Botir Jafarov 1977-yil 4-iyulda Namangan viloyatining Uychi tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Botir Jafarov 2002-yildan buyon Namangan davlat universitetida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan, mamlakatimizning tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik, turkiyshunoslik fanlar rivojiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan yuqori malakali, ilmiy salohiyatli olimalardan biri hisoblanadi. Botir Jafarov 2000-yilda Namangan davlat universitetining Roman-German filologiyasi fakultetini bakalavr ta’lim yo‘nalishini, 2006-yilda mazkur universitetni Lingvistika (Ingliz tili) mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani tamomlagan. 2015-2017-yillarda universitetini “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranturada tahsil olgan. Botir Jafarov 2017-yilda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Kengashda 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik ixtisosligi bo‘yicha “Codex cumanicus – turkiy xalqlar yozma obidasi” mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini hamda 2023-yilda Namangan davlat universiteti huzuridagi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Kengashda “Kodeks kumanikus” hamda “Tarjumon turkiy va ajamiy va moʻgʻuliy va forsiy” qoʻlyozmalarining qiyosiy tahlili mavzusida 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Mehnat faoliyatini 2001-yilda Uychi tumanidagi Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 2002-2006-yillarda Namangan davlat universiteti qoshidagi “Til o‘rgatish” markazida o’qituvchi, 2006-2007-yillarda Namangan davlat universiteti filologiya fakulteti ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, 2007-2011-yillarda Namangan davlat universiteti ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi boshlig‘i, 2011-2015-yillarda Namangan davlat universiteti “Leksika-stilistika” kafedrasi katta o‘qituvchisi, 2018-2024-yillarga “Leksika-stilistika” kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. Bu davrda uning rahbarligida universitetda Adabiyotshunoslik (ingliz adabiyoti) ilmiy yo‘nalishi ochilgan. 2024-yildan hozirgacha Namangan davlat universiteti “Amaliy xorijiy tillar” kafedrasi professori lavozimida ishlamoqda. U 29 yildan buyon ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu yillar davomida B.S. Jafarov oʻz ishiga yuksak mas’uliyat bilan yondashadigan, bilimli va tajribali pedagog sifatida oʻzini namoyon qildi. Botir Jafarov Namangan davlat universitetida 2020-2022-yillarda bajarilgan “Kodeks kumanikus qo‘lyozmasining ilmiy izohli matni va izohli lug‘atini yaratish” hamda 2020-2023 yillarda bajarilgan “O‘zbek folklorining o‘zbek va ingliz tillaridagi veb-sayti va multimedia mahsulotlarini yaratish” nomli loyihalarga rahbarlik qilgan. Olim 2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi g‘olibi sifatida Germaniyaning Bremerhaven va Heidelberg universitetlarida ilmiy tadqiqot olib borgan. 2017-yilda Erasmus plus dasturi g‘olibi sifatida Italiyaning Piza hamda Venetsiya shahridagi Ka’foscari universitetlarida, Fransiyadagi Parij milliy kutubxonasida, Italiyaning Florensiya shahridagi mashhur tarixiy “Medichi” nomidagi Lavrensiana kutubxonalarida “Kodeks kumanicus” qo‘lyozmasi tadqiqi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borgan. Botir Jafarov tashabbusi bilan mamlakatimizga Venetsiyaning “San Marco” kutubxonasida saqlanayotgan “Kodeks kumanikus” hamda Nederlandiyaning “Leyden” kutubxonasida saqlanayotgan “Tarjumon turkiy va ajamiy va moʻgʻuliy va forsiy” qo‘lyozmaning faksemil nusxalari olib kelingan. Professor B.S. Jafarovning 100 dan ortiq ilmiy maqolalari, o‘quv qo‘llanma va monografiyalari nashr etilgan. U 8 ta filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasiga rahbarlik va 2 ta fan doktori dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan. Botir Jafarov mamlakatimizdagi ilm-fan va ta’limning yetuk olimlari, tashkilotchilaridan biri sanaladi. U zamonaviy talablar asosida Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qitiladigan “Jahon adabiyoti”, “Adabiyotshunoslik”, shuningdek, Adabiyotshunoslik (ingliz adabiyoti) magistratura mutaxassisligida o‘qitiladigan “Qiyosiy adabiyotshunoslik”, “Adabiy aloqalar”, “Adabiy tanqid” fanlari bo‘yicha darslik nashr ettirgan hamda ular o‘quv jarayoniga joriy etilgan. Botir Jafarov tashabbusi va rahbarligida universitetda 10 dan ortiq xalqaro, 40 ga yaqin ilmiy-nazariy konferensiyalar o‘tkazildi. Xalqaro ilmiy anjumanlarda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan mashhur tilshunos, adabiyotshunos va tarjimashunos olimlar, shu sohaning mutaxassislari qatnashib, muhim ilmiy ma’ruzalar qilinib, ularning yechimlarga erishildi. B.S. Jafarov Namangan davlat universiteti ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrlarda “Eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik tanlovining Respublika bosqichida oliy o‘rinni egallagan. Ushbu yillarda universitet jamoasi “Yagonasan muqaddas Vatan” ko‘rik tanlovining Respublika bosqichida birinchi, “Yosh huquqshunoslar” ko‘rik tanlovining Respublika bosqichida oliy o‘rinlarni egallab kelgan. B.S. Jafarov uzoq yillar davomida fan va innovatsion texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam berib kelmoqda. U Germaniya, Italiya, Fransiya, Niderlandiyadagi tadqiqot markazlarida bo‘lgan. Ayni paytda qadimgi turkiy qo‘lyozmalar tadqiqi markazlari –Turkiya, Qozog‘iston, Amerika, Ozarbayjon, Eron, Rossiya olimlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Turkiyshunos olim sifatida uning “Kodeks kumanikus” nomli ilk monografiyasi nashr etilgan. Unda, asosan, o‘zbek adabiyotining davriylashtirish masalasi hamda ilk manbada saqlanib qolgan turkiy topishmoqlar masalasi, XIV asrda yashagan Quman xalqining til, madaniyat va turmush tarzi qumanlarning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti kabi masalalar yoritilgan. Shuningdek, kitobdan muallifning qadimgi turkiy til va lug‘atchilik an’analariga aloqador ayrim kuzatishlari ham o‘rin olgan. Qadimgi turkiy adabiyot namunalarini chuqurroq o‘rganish va kengroq targ‘ib etishga bo‘lgan qiziqish Botir Jafarovning doimiy diqqat markazida bo‘ldi. U bu yo‘nalishdagi ishlarini o‘rganish maqsadida qadimgi lotin, italyan, fransuz, arab va fors tillarini o‘rgangan. Botir Jafarov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining 2025-yil 27-dekabrdagi 379/02-son qaroriga asosan Namangan davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.Fil.22.04 raqamli Ilmiy kengash raisi hamda Qo‘qon universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.Fil.25.03 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi vazifalarida ham faoliyat olib bormoqda.