Olim

MAKSUDOVA ZULFIYA RUZIMATOVNA

Tibbiyot fanlari doktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi

Zulfiya Ruzimatovna Oʻzbekistonning Fargʻona viloyatida tugʻilgan. 1970-yilda maktabni oltin medal bilan tamomlab, Oʻrta Osiyo tibbiyot pediatriya institutiga (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot universiteti) oʻqishga kirgan. Institutni tamomlagach, yoʻllanma asosida Toshkent shahar «Tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida oftalmolog shifokor sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Zulfiya Ruzimatovna ordinator sifatida faoliyat olib borish bilan bir vaqtda, oftalmologiyada diagnostika va shoshilinch koʻz mikrojarrohligi sohasidagi zamonaviy yechimlar hamda yangi usullarni oʻrganishga intildi. U sobiq Sovet ittifoqining Kiyev, Leningrad, Odessa, Moskva shaharlaridagi, shuningdek Avstriya, Fransiya va Yaponiyaning yetakchi oftalmologik klinikalarida oʻz malakasini oshirdi. Z.R. Maksudovaning oftalmoxirurg sifatida shakllanishida mashhur akademik Svyatoslav Nikolayevich Fyodorov rahbarligidagi “Koʻz mikroxirurgiyasi” TITK oftalmologiya markazida tahsil olishi alohida ahamiyat kasb etgan. Bilimi, matonati va fidokorona mehnati tufayli doktor Zulfiya Maksudova qisqa vaqt ichida koʻz jarohatlari kabi murakkab yoʻnalishda koʻzga koʻringan yetakchi mutaxassisga aylandi. 1985-yilda Z.R. Maksudova Oʻzbekiston Respublikasi Shahar shoshilinch tibbiy yordam klinik shifoxonasining shoshilinch koʻz mikrojarrohligi va koʻz jarohatlari boʻlimi mudiri etib tayinlandi. Ushbu lavozimda faoliyat yuritar ekan, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasida katta klinik tajriba toʻpladi va bu tajribasini hamkasblari va sohaning yosh mutaxassislari bilan boʻlishib keldi. Doktor Zulfiya Maksudova rahbarligida boʻlim nafaqat Toshkent shahri va butun Respublika aholisi, shuningdek qoʻshni Respublikalar uchun ham oftalmologik jarohatlar boʻyicha yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatuvchi markazga aylandi. Toʻplangan nazariy bilim va amaliy tajriba unga 2009-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish imkonini berdi. Shoshilinch tibbiy yordam klinik shifoxonasidagi faoliyati bilan bir qatorda, Z.R. Maksudova Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻz kasalliklari kafedrasida oʻrindosh assistent sifatida ham ish olib bordi va magistrlar, klinik ordinatorlar tayyorlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. Tibbiyotda amaliyot va taʼlimni uygʻunlashtirgan holda u oʻziga xos tarzda “oftalmotravmatologlar maktabi”ni yaratib, 100 dan ortiq mutaxassisni tayyorlashga muvaffaq boʻldi. Keyinchalik Z.R. Maksudova ning shogirdlari ogʻir koʻz jarohatlari bilan murojaat qilgan qariyb 15 ming bemorning koʻrish qobiliyatini saqlab qolishga erishishgan. Doktor Zulfiya Maksudova xususiy tibbiyot sohasiga ham doimo katta qiziqish bildirib kelgan. Chunki ushbu yoʻnalish zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish va bemorlarga yanada sifatli hamda individual yondashuvni tashkil qilish uchun keng imkoniyatlarga ega edi. U 1999-yilda oʻzining birinchi xususiy oftalmologik klinikasini ochdi. Ushbu klinika negizida toʻr parda kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar uchun magnitoterapiya, koʻruv nervi kasalliklarida dori vositalarini retrobulbar maqsadli yetkazib berish, hamda koʻrishning refraksion buzilishlarini davolashda dasturiy-kompyuter texnologiyalari kabi oʻsha payt uchun zamonaviy hisoblangan davolash usullari joriy etildi. 2005-yilda Z.R. Maksudova rahbarligida Toshkent shahrida kineziterapiya markazi tashkil etildi. Bu markaz Oʻzbekistonda birinchi bor bemorlarda umurtqa pogʻonasi kasalliklarini jarrohlik aralashuvisiz va dori vositalarisiz davolashning noyob usulini amaliyotga tatbiq etish imkonini berdi. 