Olim

JUMAMURATOV AJIMURAT HOJI

Fizika-matematika fanlari nomzodi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

Fizika-matematika fanlari nomzodi, umumiy texnika fanlari dotsenti, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (fizika) mutaxassisligi bo‘yicha professor, fizika o‘qitish metodikasi kafedrasi professori Ajimurat Jumamuratov 1953-yili Qo‘ng‘irot tumanining Sverdlov qishloq sovetida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1970-yili Lomonosov nomidagi hozirgi Qanliko‘l tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli №7 o‘rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, shu yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetining «Fizika va umumiy texnika fanlari (mehnat)» mutaxassisligiga o‘qishga kirdi va uni 1975-yili a’lo baholarga tamomladi. Shu yilning 1-sentabrida ushbu institutning «Ishlab chiqarish asoslari» kafedrasiga o‘qituvchi etib ishga qabul qilindi. 1977-yili Toshkent davlat universitetining «Atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi» (01.04.16) mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturaga o‘qishga kirdi. 1978-yildan boshlab Moskva viloyatining Dubna shahridagi Yadroviy tadqiqotlarning birlashgan institutining yadroviy muammolar laboratoriyasida «Qisqa yashovchi yadrolarning xususiyatlarini yadroviy spektroskopiya usullari bilan tadqiq etish» mavzusini bajarish uchun ilmiy safarda bo‘ldi. Ushbu ilmiy mavzu bo‘yicha yadroning xususiyatlarini tushuntiradigan nazariyalarga eksperimental materiallar olindi va olingan natijalar dunyoda birinchi yangiliklar edi. Shu ilmiy xulosalar bo‘yicha 1983-yil 1-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qarashli Yadro fizikasi institutining ilmiy kengashida dissertatsiyasini himoya qilib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga muyassar bo‘ldi. 1985-yillardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekinlik yerlarning agrokimyoviy xususiyatlarini, tog‘ jinslaridagi kimyoviy elementlarning miqdorini yadro fizikaviy usullar bilan tadqiq etish ishlarini olib bordi. Ekinlik yerlar tarkibidagi makro va mikroelementlarni aniqlab, ularning ekologik ta’sirlarini o‘rgandi hamda ko‘plab ilmiy maqolalar nashr qildi. 1997-yili «Orol muammosi va ekotizimdagi mikroelementlarning taqsimlanish qonuniyatlarini tadqiq etishning ahamiyati» nomli birinchi doktorlik monografiyasi Nukus shahrida BILIM nashriyotida chop etildi. Ko‘p yillik ilmiy izlanishlar asosida Marganes elementining miqdori 800–1200 mg/kg atrofida, yerdagi gumus miqdori 1 foiz atrofida bo‘lsa, mineral va organik o‘g‘itlar o‘z vaqtida berilganda paxta hosildorligi gektariga 35–40 sentner bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Marganes elementining miqdori 250–350 mg/kg bo‘lganda esa hosildorlik gektariga 25 sentnerdan oshmasligini dalillar asosida ko‘rsatdi. Yadro fizikaviy metod yordamida 25 ga yaqin kimyoviy elementning paxta, sholi, qovun va beda o‘simliklari tomonidan o‘zlashtirilish imkoniyatlarini, ularning tuproqqa qayta aylanishini foiz hisobida aniqladi hamda matematik model yordamida ko‘p yillik prognozlar olib bordi. Ushbu prognozlar tegishli diagrammalarda ko‘rsatilib, ular orqali agronom yoki fermer o‘z yerining elementlar tarkibini aniqlashi mumkinligi ko‘rsatib berildi. Sug‘orish tizimida ham dehqonchilik mahsuldorligi va uning sifati suv miqdori hamda undagi mikroelementlar miqdoriga bog‘liqligini o‘rgandi. Sho‘rlangan suv bilan sug‘orilganda paxta o‘simligi zarur mikroelementlarni, xususan, marganes, kaliy, mis, temir, kobalt va boshqa makro hamda mikroelementlarni yetarli darajada o‘zlashtira olmasligi natijasida hosildorlik pasayishini aniqladi. Bu yo‘nalishda ko‘plab tajribalar o‘tkazib, suvning turli sho‘rlanish darajalarida paxta o‘simligining elementlarni o‘zlashtirish darajasini o‘rgandi va suv sifati paxta hosildorligiga katta ta’sir ko‘rsatishini isbotladi. Shu tadqiqotlar asosida DK «180.01.20 – Tuproqshunoslik va agrokimyo» institutining ilmiy kengashida «Neytron aktivatsion usulni Orolbo‘yi hududidagi sug‘oriladigan yerlarning geokimyoviy va agrokimyoviy holatlarini o‘rganishga qo‘llash va ularni yaxshilash yo‘llari» mavzusida 06.01.04 – Agrokimyo mutaxassisligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va Qoraqalpog‘istonda birinchi qishloq xo‘jaligi fanlari doktori ilmiy darajasini olishga erishdi. Professor A. Jumamuratov 200 dan ortiq ilmiy ishlarning muallifi hisoblanadi. U ikki monografiya, oliy o‘quv yurtlari uchun ikki darslik, to‘rt o‘quv qo‘llanma, kasb-hunar kollejlari uchun bir o‘quv qo‘llanma hamda 14 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yozgan. Uning ilmiy ishlari xorijiy mamlakatlarning taniqli jurnallarida rus va ingliz tillarida nashr etilgan. Shuningdek, ko‘plab ilmiy konferensiyalarda qatnashib, ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. 