Olim

MAVLYANOV ISKANDAR RAXIMOVICH

Tibbiyot fanlari doktori, professor, Yevropa Tabiiy fanlar akademiyasining akademigi

Tibbiyot fanlari doktori, professor, Yevropa Tabiiy fanlar akademiyasining akademigi, Rossiya Federatsiyasi Tibbiy-texnika akademiyasining muxbir aʼzosi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktorining maslahatchisi, Toshkent ilgʻor tibbiyot tadqiqotlari institutining Klinik farmakologiya kafedrasi mudiri, yuqori toifali shifokor. MDH, Boltiqboʻyi davlatlari va Gruziya sport shifokorlari va tibbiy reabilitatsiya mutaxassislari assotsiatsiyasi bosh kotibi, Markaziy Osiyo mamlakatlari klinik farmakologlari va farmakologlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti. U 920 dan ortiq ilmiy nashrlar, 20 dan ortiq ixtiro va elektron dasturlar, 20 ta monografiya, 10 dan ortiq darslik va qoʻllanmalar muallifi boʻlib, 30 nafar tibbiyot fanlari nomzodi va 20 nafar tibbiyot fanlari doktoriga rahbarlik qilgan. U “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi”, “Birinchi darajali Mehnat faxriysi” va “Sport faxriysi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan. Uning ilmiy va amaliy qiziqishlari qatoriga ratsional, xavfsiz farmakoterapiya, farmakoepidemiologiya va farmakoiqtisodiyot, farmakogenomika va shaxsiylashtirilgan tibbiyot, genomika, epigenomika, transkriptomika, proteomika va metabolomika va boshqalar kiradi. O‘quvchi va talabalik davri. I.R. Mavlyanov 1958-yilning yoz oyida Toshkent shahrida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi agronom mutaxassis boʻlganliklari tufayli qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat olib borar va asosan Toshkent viloyati tumanlarida poliz va bogʻdorchilik mahsulotlarini qishloq xoʻjaligi zararkunandalari va Hasharotlaridan himoya qilish masalasi boʻyicha ishlagan. 1960-yilda I.R. Mavlyanovning oilasi Toshkent shahrining “Chaqar” dahasidan shahar yaqinida joylashgan “Choʻlponota” deb nomlangan dahaga koʻchib oʻtadi. “Choʻlponota” dahasi juda chiroyli, manzarali, bogʻ-rogʻli daha ekanligi tufayli u yerda oʻnlab pioner oromgohlari boʻlgan. I.R. Mavlyanovning dastlabki maktab davri aynan shu daha bilan bogʻliqdir. 1965-yil sentyabrida u shu dahadagi 62-oʻrta maktabning birinchi sinfida oʻqishni boshlagan. Uning birinchi ustozi, oʻsha davrda eng kuchli va yuqori malakali boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Ilhom aka boʻlganlar. Ular bolalarga nafaqat harf tanish, oʻqishni oʻrgatar, shu bilan birga inson odobi, axloqi va mehnatga boʻlgan muhabbat boʻyicha ilk bilimlarni singdirganlar. (1-rasm)



1966-yildagi “Toshkent zilzilasi”dan soʻng I.R. Mavlyanovlar oilasiga Toshkent shahri Oktyabr tumani “Birlik” dahasidan uy qurish uchun yer maydoni ajratiladi va u oʻqishni shu tumandagi 197-oʻrta maktabda davom ettiradi. I.R. Mavlyanovda maktab davrida adabiyot, fizika, matematika va geometriya fanlariga qiziqish yuqori boʻlgan. Adabiyot fani boʻyicha maktab olimpiadalarida doimiy qatnashib kelgan. Tuman va shahar tanlovlarida ushbu fanlar boʻyicha sovrinli oʻrinlarni egallagan. Shuningdek, fizika, matematika yoʻnalishlarida bir necha bor KVNlar tashkil etib, yuqori natijalarni namoyon etgan. Hattoki “Boy ila xizmatchi” hamda “Xamsa”/“Xamsa” asarlari asosida tayyorlangan sahna koʻrinishlarida Gʻofir va Navoiy rollarini ijro etishga muyassar boʻlgan. (2-rasm)



