Olim

JUMANIYOZOV RAXIMBOY MATKARIMOVICH

Pedagogika fanlari doktori, filologiya fanlari nomzodi, professor

Jumaniyozov Rahimboy Matkarimovich Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga 1979-yilda kirib uni 1984-yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1991-yil 13-noyabrda 10.00.08 - “Folklorshunoslik” O‘zbek xalq kitoblari, dostonlarini tarixiy aspektda o‘rganish yuzasidan tadqiqot ishlari olib borib “Yusuf va Ahmad” dostonining tarixiy asoslari” nomli dissertatsiyani O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot instituti (Toshkent shahri) 10.00.08 ixtisoslashgan kengashida himoya qilgan. 1991-yil 13-noyabrdagi 12 – sonli bayonnoma asosida SSSR ministrlar soveti huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi “O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot instituti ixtisoslashgan kengashining tavsiyasiga ko‘ra Filologiya fanlari nomzodi (KD № 051951) ilmiy darajasi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan 2020-yil, 30-yanvar 275/1 son bayonnomasi asosida (03№ 009270) Dotsentlik ilmiy unvoni, 2022-yil, 30-noyabr 327/1 son bayonnomasi asosida (05№ 004118) Professorlik ilmiy unvoni berilgan. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim, Toshkent Davlat San’at institutida o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” studiyasida “Yog‘du” bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida “Televideniye va radioeshittirishlar” kafedrasining mudiri, Toshkent Davlat Madaniyat institutining dotsenti, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining nashri “Vaqt-vremya” gazetasida muxbir va musahhih vazifalarida ishlagan. Ayni paytda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Matbuot kotibi vazifasida ham faoliyat yuritmoqda. U O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining a’zosi. U “Antique World” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi. Tashkiliy qo‘mita qarori, 06.05.2015 y. Bayonnoma № R-75 Akademik diplomi 07.05.2015 y. (AW № 000120), Maxpirat nomidagi O‘rta Osiyo xalqlari tarixi instituti Turon fanlar akademiyasi akademigi, Akademiya Prezidiumining qarori 2017-yil, 24-dekabr (1/12-17 – sonli bayonnoma) Akademik diplomi (№ 296 - A) U ko‘p yillar mobaynida turkiy xalqlarning qadimiy yozuvlari, o‘tmish madaniyati va folklori bilan shug‘ullanib keladi. Ana shu samarali mehnatning hosilasi sifatida qator ilmiy tadqiqot ishlari yuzaga kelgan. “Xalq dahosining ko‘zgusi”, “Xalq ijodi - haq ijod”, “Dong qozongan doston” nomli kitob va monografiyalari ana shular jumlasidandir. Ularda xalq og‘zaki ijodiyoti va yozma adabiyotning mahsuli sifatida yuzaga kelgan xalq kitoblari ilmiy asosda tadqiq etilgan. Shu yo‘sinda “Yusufbek va Ahmadbek” dostoni(xalq kitobi)ning tarixiy asoslari” mavzusida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yozib, uni muvaffaqiyatli himoya qildi. Qadimgi xalq kitoblarini chuqur o‘rganish va tadqiq qilishda davom etib, “Bobo Ravshan”, “Ibrohim Adham”, “Dili g‘aroyib”, “Sohibqiron Amir Temur”, “Devoni Niyoziy”, “Axtamnoma”, “Tazkirai Laffasiy”, “Devoni Xodim”, “Tazkirai “Majmuat ush-shuaroyi Feruz shohiy” kabi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutining Qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan arab yozuvida turkiy tilda, ya’ni, nasta’liq, nasx va ta’liq xatlarida bitilgan 20 ga yaqin nodir qo‘lyozma kitoblarni kirill va lotin alifbosiga transliteratsiya qildi. Ularning ayrimlari kitob holida chop etildi. Shuningdek, u