek pragmalingvistikasining yetuk mutaxassisi, zamonaviy tilshunoslik namoyandalaridan biri, Fargʻona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, ustozlarga munosib izdosh, shogirdlarga jonkuyar ustoz Muhammad Xoʻjaxonovich Hakimov ilmiy-pedagogik faoliyati yanada kengroq masshtabda davom etmoqda. Ilmiy hamkorlik faoliyati xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Muhammad Hakimov 1962-yil 16-fevralda Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida oʻqituvchi oilasida dunyoga keldi. 1969-1979-yillarda oʻrta maktabda, 1979-1983-yillarda Fargʻona davlat pedagogika instituti filologiya fakultetida tahsil oldi. Oradan bir necha yillar oʻtgandan soʻng ilm-fanga boʻlgan ishtiyoq uni yana oliygoh sari chorladi. 1989-1990-yillarda mazkur oliygohning oʻzbek tilshunosligi kafedrasi assistenti boʻlib ishladi. 1990-1993-yillarda aspiranturada oʻqidi. 1994-1997-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi oʻqituvchisi, 1997-2000-yillarda doktoranturada tahsil oldi. 2000-2004-yillarda umumiy tilshunoslik va xorij adabiyoti kafedrasi katta oʻqituvchisi, 2007-2015-yillarda Fargʻona davlat universiteti umumiy tilshunoslik va xorij adabiyoti kafedrasi dotsenti lavozimlarida ishladi. 2018-yildan hozirga qadar tilshunoslik kafedrasi professori lavozimlarida ishlab kelmoqda. 2004-2012-yillarda Fuqarolik jamiyatini oʻrganish instituti Fargʻona boʻlinmasi rahbari lavozimida ishladi. “Ijtimoiy fikr nigohida yosh oila” (2007), “Fuqarolik jamiyati asoslarining qaror topishi: maqsadlar, yutuqlar, marralar” (2011), “Jamiyat negizi, muqaddas qoʻrgʻon, masʼuliyat dargohi” Buyuk faqih, imom Burhoniddin al-Margʻinoniyning mashhur “Kitob al-Hidoya” asarida oila munosabatlari” (2013) mavzusidagi turkum maqolalari Fuqarolik jamiyati jurnalida nashr etildi. Ish faoliyati bilan birga ilm-fanga boʻlgan qiziqish ortib bordi. 1990-1993-yillarda aspiranturada, 1997-2000-yillarda doktoranturada tahsil oldi, olimlik sari dadil qadamlar bilan odimladi. U 1994-yilda professor M.Mukarramov rahbarligida “Oʻzbek ilmiy matnining sintagmatik va pragmatik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik, 2001-yilda professor A.Nurmonov rahbarligida “Oʻzbek tilida matnning pragmatik talqini” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. M.Hakimov katta ishtiyoq va gʻayrat bilan mehnat qildi. Oʻzidagi shijoat va salohiyat tufayli jamoada hurmat va eʼtirofga erishdi, rahbarlik lavozimlariga tayinlandi. 2002-2004-yillarda kafedra mudiri, 2004-2007-yillarda filologiya fakulteti dekani lavozimlarida sidqidildan ishlab, jamoa faoliyatida yutuqlar qoʻlga kiritilishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Ayniqsa, 2015-2018-yillar davomida Fargʻona davlat universiteti ilmiy ishlar boʻyicha prorektori lavozimida faoliyat olib borish chogʻida ilm yoʻlida izlanishlar olib borayotgan juda koʻp yosh mutaxassislarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi, muammolar hal qilinishida ularga yaqin maslahatchi boʻldi. Shu davr oraligʻida Fargʻona davlat universiteti tashabbusi bilan universitetning ilmiy ishlar boʻyicha prorektori sifatida 2015-yilda Qozogʻiston Respublikasining qator OTMlarida, 2017-yil 7-29-oktyabr kunlari AQSHdagi OTMlar ilmiy faoliyatini oʻrganish maqsadida xizmat safarida boʻldi. Safar davomida oʻrgangan ish usullari va faoliyat shakllarini keyinchalik oliy taʼlim muassasasi ilmiy hayotiga tatbiq etdi. Ayniqsa, Amerikaning Indiana universitetida eksperimental fonetika boʻyicha olib borilayotgan Ilmiy laboratoriya jarayonlari bilan qiziqdi va mazkur yoʻnalishdagi tajriba-sinov tadqiqotlari bilan bogʻliq zamonaviy texnologiyalarga asoslangan dasturlarni Fargʻona davlat universitetiga olib keldi. Eksperimental fonetika boʻyicha shogirdlar bilan hamkorlikda qator dissertatsiyalar tayyorladi. U 2023-yildan buyon Hindiston oliy taʼlim tizimidagi oʻquv yurtlari bilan ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Xususan, Jamiya Millia Islamiya universitetida tashkil etilgan “Doro Shikoh: madaniy yangilanish va diniy bagʻrikenglik” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi. Javaharlal Neru universiteti bilan ilmiy hamkorlik qila boshladi. Ushbu hamkorlikning amaliy natijasi sifatida M.Hakimov, Sh.Amil, M.Gaziyeva, U.Nosirova, H.Yunusovalar bilan birgalikda yozilgan ingliz tilida yozilgan “TEXT LINGUISTICS” nomli darsligi Hindistonda nashr qilindi. 