Dinora Ishmanova 1986-yil l3-aprelda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida ziyoli oilada tug‘ilgan. Oilali ikki nafar farzandning onasi. 2002-yil maxsus gimnaziya maktabini imtiyozli shahodatnoma bilan tugatib, 2002-2005-yillar O‘zDJTU qoshidagi 1-akademik litseyda tahsil olgan. 2007-2011-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bakalavr, 2012-2014-yillarda magistratura mutaxassisligini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Monopoliyaga qarshi boshqaruv va raqobatni rivojlantirish mutaxassisligini tamomlagandan so‘ng, Korporativ boshqaruv kafedrasida assistant lavozimida o‘z faoliyatini boshlagan. 2018-2021-yillarda 08.00.13-“Menejment” ixtisosligi bo‘yicha doktoranturada tahsil olib, 2021-yil 23-iyul sanasida “O‘zbekistonda neft-gaz korxonalari infratuzilmalarini boshqarish mexanizmini takomillashtirish” mavzusida iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2019-yil oktyabr-noyabr oylarida “El-Yurt Umidi jamg‘armasi” fondi stipendianti sifatida Chexiya Respublikasida malaka oshirib qaytgan. D. Ishmanova M. Lomonosov nomli Moskva davlat universitetida, 2019-yil sentyabr oyida “The China International Fair For Investment And Trade (CIFIT 2019)” Xitoy Xalq Respublikasida, 2022-yili Italiyaning Pavia universitetida, Parijning Sarbone universiteti hamda Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘z malakasini oshirgan.
Dinora Ishmanova o‘z faoliyatini 2022-2023-yillarda Millat Umidi universitetida akademik faoliyat bo‘yicha prorektor vazifasida davom ettirgan va 2023-yildan hozirgi kunga qadar ushbu nodavlat oliy ta’lim muassasasining rektori sanaladi. D. Ishmanova 2023-2025-yillar ish faoliyatida Millat Umidi universitetining akademik, ilmiy va xalqaro aloqalarini yaxshilash hamda mamlakatimizda ta’lim eksporti hajmini oshirish maqsadida Universitas Muhammadiyah Yogyarta, Universitas Gunadarma Indonesia, Turkiyaning Medipol universiteti, Yaponiyaning Nagoya City universitetlari bilan xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘ygan holda, talaba-yoshlarni ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida U–Ravo (Yaponiya) xalqaro kompaniyasi, Vention xalqaro AT kompaniyalari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ydi. 2025-yilning 27-iyun sanasida “Nodavlat oliy ta’lim muassasalarining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda venchur fondlarini tashkil etish metodologiyasini takomillashtirish” mavzusida iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Olim faoliyati davomida Ishmanova 50 dan ziyod bakalavr va magistr shogirdlarga ustozlik qilgan. 2 nafar ilmiy rahbarligidagi shogirdlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 11-dekabrdagi “2024/2025-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash to‘g‘risida”gi 464-son buyrug‘iga muvofiq, "Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi" va “Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi” sohibi bo‘ldi. Bugungi kunda 3 ta mustaqil izlanuvchi va 2 nafar doktorantga rahbarlik qilib kelmoqda. 20 dan ziyod doktorlik dissertatsiyalarida taqrizchi. TIU huzuridagi Ilmiy kengash a’zosi hisoblanadi. D.Ishmanova Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: hozirgi zamon tahdidlari, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro olima ayollar forumida o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etgan. D.Ishmanova hozirgi kunda ilmiy faoliyati davomida xorijiy va mahalliy ilmiy-amaliy konferensiyalarda, jumladan AQSh, Malayziya, Hindiston va Yevropaning ilmiy konferensiyalarida 100 dan ziyod maqola va tezislari bilan ishtirok etgan. Bir qator darsliklar va monografiya muallifi hamda o‘quv qo‘llanmalar hammuallifidir.