O‘zFAning Til va adabiyot institutida laborant sifatida ishlab yurgan kezlarida G‘afur G‘ulom, Sadriddin Ayniy, Hamza, Hamid Olimjon, Oybek singari adiblar asarlarining akademik nashrlarini tayyorlashda ularning qo‘li bilan yozilgan arab alifbosi asosidagi isloh qilingan eski o‘zbek yozuvidagi qo‘lyozmalarini kirill grafikasiga o‘girishda beminnat yordam ko‘rsatdi. R. Jumaniyozov, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining ijrosi bo‘yicha eng faol olimlardan biri sifatida faoliyat yuritgan. Uning o‘tmish madaniyatimizning kaliti bo‘lgan arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvini o‘rgatish borasidagi sa’yi-harakatlari tahsinga sazovordir. Televideniye va radio, matbuot va nashriyot orqali uning chiqishlari, qator risola, kitob va o‘quv qo‘llanmalari mohiyat e’tibori bilan qimmatlidir. “O‘qituvchi” nashriyotida ko‘p ming nusxalarda chop etilgan “Eski o‘zbek yozuvi” kitobining 3 ta nashri hozirga qadar filologiya va tarix yo‘nalishidagi o‘quv muassasalarida asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida foydalanib kelinadi. Xuddi shu maqsadda yaratilgan “Harflar tilga kirganda”, “Turkiy savod”, “Alifbo saboqlari” kitoblari esa uning mohir kalligraf, qilqalam xattotligidan tashqari olimona sinchkov nazari, shoirlik iste’dodini ham namoyon etdi. Arab harflari va diakretik belgilarning har biriga she’riy ta’rifu tavsif berish uchun ilmiy va badiiy salohiyat, yetuk san’atkorlik, xattotlik iqtidori zarurligini keng jamoatchilik yaxshi biladi. Xalqimiz mustaqillik sharofati bilan 70 yillik iskanjadan qutulgandan keyin suvga chanqagan kimsa kabi uning kitoblarini qo‘lma-qo‘l o‘qib o‘rganishga kirishdi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan avlodning, deyarli barcha xonadonlarda uning tarixiy merosimizning ochqichi hisoblangan “ESKI O‘ZBEK YOZUVI” kitobi hanuzgacha ham bor. Hatto, u haqda matbuot nashrlarida “Jumhuriyat muallimi” nomli maqolaning chop etilgani ham bejiz emas. Ayniqsa, uning O‘zbekiston televideniyesining birinchi kanali orqali efirga uzatila boshlagan “Alifbo saboqlari” mualliflik ko‘rsatuvidagi pedagoglik va boshlovchilik mahorati, o‘ktam ovozi ko‘pchilikni sehrlab qo‘yganligini hech kim inkor etmasa kerak. Uning eski o‘zbek yozuvi va yangi lotin yozuvi asosidagi alifboni o‘rgatishga qaratilgan “Sirli sandiq” va “Iqtidor” intellektual-televizion o‘yinlari ko‘pchilik muxlislarini lol qoldirib mehrini qozongani haq. Uning ijrosida o‘qilgan g‘azallar hozirda ham subhidamda “G‘azalxonlik” ruknida radiokanallar orqali taralib turadi. Aruz vazni qoidalariga amal qilib, arabiy, forsiy va turkiy so‘zlarning ma’nosini chaqib o‘qishi bilan u boshqalardan keskin ajralib turadi. Ayni paytda u O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida turli sinflar uchun adabiyot fani yo‘nalishida audio va videomahsulotlarni tayyorlashda fidoyilik ko‘rsatdi. R. Jumaniyozov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi ijod maktablarining 7 va 8-sinf o‘quvchilari uchun “Matnshunoslik alifbosi” va “Matnshunoslik” darsliklarini, “Husnixat mashqlari” qo‘llanmasini yozib nashr ettirdi. O‘tgan yildan buyon ushbu darslik va o‘quv qo‘llanmalari ijod va ixtisoslashgan maktablarda o‘qitilmoqda. Ayni paytda ijod maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari uchun “O‘quvchining nutq madaniyati” o‘quv qo‘llanmasini (hamkorlikda) tayyorladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi 451-sonli (25.08.2006 y.) Qarori va shu asosdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-fevraldagi 07/2-80-sonli “Ta’lim muassasalarida diniy ekstremizm va missionerlikning oldini olish, ijtimoiy – ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha ChORA-TADBIRLAR REJASI”ning 3 – qism, 16 – bandiga muvofiq Milliy g‘oya va mafkurani talaba-yoshlar ongiga singdirishning samarali texnologiyalarini joriy etish yuzasidan Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Ichki ishlar vazirligi hamda “IQtidor-ma’rifat” ijodiy guruhi hamkorligida talaba-yoshlarning intellektual qobiliyatini sinash va rag‘batlantirish maqsadida muntazam davom etib kelayotgan musiqiy va musobaqaviy xarakterdagi “G‘oyamiz – himoyamiz” nomli elektron ijtimoiy-ma’rifiy loyihaning muallifi va boshlovchisi sifatida qator oliy o‘quv yurtlarida ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazib keldi. R.Jumaniyozov O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat kengashi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining tashabbusi bilan “Go‘zal va betakrorimsan muqaddas Vatanim, jonim senga fido O‘zbekistonim!” rukni ostida “Vatan va xalq mangu qoladi” nomli audiodisk jamlanmasini yaratdi. U ikki qismdan iborat bo‘lib, ilk qismda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning xalq bilan, turli soha vakillari bilan uchrashuvlarida aytgan ibratli so‘z va aforizmlari jamlangan. “Vatannoma” deb nomlangan ikkinchi qismda esa zamondosh shoirlarning vatanparvarlik ruhidagi she’rlaridan 135 tasi o‘rin olgan. Ushbu multimediali audiodisk Sultonali Rahmatov musiqasi fonida R. Jumaniyozov tomonidan ifodali tarzda o‘qilgan. Mazkur multimedia vositasi ko‘p ming nusxada respublika bo‘ylab viloyat va tuman ma’naviyat va madaniyat bo‘limlariga tadbirlar oldidan foydalanish uchun tarqatilgan. Shuningdek, Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusiga muvofiq 64/21–sonli jazoni ijro etish muassasasidan “Meni kechiring, odamlar”, “Iqror”, “E’tirof va e’tiroz”, “Pushaymonlik qismati” hamda Zangiota tarbiya koloniyasidan “Beboshlik balosi” nomli hujjatli filmlarning muallifi sifatida ichki xizmat sohasida foydalanish uchun tayyorladi. O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB bilan “Iqtidor” videostudiyasi hamkorligida tayyorlangan, keng omma e’tiboriga havola qilinib “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan muvaffaqiyatli tasdiqlangan “Qora ilon”, “Begona” va “Ota” nomli badiiy filmning prodyusseri va hammuallifi bo‘lib huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining giyohvandlikka qarshi kurashdagi matonatini aks ettirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining faol pedagog va ma’ruzachilaridan biri sifatida respublika miqyosidagi turli tadbir va uchrashuvlarda muntazam ravishda ishchi guruh a’zosi va rahbari sifatida ishtirok etadi. U 30 yildan ziyod muddat mobaynida turli auditoriyalarda nutq madaniyati va notiqlik san’ati bo‘yicha dars berish asnosida qator risola va o‘quv qo‘llanmalar tayyorladi. R. Jumaniyozovning “Nutqiy mahorat"(2005), “G‘oyaviy tarbiyada notiqlik san’ati”(2001), “Toshkentdan gapiramiz” (2016), “Dil – qulf, til – kalit”(2015), “Muomala madaniyati”(2015), “Ta’lim, tarbiya, tafakkur, taraqqiyot”(2015), “Notiqlik san’ati”(2016), “Siz notiq bo‘lishni istaysizmi”(2017), “Ma’naviyat targ‘iboti”(2017), Pedagogik mahorat va kommunikativ kompetentlik (2021) Matnshunoslik alifbosi (2021), “Spikerlik sirlari”(2022), “Husnixat mashqlari”(2023), “Notiqlik