Olim

KAMOLOV IFTIXOR BAXTIYOROVICH

Pedagogika fanlari doktori, professor

Kamolov Iftixor Baxtiyorovich 1983-yil 10-dekabrda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Pandiron qishlog‘ida tavallud topgan. 1990–2001-yillar Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi 26-o‘rta maktabni a’lo baholarda tamomlagan. 2004-yilda Buxoro davlat universiteti Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga o‘qishga kirgan va 2008-yilda bakalavr bosqichini tamomlagan, 2008–2010-yillar Buxoro davlat universitetida Tasviriy san’at mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olgan. Ish faoliyatini 2010-yil Qarshi davlat universiteti Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan. 2014–2016-yillar Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimida faoliyat olib borgan. 2016–2018-yillar Boshlang‘ich ta’lim kafedrasida tayanch doktorant tadqiqotchisi bo‘lgan, 2018-yil Pedagogika fakulteti dekani muovini lavozimida faoliyat yuritgan. 2019–2024-yillar Qarshi davlat universiteti Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Kamolov Iftixor Baxtiyorovich 2018-yil 11-iyunda 13.00.05 – Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha “O‘quvchilarni rangli ma’danlarga badiiy ishlov berish jarayonida ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish texnologiyasi” mavzusida dissertatsiya himoya qilgan, unga Oliy attestatsiya komissiyasining 2018-yil 30-avgustdagi 255/1-sonli qaroriga muvofiq pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi, 2021-yil 31-martdagi 295/1-sonli qaroriga muvofiq “dotsent” ilmiy unvoni, 2022-yil 31-avgustdagi 322/1-sonli qaroriga muvofiq “professor” ilmiy unvoni berilgan. Kamolov Iftixor Baxtiyorovich 2023-yil 18-avgustda 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (tasviriy san’at) ixtisosligi bo‘yicha “Talabalarga amaliy san’atni o‘rgatishda kreativ loyihalashtirishni faollashtirish nazariyasi va metodikasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va unga Oliy attestatsiya komissiyasining 2023-yil 4-oktabrdagi 344/1-sonli qaroriga muvofiq pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi berilgan. Kamolov Iftixor Baxtiyorovich rahbarligida 10 dan ortiq pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoya qilingan. Hozirga qadar uning mualliflik va hammuallifligida 3 ta darslik, 11 ta o‘quv qo‘llanma va monografiyalari nashr etilgan hamda 60 tadan ortiq maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda e’lon qilingan. 2024-yil sentabrdan hozirga qadar Qarshi davlat universiteti Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.