Kurbonov Abrorjon Yorkinovich 2021-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” hamda 2024-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi fidoiysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Umumiy mehnat staji — 20 yil. A.Kurbonov oʻz mehnat faoliyatini 2012-yilda Oʻzbekiston Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutida laborant lavozimidan boshlagan. 2013–2014-yillarda ushbu institutda kichik ilmiy xodim lavozimida ishlagan. 2014–2017-yillarda esa Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi “Tolasi IV–V tipga mansub gʻoʻza navlari seleksiyasi” laboratoriyasida kichik ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritib, shu davrda tayanch doktoranturada tahsil olgan. 2018–2019-yillarda ushbu laboratoriyada katta ilmiy xodim lavozimida xizmat qilgan. 2019–2021-yillarda esa mazkur institutda fundamental va amaliy ilmiy loyihalar rahbari sifatida faoliyat olib borgan. 2023-yil sentyabr oyidan eʼtiboran institutning xalqaro aloqalar va investitsiyalar boʻyicha direktor oʻrinbosari, 2021-yildan hozirgi kungacha esa “Gʻoʻza biotexnologiyasi” laboratoriyasi mudiri lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Ilmiy faoliyati davomida u 2017-yilda “Oʻrta tolali gʻoʻzaning yuqori sifatli seleksion ashyosini yaratishda murakkab tizmalararo duragaylashdan foydalanish” mavzusida, 06.01.05 – “Seleksiya va urugʻchilik” ixtisosligi boʻyicha qishloq xoʻjaligi fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. 2019-yilda esa “Gʻoʻzani G. hirsutum L. turini zararlovchi Fusarium va Verticillium avlodi patogenlariga chidamli boʻlgan seleksion ashyolarni yaratish” mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qilib, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini qoʻlga kiritgan. A.Kurbonov koʻp yillik tajribaga ega yuqori malakali seleksioner olim sifatida yurtimiz qishloq xoʻjaligi sohasi uchun muhim ilmiy yutuqlarga erishgan. Faoliyati davomida u respublikaning turli iqlim va tuproq sharoitlarini inobatga olgan holda 12 ta istiqbolli paxta navini yaratdi. Salohiyatli olim tomonidan ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan S-6570, S-6577, S-6580, S-6585, S-6601, S-6602, S-6301, Surxon-104, Surxon-105, Surxon-106, Surxon-107 va Surxon-111 paxta navlari hozirgi kunda Oʻzbekistonning Toshkent, Fargʻona, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi keng maydonlarda ekilib, yuqori samaradorlik bermoqda. Soʻnggi yillarda tajribali seleksioner olim samarali izlanishlar natijasida paxtaning tezpishar (112–117 kunda yetiladigan), hosildorligi yuqori (oʻrtacha 40–52 s/ga), koʻsak ogʻirligi yirik (5,6–6,5 g) hamda Fuzarioz va vertisillioz vilt kasalligiga kompleks bardoshli navlarini yaratishga erishdi. Jumladan, oʻrta tolali sifatli tolaga ega S-6580, S-6585, S-6601, S-6602, S-6301 navlari hamda ingichka tolali Surxon-105, Surxon-106, Surxon-107, Surxon-111 navlari seleksiya qilinib, amaliyotga joriy etildi. Ushbu yangi navlar erta pishishi va kasalliklarga chidamliligi bilan alohida ahamiyatga ega boʻlib, paxtachilikda yuqori natijalar koʻrsatmoqda. A.Kurbonov biotexnologiya sohasidagi zamonaviy usullarni seleksiyaga tatbiq etish borasida ham katta yutuqlarga erishgan. U “Speed breeding” texnologiyasini qo‘llagan holda, molekulyar genetika, biokimyo va fitopatologiya sohalaridagi ilg‘or yutuqlarni integratsiya qilib, ultratezpishar, yuqori hosildor, tolasi IV–V