mahorati” (2024) kabi kitoblari nutq mahorati bilan qiziquvchilarni befarq qoldirmaydi. O‘qituvchi qanday fandan dars bermasin, uning pedagogik mahorati adabiy til qoidalari va me’yorlarini yaxshi bilishi va undan unumli foydalana olishi bilan belgilanadi. Shuni his etgan holda, u o‘z fikrini lo‘nda, qisqa va mantiqiy tarzda ifoda etish yo‘llari borasida dars mashg‘ulotlari olib bordi. “Siz notiq bo‘lishni istaysizmi?” nomli multimedia mahsuloti mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” deb nisbat berilgan yillarda uning qimmati kattadir. Shubhasizki, “Xalq qabulxonalari”ning faoliyati muloqot bilan, xalq qalbiga quloq solish, tushuntirish, notiqlik mahorati bilan bog‘liq. Unda notiqlik sirlari va talablariga doir ma’lumotlar o‘rin olgan. R.Jumaniyozov yigirma yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi (hozirgi Davlat boshqaruvi) akademiyasida tinglovchilarga “Boshqaruvda notiqlik san’ati” bo‘yicha ma’ruzalar qilib, soatbay amaliy mashg‘ulotlar olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat targ‘iboti markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida turli vazirlik va qo‘mita tizimidagi xodimlarga “Nutq madaniyati va notiqlik san’atining kasbiy faoliyatda, targ‘ibot-tashviqot hamda boshqaruv jarayonidagi o‘rni va roli” mavzusida muntazam ravishda ma’ruzalar o‘qib keldi va hozirda ham bu faoliyat davom etmoqda. U yaqin yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deyarlik barcha qo‘mitalari deputatlari bilan “Notiqlik va moderatorlik mahorati” mavzusida amaliy mashg‘ulotlar olib bordi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha Respublika Trenerlari guruhi tarkibida faoliyat yurita turib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Respublika Adliya vazirligi, Toshkent Davlat Yuridik universiteti, Davlat Boshqaruv akademiyasining tashabbusi bilan chop etilgan “100 savolga 100 javob” nomli qo‘llanmaning ovozlashtirish jarayonida qatnashib audio va video variantini tayyorlashda bosh-qosh bo‘ldi. Uning www.notiq.uz shaxsiy vebsaytida bugungi kunda O‘zbekistondagi madaniy va ma’rifiy yangiliklar, xususan ma’naviyat, boshqaruv, ta’lim, tarbiya, muloqot va muomala jarayonida notiqlik san’ati va nutq madaniyatining o‘rni, qadimiy qo‘lyozma va eski yozuvlarimiz bo‘yicha teran tahliliy maqolalari o‘z ifodasini topmoqda. U “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining Matbuot kotibi sifatida o‘quv-ilmiy va pedagogik hamda ma’naviy – ma’rifiy jarayondagi yangiliklar haqida, universitetning QS Xalqaro Reyting Agentligidagi ko‘rsatkichlari, to‘rt yulduzli universitet maqomi berilgani borasida vaqtli matbuotda yangilik, xabar va maqolalar e’lon qilib kelmoqda. Uning “Notiq.uz” Vebsaytida ikki yuzga yaqin xabar va ilmiy maqolalari o‘rin olgan. R.M.Jumaniyozov 2016, 2018, 2019-yillarda keng ommaga ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib va tashviq qilishdagi fidoyiligi, ulkan xizmatlari uchun “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi”sovrinlarini qo‘lga kiritdi. 2021-yil Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’naviyat fidoyisi” hamda “O‘zbekiston Respublikasi IIV tashkil etilganining 30 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 30 yil” va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” (2022y) O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta’lim a’lochisi” (2025y) ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. R.M.Jumaniyozov oilali, 3 ta farzandning otasi.