Jumayev Olimjon Sadulloyevich 1975-yil 11-martda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. O‘zining ilmga bo‘lgan qiziqishlari sababli u ilk qadamni 1993-yilda Termiz davlat universitetiga qo‘yib imtiyozli diplom bilan tamomladi. 2004-yilda O‘zbekiston bozor islohotlari ilmiy tadqiqot instituti aspirantiga aylandi.
Oliy ta’lim muassasasini imtiyozli diplom bilan yakunlagan O.S. Jumayev o‘zining ilk mehnat faoliyatini 1997-yilda Surxondaryo viloyatining davlat soliq boshqarmasida boshladi. 2001-yildan u mehnatkashligi va jonkuyarligi tufayli Surxondaryo viloyati hokimligiga ishga o‘tdi hamda 2003-yilda Jumayev Olimjon Sadulloyevich “Surxonoziqovqatsanoat” AJ raisi etib saylandi. 2006-2012-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida turli lavozimlarida o‘z mehnat faoliyatini davom ettirdi. 2012–2014-yillar oralig‘ida O.S. Jumayev O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritdi. Shuningdek, 2017–2024-yillarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasida rais o‘rinbosari, raisning birinchi o‘rinbosari hamda uyushma raisi lavozimlarida ishladi. Sohada uzoq yillar samarali faoliyat yuritib, zarur bilim va ko‘nikmalarni egallagan O.S.Jumayev 2024-yilda “Ipakchilik korxonalarida marketing faoliyatini boshqarish metodologiyasini takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2024-yildan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. O.S.Jumayev mamlakatimizda raqobat siyosatini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, tovar va moliya bozorlari holatini ilmiy asosda o‘rganish hamda zamonaviy iqtisodiy tahlil instrumentlarini amaliyotga joriy etish yo‘nalishida samarali faoliyat yuritib kelayotgan iqtisodchi olim va tashkilotchi rahbarlardan biri hisoblanadi. U rahbarlik qilayotgan Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlari, tovar bozorlari, ishbilarmonlik muhiti va hududiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-tahliliy ishlar amalga oshirilgan.
Uning rahbarligida ichki bozorning mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasini aniqlash, istiqbolli ishlab chiqarish yo‘nalishlarini belgilash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi tizimli tahlillar yo‘lga qo‘yildi. 2025-yilning o‘zida oziq-ovqat, kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, maishiy va boshqa sohalarda 150 dan ortiq tovar bozorlari o‘rganilib, mahalliy ishlab chiqarish ulushi past bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarga takliflar kiritilgan. Qolaversa, Markaz faoliyatida iqtisodiy tahlil va prognozlashning zamonaviy ilmiy yondashuvlari izchil joriy etib borilmoqda. Xususan, Markaz tomonidan bozor tahlillari ARIMA va VAR (Vector Autoregression) ekonometrik modellari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur yondashuvlar narxlar dinamikasi, qisqa muddatli tendensiyalar, bozordagi o‘zgarishlar hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va yashirin bog‘liqliklarni chuqur tahlil qilish imkonini bermoqda. Jumladan, narx, import, talab va boshqa iqtisodiy omillar o‘rtasidagi real ta’sir zanjirini ochib berish, bozor shoklarining ehtimoliy oqibatlarini oldindan baholash, bir vaqtning o‘zida bir nechta omillarni hisobga olgan holda aniq va ishonchli prognozlar tayyorlash imkoniyatlari kengaydi. Bu esa Markaz faoliyatini oddiy statistik kuzatuv va holatni qayd etish bosqichidan strategik prognozlash, chuqur ilmiy xulosalar tayyorlash hamda davlat organlari va bozor ishtirokchilari tomonidan asoslangan qarorlar qabul qilinishiga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy platforma darajasiga ko‘tarmoqda. O.S.Jumayevning 57 ta ilmiy maqolalari, o‘quv qo‘llanma va monografiyalari nashr etilgan. U 8 ta nomzodlik dissertatsiyasiga rahbarlik va 1 fan doktori dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan. Uning ilmiy-amaliy faoliyatida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari bozorlari tahlili alohida o‘rin egallaydi. Tuxum, sut, sabzi, piyoz, kartoshka, mol va parranda go‘shti kabi mahsulotlarning ishlab chiqarishdan boshlab yakuniy iste’molchiga bo‘lgan bosqichlari o‘rganilib, ekonometrik yondashuvlar asosida qisqa muddatli narx prognozlari ishlab chiqilgan. Mazkur tahlillar asosida tayyorlangan ma’lumotlar va takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarga muntazam ravishda taqdim etilib kelinmoqda. O.S.Jumayev tashabbusi bilan mamlakatda ishbilarmonlik muhiti va iqtisodiy faollikni baholashning yangi mexanizmlari shakllantirildi. Xususan, xalqaro amaliyot, jumladan AQSHning Purchasing Manager’s Index yondashuvi asosida Biznes faolligi indeksi metodologiyasi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi. Ushbu indeks yirik korxonalar faoliyatidagi joriy holat hamda kelgusi davr kutilmalarini baholash imkonini beradi. Shu bilan birga, O.S.Jumayev rahbarligida monopoliyaga qarshi tartibga solish, raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or mahalliy hamda xalqaro tajribalarni o‘rganish maqsadida ilmiy va institutsional hamkorlikni kengaytirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi hamda BRICS Raqobat huquqi va siyosati xalqaro markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanish jarayonidan lavha. Xususan, qisqa muddat davomida 4 ta ta’lim muassasasi, 5 ta institut, 6 ta tahlil va aql markazlari, 3 ta xalqaro tashkilot hamda boshqa tuzilmalar bilan jami 20 dan ortiq ilmiy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, bu esa Markazning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ilg‘or xorijiy yondashuvlarni milliy amaliyotga tatbiq etish va sohaga oid tadqiqotlarning institutsional asoslarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi va Tuluza Meriya–Metropoliyasi vitse-prezidenti Maksim Boyer bilan uchrashuvdan lavha. Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Olimjon Jumayev Xitoy Xalq Respublikasining Bozorni tartibga solish davlat boshqarmasi huzuridagi Raqobat siyosati va baholash markazi direktori Lyu Sinxay bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumlarni imzolash jarayonidan lavha. Shuningdek, O.S.Jumayev rahbarligida 2025 yil davomida respublikadagi yirik 235 ta tashkilotning monopoliyaga qarshi komplayens, iste’molchilar huquqlari, reklama qonunchiligi hamda davlat xaridlari yo‘nalishlari uchun mas’ul bo‘lgan 406 nafar xodimlari ishtirokida 30 dan ortiq malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Mazkur o‘quv kurslari sohaga oid qonunchilik normalarini amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish, xodimlarning huquqiy bilim va institutsional salohiyatini oshirish, shuningdek, bozorlarda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan profilaktik va metodik mexanizmlarni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Kurslar doirasida tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari, ustun mavqe va monopoliyaga qarshi komplayens tizimining asosiy talablari, insofsiz raqobat turlari va ularning belgilari, kartel kelishuvlarining shakllari, raqamli platformalarda bozor hukmronligi va unga nisbatan qo‘llaniladigan monopoliyaga qarshi talablar, birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi bo‘yicha amaliy yondashuvlar va chora-tadbirlar yuzasidan zarur bilim hamda amaliy ko‘nikmalar berildi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor o‘qituvchilari bilan ilmiy seminardan Jumayev Olimjon Sadulloyevich rahbarligida Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi faoliyati 2025-yilda ilmiy jamoatchilik tomonidan yuksak e’tirof etildi. Xususan, “SCIENCE AND INNOVATION AWARDS – 2025” taqdirlash tadbiri doirasida Markaz “Yilning eng yaxshi tadqiqot markazi” nominatsiyasi bo‘yicha munosib deb topildi. Mazkur mukofot Markaz faoliyatining qisqa muddat ichida samarali tashkil etilgani, uning ilmiy va tahliliy yo‘nalishlarda tez sur’atlarda shakllanganini ko‘rsatuvchi muhim e’tirof bo‘ldi.
“SCIENCE AND INNOVATION AWARDS – 2025” taqdirlash tadbiri doirasida “Yilning eng yaxshi tadqiqot markazi” nominatsiyasini topshirish jarayonidan lavha. Ayniqsa, ushbu mukofotning 80 dan ortiq ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari orasida aynan Markazga taqdim etilgani O.S Jumayevning boshqaruv va tashkiliy salohiyati natijasida jamoada samarali ilmiy muhit shakllanganini anglatadi. Ushbu yutuq Markaz jamoasining izchil mehnati, ilmiy-tahliliy faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish va sohaga oid dolzarb yo‘nalishlarda amaliy natijalarga erishish borasidagi sa’y-harakatlarining munosib bahosi sifatida ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, O.S.Jumayev rahbarligida Markazning ochiq ekspertlik maydonidagi faolligi ham alohida e’tirof etildi. “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan 2025-yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan tahliliy reyting natijalariga ko‘ra, Markaz O‘zbekistondagi TOP–20 “Aql markazlari” qatoridan joy oldi. Mazkur natija Markazning ilmiy-tahliliy faoliyati, ochiq manbalardagi ishtiroki va jamoatchilik bilan samarali muloqot olib borish borasida munosib o‘rin egallaganini ko‘rsatadi. 2025-yil davomida Markaz tomonidan 150 dan ortiq ilmiy-tahliliy materiallar e’lon qilinishi, rasmiy veb-sahifaga 22 mingdan ortiq tashrif qayd etilishi hamda materiallardan 400 dan ortiq iqtibos keltirilishi uning faoliyati keng jamoatchilik va mutaxassislar doirasida qiziqish uyg‘otayotganini tasdiqlaydi. Bu esa O.S.Jumayev rahbarligida Markazning nafaqat ilmiy muassasa, balki raqobat siyosati, monopoliyaga qarshi tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlarida nufuzli tahliliy platforma sifatida shakllanib borayotganini ko‘rsatadi. Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Olimjon Jumayev xizmat safari doirasida Fransiyaning Tuluza shahrida bo‘lib qaytdi. Tashrif doirasida Tuluza Meriya–Metropoliyasi vitse-prezidenti Maksim Boyer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari, birgalikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tashabbuslar va kelgusi qadamlar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Tuluza oliy maktabi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan dastlabki ishlar haqida fikr almashildi.