Karimova Farida Isakovna 1959-yil 30-oktyabrda Namangan viloyati Norin tumanidagi Uchtepa qishlog‘ida ziyoli oilada tug‘ilgan. 1966-76-yillarda Norin tumanidagi Uchtepa qishlog‘idagi 38-maktabda tahsil olgan. 1976-yilda Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi. 1981-yilda oliygohni imtiyozli diplom(ZV №850099) bilan tugatgach, Toshkent davlat madaniyat institutining Namangan fakultetida tillar va adabiyot kafedrasi o‘qituvchisi sifatida ish boshladi. Ayni paytda O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining sirtqi aspiranturasida o‘qishni davom ettirdi. 1988-yilning avgustidan Namangan davlat pedagogika instituti boshlang‘ich ta’lim metodikasi va pedagogikasi kafedrasida, so‘ng o‘zbek adabiyoti kafedralarida ish faoliyatini davom ettirdi. 1998-2005-yillarda o‘zbek adabiyoti, 2013-2014-yillarda o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasini boshqardi. 2014-yildan o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, 2020-yildan o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasida faoliyat ko‘rsatmoqda. Karimova Farida Isakovna professor A.Hayitmetov rahbarligida 1993-yilning 27-oktyabrida O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot instituti qoshidagi ixtisoslashtirilgan kengash yig‘ilishida “O‘zbek adabiyotida debocha(Alisher Navoiy debochalari misolida)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasi O‘zRFA Adabiyot institutidagi ixtisoslashtirilgan kengashning tavsiyasiga binoan 24.04.1994-yil 16/4-sonli bayonnomasi bilan filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi berilgan(01 № 001568) . Karimova Farida Isakovna O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasining 26.04.2001-yil 77/1-sonli bayonnomasi bilan “Milliy adabiyot tarixi(o‘zbek adabiyoti)” ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoni berilgan. Karimova Farida Isakovna 2023-yil 28-dekabrda 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha “Sharq adabiyotida debocha va uning poetikasi” mavzusida filologiya fanlari doktori(DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan va 2024-yil 6-aprel 353/1-son bayonnomasi bilan filologiya fanlari doktori(DSc) ilmiy darajasi berilgan(04 № 008045). F.Karimovaning ilmiy tadqiqot ishlarining asosiy yo‘nalishi devon debochalarini o‘rganish bilan bog‘liq. Uning respublika va xorijdagi nufuzli jurnallarda chop etilgan "O‘zbek adabiyotida debocha" (1986), "Bado’ ul-bidoya"da devon tuzish prinsiplari" (1989), "Alisher Navoiy debochalarining uslubiy xususiyatlari" (1993), "Debochalardagi lirik parchalar badiiyatiga doir" (2001), "Xorazm adabiy muhitida mumtoz debochanavislik" (2004),” Navoiy va Ogahiy debochalari”(2010), “Alisher Navoiy debochalaridagi ruboiylar xususida” (2011), “Muhayyir devoni debochasining adabiy-estetik xususiyatlari” (2011), “Xusrav Dehlaviyning adabiy-estetik qarashlari” (Baku,2012), “Alisher Navoiy debochalarida badiiy tasvir vositalari” (2014), “Debochalarda Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlari talqini” (2015), “History of divan introductions in the Eastern literature” (Asian journal of Research № 10,2017. Japan, Osaka), “Navoiy g‘azaliyotining mavzuviy tasnifi xususida”(2018), Traditions of writing introductions in uzbek literature in the first half of the 19th century // International Scientific Journal Theoretical. & Applied Science. Philadelphia, USA/(2019), “Persian divan introductions(prefaces) and their historical development” // EPRA International Journal of Multidisciplinary Research(IJMR) – Peer Reviewed Journal. India, volume: 6 / issue 9/ september 2020, “Praises about Hussein