Maxmudov Ilxomjon Ernazarovich 1969-yil 11-iyunda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. U Xalqaro Turon fanlar akademiyasi akademigi (2024y.), “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni (2024y.), “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishoni (2025y.) va bir qator Faxriy unvon va yorliqlar bilan taqdirlangan. I.E. Maxmudov Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar Akademiyasining Sinzyan ekologiya va geografiya institutining hamda Polshaning Belostok oliy iqtisodiyot maktabi faxriy professori hisoblanadi. 1993-yilda Toshkent Davlat Universitetining Amaliy matematika va mexanika fakultetini tamomlagan. 1997-yilda Toshkent Davlat Universitetida Texnika fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2010-yilda Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya institutida Texnika fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2015-yilda Gidravlika va muhandislik gidrologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha Katta ilmiy xodim, 2018-yilda esa Professor ilmiy unvonlarini olgan. Mehnat faoliyatini 1996-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Suv muammolari institutida kichik ilmiy xodimi sifatida boshlagan. 1997-yilda Qashqadaryo viloyati “Agromelioremstroy” tresti bo‘lim boshlig‘i, 1997-2001-yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi, 2001-2003-yillarda Qashqadaryo viloyati hokimligining Axborot-tahlil guruhi yetakchi mutaxassisi lavozimlarida ishlagan. 2003-2010-yillarda “Osiyo taraqqiyot bankining Qashqadaryo viloyatida loyihalarni amalga oshirish guruhi” Davlat unitar korxonasi direktori. 2010-2011-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Suv muammolari institutida yetakchi ilmiy xodim. 2012-2017-yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti qoshidagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti direktorining 1-o‘rinbosari. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2021-yildan boshlab Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining “Gidrotexnika va melioratsiyada gidrodinamika jarayonlarini modellashtirish” laboratoriyasi mudiri hamda 2022-yildan boshlab Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Suvni Tejaydigan Texnologiyalar Ilmiy-Tadqiqot Konsalting Markazi" Davlat Muassasasi direktori vazifasida ishlamoqda. Umumiy mehnat faoliyati 30 yil. Professor I.E. Maxmudovning 15 ta (shundan chet ellardagi nufuzli nashriyotlarda 5 ta, mahalliy nashriyotlarda 10 ta) monografiya, 5 ta darslik va 3 ta o‘quv qo‘llanma, 150 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etgan va 10 ta ishlanmaga sanoat namunasi patentini olgan. U 20 ta PhD dissertatsiyalariga rahbarlik va 10 fan doktori dissertatsiyalariga ilmiy maslahatchi bo‘lgan. Professor I.E. Maxmudov mamlakatimizdagi ilm-fan va ta’limning yetuk olimlari, tashkilotchilaridan biri sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining dissertatsiyalar asosiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan nashrlar ro‘yxatidagi “Innovatsion texnologiyalar” ilmiy-texnik jurnali tahrir kengashi a’zosi. 2018-yildan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining “Tarmoq ilmiy-kengashi” a’zosi, 2021-yildan O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida suv xo‘jaligi borasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha komissiya a’zosi, 2019-2021-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.T.10.02 raqamli ilmiy kengash a’zosi. 2021-yildan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.17/2025.27.12.T.01.01 raqamli ilmiy kengash raisi. Maxmudov I.E. suv xo‘jaligini texnologik rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi bilan bir qatorda, sohada yetuk, malakali olim-mutaxassislarni tayyorlash orqali katta ilmiy maktab yaratmoqda. Ilmiy maktab faoliyati quyidagi muhim ilmiy yo‘nalishlarni qamrab olgan: Orol dengizi havzasida vujudga kelgan ekologik muammolar sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanishning ilmiy asoslarini yaratish. Amudaryo daryosida suv taqchilligi sharoitida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot tarmoqlarini turg‘un suv ta’minotini shakllantirishning ilmiy-uslubiy asoslarini yaratish. Suv omborlari va undagi gidrotexnika inshootlaridan xavfsiz va ishonchli foydalanishning ilmiy-uslubiy asoslarini yaratish. Yirik to‘g‘onsiz suv olish inshootlaridan foydalanish texnologiyalarining ilmiy asoslarini yaratish. Chirchiq-Bozsuv derivatsiya kanali suvini Mirzacho‘l hududiga tashlash bo‘yicha ilmiy-uslubiy asoslarini ishlab chiqish. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini egatlab sug‘orishda tuproq-grunt namlanish jarayonlarining gidrodinamik qonuniyatlarini yaratish. Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Polsha, Gruziya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa chet el universitetlari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. I.E.Maxmudovning ilmiy maktabida yaratilgan ishlanmalar O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari: Chirchiq-Oxangoron, Sirdaryo-So‘h, Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, Farg‘ona viloyati Suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi, Zarafshon magistral tizimlaridan foydalanish boshqarmasi, Qarshi magistral kanali irrigatsiya tizim boshqarmasi, Janubiy Mirzacho‘l magistral kanali boshqarmasi faoliyatida joriy etilgan I.E.Maxmudov 2012-yildan shu paytgacha muntazam ravishda Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot loyihalar bo‘yicha 30 dan ortiq davlat va 20 dan ortiq xalqaro grantlarda loyiha rahbari, bosh ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim sifatida faol ishtirok etgan, xususan: 2012-2016 yillarga mo‘ljallangan fundamental tadqiqotlar Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida FA-F5-T125 “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishdagi subirrigatsiya jarayonlarining gidrodinamik qonuniyatlarini yaratish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasida rahbar; 2014-2017 yillarda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoy Fanlar Akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Исследования агромелиоративных параметров орошаемых территорий в условиях изменения климата в централной Азии” loyihasida mas’ul ijrochi; 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan amaliy tadqiqotlar Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida QXA-7-020-2015+QXA-7-019-2015+QXA-7-021-2015 “Sirdaryo daryosi havzasining o‘rta oqimi hududida suv resurslaridan foydalanish va boshqarish samaradorligini oshirish (Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya havzasi)” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasida rahbar; 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan fundamental tadqiqotlar Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida VA-QXF-5-003 “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini egatlab sug‘orishda tuproq-grunt namlanishi jarayonlari dinamikasi qonuniyatlari” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasida .rahbar. 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan amaliy tadqiqotlar Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida QX-A-QX-2018-276 “Chirchiq-Bo‘zsuv derivatsiya kanali suvini Mirzacho‘l hududiga tashlash hamda katta Namangan kanalidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy asoslarni yaratish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasida rahbar. Birlashgan Millatlar tashkilotining taraqqiyot dasturi doirasida 2019 yilda amalga oshirilgan PO/0487/19 “Development of normative documents for the introduction of drip irrigation systems of agricultural crops in the Republic of Uzbekistan according” loyihasida rahbar; Xitoy Fanlar Akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya instituti hamkorligida 2019-2021 yillarda amalga oshirilgan “Демонстрационная испитания систем капилного орошения хлопчатника под плёнкой в Узбекистане” loyihasida rahbar; 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan innovatsion tadqiqotlar Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida IZ-2020052525 “Sirdaryo viloyatining tabiiy ofat yuz bergan sug‘oriladigan maydonlarida avtomatlashtirilgan-raqamli texnologiyalarga asoslangan “dala-sug‘orish texnologiyasi-sug‘orish tizimi” Smart texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasida rahbar. 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Jahon banki ishtirokidagi ECS1273258 7200369 “Promoting efficient transboundry water resource allocation at facility level in Central Asia” loyihada loyiha rahbari; 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan amaliy tadqiqotlar Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida PZ-2020112930 “Yirik daryolardan to‘g‘onsiz suv olish gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda gidravlik moslash texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasida rahbar. 