2008-yilda doktor Zulfiya Maksudova dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan zamonaviy yuqori texnologik oftalmologik uskunalar bilan jihozlangan “BL LAZEROPTIKA” QK MCHJ klinikasini tashkil qildi. Klinika mutaxassislari Avstriya, Germaniya, Hindiston, Koreya, Rossiya, AQSH va Yaponiyaning yetakchi klinikalarida malaka oshirdilar. 2018-yilga kelib klinikada 11 mingdan ortiq refraksion operatsiya va 7 mingdan ziyod boshqa mikrojarrohlik operatsiyalari amalga oshirildi. 2018-yilda “BL LAZEROPTIKA” QK MCHJ negizida Z.R. Maksudova tomonidan koʻp tarmoqli “DMC Innovatsion klinikasi” (Doctor Maksudovaʻs Clinic) tashkil etildi. Unda oftalmologiya, kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya, neyroxirurgiya, kompleks reabilitatsiya va fizioterapiya kabi anʼanaviy tibbiyot sohalari bilan birga somnologiya, kompyuter bioboshqaruvi, kineziterapiya va “ogʻriqni davolash” kabi tibbiyotning yangi innovatsion yoʻnalishlari ham yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan davr mobaynida klinika tomonidan 95 mingdan ortiq tibbiy xizmat koʻrsatilgan boʻlib ularning orasida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻoniston fuqarolariga ham borligi diqqatga sazovordir. Doktor Zulfiya Maksudova malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash masalasiga ham katta eʼtibor qaratadi. 2019-yilda klinika negizida koʻz mikrojarrohligi boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi va yagona oʻquv-simulyatsion markaz tashkil etildi. Markazda ta’lim Germaniyaning “EyeSi VRMagic” simulyatsion dasturiy-texnologik majmuasi asosida amalga oshirilib, u oftalmoxirurglarni kataraktani fakoemulsifikatsiyasi va vitreoretinal jarrohlik yoʻnalishlari boʻyicha Yevropa standartlari asosida tayyorlash imkonini beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga muvofiq, 2019–2020-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanida “DMC Innovatsion klinikasi” filiali qurilib, foydalanishga topshirildi. Filial barcha zarur zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Filial uchun oftalmolog-jarroh shifokorlar DMC oʻquv-simulyatsion markazi negizida tayyorlanishdi, malaka oshirishdi. Hozirgi kunda filial Qoraqalpogʻistonning Beruniy, Amudaryo, Toʻrtkoʻl va Ellikqalʼa tumanlari aholisiga oftalmologik xizmatlarni toʻliq hajmda koʻrsatib kelmoqda. 2020-yilda “COVID–19” pandemiyasi davrida Z.R. Maksudova oʻz tashabbusi bilan DMC klinikasi negizida kovid-markaz tashkil qildi. Qisqa muddat ichida markaz zarur jihozlar bilan taʼminlandi, yuqori malakali infeksionist mutaxassis shifokorlar jamoasi shakllantirildi va bemorlarni Yevropa standartlari asosidagi eng ilgʻor qoʻllanmalar boʻyicha davolash yoʻlga qoʻyildi. Natijada 2020–2021-yillar davomida DMC klinikasida 400 dan ortiq bemor sogʻligʻini tikladi va birorta ham oʻlim holati qayd etilmadi. 2020-yilda “Oʻzbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi” nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) tashkil etildi va uning raisi etib Z.R. Maksudova saylandi. Assotsiatsiya tomonidan Yevropa glaukoma hamjamiyati, Eron oftalmologlar uyushmasi, Rossiya Milliy optometristlar assotsiatsiyasi, Rossiya Milliy miopiya instituti, Oʻzbekiston Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi hamda Tibbiy turizm assotsiatsiyasi kabi yetakchi xorijiy va mahalliy tashkilotlar hamda klinikalar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. 2022-yil noyabr oyida Oʻzbekiston oftalmologlari assotsiatsiyasi, DMC Innovatsion klinikasi va AQSHning “Lions World Vision Institute” transplantologiya markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum doirasida Optometriya va innovatsion taʼlim akademiyasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun shox parda transplantatsiyasi boʻyicha yagona oʻquv markazi sifatida tan olindi. Oʻzbekiston oftalmologlari assotsiatsiyasi rahbarligida 2021–2025-yillar davomida 6 ta xalqaro va 2 ta Respublika konferensiyasi oʻtkazildi. Shundan ketma-ket 2025 va 2026-yillar davomida Toshkent shahridagi Xilton mehmonxonasida oʻtkazilgan “Oftalmologiyada innovatsion texnologiyalar” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani xorijiy va mahalliy soha vakillarida juda katta taassurot qoldirdi, unda 30 dan ortiq chet mamlakatlardan 100 ga yaqin oftalmolog olimlar, shuningdek 1000 nafarga yaqin mahalliy mutaxassislar ishtirok etishdi. 