Yuqori sinflarda sinf rahbari Oʻtkir aka Oliy matematika fani boʻyicha Milliy universitetda ham dars berganliklari tufayli yosh Iskandarda oliy matematika faniga katta qiziqish uygʻotgan. Tasavvur qiling, shar va uning radiusi berilgan, uning ichiga piramida yoki prizma chizilgan. Ushbu piramida yoki prizmaning hajmini topish vazifasi qoʻyilgan. Koʻz oldingizga keltiring: faqat sharning radiusi maʼlum, u orqali shar ichidagi shaklning hajmini topish kerak. Juda qiyin va qiziqarli. Balki juda qiziq va qiyin masala boʻlganligi uchun ham sinfdoshlar oʻrtasida juda koʻp munozara va muhokamalarga sabab boʻlar edi. Iskandarning qiziqishlari doirasi keng boʻlishiga qaramasdan, uni koʻproq biologiya va tibbiyot sohasi rom etgan edi. Ayniqsa, “Oʻsma kasalligining davosi nima uchun hozirga qadar topilmagan? Ushbu xastalik qanday kelib chiqadi?” degan savollar uni oʻylantirardi. Uning bolalik tasavvurida ushbu kasallik uchun davo topgandek hissiyotlar jurʻat etardi. Tabiiyki, u davrda Iskandarda hali tibbiyot sohasi boʻyicha etarli bilim va koʻnikmalar yoʻq edi. Shuning uchun unda tibbiyot toʻgʻrisida dastlabki qiziqishlargina mavjud edi. I.R. Mavlyanov 1975-yili Toshkent shahri Oktyabr tumanidagi 197-oʻrta maktabni “oltin medal” bilan tugatib, boshqa qiziqqan sohalarini ortda qoldirgan holda, tibbiyotga boʻlgan havas va intilishi ustun kelib, uni Toshkent davlat tibbiyot institutiga yetakladi. (3-rasm) Oʻsha davrlarda Toshkent davlat tibbiyot instituti oʻlkadagi eng nufuzli oliygohlar qatoriga kirib, undagi talabalar soni 10 mingdan ortardi. Faqatgina Davolash fakultetining 1-kursiga yiliga qariyb 800 nafar talaba qabul qilinar edi. Imtihonlar yozma va ogʻzaki tarzda oʻtkazilib, bir oʻringa 10 ga yaqin talabgor toʻgʻri kelardi. Ana shunday murakkab vaziyatda u tavakkal qilib, ushbu oliygohga hujjat topshiradi. Buni qarangki, oʻsha yili I.R. Mavlyanov institutga yuqori ballar toʻplab, talabalar safiga kirish sharafiga muyassar boʻladi. Endi uning oldida shunday nufuzli oliygohning talabasi ekanligini amalda isbotlash vazifasi turardi. Institutga qabul qilingach, uning zimmasiga talabalik masʼuliyatini sidqidildan bajarish, matonat bilan oʻqish va zarur koʻnikmalarni egallash masʼuliyati tushdi. Talaba sifatida qaraydigan boʻlsak, oliygohga kirish unda tahsil olishga qaraganda unchalik qiyin emasdek tuyuladi, ammo oliygohda — ayniqsa, ToshMIdek nufuzli maskanda oʻqish ancha murakkab ekanligi ayon boʻladi. Chunki shifokor boʻlish, oʻzgalar dardiga malham boʻlish chuqur bilimlarni egallashni, insan organizmini va unda kechayotgan jarayonlarni Anglashni hamda kasallik mohiyatini tushunish kabi yuksak koʻnikmalarni talab qilardi. Bu esa aslo osongina bajariladigan vazifa emas edi. (4-rasm)



Talabalik davrida I. Mavlyanov darslarni oʻzlashtirish bilan birga, kasalliklar mexanizmi, tashxisi va davolash yutuqlariga oid ilmiy adabiyotlarni chuqur oʻrganib bordi. Bu intilish uni farmakologiya hamda patologik fiziologiya boʻyicha talabalar ilmiy jamiyatiga yetakladi. Uning ilk tadqiqotlari tajriba sharoitidagi “Alloksonli diabet” modeli va ushbu xastalik rivojlanish mexanizmlarini oʻrganishga bagʻishlandi. Yosh olimlar anjumanlaridagi faol maʼruzalari unga fanlarni chuqur anglash va imtihonlarni aʼlo topshirish imkonini berdi.

