Professor Nazar Hakimov mamlakatimizda oliy ta’lim sohasidagi samarali mehnati, ilm-fan sohasidagi yutuqlari va ularni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan: O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i (1992-y.), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 10 yil” esdalik nishoni (2001-y.), “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni (2000-y.), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni (2006-y.), “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni (2017-y.). Professor Nazar Hakimov 1951-yil 30-iyunda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani (hozirgi Dehqonobod tumani) Xo‘japoshsho qishlog‘ida tug‘ilgan. 1973-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent davlat universitetining Tarix fakultetini tamomlagan. 1998-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatgan. Bo‘lajak faylasuf olimning ilmiy salohiyati, ilmiy izlanishlarga intilishi talabalik yillaridayoq ma’lum bo‘lgan. U talabalar ilmiy to‘garaklarida faol ishtirok etgan. Professor Nazar Hakimov ilmiy-pedagogik faoliyatini 1973-yil 1-sentyabrda Toshkent davlat konservatoriyasida o‘qituvchilikdan boshlagan. 1977–1980-yillarda Toshkent xalq xo‘jaligi institutining kunduzgi aspiranturasida tahsil olib, professor Musayev Mahmud Musayevichning ilmiy rahbarligida “Yoshlarni axloqiy tarbiyalashda san’atning o‘rni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoyaga tayyorlagan. 1981-yil 5-martda Toshkent davlat universitetining ixtisoslashgan kengashida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi hamda Toshkent xalq xo‘jaligi institutining “Tarix” kafedrasi assistenti lavozimida ish boshladi. 1982–1983-yillarda katta o‘qituvchi, 1984–1985-yillarda dotsent, 1985–1990-yillarda Iqtisodiyot va chet ellik talabalar bilan ishlash fakulteti dekani, Ijtimoiy rejalashtirish fakultetining dekan o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. 1991-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi instituti negizida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tashkil etilgach, 1991–1993-yillarda universitet O‘quv bo‘limi boshlig‘i sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi. Shu bilan birga, u tinimsiz ilmiy ish olib bordi va 1991-yil 11-iyunda “Jamiyatni demokratlashtirish sharoitida shaxs siyosiy madaniyatining shakllanishi” mavzusida falsafa fanlari doktorligi dissertatsiyasini himoya qildi. 1991-yil 3-oktyabrda SSSR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan unga falsafa fanlari doktori ilmiy darajasi berildi. Professor ilmiy unvoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 1993-yilda tasdiqlangan. Professor Nazar Hakimov 1993–1997-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Tarix” kafedrasi mudiri, “Xalqaro biznes” fakultetining birinchi dekani, universitet rektorining birinchi o‘rinbosari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 31-yanvardagi qarori bilan Qarshi davlat universiteti rektori lavozimiga tayinlandi va ushbu lavozimda 2001-yil 31-martgacha faoliyat yuritdi. Bu davrda Qarshi davlat universitetida o‘quv ishlari sohasida samarali islohotlar amalga oshirildi. Universitetda bir qator yangi kafedralar va mutaxassisliklar ochildi. O‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor berildi. Qarshi davlat universitetining xalqaro aloqalari kengaydi. TACIS hamda TEMPUS dasturlari ko‘magida jahondagi yetakchi universitetlar va ilmiy markazlarda professor-o‘qituvchilarning malakasi oshirildi. Universitet huzurida Biznes maktabi, akademik litsey va gimnaziya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Qarshi davlat universitetida faylasuflar maktabi faoliyati jadal rivojlantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan 2001-yil 31-martdan 2004-yil yanvargacha Qashqadaryo viloyati hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Shu davrda viloyat ta’limida olib borilayotgan islohotlarning amalga oshirilishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Ta’lim muassasalariga axborot texnologiyalarining joriy qilinishi, moddiy-texnika bazasining modernizatsiyalashtirilishi, ularning yangi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va darsliklar bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor berdi. Shu jumladan, viloyat televideniyesining yangi binosi qurilishiga rahbarlik qildi va televideniye zarur bo‘lgan zamonaviy texnika bilan ta’minlanishiga erishdi. 2004-yil martdan 2005-yil 25-aprelgacha Qashqadaryo viloyati hokimligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishladi. 