2024 -2025-yillarga mo‘ljallangan Jahon bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi “Ilmiy tashkilotlarni modernizatsiya qilish” (PRIM) grant sub-loyihasi doirasida amalga oshirilgan “Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutini modernizatsiya qilish” mavzusidagi loyihada loyiha rahbari. Loyiha doirasida Institutning ilmiy tadqiqot infratuzilmasi takomillashtirilib, institut laboratoriyalari zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining 2026-2030-yillarha mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini rivojlantirish kontsepsiyasini ishlab chiqildi. Institut qoshida tadqiqot, biznes hamkorlik va tijoratlashtirishni ta’minlash uchun suv sohasida raqamli texnologiyalarni yig‘ish va ishlab chiqarish bo‘yicha konstruktorlik byurosi tashkil etildi. - Jahon bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi Ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalariga biznes-investitsiya (BIRD) grant sub-loyihasi doirasida amalga oshirilgan “Kompozit materialli LK-60, LK-80 va LK-100 sug‘orish lotoklarni tayyorlashning avtomatlashtirilgan texnologiyasini ishlab chiqish hamda sanoat miqyosida joriy etish” mavzusidagi loyihada loyiha rahbari. Loyiha doirasida LK-60, LK-80 va LK-100 turdagi innovatsion kompozit sug‘orish lotoklarining sanoat prototiplari ishlab chiqilib, ularning yuqori mustahkamlikka, gidravlik samaradorlikka va mavjud irrigatsiya tizimlariga mosligi ta’minlandi. Turli hududlarda o‘tkazilgan dala sinovlari natijasida suv yo‘qotishlarining kamayishi, ekspluatatsiya xarajatlarining pasayishi va ishonchlilikning oshishi tasdiqlandi. Loyiha doirasida mamlakatimizning 10 ta hududida ishlab chiqarilgan mahsulot joriy etildi Shu bilan bir qatorda I.E.Maxmudov rahbarligidagi ilmiy jamoa tomonidan: Transchegaraviy Amudaryo daryosida suv taqchilligi sharoitida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot tarmoqlarini turg‘un suv ta’minotini shakllantirishning ilmiy-uslubiy asoslari yaratildi; Suv omborlaridagi gidrotexnika inshootlaridan xavfsiz va ishonchli foydalanishning ilmiy-uslubiy asoslari yaratildi; Yirik to‘g‘onsiz suv olish inshootlaridan foydalanish tartiblariga gidravlik moslashtirish texnologiyalarini ilmiy asoslari yaratildi; Chirchiq-Bozsuv derivatsiya kanali suvini Mirzacho‘l hududiga tashlash bo‘yicha ilmiy-uslubiy asoslari ishlab chiqildi; Qishloq xo‘jaligi ekinlarini egatlab sug‘orishda tuproq-grunt namlanish jarayonlarining gidrodinamik qonuniyatlari yaratildi; Irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan samarali va ishonchli foydalanishni boshqarish bo‘yicha ilmiy-uslublar ishlab chiqildi. I.E.Maxmudovning bevosita rahbarligida ishlab chiqilgan suv xo‘jaligini ilmiy asosda rivojlantirish, strategik boshqarish, suv xo‘jaligi ob’ektlari holatini istiqbolini belgilash va modellashtirish kabi muammolarni qamrab olgan kompleks ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalari O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi sohasidagi mavjud ilmiy va amaliy masalalarni yechishda keng qo‘llanilmoqda. Ulardan asosiylari: • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 18 aprelda “Suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar” muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bayonida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika bo‘yicha kichik suv zaxiralarini barpo qilish imkoniyati mavjud hududlarni aniqlash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiya va xulosalar tayyorlanib hukumatga taqdim etildi. Ilmiy asoslangan xulosa doirasida 60 ta kichik daryo va soylarning tegishli qismlarida 239,3 mln.m3 hajmdagi kichik suv zaxiralarini shakllantirish imkoniyati mavjudligi asoslandi. Ushbu tadbirlar amalga oshirilsa, 103 ming gektardan oshiq sug‘oriladigan maydonlarda suv ta’minoti yaxshilanadi, jumladan 88,1 ming gektar maydonlar o‘zlashtirilib, qishloq xo‘jaligi oborotiga kiritiladi. • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2020 yil 19 noyabrdagi 144-son bayoni 6-bandi “...Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida ma’lum bir hududni tanlagan holda zamonaviy kompozit lotoklar orqali sug‘orish tizimini tajriba tariqasida joriy etish...” topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida institut bazasida sug‘orish lotoklarini ishlab chiqish uchun talab etiladigan kompozit materiallar tarkiblari va lotoklar konstruksiyalari takomillashtirilib, material komponentlari O‘zbekiston respublikasi sharoitida tuliq mahalliylashtirildi. Tadqiqot natijalari asosida kompozit lotoklarni materiallariga, konstruksiyasi elementlariga, tayyorlash texnologiyasi, transportirovkasi, montaji va ekspluatatsiyasiga talablar bo‘yicha me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Kompozit materiallardan LK-100, LK-80 va LK-60 