Xususan, 3-kurs yakunida tibbiyotning fundamental asoslari hisoblangan farmakologiya, patologik fiziologiya va patologik anatomiya fanlaridan imtihonsiz, yaʼni “avtomat” baho olishi uning puxta bilimidan dalolat berardi. Dastlabki yillarda yaratilgan bu mustahkam poydevor unga keyingi bosqichlarda klinik fanlarni yengil oʻzlashtirish imkonini yaratdi. Natijada, u 1981-yili institutni yakunlovchi Davlat imtihonlarini “eng aʼlo” baholarga topshirgan bitiruvchi sifatida eʼtirof etildi. (5-rasm)



I. Mavlyanov talabalik yillarida nafaqat shaxsiy tadqiqotlar bilan cheklandi, balki tengdoshlarini kafedralardagi toʻgaraklarga jalb etishda ham faollik koʻrsatdi. U 1979–1980-yillarda institut Talabalar ilmiy jamiyati raisi oʻrinbosari sifatida har yilgi anjumanlarni tashkil etish hamda sobiq ittifoq tibbiyot institutlari vakillari oʻrtasida tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishda alohida tashabbus koʻrsatdi. 1981-yili I.R. Mavlyanov Toshkent davlat tibbiyot institutini “Davolash ishi” yoʻnalishi boʻyicha imtiyozli diplom bilan tamomladi. Aʼlo oʻqishi va samarali ilmiy faoliyati uchun u imtiyozli diplom bilan birga “Hurmat diplomi” (Pochetniy diplom) bilan ham taqdirlandi. Oʻsha davrda bu diplom institut Ilmiy kengashining tavsiyanomasi hisoblanib, iqtidorli bitiruvchilarni ilmiy-pedagogik faoliyat uchun institutda olib qolish hamda kadrlar zaxirasini shakllantirishga asos boʻlardi. Shu tariqa, 1981-yili ToshMI rektori, akademik U.A. Oripovning buyrugʻi bilan I.R. Mavlyanov Farmakologiya kafedrasiga 2 yillik stajyor-tadqiqotchi sifatida ishga olindi. Oʻsha kezlarda professor K.N. Nadjimutdinov rahbarligida yangi dori vositalarini yaratish va ularning organizmga taʼsirini baholash boʻyicha izlanishlar olib borilayotgan edi. Professor Nadjimutdinov iqtidorli yosh olim I.R. Mavlyanovni ham ushbu ilmiy guruh tarkibiga qabul qildi. Ilmiy-tadqiqot faoliyati. I. Mavlyanov katta ilmga qoʻygan dastlabki qadamlarini shunday xotirlaydi: “Ilm bilan shugʻullanish istagini bildirganimda, ustozim K.N. Nadjimutdinov dori vositalari metabolizmi yoʻnalishini taklif etdilar. Dastlab bu sohani yuzaki bilsam-da, adabiyotlarni oʻrganish va ustozim bilan muloqotlar natijasida uning naqadar murakkab va dolzarb ekanini angladim. Yangi dori vositalarining amaliyotga kirib kelishi bilan ushbu yoʻnalish muhim amaliy ahamiyat kasb etishiga ishonchim komil boʻldi.” 1983-yilda I.R. Mavlyanov “Kuyish jarohatlarida jigar monooksigenaza tizimi fermentlari taʼsirida parchalanuvchi dori vositalari farmakodinamikasi va farmakokinetikasi xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi ustida tadqiqotlarni boshladi. U paytlarda dori vositalarining metabolizmi va bunda jigar monooksigenazalarining oʻrni endigina oʻrganilayotgan boʻlib, uslubiy jihatdan murakkab hamda maxsus uskunallarni talab qilardi. Xususan, jigar hujayralari endoplazmatik toʻridan mikrosomalarni ajratib olish va sitoxrom P-450 gemoproteid miqdorini aniqlash uchun ultratsentrifuga hamda ikki nurli spektrofotometr bilan ishlash koʻnikmasi zarur edi. Shuningdek, dori vositalari farmakodinamikasini in vivo sharoitida baholash usullarini egallash talab etilardi. Bu vazifalarni tez hal etishda I.R. Mavlyanovga talabalikda orttirgan tajribasi asqotdi. U qisqa fursatda geksenalning uyqu chaqirish, amidopirinning harorat tushirish va etilmorfinning ogʻriq qoldirish samaradorligini baholash usullarini oʻzlashtirib, tadqiqotlariga tatbiq etdi. Keyinchalik ushbu uslubiyotlar boshqa dissertatsiya ishlarida ham keng qoʻullanildi. (6-rasm)