2005-yil 25-apreldan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Mintaqaviy iqtisodiyot va ekologiya” kafedrasi mudiri, 2005-yil 18-oktyabrdan 2019-yil 2-sentyabrgacha G. V. Plekhanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktor o‘rinbosari va “Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi mudiri lavozimlarida mehnat qildi. Rossiya Federatsiyasining Ural davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq “Ijtimoiy-gumanitar va aniq fanlar” kafedrasi tashkil qilindi va kafedra mudiri lavozimiga professor Nazar Hakimov tayinlandi. Olim ushbu lavozimda 2023-yilning mart oyigacha faoliyat olib bordi. Professor Nazar Hakimov iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim va fan sohasidagi ilg‘or xorijiy universitetlarning yangi pedagogik texnologiyalarini oliy ta’limga joriy etishga o‘zining shaxsiy hissasini qo‘shdi. U xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va o‘quv markazlarida malaka oshirgan. Yevropa Ittifoqining TACIS, TEMPUS hamda KOICA, JICA grantlari sohibidir. Professor Nazar Hakimov ilmiy maktab yaratgan olimlardan biri bo‘lib, uning ilmiy rahbarligida 3 kishi doktorlik, 9 nafar ilmiy xodim nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Professor Nazar Hakimov - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAKning falsafa, tarix, siyosatshunoslik va huquq bo‘yicha ekspert kengashi a’zosi va ilmiy kotibi (1992–1997). O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining siyosatshunoslik va huquq bo‘yicha ixtisoslashgan kengashi a’zosi (1995–1998 yy.), O‘zbekiston Respublikasi "Ustoz" jamg‘armasi direktorlar kengashi a’zosi. Qashqadaryo viloyati hokimligining ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi etib tayinlangan (1999–2004 yy.). Professor Nazar Hakimov Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ixtisoslashgan ilmiy kengashi a’zosi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet falsafa fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashgan kengash a’zosi (2005–2018 yy.), mazkur ixtisoslashgan kengash raisi (2017–1018 yy.) lavozimlarida ishlagan. Professor Nazar Hakimov tomonidan 450 dan ortiq ilmiy maqolalar, jumladan, falsafaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 15 ta monografiya, 17 ta darslik, 20 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, talabalar uchun tavsiyanomalar, 16 ta risola chop etilgan. Muallifning kitob va ilmiy ishlari AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Indoneziya, Norvegiya, Latviya, Chexiya, Hindiston va boshqa xorijiy davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan. Professor Nazar Hakimovning ilmiy maqolalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAK ro‘yxatiga va xalqaro SCOPUS tizimiga kiritilgan jurnallarda chop etilgan. Professor Nazar Hakimov samarali ilmiy-pedagogik faoliyati uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining faxriy professori (1997), Qarshi davlat universitetining faxriy professori (1998) unvonlariga sazovor bo‘lgan. Olim Qashqadaryo viloyati xalq deputati (1998–2000 yillar), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati (1999 yil) etib saylangan. Olim Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti tomonidan dunyoning mashhur olimlari ro‘yxatiga kiritilgan va Kembrij universiteti ordeni sohibi (2002). "Siyosiy madaniyat" (1988), "Shaxs siyosiy madaniyati" (1990), "O‘zbekiston madaniyati" (1995), "Mustaqillikning axloqiy omillari" (1993), "O‘zbekistonning xalqaro nufuzi" (1997), "Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti" (1997), "Talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash" (2008), "Shahrisabz tarixi" (2001), "Milliy qadriyatlar" (2001), "Komillikka intilish" (2015), "Fuqarolik jamiyati taraqqiyoti va yoshlar axloqiy tarbiyasi" (2016), "Inson ekologiyasi" (2021), "Abu Ali ibn Sino falsafiy merosining talabalar axloqiy madaniyatini yuksaltirishdagi o‘rni" (2023), "Komil inson konsepsiyasining falsafiy mohiyati" (2023) kabi monografiyalarning muallifidir. mamlakatimiz mustaqilligining Professor Nazar ijtimoiy-iqtisodiy Hakimov jihatlariga bag‘ishlangan kitoblar muallifidir. Nazar Hakimovning qator ilmiy ishlari O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan: "VIII–IX sinflar ta’lim jarayonini ijtimoiy-pedagogik takomillashtirish metodikasi" (2016), "Ta’lim jarayonini ijtimoiy-pedagogik takomillashtirishning innovatsion usullari." "VIII–IX sinflar o‘quv jarayoni (2017 y.) "Atrof-muhit muhofazasi" (2007), "Biznes strategiyasi" (2017), "O‘zbekiston tarixi" (2020), "Falsafa" (2021), "Mamlakatning strategik taraqqiyoti," (2021), "Fuqarolik jamiyati" (2020), "Yashil iqtisodiyot va ekologiya" (2022), "Iqtisodiy ta’limotlar tarixi" (2022), "Boshqaruv