Boykaro in Alisher Navoi’s “Khazoin ul-Maaniy” collection” // The American Journal of Interdisciplinary Innovations and Research. Volume: 2 / Issue 12/ December 2020, “Alisher Navoiy debochalarida saj’ san’atining o‘rni” // Alisher Navoiy xalqaro elektron jurnali(2022), “Debochanavislik an’analari va o‘ziga xoslik”(2023), “Nevâyî Dibaçelerinde Şairin Kendisi ve Hüseyin Baykara Arasindaki Dostça İlişkilerin Yansimasi” // Ali Şîr Nevâyî’nin eserleri ve kültürel etkileri. –Ankara: 2023 kabi maqolalari fikrimizni tasdiq etadi. Lekin olima faqat bular bilangina chegaralanib qolgan emas. Navoiy she’riyati,”Xamsa” dostonlari va ularda qo‘yilgan masalalarni tadqiq etish navoiyshunos olima ilmiy izlanishlarining muhim qirrasini tashkil etadi. “Navoiy g‘azaliyotining mavzuviy tasnifi xususida”, “Alisher Navoiy g‘azaliyotida ro‘molcha tafsili”, “Navoiy lirikasida ma’shuqa tasviri”, ”Navoiy “Xamsa”sida himmat talqini”, “Adab birla hayo xushdurur”, “Mushtarak nuqtalar: adolat mezon” kabi maqolalari shu jihatdan xarakterlidir. “Bobur she’riyatining olmos qirralari”, “Munis ijodida Fuzuliy an’analari”, “ Ogahiy g‘azaliyotida savolu javob san’ati”, “Furqat lirikasining ayrim poetik qirralari xususida” kabi maqolalarida esa mumtoz shoirlarimiz she’riyatining muhim qirralari borasida fikr yuritiladi. Namangan – qadimdan iste’dodli qalam ahllarini o‘z bag‘rida tarbiyalab kamolga yetkazgan zamin. Asiruddin Axsikatiy, Boborahim Mashrab, So‘fizoda, Ishoqxon Ibrat kabi shoirlar ijodi o‘zbek adabiyotining takomiliga munosib ulush bo‘lib qo‘shilganligi hech kimga sir emas. Ajdodlar an’analarini ijodiy davom ettirgan va davom ettirayotgan Chustiy, Husniddin Sharipov, Habib Sa’dulla, Ziyoviddin Mansur, Dilbar Haydarova kabi o‘nlab ijodkorlarning nafaqat respublikada, balki xorijda ham o‘z muxlislariga ega ekanligi e’tirofga loyiq. Olimaning “Mashrab lirikasida xalqona ohanglar”, “Ibrat she’riyatida mumtoz an’analar”, “Namanganning dilbar shoirasi”, “Ziyoviddin Mansur she’riyatining badiiy xususiyatlariga doir”, “Mumtoz adabiyot an’analari davomchisi”, “Ko‘ngildan tomayotgan dardlar” kabi maqolalari mazkur shoirlar ijodini tadqiq etishga bag‘ishlangan. F.Karimovaning “Alisher Navoiy debochalari adabiy manba sifatida”(2000), “Alisher Navoiydan keyingi davrda yaratilgan debochalar” (2007), “O‘zbek adabiyotshunosligining muhim masalalari” (2014), “O‘zbek adabiyotshunosligining muhim masalalari” (amaliy mashg‘ulotlar uchun,2016), “Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonini interfaol usullar asosida o‘rganish” (2019), “Navoiyshunoslik” fanidan amaliy va seminar mashg‘ulotlar” (2020), “O‘zbek adabiyoti tarixi” fanidan amaliy va seminar mashg‘ulotlar”(2021) kabi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari, “Ziyoviddin Mansur she’riyati” ”(2019), “Xamsa” va milliy qadriyatlarimiz” (2019) risolalari, “O‘zbek adabiyotida debocha” (2008),”Sharq adabiyotida debocha va uning poetikasi”(2023) monografiyalari, magistr va bakalavr talabalar uchun tayyorlangan “Adabiy manbalar bilan ishlash amaliyoti”(2025), “Navoiyshunoslik”(2025) nomli o‘quv qo‘llanmalari olima izlanishlarining samarasi sifatida dunyoga kelgan. “O‘zbek adabiyotida debocha” nomli monografiyasi 2021-yilda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati “Mustaqillik davri o‘zbek navoiyshunosligi” rukni ostida chop etilgan 30 jildlikning 17-jildiga kiritilgan. Navoiy debochalari haqidagi maqolalari “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” 4 jildligining 2-jildidan o‘rin olgan. Uning 200 dan ortiq ilmiy maqolalari xorij va respublika ilmiy jurnallarida chop etilgan.