2026-yilda esa bunaqa tadbirlarni Respublikamizning barcha hududlari boʻylab aniq reja asosida Zamonaviy oftalmologiyada innovatsion yondashuvlar» xalqaro ishtirok bilan konferensiya shaklida oʻtkazish rejalashtirilgan va amalga oshirilmoqda. Ushbu tadbirlar hududlardagi oftalmologlarga zamonaviy oftalmologiya yangiliklari bilan tanishish, shuningdek aholimizga ham sifatli zamonaviy tibbiy xizmatdan oʻz hududida foydalanish imkonini yaratib bermoqda. Mazkur konferensiyalarda yoshlar oʻrtasida miopiya (yaqindan koʻrish) kasalligining ortib borayotgani muammosiga ham katta eʼtibor qaratildi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi bolalarning 20 foizdan ortigʻi miopiyadan aziyat chekmoqda va kelajakda ularning 40 foizi koʻrish boʻyicha nogironga aylanishi mumkin. Bolalar oʻrtasida miopiyaning keng tarqalishiga raqamli yuklamalarning ortishi, turmush tarzining oʻzgarishi va ekologik omillar asosiy sabab boʻlmoqda. Bunday sharoitda bolalarda miopiyaning kuchayib borishi va asoratlar rivojlanishining oldini olishda erta tashxislash, hamda oʻz vaqtida davolash hal qiluvchi omil hisoblanadi. Ushbu muammoni hal etish maqsadida “Bolalarda miopiyani erta aniqlash va nazorat qilish dasturi” loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy tarkibiy qismlari: - taʼlim muassasalarida koʻrish skriningini oʻtkazish; - bemorlarni yoʻnaltirish tizimini tashkil etish; - miopiya rivojlanishini nazorat qilish usullarini joriy etish; - oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash; - portativ diagnostik uskunalardan foydalanish. Taklif etilgan tizim samaradorligini sinovdan oʻtkazish maqsadida 2023-yildan boshlab OʻOA hamda DMC Miopiyani nazorat qilish markazi bilan hamkorlikda 2 ta xil hudud sharoitida pilot loyihani amalga oshirdi: - Qoraqalpogʻiston Respublikasi (ekologik xavf hududi); - Toshkent shahri (shahar muhiti). Jami 49 000 nafar bola tekshiruvdan oʻtkazildi, jumladan: - Qoraqalpogʻiston Respublikasida 46 000 nafardan ortiq bola; - Toshkent shahrida 3 000 nafardan ziyod bola. Asosiy natijalar: - tekshirilgan bolalarning 40,2 foizida koʻrish buzilishlari aniqlandi; - refraksion buzilishlar qariyb 33,4 foizni tashkil etdi; - Qoraqalpogʻiston Respublikasida bu koʻrsatkich 40 foizga yetdi; - Toshkent shahrida esa 29–30 foizni tashkil qildi; - holatlarning katta qismi birinchi marta aniqlandi; - maktab skriningi yuqori samaradorlikka ega ekani tasdiqlandi. Pilot loyiha yakunlariga koʻra quyidagi xulosalarga kelindi: - miopiyani erta aniqlash va nazorat qilishning samarali modeli ishlab chiqildi va sinovdan oʻtkazildi; - model turli sharoitlarda (shahar va hududiy muhitda) samarali qoʻllanishi isbotlandi; - dastur keng miqyosda joriy etish uchun yuqori salohiyatga ega.

2025-yilda Z.R. Maksudova “Sunʼiy intellektdan foydalangan holda harbiy xizmatchilarda ayrim somatik kasalliklarni koʻz tubi holati orqali erta diagnostika qilish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Maksudova Zulfiya Ruzimatovna 50 dan ortiq ilmiy maqola, 10 dan ziyod oʻquv-metodik nashr va oʻquv qoʻllanmalari, ikkita ratsionalizatorlik taklifi hamda uchta ixtiro muallifi hisoblanadi. Uning rahbarligida 3 ta nomzodlik va 5 tadan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Doktor Maksudova tajribali klinitsist va mohir rahbar hisoblanadi. Uning mamlakat oftalmologiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Koronavirusga qarshi kurashda fidokorona xizmati uchun” medali bilan taqdirlangan.