turidagi sug‘orish lotoklarini ishlab chiqishning innovatsion texnologiyasi yaratildi. Hozirgi kunda ushbu lotok tarmoqlari respublikaning bir qancha hududlarida joriy qilinmoqda. • Sug‘orish tarmoqlari hamda gidrotexnika inshootlarini ta’mirlash va tiklash ishlari uchun innovatsion materiallar negizida arzon va resurs tejamkor sovuq kompozit materiallari ishlab chiqildi. Germetizatsiya qiluvchi sovuq polimer kompozitsiyalar, bitum-polimerlangan materiallar va gidromatlar, beton materiallariga sarflanadigan mablag‘larni 25-30 foizga kamaytirish imkoniyatini yaratadi. Ishlanmani korroziyaga qarshi ekran sifatida qo‘llanilganda agressiv muhit ta’siridagi gidrotexnika inshootlari elementlarining avariyasiz ishlash muddatlarini 20-25 yilga uzaytirish imkoniyatini yaratadi. • Irrigatsiya kanallarini tomchilatib sug‘orish tizimiga moslashtirish bo‘yicha texnologik usullar hamda me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Irrigatsiya kanallarini tomchilatib sug‘orish tizimiga moslashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan mezonlar va me’yorlar hamda tuproq namligi sensori, tomchilatib sug‘orish tizimini avtomat ishga tushirish qurilmasi va sug‘orish tarmog‘idagi zatvor holatini boshqarishning kompyuter dasturi irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tasarrufidagi sug‘orish kanallari xizmat ko‘rsatuvchi 175000 ga sug‘oriladigan maydonga joriy etildi. Natijada sug‘orish tarmoqlarida 10-12 foiz suv resurslarini iqtisod qilinishiga erishildi. • Yirik daryolardan to‘g‘onsiz suv olish gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda gidravlik moslash texnologiyasini yaratish orqali zemsnaryadlar sonini maqbullashtirilib, Qarshi mashina kanalidan foydalanish boshqarmasi tomonidan elektr energiyasi va yoqilg‘i moylash materiallari uchun xarajat qilinadigan yillik 8,0 mlrd. so‘m mablag‘larni iqtisod qilinishiga erishildi. • Past naporli gidrotexnika inshootlari zaminlarida oquvchanlik xususiyatiga ega gruntlar mavjudligida zaminning barqarorligini ta’minlash texnologiyasini amaliyotga tatbiq etilishi natijasida suv omborlarida suv resurslarini 5-8 foizga iqtisod qilish imkoniyati yaratildi. Ilxomjon Maxmudovning takliflari va tashabbuslari bilan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini takomillashtirish, institutining mintaqaviy markazlarini tashkil etish va institutda yangi laboratoriyalarni faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator hukumat qarorlari qabul qilindi. I. Maxmudov 2025-yil 20-iyun kuni Toshkent shahrida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilganiga 100 yil to‘lishiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda bevosita rahbarlik qildi hamda ushbu tarixiy sananing munosib nishonlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning tashabbusi va ilmiy rahbarligida 2025-yilda “Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy-tashkiliy faoliyatining qisqacha tarixi va kelajakdagi ustuvor vazifalari” nomli ilmiy-ommabop monografiya nashr etildi. Mazkur monografiyada institutning qariyb bir asrlik ilmiy va tashkiliy faoliyati retrospektiv tahlil qilinib, uning shakllanish va rivojlanish bosqichlari, ilmiy maktablari, asosiy ilmiy yo‘nalishlari hamda jamoa tomonidan ishlab chiqilgan dolzarb ilmiy-texnik muammolar yechimiga qaratilgan ilg‘or g‘oyalar, innovatsion texnologiyalar va amaliy ishlanmalar keng yoritilgan. Shuningdek, asarda institutga turli yillarda rahbarlik qilgan direktorlar, suv xo‘jaligi va irrigatsiya sohasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yetuk olimlar hamda mutaxassislarning ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Monografiyada institutning bugungi kundagi ilmiy-innovatsion salohiyati, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, mintaqaviy markazlari, ilmiy-tadqiqot va muhandislik-konstruktorlik markazlari faoliyati tahlil qilinib, istiqboldagi ustuvor ilmiy yo‘nalishlar va rivojlanish vazifalari belgilab berilgan. I. Maxmudov rahbarligida institutning uzoq muddatli strategik rivojlanishini ta’minlash maqsadida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiyada ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy laboratoriya bazasini rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Professor Maxmudov Ilxomjon Ernazarovich xushmuomala, kamtar va fidoiy inson. U ish faoliyati davomida o‘ziga yuklatilgan vazifalarini zamon talablari darajasida sidqidildan bajarib kelishi, yetuk olim, o‘ziga nisbatan talabchanligi bilan olimlar, soha xodimlari va mutaxassislari orasida alohida obro‘-e’tiborga ega.