Jannat Ismailova 1959-yilda tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy mamlakatimizning yetakchi tarixshunos va muzeyshunos olimlaridan biri hisoblanadi. O‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, muzeyshunoslik asoslari yo‘nalishlari bo‘yicha samarali izlanishlar olib bormoqda. Uning ko‘plab ilmiy asarlari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilgan. - 1988-yilda «Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti (XIX asr 2 yarmi-XX asr boshi)» mavzusida nomzodlik; - 2002-yilda «Farg‘onada milliy-ozodlik kurashlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. J.X. Ismoilova o‘zining ilmiy faoliyati davomida shaharlar tarixi, o‘zbek xalqining turmush tarzi va urf-odatlari, madaniyati, ta’lim tizimi, meditsina, matbuot tarixi, muzeyshunoslik asoslari yo‘nalishlari kabi ko‘p qirrali ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U nafaqat tarixchi olima, balki muzeyshunoslik maktabiga asos solgan ilk muzeyshunos olima hisoblanadi. Faoliyati davomida 250 dan ortiq monografiya, risola, darslik va uslubiy qo‘llanmalar muallifidir. «Farg‘onada milliy-ozodlik kurashlari», “XIX asrni 2 yarmi XX asr boshlarida Toshkentning yangi shahar qismi tarixi” , monografiyalari, «Ko‘hna olam sirlari», “O‘zbekistonda harbiy san’at tarixi” monografiyalari va albomlari, “O‘zbekiston tarixi fanidan praktikum”, “O‘zbekiston muzeylari”, “Toshkent muzeylari va art-galereyalari” , “Zamonaviy muzey tendensiyalari” kabi asarlari chop etildi. Muzeyda va muzeydan tashqarida tashkil etilgan 100 dan ortiq ko‘rgazmalari va ma’ruzalari yoshlarda milliy ong va ma’naviyatni boyitishda, ularni ota-bobolarining ozodlik, mustaqillik uchun olib borgan kurashlariga hurmat, ehtirom bilan qarash va yoshlarda vatanparvarlik hissiyotlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Muzeyning ilmiy-madaniy oqartuv bo‘limi faoliyatini qayta tashkil etish va ta’lim tizimi bilan hamkorlik, amaliyotning yangicha uslublarini qo‘llash, o‘qituvchilar uchun ilmiy-metodik konferensiyalarni tashkil etishda o‘ziga xos metodlari mavjud. U respublika miqyosidagi jamoat ishlarida, O‘zbekiston shaharlarining yubileylari, jumladan, Xorazm Ma’mun Akademiyasining 1000 yilligi, Qarshi shahrining 2700 yilligi (2006-y), Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi va Samarqand shahrining 2750 yillik yubileylariga (2007-y) bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy–amaliy konferensiyalar, seminarlar, muzeylar va turli tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etgan. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangi ekspozitsiyasi, uning struktura, konsepsiyasini va ekspozitsiyasini yaratgan mualliflardan biri hisoblanadi. Uning ishtirokida respublikamizda ko‘plab muzeylar tashkil etildi va ekspozitsiyalar qayta rekonstruksiya qilindi. Jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi (1996), Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi (2002, 2008), O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi (2003, 2015), Qarshi o‘lkashunoslik muzeyi (2007), Xorazm Ma’mun Akademiyasi muzeyi (2008), Marg‘ilon shahri tarixi muzeyi, Qurolli kuchlar tarixi muzeyi (2011), Zomin o‘lkashunoslik muzeylari (2013), Zilzila tarixi (2015), Politexnika (2015) Ichki ishlar idoralari tarixi muzeyi (2016-2018), Imom Buxoriy xalqaro ilmiy markaz qoshidagi muzey (2018), Islom sivilizatsiyasi markazi qoshidagi muzey (2017-2022), Chirchiq davlat pedagogika instituti muzeyi (2020), Abu Muyin Nasafiy majmuasi (2021), Ichan qal’ada “Buyuk allomalar” muzeyi (2022) kabi 30 dan oshiq muzeylarni ekspozitsiyalari uning tomonidan shakllantirilgan. 