2000-yili «Yadro fizikasidan laboratoriya ishlari» nomli o‘quv qo‘llanmasi oliy o‘quv yurtlari uchun yozilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar tanlovida g‘olib bo‘lib, pul mukofoti bilan taqdirlandi. Professor A. Jumamuratovning hayoti va faoliyati Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Nukus davlat pedagogika instituti bilan chambarchas bog‘liq. 1980–1992-yillarda Qoraqalpoq davlat universitetining fizika fakultetida assistent va katta o‘qituvchi lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1992-yili pedagogika institutining «Fizika va mehnatni o‘qitish metodikasi» kafedrasiga mudir etib tayinlandi. 1992–1998-yillarda «Umumiy texnika fanlari» kafedrasining mudiri, 1998-yili institutning «Iqtisodiyot va tadbirkorlik» prorektori, 2000–2001-yillarda «Kasb ta’limi va uni o‘qitish metodikasi» kafedrasining mudiri, 2001–2008-yillarda «Kasb ta’limi» kafedrasining dotsenti, 2008-yili «Umumiy fizika» kafedrasining mudiri, 2009-yildan ushbu kafedraning dotsenti, 2012-yildan «Fizikani o‘qitish metodikasi» kafedrasining professori lavozimlarida faoliyat olib bordi. Shuningdek, Respublika o‘qituvchilarning bilimini takomillashtirish institutida, Nukus pedagogika kollejida fizika va texnika mashg‘ulotlari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qib, kadrlar tayyorlash ishlariga faol qatnashdi. Professor A. Jumamuratov ko‘plab ilmiy grant va loyihalarga rahbarlik qildi. Jumladan, «Orol inqirozining salbiy ta’sirida Janubiy Orolbo‘yidagi geokimyoviy holatlarning buzilishi» mavzusidagi GNTP-13, GNTP-7 loyihalarida 2003–2005-yillarda 10 mln. so‘m miqdorida ishlar amalga oshirildi. 2010–2011-yillarda «Mintaqada ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun Janubiy Orolbo‘yidagi geokimyoviy holatlarni tadqiq etish» mavzusidagi xalqaro grant loyihasida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, xo‘jalik shartnomalariga, jumladan, QMUda ishlagan 1985–1991-yillarda 435 ming rubl miqdoridagi, 1993–1996-yillarda Kegeyli va Qanliko‘l tumanlarida ilmni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha 500 ming so‘mdan ortiq miqdordagi ishlarga rahbarlik qildi hamda bir nechta ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha dalolatnomalar tuzdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli yadro fizikasi olimlari bilan 1985–2012-yillarda ko‘plab ilmiy mavzularni birgalikda amalga oshirdi. A. Jumamuratovning ilmiy ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-yanvardagi «Orol dengizi hududini rivojlantirishning 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi haqida»gi Qarori hamda 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning Strategiyasi haqida»gi Farmoni, shuningdek, ekologiya yo‘nalishida belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshirishda ma’lum darajada xizmat qiladi. U Orolbo‘yi hududida turg‘un bo‘lmagan muhitning tabiiy obyektlari ekologik holatini diagnostika etishning zamonaviy usullaridan foydalandi. Ekologik o‘zgarishlarni tahlil etish, mahalliy va global miqyosda iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq ilmiy tadqiqot ishlari dunyoning turli ilmiy markazlari bilan hamkorlikda olib borildi. Jumladan, University of Ben-Gurion (Isroil), Technical University (Germaniya), Oxford University (Buyuk Britaniya), National University of Singapur (Singapur), Crops Research Institute for Semi-Arid Tropics, G. B. Plant University of Agriculture and Tehnology (Hindiston), Institute of Biological Control (Yaponiya), Huazhong Agricultural University Institute of Plant Protection (Xitoy), Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (Rossiya), Qozog‘iston tuproq ilmiy tadqiqot instituti (Qozog‘iston), geografiya instituti (RFA) hamda Okeanologiya instituti (Rossiya) kabi ilmiy muassasalar bilan bog‘liq