psixologiyasi" (2022), "Davlat va huquq nazariyasi" (2022). "O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichi sharoitida" (2022), "Global ekologik tahdidlar va O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyalari" (2023). Uning qalamiga oliy maktabda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalari, jumladan, "Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish" (2006), "Ijtimoiy ekologiya" (2007), "Talabalarning mustaqil ishlari" (2021) kiradi. Muallifning monografiya va darsliklari xorijiy mamlakatlarda nashr etilgan. Jumladan, "Inson ekologiyasi" (2023 y.) kitobi Buyuk Britaniyaning London shahrida ingliz tilida chop etildi. "Mamlakatning strategik rivojlanishi. Fuqarolik jamiyati" (2023 y.) kitobi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliyada nashr etilgan. Professor Nazar Hakimovning "Falsafa" (2023 y.), "O‘zbekistonning eng yangi tarixi" (2024 y.) asarlari Qozog‘iston Respublikasining Almati shahridagi "Darin" nashriyotida chop etilgan. Iqtidorli faylasuf olim 2 qismdan iborat “Falsafa” (2024) darsligining muallifi. Atoqli faylasuf olim jahondagi yetakchi universitetlarda, ilmiy-amaliy markazlarda tashkil qilingan ilmiy-amaliy konferensiyalarda faol ishtirok etgan. Jumladan, Yaponiyaning Senday universitetida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada O‘zbekistonda mustaqillik yillarida suv resurslaridan samarali foydalanishning dolzarb masalalari, Buyuk Britaniyaning Shimoliy London universitetida oliy ta’lim transformatsiyasining xususiyatlari, Finlandiyaning Oulu universitetida masofaviy ta’limdan foydalanish bo‘yicha ma’ruza qilgan. Professor Nazar Hakimov Avstriyaning Zalsburg shahridagi “Ijtimoiy fanlarning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro seminar, Istanbul universitetida tashkil etilgan “Globallashuv jarayonida oliy ta’lim taraqqiyoti” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchisidir. Sankt-Peterburg temir yo‘llar universitetida “O‘zbekiston tarixi va madaniyati” mavzusida ma’ruzalar o‘qigan va e’tirofga sazovor bo‘lgan. Professor Nazar Hakimov jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etadi. “Farg‘ona davlat universiteti ilmiy axborot jurnali”, “Qarshi davlat universiteti ilmiy axborot jurnali”, "Yashil iqtisodiyot va taraqqiyot" Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining jurnallari tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi. “Инновационное развитие в экономике”, “Falsafa va hayot” ilmiy amaliy va nazariy jurnali, Klinik va laboratoriya tadqiqotlari jurnali (AQSH, "Lattice Scien"). Iqtidorli faylasuf olim Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet falsafa fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha (DsC) ixtisoslashgan kengash a’zosi, Namangan, Farg’ona davlat universitetlari huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengashi a’zosi,. Iste’dodli olim, jamoat arbobi, hozirda Toshkent amaliy fanlar universitetining "Tarix va ijtimoiy fanlar" kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. 2024-yil 24-avgustda professor Nazar Hakimov falsafa faniga qo‘shgan munosib hissasi va samarali ilmiy izlanishlari uchun Turon Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi va akademik ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi. Universitet rektori texnika fanlar doktori, professor Abdusalom Vaxitovich Umarov tomonidan yaratilgan ijodiy pedagogik muhit professor Nazar Hakimov faoliyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Olim ilmiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi professor lavozimiga tayinlandi. Natijada uning ilmiy pedagogik ishlari yanada rivojlandi. "Dinshunoslik" darsligi (2024 y.), "Talabalar mustaqil ta’limi" (2024),”Ilmiy tadqiqot metodologiyasi”magistrantlar uchun darslik (2026), "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash(ikkinchi nashri) (2025 y.)", "O‘zbekistonda nodavlat ta’lim) (2025 y.)"O‘zbekistonning XX- XX1 asrdagi jamiyatshunos olimlari (2026), “Amaliy falsafa”(2026), “Environmental challenges and environmental protection in Uzbekistan” (2026) (О'zbekistonda atrof-muhit muammolari va uni himoya qilish) ingliz tilida hammualliflikdagi monografiyalari e’lon qilindi. Professor Nazar Hakimov muntazam suratda ilmiy maqolalarini jahondagi nufuzli jurnallarda e’lon qiladi. Jumladan, 2025-yilda SSOPUS WOS bazalarida eng ko‘p maqola chop etgan professor nominatsiyasi bilan taqdirlangan. U oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, oliy ta’lim sohasiga sadoqati va yurtiga boʻlgan mehri bilan keng jamoatchilik, hamkasblari, oilasi va mahallasi orasida katta hurmat qozongan.