2018-yil fevral-mart oylarida M.Hakimov rahbarligidagi ilmiy jamoa taqdim etgan loyiha Britaniya konsulligi tomonidan tashkil etilgan “Fan, taʼlim va ishlab chiqarish” xalqaro tanlovida birinchi oʻrinni egalladi. M.Hakimovning M.Gaziyeva bilan hammualliflikdagi “Pragmaintonatsiya” nomli monografiyasi Germaniyada nashr etildi. Shu bilan birga M.Hakimov xorijiy va mahalliy ilmiy jurnallarda ham tahririyat aʼzosi sifatida faoliyat yuritadi. Jumladan, “Academic Journal” (Middle European Scientific Bulletin), “International Journal of Theoretical and Practical Research” nashrlarida maqolalar ilmiy saviyasi va tahriri bilan shugʻullanadi. U xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ham muntazam tarzda ishtirok etib keladi. 2014-yilda Yevropada oʻtkazilgan “European Applied Sciences: modern approaches in scientific researches” nomli xalqaro anjumanda “Subtext und seine Arten in der usbekischen Sprache” sarlavhali maqolasi bilan, 2015-yilda Rossiyada oʻtkazilgan “Материалы II Международной научно-практической интернет-конференции “Тенденции и перспективы развития науки и образования в условиях глобализации” nomli xalqaro ilmiy konferensiyada “Leksik-semantik birliklarning pragmatik xususiyatlari” nomli maqolasi bilan, shu yilning aprel oyida Qirgʻiziston Respublikasi Bishkek shahrida oʻtkazilgan “Взаимодействие языков в полиэтническом государстве как фактор национальной безопасности” deb nomlangan xalqaro konferensiyada “Прагматика экстралингвистических средств в узбекском языке” nomli maqolasi bilan, 2016-yil Turkiya Respublikasida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada “PSİKODİLBİLİMSEL YAKLAŞIMA DAYALI ARAŞTIRMALARDA TERMİNOLOJİK SORUNLAR” nomli maqolasi bilan, 2018-yilda Rossiyada oʻtkazilgan “Международной научно-практической интернет-конференции” nomli xalqaro konferensiyada “Tillar tipologiyasida fonetik sath birliklari tadqiqiga doir” mavzusidagi maqolasi bilan, 2019-yilda Tojikistonda oʻtkazilgan “«Hamkorii iqtisody-ichtimoy va farhangii Tochikistonu Oʻzbekiston: taʼrix va zamoni muosir” Mavodi konferensiai baynalminali ilmy-amaly” deb nomlangan xalqaro konferensiyada “Fargʻona shahri tojiklari nutqida leksik-semantik interferensiyaning namoyon boʻlishi” nomli maqolalari bilan ishtirok etgan. 2020-yilga kelib “International Journal of Pharmaceutical research” (09752366), 2020, VOL 12, Issue 2, p 1692 jurnalidagi “Pragmatic indicators of poetic text” nomli maqolasi SCOPUS bazasida indekslandi. M.Hakimov yuqori ilmiy salohiyatga ega boʻlgan mutaxassislardan. M.Hakimov samarali ilmiy faoliyati natijalariga koʻra 2011-yilda Fargʻona davlat universiteti dotsenti, 2021-yilda esa professor ilmiy unvonlariga sazovor boʻldi. Professor M.Hakimov bugunga qadar 10 ta monografiya, 10 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 4 ta darslik, 500 dan ortiq ilmiy maqola eʼlon qildi. Olimning “Lotin yozuviga asoslangan yangi oʻzbek alifbosi va imlosini oʻrganish” (2004), “Oʻzbek tili pragmatikasini oʻrganish” (2011), “Oʻzbek pragmalingvistikasi asoslari” (2013), “Pragmaintonatsiya” (2019), “Pragmalingvistik tadqiqotlar tarixi” (2020), “Pragmalingvistika asoslari” (2020), “Nutqiy aktlar nazariyasi” (2020), “Pragmalingvistika kursiga kirish” (2022), “Tilning intonatsion sistemasi va interferensiya” (2023), “Vizual matnlarning pragma-kognitiv asoslari” (2024), “Lingvogenderologiya” (2025), “Ilmiy matn lingvistikasi” (2025), “Matn tilshunosligi” (2026), “Text linguistics” (2026) nomli nashrlari muhim ilmiy manba sifatida tilshunoslikning turli sohalari rivojiga hissa qoʻshib kelmoqda. 