2020-yilda Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan G‘alaba bog‘i, Shon-shuhrat muzeyi hamda Toshkent muzeyini konsepsiyasini shakllantirish, ekspozitsiyasini yaratish hamda ilmiy-ma’rifiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatdi. Jannat Ismailova tashabbusi bilan 2020-yilda muzey tarixida birinchi marta Muzeyshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha Ilmiy kengash tashkil etildi. Hozirda bu Kengashda 5 ta fan nomzodi va 2 ta doktorlik рimoyalari bo‘lib o‘tdi. Bu ilmiy kengashni tashkil etilishi O‘zbekistonda muzeyshunoslik maktabi poydevorini yaratish, xususan, bakalavr, magistr va ilmiy tadqiqotchi muzeyshunos kadrlarni tayyorlash mexanizmini mukammal shakllantirilishiga asos bo‘ldi. Shuningdek, madaniyat hamda tarix sohasidagi barcha muzeylar faoliyatini ilmiy-tadqiqot va metodik jihatdan muvofiqlashtiruvchi muzeydagi Ilmiy-metodik kengash asoschisi hisoblanadi. Jannat Ismailova tomonidan 10 ta fan nomzodi va 4 ta fan doktorlari tayyorlandi. Hozirda 3 ta doktorlik va 4 ta PhD bo‘yicha shogirdlari tadqiqot ishlarini yakunlamoqda. Oxirgi 5 yil davomida 4 ta amaliy grant loyihalariga rahbarlik qildi. Muzey rahbari sifatida muzeyni nafaqat O‘zbekiston miqyosida, balki jahonning mashhur muzeylari bilan hamkorlik qilish, o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish, yosh muzeyshunoslarni xorijdagi muzeylarda malakasini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berdi. Uning rahbarligida AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Ozarbayjon, O‘mon, Belorussiya, Rossiya, Mongoliya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardagi mashhur muzeylar bilan xalqaro madaniy aloqalar o‘rnatildi. Zamonaviy loyihalar asosida muzey ekspozitsiyasi doimiy yuksalishda bo‘lib, uning muallifligida O‘zbekistonda birinchi marta Bolalar muzeyiga (2011 y) asos solindi. Ushbu muzey hozirda kichik yoshdagi bolalarni (4-14 yoshgacha) dunyoqarashini boyitish va vatanparvarlik hissini shakllantirishda muhim tarbiyaviy markaz sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Olima kadrlar tayyorlash milliy dasturi bo‘yicha ham bir qancha ijobiy ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Salkam 15 yil mobaynida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy Rassomchilik va dizayn institutida magistrlarga muzeyshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha professor sifatida ta’lim beradi. Toshkent shahridagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari uchun muzey qoshida muntazam ravishda amaliy o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etadi. O‘quv jarayonini uslubiy jihatdan ta’minlash maqsadida oliy o‘quv yurti talabalari uchun “Muzey va jamiyat” deb nomlangan darslik, “Muzey predmetlari atributsiyasi va ekspertizasi” va “Zamonaviy jahon muzeyshunosligi” deb nomlangan bir qancha darslik va o‘quv-qo‘llanmalari nashr etildi. J.X. Ismoilova o‘z faoliyati jarayonida O‘zR FAning Tarix institutining muvofiqlashtiruvchi Kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy universiteti ixtisoslashtirilgan kengashi a’zosi, Fan va Texnologiyalar Qo‘mitasi ekspertiza bo‘limi boshlig‘i sifatida ko‘plab ilmiy-tadqiqotlar himoyasi va tanlovida faol ishtirok etgan. Hozirda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ixtisoslashgan kengash raisi, Milliy universitet tarix fakulteti qoshidagi ilmiy seminar kengashi a’zosi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy Rassomchilik va dizayn instituti professori, “O‘zbekiston-Ozarbayjon”, “O‘zbekiston-Belgiya”, O‘zbekiston-AQSH do‘stlik jamiyati a’zosi sifatida faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan davlat rahbarlari va nufuzli mehmonlarni munosib kutib olishda faol. Xususan, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘istonning каби кўплаб davlat rahbarlari hamda oliy darajadagi mexmonlarini Yangi O‘zbekiston bog‘idagi tarixiy majmua konsepsiyasi ishtirokchisi sifatida tanishtirib boradi. Shuningdek, Respublika miqyosidagi “Mo‘tabar ayol” mukofoti komissiyasi, Toshkent shahar toponimika komissiyasi a’zosi, yangi tashkil etilayotgan xar bir muzeyning ishchi guruhi a’zosi hisoblanadi. Jannat Ismailovani ko‘p yillik tajribasi va muzeyshunoslik yo‘nalishidagi olib borgan fidokorona mehnatini inobatga olgan holda, 2010-yilda “Yilning eng faol muzey xodimi”, 2011-yilda “Yilning eng yaxshi muzeyi” va 2015-yilda “Yilning eng faol muzey rahbari” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. 2017-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlandi. U o‘zining ilmiy faoliyati davomida teran bilimdonligi, mustaqil tafakkurga asoslangan yangicha dunyoqarashi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la olishini namoyon qila olgan olimadir. Jannat Ismailova rahbarligida tashkil etilayotgan ma’naviy- ma’rifiy va madaniy tadbirlar ajdodlarimiz meroslarini asrash va keyingi avlodga yetkazish, shuningdek, yoshlarga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirish, ularda vatanparvarlik hissini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Yuqori salohiyatli va izlanuvchan olima, tajribali rahbar sifatida jamoatchilikda alohida hurmat qozongan.
J. X. Ismailova ishtirokida shakllantirilgan muzeylar 1. Temuriylar tarixi davlat muzeyi (1996) 2. Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi (2002) 3. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi (2003) 4. Qarshi o‘lkashunoslik muzeyi (2007) 5. Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi (2008) 6. Xorazm Ma’mun Akademiyasi muzeyi (2008) 7. Marg‘ilon shahri tarixi muzeyi (2009) 8. Qurolli kuchlar tarixi muzeyi (2011) 9. Zomin muzeyi (2013) 10. Navoiy o‘lkashunoslik muzeyi (2012-2013) 11. Tasviriy san’at galereyasi. O‘zbek–koreys xalqlari madaniyati (2013) 12. Ulug‘bek muzeyi (2013) 13. Samarqand madaniyati va tarixi muzeyi (2014) 14. Zilzila tarixi muzeyi (FXV, 2014) 15. Bojxona tarixi muzeyi (2014-2015) 16. Politexnika muzeyi (2015) 17. Xorazm tarixi va madaniyati muzeyi (2015) 18. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi (2015) 19. Ichki ishlar idoralari tarixi muzeyi (2016-2018) 20. Sharof Rashidov yodgorlik muzeyi (2017) 21. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy markaz qoshidagi muzey (2018) 22. Islom sivilizatsiyasi markazi (2017) 23. G‘alaba bog‘i, Shon-shuhrat muzeyi (2019-2020) 24. Toshkent tarixi muzeyi (2020) 25. Chirchiq davlat pedagogika instituti muzeyi (2020) 26. Abu-Muyin Nasafiy majmuasi muzeyi (2020) 27. Kasaba uyushmasi federatsiyasi muzeyi (2021) 28. Amir Temur va J.Manguberdi maktab muzeylari (2021) 29. Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi (2021) 30. Qarshi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi (2021) 31. Ichan-qal’a muzey qo‘riqxonasida “Buyuk allomalar” muzeyi (2022) 32. Samarqand “Davrlar sadosi” muzeyi (2022) 33. Toshkent davlat meditsina akademiyasi tarixi muzeyi (2022-2023) 34. Imom Buxoriy muzeyi (2023-2025) 35. O‘zbekiston jahon sivilizatsiyasi kesimida ekspozitsiyasi. Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi. VDNX. Rossiya. (2023). 36. Ислом цивилизацияси маркази қошидаги музей. (2018-2026) 37. Зомин музейи (2025-2026) 38. Абдулла Орипов уй музейи. (2026) 39. Мотуридий мажмуаси (2026) 40. Марғилон тарихи музейи (2026) 41. Қутидор ва Кумуш музейи. (2026)