tipga mansub, asosiy kasalliklar va vegetatsiya davridagi qurg‘oqchilikka bardoshli zamonaviy paxta navlarini yaratdi va ishlab chiqarishga joriy etdi. Shuningdek, seleksioner olim biotexnologiyaning zamonaviy uslublari yordamida turli rangdagi (to‘q va och jigar rang, to‘q va och yashil) tolali paxta tizmalarini yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Bu yutuqlar mahalliy paxtachilikda innovatsion yangilik bo‘lib, qiymatli xom ashyo turlarini shakllantirishga xizmat qilmoqda. A.Kurbonov o‘z ilmiy ishlari natijalarini huquqiy muhofaza qilishga ham alohida e’tibor qaratib keladi. U 12 ta mahalliy patent, 4 ta xorijiy patent va 6 ta mualliflik guvohnomasining muallifidir. Xususan, 2021-yilda uning S-6585, S-6601, S-6602 va Surxon-105 paxta navlariga Rossiya Federatsiyasining Seleksiya yutuqlarini himoya qilish davlat agentligi tomonidan xorijiy patentlar berilgan. Ushbu patentlar Kurbonov tomonidan yaratilgan navlarning yuqori qiymatini xalqaro miqyosda tan olinganini tasdiqlaydi. Tajribali seleksioner-biolog sifatida A.Kurbonov yosh kadrlar tayyorlashga ham katta hissa qo‘shmoqda. Hozirgi kunda u 1 nafar fan doktori (DSc) izlanuvchisi, 3 nafar falsafa doktori (PhD) tayanch doktoranti, 3 nafar magistr va 3 nafar bakalavr talabaning ilmiy rahbari hisoblanadi. Uning rahbarligida bir nafar PhD izlanuvchisi, 3 nafar bakalavr hamda 2 nafar magistr talabalar dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Shogirdlari paxta seleksiyasi, molekulyar genetika va urug‘chilik yo‘nalishlarida izlanib, Kurbonovning bevosita ilmiy va amaliy ko‘magi bilan muvaffaqiyat qozonmoqdalar. U ko‘p yillik tajribasiga tayangan holda yoshlarga istiqbolli, tezpishar va kasalliklarga chidamli navlarni yaratish hamda ularni molekulyar darajada o‘rganish bo‘yicha doimiy maslahat va yordam berib kelmoqda. Abrorjon Kurbonov nafaqat ilmiy tadqiqotlar olib boradi, balki bir qator muhim ilmiy loyihalarga ham rahbarlik qilgan va qilmoqda. Jumladan, 2019–2021-yillarda u O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan BMV-5-003 raqamli fundamental loyiha — "Paxtaning hosildorligi va chidamliligini oshirishda ultrabinafsha va lazer nurlari asosida ayrim biotik va abiotik muhit omillarini baholash" hamda A-QX-2019-15 raqamli amaliy loyiha — "Fuzarioz va vertitsillyoz vilt kasalliklariga bardoshli paxta navlarini yaratish hamda yuqori samarali agrotexnologiyalarni ishlab chiqish" mavzularidagi loyihalarga rahbarlik qilgan. Ushbu loyihalar doirasida g‘o‘zada DNK marker texnologiyalari asosida Fusarium va Verticillium zamburug‘lari qo‘zg‘atadigan kasalliklarga bardoshli oq va rangli tolali yangi g`o`za navlarni yaratish hamda ularni yuqori samarali agrotexnologiyalarni ishlab chiqish kabi vazifalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Bundan tashqari, hozirda u Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bilan hamkorlikdagi xalqaro innovatsion loyihaga rahbarlik qilmoqda. Ushbu loyiha Farg‘ona viloyatida yangi paxta navlarini joriy qilish, suv va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lib, mamlakat paxtachiligida ilg‘or tajribalarni joriy etishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Abrorjon Kurbonov ayni paytda ikki mahalliy amaliy loyihaga ham rahbarlik qilmoqda. Bundan tashqari, rangli tolali g‘o‘za navlarini yaratishga bag‘ishlangan "Seleksion-genetik, biokimyoviy-fiziologik usullar yordamida tolasi yashil va qo‘ng‘ir rangli yuqori sifatli g‘o‘za navlarini yaratish" mavzusidagi loyiha ham uning rahbarligi ostida amalga oshirilmoqda. Har bir loyihada Kurbonovning yuksak ilmiy salohiyati, tashabbuskorligi va tajribasi yaqqol namoyon boʻlib, ushbu ishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ulkan hissa qoʻshmoqda. Olim oʻz ilmiy faoliyati davomida xorijiy tajriba almashinuvlarida faol ishtirok etib, bir qator davlatlarda malakasini oshirgan. 