tadqiqotlar olib borildi. Shunday ilmiy markazlarda olib borilayotgan tadqiqotlar bilan bir qatorda turadigan ilmiy ishlarni amalga oshirish maqsadida professor A. Jumamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi bo‘lib, neytron-aktivatsion metodni tabiiy obyektlardagi kimyoviy elementlarni aniqlashga qo‘llash bo‘yicha yangi metodik ishlanmalarni joriy etdi. Shu asosda respublikamiz ekinlik yerlari va tog‘ jinslarida, jumladan, Qirantov, Xo‘jako‘l glaukonitlari, Qushxona tog‘i, Qoratov bentonitlari va boshqa hududlarda 30 ga yaqin kimyoviy elementlarni aniqladi. Shuningdek, yerlarning sho‘rlanishining asosiy sababchisi bo‘lgan natriy elementining miqdori, eng qimmatbaho metallardan biri bo‘lgan oltinning miqdori tuproq, o‘simlik va tog‘ jinslarida aniqlanib, ularning xaritalari ishlab chiqildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ekologik o‘zgarishlarning tabiiy obyektlardagi kimyoviy elementlar miqdori bilan bevosita bog‘liqligi o‘rganildi. Shu sababli tuproq, chang, suv, tog‘ jinslari va o‘simliklar tarkibidagi 30 ga yaqin kimyoviy element aniqlandi. Ular bundan necha asr avval qurilgan qo‘rg‘onlardan olingan tuproq namunalaridagi elementlar bilan taqqoslanib, ularning tabiiy fonini aniqlash bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Bu hozirgi davrda ekologiya ilmiga qo‘shilgan katta yangilik hisoblanadi. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2013-yil 11–12-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta «Fizika va ekologiya» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Ikkinchi konferensiya 2019-yilda, uchinchi konferensiya 2021-yilda tashkil etilib, yuqori darajada Nukus va Mo‘ynoq tumanlarida o‘tkazildi. Ushbu konferensiyalarga Ittifoqdosh mamlakatlar va respublikamiz olimlaridan 300 ga yaqin ilmiy ma’ruzalar kelib tushdi. Bu esa konferensiyaga va pedagogika instituti olimlarining ilmiy faoliyatiga berilgan katta baholardan biri sifatida e’tirof etildi. 2023-yil 15-sentabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakulteti tomonidan professor A. Jumamuratovning 70 yilligiga bag‘ishlangan «Fizika va ekologiya» nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur konferensiyada xorijiy ishtirokchilardan Norvegiyalik Energetika va texnologiya instituti d.f.-m.n. S. J. Karajanov, Rossiyalik Sankt-Peterburg davlat universiteti dotsenti N. A. Lemeshko, Moskva P. P. Shirshov nomidagi RFA Okeanologiya institutidan Sapozhnikov Ph. V., Zavialov P. O., Kostianoy A. G., Qozog‘istondan Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetidan Kurbaniyazov A. K. va A. N. Kurmantayev, Belarusdan Belarus FA Fizika-texnika institutidan M. I. Markevich, Belarus harbiy akademiyasidan V. I. Juravlev, Qirg‘izistondan Batken davlat universitetining ilmiy-tadqiqot institutidan M. M. Tayirov hamda Qizil-Kiy industrial pedagogika kollejidan Madiyarova Ch. A. o‘z tezislari bilan qatnashdi. Xalqaro konferensiya ishtirokchilari

Professor A. Jumamuratovning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyati munosib ravishda baholanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi (1994-y.), Mustaqilligimizning 20 va 30 yillik medallari (2011–2021-y.y.), O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi (2014-y.) ko‘krak nishonlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, universitet va pedagogika instituti rektorlarining ko‘plab faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. A. Jumamuratovning oilasida 7 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanib, u ko‘plab nabira va chevaralarning otasidir. Katta farzandi texnika fanlari nomzodi, biologiya fanlari doktori, professor, pedagogika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori bo‘lib faoliyat yuritadi. Qizlari o‘qituvchi, shifokor va boshqa kasb egalari bo‘lib, barchasi oliy ma’lumotli va oilalidir. Shunday qilib, professor Ajimurat Hoji Jumamuratovning ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati fizika, yadro fizikasi, agrokimyo, ekologiya, ta’lim metodikasi hamda Orolbo‘yi hududining ekologik muammolarini tadqiq etish kabi turli yo‘nalishlarni qamrab olgan. Uning ilmiy izlanishlari, pedagogik faoliyati, ilmiy kadrlar tayyorlashdagi hissasi va xalqaro ilmiy hamkorliklari Qoraqalpog‘iston hamda O‘zbekiston ilm-fani va ta’lim rivojiga munosib hissa bo‘lib xizmat qilmoqda.