Olima faoliyatining muhim bir qirrasini ilmiy anjumanlar tashkil etadi. U “O‘zbek filologiyasining dolzarb muammolari”(2005), “O‘zbek filologiyasida matnshunoslik va manbashunoslik muammolari”(2016, 2018,2020, 2021, 2025), “O‘zbek filologiyasida tahlil va talqin muammolari”(2017) mavzularida xorij va respublika ilmiy anjumanlari tashkil qilib o‘tkazib keladi va to‘plamlarini nashrga tayyorlaydi. Anjumanlarda respublika oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda Ozarbayjon, AQSH, Germaniya, Turkiya Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari nufuzli oliygohlarining yetakchi olimlari ham ishtirok etmoqda. Shuningdek F.Karimova xorij va O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda ham faol qatnashadi. Xususan, 2024-yil 12-13 fevral kunlari Qo‘qon universitetida Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan "Alisher Navoiyning ilmiy merosi" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada F. Karimova "Alisher Navoiyning "Badoe’ ul-bidoya" devoni debochasi va uning ilmiy qimmati" mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi va Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istondan tashrif buyurgan olimlar bilan bir qatorda navoiyshunos olima ham Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)ning bosh kotibi Sultan Raev tomonidan esdalik sovgʻa va tashakkurnoma taqdirlandi.
O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining bir guruh professor-o‘qituvchilari va madaniyat hamda san’at sohasi vakillari, xususan, F.Karimova ham 2026-yilning 4-18-noyabr kunlari Javaharlal Neru universitetidagi malaka oshirish dasturida ishtirok etdilar. Dastur davomida malaka oshirish va mahorat darslarini o‘tish barobarida turli anjumanlarda ishtirok etildi. Jumladan, Jamia Milliya Islamiya universitetida "Hind-o‘zbek olimlari forumi" bo‘lib o‘tdi. Javoharlal Neru universitetida o‘zbek tili va adabiyotiga bag‘ishlangan simpozium o‘tkazildi. Simpoziumda O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi 1-kotibi Abdulaziz Abdug‘aniev, elchixona xodimi, "Dunyo" milliy axborot agentligi muxbiri Sadriddin Suyarovlar ishtirok etib, professor-o‘qituvchilar bilan samimiy suhbat qurdi. F.Karimova 10-12 noyabr kunlari Assam viloyatidagi Guvaxati universitetida "So‘fiylik va uning boburiylar sulolasi davridagi rivoji" mavzusidagi xalqaro anjumanda "Bobur ijodida tasavvufiy g‘oyalar talqini" mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdi. F.Karimova yoshlarga ta’lim-tarbiya berish barobarida viloyat va universitet miqyosidagi navoiyxonlik, boburxonlik, mashrabxonlik, shuningdek, zamondosh ijodkorlarimizning tavallud ayyomlari munosabati bilan o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning faol tashkilotchisidir. Shu bilan birga, viloyat radio va televideniyesi orqali namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlarda doimiy ishtirok etadi.
U filologiya fakultetida tashkil etilgan “G‘azalxon qizlar” to‘garagini boshqaradi. To‘garak a’zolari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi mumtoz shoirlar g‘azallarini ifodali o‘qish sirlarini o‘rganadilar. To‘garak a’zosi Dildora Xabibullayeva Alisher Navoiyning 100 dan oshiq g‘azallarini yod olgan va respublika tanlovlari g‘olibi bo‘lgan. 2025-yil 20-fevral kuni Chimkentda bo‘lib o‘tgan "Navoiy o‘qishlari" xalqaro ko‘rik-tanlovida Iroda Ibrohimova ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni egalladi va 2-darajali diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. F.Karimova uzoq yillardan buyon “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti”, “Kelajak ovozi”, “Yangi avlod”, “Yosh kitobxon” viloyat tanlovlarida muntazam hakamlar hay’ati raisi va a’zosi sifatida ishtirok etib keladi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi adabiyotshunoslik bo‘yicha kengash raisidir.
F. Karimova 2022-yilda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish borasidagi mehnatlari uchun "Amir Temur" xalqaro ko‘krak nishoni, 2023-yilda esa xalqaro “Alisher Navoiy” medali bilan taqdirlangan. F.Karimova Namangan davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.12.Fil.22.03 raqamli va PhD.03/04/06.2020. Ped.76.02raqamli ilmiy kengashlar a’zosi hamda Namangan davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/04/06.2020.Fil.76.04 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar raisidir. Shuningdek, ToshDO‘TAU, FarDU, ADU, UrDU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar qoshidagi ilmiy seminarlar a’zosi. Olimaning uch nafar shogirdi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olgan. Karimova Farida Isakovna hozirgi kunda Namangan davlat universiteti o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi professori lavozimida faoliyat olib bormoqda. U viloyatning eng faol ayollaridan biri sifatida oilada, mahallada va jamoada katta obro‘-e’tibor qozongan olimadir.