Risbay Хaydarovich 1946-yilning iyul oyida Sirdaryoning qirg‘og‘ida, Mirzacho‘l zaminida tavallud topgan. Yoshligidan ilmga bo‘lgan chanqoqlik uni Toshkent sari yetaklagan. Toshkent politexnika institutiga o‘qishga kirib, injener-gidroenergetik mutaxassisligini egallash bilan birga, institut yoshlar tashkilotini boshqargan. 1968-yildan 1974-yilgacha – ushbu institutda o‘qituvchi, 1974-1977-yillarda partiya tashkiloti xodimi, 1977-1988-yillarda – Kasbiy-texnik ta’lim bo‘yicha O‘zDQ raisi o‘rinbosari va raisi, 1988-1989-yillarda – O‘zR Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, 1989-1992 yillarda – O‘zR VMning madaniyat, ta’lim, sog‘likni saqlash bo‘limi boshlig‘i, 1992-1998-yillarda – GulDU rektori, 1998-2000-yillarda – O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlash bilan birga, O‘zR Oliy kengashi hamda Sirdaryo viloyati kengashlariga deputatlikka saylangan. 2000-2004-yillarda – O‘zR Xalq ta’limi vaziri, 2004-2009-yillarda – Qori Niyoziy nomidagi O‘ZPFITI direktori lavozimlarida ishlagan, 2009-yildan “Uzluksiz ta’lim” jurnali bosh muharriri va hozirgi kunda O‘zPFITIda “Ta’lim menejmenti” bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida xizmat qilmoqda.
Hayotini O‘zbekistonda uzluksiz ta’limni rivojlantirishga bag‘ishlab, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini o‘stirish maqsadida ham oliy ta’lim auditoriyasida, ham pedagogik tadqiqot jabhasida, ham umumiy o‘rta, o‘rta maxsus hamda xalq ta’limi tizimini boshqarish sohasida birdek fidokorona mehnat qilgan, ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan atoqli olim, pedagogika fanlari doktori, akademik, “Uzluksiz ta’lim” jurnali bosh muharriri Risbay Xaydarovich Djurayevning ilmiy-ijodiy ishlarini pedagogik jamoatchilik yaxshi biladi.
Nihoyatda zalvorli pedagogika fani solnomasida ustozning uzluksiz ta’limga oid ilmiy-pedagogik yondashuvlari, xalq ta’limi va kasbiy ta’limni modernizatsiyalash va rivojlantirishga qaratilgan konsepsiyasi yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan. Uning 14 ta monografiya, 48 ta darslik va metodik qo‘llanmalari, xorijiy davlat ilmiy-pedagogik anjumanlarida qilingan ta’lim sohasidagi olamshumul islohotlarimiz haqidagi 29 ta ma’ruzasi, 20 dan ortiq dasturiy mahsulotlari O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan.
R.X.Djurayev 1971-yilda navqiron 25 yoshida Toshkent Politexnika instituti yoshlari sardori sifatida ulkan jamoatchilik ishlarini olib borgan. Shu sababdan uni 1975-yilda O‘zbekiston Respublikasi Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi huzuridagi Fan va o‘quv yurtlari bo‘limiga instruktorlik lavozimiga ishga taklif qilishdi. 1977-yilda Respublika hunar-texnika ta’limi Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, so‘ngra (1987-yildan) mazkur qo‘mita raisi, 1988-1989-yillarda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida samarali mehnat qildi. Ayni shu yillarda Risboy Djurayev xalqning ishonchli vakili sifatida 11-chaqiriq O‘zbekiston Oliy kengashi deputatligiga saylandi.
Xalq noyibi sifatida u oddiy mehnatkashlar dardiga darmon bo‘lishga, savob ishni hamisha va har doim qilishga intildi. 1989-1992-yillarda Risboy Xaydarovich O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining madaniyat, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash bo‘limini boshqardi. Ushbu nufuzli lavozimda ham u hamisha xalq manfaatlarini himoya qilishga intildi. Xorijiy davlatlar Oliy o‘quv yurtlari attestatsiya va akkreditatsiya tizimini o‘rganib, chet el tajribalarini Respublikamiz ta’lim tizimiga tatbiq etishning ta’sirchan shakl, usul va yo‘llarini ishlab chiqdi. Mazkur tajribalarning Respublikamizdagi 19 ta oliy o‘quv muassasalarida katta muvaffaqiyat bilan qo‘lladi.
1992-yildan R.X.Djurayev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Guliston Davlat universiteti rektori sifatida o‘quv-tarbiya ishlarining zamon talablari darajasida takomillashuviga erishdi. Ushbu ilm maskanida Respublikamiz ta’lim tizimida birinchilardan bo‘lib test-reyting usulini joriy etdi. Uning bevosita tashabbusi bilan 1993-yilda Guliston davlat universiteti qoshida aspirantura ochildi.
1998-2000-yillarda R.X.Djurayev O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazida vazirning birinchi o‘rinbosari – Markaz direktori sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2000-2004-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishladi. Uning ushbu yuksak lavozimda amalga oshirgan ishlari yirik bir kitobga mavzu bo‘la oladi.
2004-2009-yillarda Risbay Xaydarovich T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika ilmiy tadqiqot institutiga direktorlik davrida institutning moddiy-texnika bazasini takomillashtirdi, yangi bino tashkil etib, ilmiy xodimlar uchun ilmiy-ijodiy muhit yaratishga bel bog‘ladi. Bu davrda institutda ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligi oshdi.
“Uzluksiz ta’lim” jurnali ustoz boshchiligida 2001-yildan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ilm igna bilan quduq qazishdir, deyishgan donolar. Boshqa kasb egalari o‘z mehnat mahsulini bir necha daqiqada, bir necha soatda, boringki, bir necha kunda ko‘rib, undan bahra olsa, ilm ahllari mehnat natijalarini ko‘rishi uchun bir necha oylar, hatto yillar tinimsiz izlanishiga, tunlarni bedor o‘tkazishi, mag‘lubiyat alamida o‘rtanishiga, sabr bilan kutishiga to‘g‘ri keladi.
Haqiqiy olim izlanishdan hech qachon to‘xtamaydi, bedor tafakkuridan bunyod bo‘lgan hayotbaxsh g‘oyalarni taqdim etish, o‘zi tanlagan fan yo‘nalishida yangiliklar yaratish uchun harakat qilaveradi.
Ustoz Risbay Xaydarovichning ilmiy ishlari natijalarining ko‘lami va salmog‘i haqida fikr yurtish uchun ularning ro‘yxatini bir nazardan o‘tkazishning o‘ziyoq kifoya qiladi. Zero, monografiyalar, kitoblar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ishlanmalar, Respublika va xalqaro ilmiy anjuman materiallarida nashr qilingan ishlar, Respublika va xalqaro ilmiy-amaliy ommabop jurnallar va ilmiy to‘plamlarda nashr qilingan ishlar, dasturiy mahsulotlar muallifligi guvohnomalari, ustoz tahriri va taqrizi ostida nashr etilgan ishlar, ilmiy rahbarlik va opponentlik faoliyati mahsullari ustozning pedagog olim sifatida asrga tatigulik mehnat qilganligi va shunga yarasha ulkan natijalarga erishganligidan guvohlik beradi.
Akademik Risboy Djurayev tomonidan 14 ta monografiya, 58 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 450 dan ortiq ilmiy maqolalar, 200 ga yaqin Xalqaro va Respublika miqyosidagi konferensiya maqolalar nashr ettirilgan. Shuningdek, 17 ta patent hujjatlariga mualliflik guvohnomalar olingan.
Ustozning ilmiy faoliyati munosib baholanib, “Mehnatda o‘rnak ko‘rsatgani uchun“ medali (1981), “Mehnat qizil bayroq” ordeni (1986), T.N.Qori-Niyoziy nomidagi medali (1996), Kasbiy ta'limni rivojlantirish va rag‘batlantirish fondining A.G.Nebolsin Xalqaro mukofoti laureati (1999), “Do‘stlik” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim a'lochisi” ko‘krak nishoni (2003), 2001 yil “Mustaqillikning 10 yilligi”, 2011-yil “Mustaqillikning 20 yilligi” ko‘krak nishoni, “Mustaqillikning 25 yilligi” ko‘krak nishoni, 2021 y. “Mehnat faxriysi” 1-darajali unvoni, 2021-yil “Xalq ta'limi fidoiysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
14 doktorlik, 30 dan ortiq kandidatlik dissertatsiyalarida rahbarlik qilganlar va ular muvaffaqiyatli diplomlarini olishgan. Hozirgi kunda 12 nafar tadqiqotchilarga ilm yo‘lida yordam berib kelmoqdalar.