2022-yilda u Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Turkiya Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi hamkorligidagi FTPP II dasturi doirasida Turkiyada seleksiya va urugʻchilik yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirgan. 2023-yilda Vengriyadagi Biotexnologiya markazida, 2024-yilda Germaniyaning Oʻsimliklar gen muhandisligi markazida, Xitoyning Janubiy Qishloq xoʻjaligi institutida, shuningdek, 2025-yilda Ispaniyaning Qishloq xoʻjaligi genomikasi ilmiy-tadqiqot markazida malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan. U ushbu safarlari davomida biotexnologiyaning ilgʻor yoʻnalishlari boʻlgan CRISPR, GWAS va markerlarga asoslangan seleksiya uslublarini chuqur oʻzlashtirgan. Xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida ham A.Kurbonov oʻz hissasini qoʻshmoqda. U Qozogʻiston hukumati grant mablagʻlari asosida Qozogʻiston Respublikasining Maqtaaral tumanida olib borilayotgan paxta seleksiyasi boʻyicha xalqaro loyihada ilmiy maslahatchi sifatida ishtirok etib kelmoqda. Mazkur loyiha doirasida u zamonaviy seleksiya va molekulyar genetika usullari yordamida shoʻrga chidamli, tolasi sifatli va hosildor yangi paxta navlarini yaratish boʻyicha ilmiy maslahatlar bermoqda hamda molekulyar-genetik tadqiqotlarni olib bormoqda. Bu ishtirok Kurbonovga xalqaro miqyosda tajriba almashish, shuningdek, Oʻzbekiston seleksiya maktabining nufuzini oshirish imkonini bermoqda. Kurbonov Abrorjon Yoʻrkinovich ilmiy tadqiqot natijalarini nashr etishga katta eʼtibor qaratib, ularni ilmiy jamoatchilikka muntazam yetkazib kelmoqda. U bugungi kungacha 2 ta monografiya va 171 ta ilmiy maqola chop ettirgan. E’tiborga molik jihati shundaki, ushbu maqolalarning 62 tasi chet el ilmiy jurnallarida e’lon qilingan bo‘lib, bu uning ilmiy ishlari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilganidan dalolat beradi. Qolgan ilmiy maqolalari esa respublikaning nufuzli ilmiy jurnallari, konferensiya toʻplamlari va ilmiy-ommabop nashrlarda chop etilgan. Uning ilmiy asarlari paxta seleksiyasi va biotexnologiyasi sohasidagi dolzarb masalalarga bagʻishlangan boʻlib, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshmoqda. Samarali ilmiy faoliyati, izlanuvchanligi, yuqori salohiyati va jonkuyarligi tufayli Abrorjon Kurbonov paxtachilik ilm-fani va amaliyoti vakillarining chuqur hurmatini qozongan. U oʻz ilmiy natijalarini bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etib, fermer xoʻjaliklarida paxta hosildorligini oshirish va sifatini yaxshilashga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Kurbonov Abrorjon Yoʻrkinovich bugungi kunda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasidagi eng taniqli olimlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Uning yuksak ilmiy salohiyati va fidoyiligi yosh olimlar uchun namuna boʻlib, mamlakatimiz seleksiya va biotexnologiya yoʻnalishining yetakchi mutaxassisi sifatida jamiyatda obroʻ-eʼtibor qozonib kelmoqda.