2020-yilda olimning hammualliflikdagi “Pragmalingvistika asoslari” darsligi uchun vazirlik grifti olindi. M.Hakimovning yuksak ilmiy qimmatga ega boʻlgan qator maqolalari Scopus bazasidagi xalqaro impakt faktorli jurnallarda chop etilgan. Bundan tashqari olim Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkiya, Hindiston mamlakatlarida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda fanning ilgʻor sohalaridagi qiziqarli maʼruzalari bilan ishtirok etib keladi. M.Hakimov Fargʻona tilshunosligining umumiy rivojiga hissa qoʻshish bilan birga oʻz ilmiy maktabini ham shakllantira olgan ustoz olimlardan biridir. Uning pragmalingvistika maktabi vakillari zamonaviy tilshunoslikning eng dolzarb masalalarida izlanishlar olib bormoqdalar. Shu kungacha M.Hakimov rahbarligida 6 ta fan doktori (DSc), 30 dan ortiq PhD dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Bu maktab hozirgi kunda gullab-yashnamoqda. Bu maktabda 80 ga yaqin tadqiqotchilar tilshunoslikning turli-tuman masalalari boʻyicha izlanishlar olib bormoqda. M.Hakimovning shogirdlari nafaqat Fargʻonada, balki respublikamizning Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qator viloyatlarida ham ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqdalar. M.Hakimov Fargʻona davlat universiteti huzurida tilshunoslik boʻyicha Ilmiy Kengash ochilishida jonbozlik qildi. 2004-2006-yillarda faoliyat yuritgan filologiya boʻyicha ixtisoslashgan kengash ham M.Hakimov tashabbusi bilan ochilganligi sir emas. 2017-yilda Fargʻona davlat universitetida filologiya fanlari boʻyicha Ilmiy Kengash ish boshladi. 2017-2019-yillarda M.Hakimov Fargʻona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Fil.05.02 raqamli mazkur Ilmiy Kengashga raislik qildi. M.Hakimov respublika ilmiy jarayonida oʻziga yarasha nufuz va obroʻga ega. U bugungi kunda Fargʻona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.fil.05.02 raqamli, Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/25.08.2021.Fil.01.16. raqamli hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.2019.Fil.46.03 Ilmiy Kengashlar aʼzosi boʻlib faoliyat yuritib kelmoqda. 2023-yildan buyon Qoʻqon davlat universiteti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD03/2025.27.12. Fil.34.02 raqamli Ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat olib bormoqda. M.Hakimov oʻzbek tilining chinakam jonkuyari. U universitetda olib borayotgan ilmiy faoliyati bilan birga 2019-2022-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi Fargʻona hududiy boʻlinmasi rahbari boʻlib ishladi. Bu davr mobaynida viloyatdagi turli korxona va tashkilotlar rahbarlari va xodimlarining oʻzbek tilini bilish darajasi, ish yuritish hamda imlo qoidalariga rioya qilishlari boʻyicha saʼy-harakatlar olib bordi. M.Hakimov Respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mohiyatini aholi orasida keng targʻib etishda Fargʻona viloyati hokimligi, Respublika maʼnaviyat targʻibot markazi viloyat boʻlimi bilan hamkorlikda viloyatdagi korxona va tashkilotlar, oʻquv muassasalari va mahallalarda oʻtkazilayotgan tadbirlarda maʼnaviyat targʻibotchisi sifatida faol ishtirok etadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi ishchi guruhining aʼzosi sifatida 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etganligi uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Faxriy yorligʻi” bilan taqdirlangan. M.Hakimov davlatimiz siyosati va strategiyasi gʻoyalarini toʻgʻri anglagan holda yoshlarga katta eʼtibor beradi. Viloyat aholisi, ayniqsa, yoshlar orasida “Til-millat tafakkurining bebaho xazinasi”, “Til va madaniyat” mavzularida davra suhbatlari oʻtkazib keladi. Bu suhbatlar doimo qizgʻin ruhda oʻtib, mamlakatimiz yoshlari ongida milliy qadriyatlarimizni eʼzozlashga turtki beradi. M.Hakimov koʻp yillik samarali va halol mehnati hamda oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati uchun 2006-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil”, 2011-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining 2020-yil 19-oktyabrdagi 309-K sonli buyrugʻiga asosan “Maʻnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan. Fargʻona viloyat hokimining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi. U davlat tili siyosati borasidagi faoliyati uchun 2025-yil oktabr oyida Oʻzbekiston Respublikasida ilk bor taʻsis etilgan “Alisher Navoiy” koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi.