Soloy Ruzmamatovich Ismoilov 1966-yil 23-fevralda Xorazm viloyatining Xonqa tumanida ishchi oilasida tugʻildi. Mehnat faoliyatini 1989-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining 1-davolash fakultetini tamomlaganidan keyin shu oliy taʼlim muassasasining farmakologiya kafedrasi assistenti lavozimida boshladi. 1990-yilda ToshDavTI ikkiga boʻlinib, uning negizida 1- va 2-ToshDavTI paydo boʻlganidan keyin u 1992-yilgacha 2-ToshDavTI ning farmakologiya kafedrasida, 1992-1993-yillar davomida esa 1-ToshDavTI ning farmakologiya kafedrasiga assistent lavozimida ishladi. 1993-yilda institutlar rahbarlari oʻrtasidagi kelishuvga binoan Urganch shahrida, 1-ToshDavTI ning Urganch filialida yangi tashkil etilgan farmakologiya kafedrasiga katta oʻqituvchi lavozimiga ishga oʻtkazildi. 1991-yildan 1-ToshDavTI ning farmakologiya kafedrasida mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy izlanishlarini boshladi va 1994-yilda mustaqillikdan keyin tibbiyot sohasida birinchi boʻlib davlat tilida “Fenkarolning sensibilizatsiya va anafilaktik shok holatida uglevodlar gidrolizida qatnashuvchi fermentlar faolligiga taʼsiri” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yozdi va uni muvaffaqiyatli himoya qildi. 1996-yilda filialda yangi tashkil etilgan klinik farmakologiya kursiga mudir sifatida ishga oʻtkazildi va shu bilan birga farmakologiya fanidan ham talabalarga dars berishda davom etdi. 1998-yilda OʻzR OAK tomonidan dotsent ilmiy unvonini oldi. 1999-yildan filialda tashkil etilgan farmakologiya va klinik farmakologiya kafedrasiga mudir boʻlib ishga oʻtkazildi va 2008-yilgacha shu lavozimda ishladi. 2005-yilda “Ayrim allergik reaksiyalarda hazm yoʻlining faoliyati: buzilish mexanizmlari va antigistamin vositalar bilan korreksiyalash” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2008-yildan farmakologiya, klinik farmakologiya va fiziologiya kafedrasi professori, 2014-2017-yillarda farmakologiya, klinik farmakologiya va patologik fiziologiya kafedrasi mudiri, 2017-yilning 16-dekabridan hozirgi kungacha shu kafedraning professori lavozimida ishlab kelmoqda. Shular bilan birga qator jamoat ishlarida (maʼmuriy vazifalarda) ham faoliyat olib bordi: 1995-2001-yillarda davolash fakulteti dekanining oʻrinbosari, 2001-2004-yillarda maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha direktor muovini, 2004-2008-yillarda iqtisodiyot va tadbirkorlik ishlari boʻyicha direktor muovini, 2012-2014-yillarda oʻquv-uslubiy boʻlimi boshligʻi, 2017-2018-yillarda taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi lavozimlarida. 2018-yilning 22-iyunidan shu bugungi kungacha Urganch davlat tibbiyot institutining 145-oʻrinli klinikasi (sobiq TTA Urganch filiali klinikasi) bosh shifokori lavozimida faoliyat olib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi “Xorazm viloyatining sogʻliqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-4949-sonli farmoyishiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-dekabrdagi “Xorazm viloyati sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 994-sonli qaroriga va OʻzR SSV ning 2018-yil 20-iyundagi 397-sonli buyrugʻiga asosan klinika 2018-yilning 2-iyulidan boshlab oʻz ish faoliyatini boshlagan. Tibbiyot fanlari doktori, professor Ismoilov Soloy Ruzmamatovich 2018-yil 25-iyundan klinikaning bosh shifokori lavozimiga tayinlangan va bugungi kungacha mazkur lavozimda faoliyat yuritib kelmoqda. Klinika jami 145 shifo oʻrniga moʻljallangan boʻlib, shulardan 72 shifo oʻrni davlat byudjeti hisobidan, 73 shifo oʻrni esa pullik tibbiy xizmat hisobidan tashkil etilgan. Davlat byudjeti hisobidan tashkil etilgan 72 shifo oʻrnidan 38 shifo oʻrni bolalar (bolalar boʻlimi - 25, bolalar jarrohligi - 13), qolgan 34 shifo oʻrni esa umumiy terapiya boʻlimi hisobiga toʻgʻri keladi. 10 nafar bemorga moʻljallangan jonlantirish (reanimatsiya) boʻlimi ham mavjud. Shuningdek, klinika Hukumatimizning tegishli qarorlari asosida zamonaviy laborator-diagnostika jihozlari bilan toʻliq taʼminlangan. Bugungi kunda klinikada 150 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shulardan 40 nafar shifokor, 70 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari va 40 nafar kichik tibbiyot xodimlaridan iborat. Ilmiy darajaga ega boʻlgan shifokorlar 20 nafarni tashkil qiladi, 4 nafar t.f.d., professor, 5 nafar t.f.n., dotsent, 11 nafar tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), qolgan tibbiyot xodimlarining deyarli barchasi ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shuningdek, klinikada 20 nafardan ortiq hisobxona va xoʻjalik xodimlari ham faoliyat olib borishmoqda. Klinikada uning boshchiligida shu bugungacha Xorazm viloyatining hamda qoʻshni Qoraqalpogʻiston respublikasining Toʻrtkoʻl, Beruniy, Ellikqalʼa va Amudaryo tumanlari aholisiga malakali tibbiy yordam koʻrsatib kelinmoqda. Klinikani boshqarish bilan birga u yerda davolanayotgan bemorlarning davolanish jarayonlarini ham muntazam ravishda oʻz nazorati ostida ushlab turadi va boʻlim boshliqlari hamda davolovchi shifokorlarga kerakli maslahatlar beradi. Butun dunyoni larzaga solgan pandemiya sharoitida Viloyatda Covid-19 bilan kasallangan bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. Jumladan, 2020-yilning mart-aprel oylarida “Xiva gulshani” bolalar oromgohida karantinga olingan 86 nafar fuqaroga 14 kun davomida malakali tibbiy xizmat koʻrsatdi. 2020-yilning 10-iyulidan 13-sentyabrgacha boʻlgan 66 kun davomida klinika vaqtincha yuqumli kasalliklar gospitaliga aylantirildi va unda 359 nafar bemorni davolash ishlarida uzluksiz ravishda oʻz faoliyatini olib bordi. 2021-yil avgust – 2022-yil fevral oylarigacha ham klinikada 500 nafardan ortiq Covid-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. Xalqaro hamkorlik aloqalari: S.R. Ismoilovning rahbarligida klinikada xorijiy davlatlarning tibbiyot muassasalari bilan ham oʻzaro hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. 2023-yilda Xitoy xalq Respublikasining Shinjon (Sinszyan) tibbiyot universiteti klinikasi bilan MEMORANDUM imzolandi. Ushbu memorandum asosida Xitoy xalq tabobati shifoxonasidan 12 nafar shifokor bizning klinikaga kelib, bemorlarni bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi. 2024-yilda 2024-yilda Hindistonning PSRI Hospital klinikasi bilan MEMORANDUM imzolandi. Ushbu memorandum asosida mazkur klinkadan 3 nafar shifokor bizning klinikaga kelib, bemorlarni koʻrikdan oʻtkazishdi. 2025-yilning 15-, 16-, 17- va 18-avgust kunlari Janubiy Koreyaning “KOMSTA” xayriya tashkiloti klinikaga tashrif buyurib, viloyatimizning 1500 nafar aholisini bepul konsultatsiya qilishdi va tegishli muolajalar oʻtkazishdi. 2025-yil 21-24-oktyabr kunlari Turkiyaning Balikesir universiteti delegatsiyasi Urganch davlat tibbiyot instituti klinikasiga oʻzaro hamkorlik doirasida tashrif qildi. Tashrif davomida Balikesir universiteti kasalxonalar rahbari Byulent Duman, anesteziologiya va reanimatologiya boʻyicha shifokor Byulent Atik, shoshilinch holatlar boʻyicha shifokorlar Ramazan Kiyak va Gokxan Tashkinlar ishtirok etishdi. Germaniyalik yetuk olim, tibbiyot fanlari doktori, Xalqaro SES (Senior expert service) tashkilotining eksperti Rudiger Popp (Rüdiger Popp) 28-oktyabr kuni klinikaga tashrif buyurib, klinika maʼmuriyati tomonidan bemorlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda tibbiyot xodimlarining olib borayotgan davolash-diagnostika ishlari bilan yaqindan tanishdi. Klinikaning jarrohlik boʻlimida yiliga 250-300 ta murakkab texnologiyali operatsiyalar bajarilmoqda. S.R. Ismoilov shu bugungacha 350 dan ortiq ilmiy ishning muallifi boʻlib, shulardan 65 tasi ilmiy jurnallardagi maqolalar, 3 ta ratsionalizatorlik taklifi uchun guvohnoma, 3 tasi monografiya, 51 tasi oʻquv-uslubiy ishlardir. U tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun yozilgan 4 ta oʻquv qoʻllanma va 1 ta darslikning muallifi ham hisoblanadi. Uning rahbarligida 1 ta nomzodlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi, 4 ta ilmiy ish olib borilmoqda va ulardan 1 tasi yaqin kunlar ichida himoyaga chiqishi rejalashtirilgan. U oʻziga topshirilgan ishlarga oʻta masʼuliyat bilan yondashib, mamlakatimiz aholisi salomatligini muhofaza qilish, kelajagimiz boʻlgan bolalarning hamda kattalarning sogʻligini saqlash va mustahkamlashda butun institut va klinika jamoasiga oʻrnak boʻlib kelmoqda. S.R. Ismoilov oʻzining mehnatsevarligi, xushmuomalaligi va harakatchanligi bilan viloyat hamda tuman tibbiyot xodimlari oʻrtasida hurmat-eʼtibor qozongan.