Ushbu usullar tajriba hayvonlariga moʻljallangan boʻlib, klinik sharoitda bemorlarda dori metabolizmini baholash imkoniyatlari deyarli yoʻq edi. Shu bois I.R. Mavlyanov dissertatsiyasida kuyish kasalligiga uchragan bemorlarda jigarning dori parchalash funksiyasini aniqlash uchun antipirinli sinamani qoʻlladi. Keyinchalik kamroq invaziv sanalgan amidopirin va etazol kabi sinamalarni amaliyotga kiritdi. Bemorlarda dori metabolizmini baholash va farmakoterapiya xavfsizligini nazorat qilish imkonini bergan ushbu usullar koʻplab klinikalar amaliyotiga tatbiq etildi. 1987-yilda I.R. Mavlyanov “Kuyish shikastlanishlarida jigarda metabolizmga uchraydigan dori vositalari farmakodinamika va farmakokinetika xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 90-yillar boshida ToshMI 1-Klinik farmakologiya kafedrasi va prof. K.N. Nadjimutdinov tashabbusi bilan “Monooksigenaza tizimi: nazariy va amaliy jihatlari” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi. ToshMI Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi rahbari sifatida I.R. Mavlyanov ushbu anjumanning asosiy tashkilotchisi boʻldi. Unda sobik ittifoqdan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etishdi. Anjumanda Oʻzbekiston olimlari monooksigenaza tizimi buzilishlarining kasallik kechishiga taʼsiri, uni aniqlash hamda induktorlar yordamida korreksiya qilish masalalarini ilmiy muammo sifatida ilgari surishdi. Masalaga bunday yondashuv muammoni amaliyot bosqichiga olib chiqdi va Oʻzbekiston olimlari ushbu sohada monooksigenaza tizimining amaliy ahamiyatini oʻrgangan kashshof (pioner) olimlar sifatida eʼtirof etildi. 1990-yilda ToshDavTI negizida 1- va 2-ToshMI tashkil etilishi munosabati bilan I.R. Mavlyanov 1-ToshMI ixtiyoriga oʻtkazildi. U dastlab institut Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasida (MITL) “Klinik-farmakologik tadqiqotlar” boʻlimini tashkil etib, unga rahbarlik qildi. Keyinchalik MITL hamda klinikaning markaziy laboratoriya-diagnostika boʻlimlarini biriktirish hisobiga institutning “Ilmiy-diagnostika markazi”ni tashkil etdi va uni boshqardi. Bu bosqich I.R. Mavlyanov ilmiy faoliyatining chinakam sermahsul davri boʻldi. Markaz hamda laboratoriyaning asosiy vazifasi institut kafedralari va ilmiy xodimlariga tadqiqotlarni rejalashtirish hamda oʻtkazishda uslubiy yordam koʻrsatishdan iborat edi. 90-yillarda ushbu maskanda 10 ga yaqin ilmiy boʻlimlar faoliyat yuritib, ularga akademik N.M. Majidov, professorlar E.M. Baybekova, K.G. Urazmetov, Krakovskiy hamda t.f.d. A.X. Ashirmetov kabi yetuk olimlar rahbarlik qilishgan. Bu yerda nafaqat 1-ToshMI, balki boshqa muassasalar tadqiqotchilari ham izlanishlar olib borib, oʻnlab dissertatsiyalar uchun materiallar toʻplashgan. Bunday ilmiy muhit MITLning yosh rahbari I.R. Mavlyanov uchun ulkan tajriba maktabiga aylandi. (7-rasm)



Ushbu usullar tajriba hayvonlariga moʻljallangan boʻlib, klinik sharoitda bemorlarda dori metabolizmini baholash imkoniyatlari deyarli yoʻq edi. Shu bois I.R. Mavlyanov dissertatsiyasida kuyish kasalligiga uchragan bemorlarda jigarning dori parchalash xususiyatini baholash uchun antipirinli sinamani oʻzlashtirdi va qoʻlladi. Keyinchalik esa ushbu sinamaga nisbatan kamroq invaziv boʻlgan usullarni, yaʼni amidopirinli, etazolli va boshqa bir necha sinamalarni ham amaliyotga kiritdi. Bu usullar bemorlarda jigarning dori parchalash xususiyatini baholash imkonini berganligi tufayli kasalliklar farmakoterapiyasi samaradorligi va xavfsizligini nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etib, koʻpgina klinikalar kundalik amaliyotiga tatbiq etildi.

1987-yilda I.R. Mavlyanov “Kuyish shikastlanishlarida jigarda metabolizmga uchraydigan dori vositalari farmakodinamikasi va farmakokinetikasi xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Oʻtgan asrning 90-yillari boshida Respublikamizda 1-ToshMI Klinik farmakologiya kafedrasi va uning mudiri professor K.N. Nadjimutdinov tashabbusi bilan “Monooksigenaza tizimi: nazariy va amaliy jihatlari” deb nomlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. I.R. Mavlyanov oʻsha davrda 1-ToshMI Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi rahbari sifatida ushbu anjumanni tashkil qilish va oʻtkazishning asosiy tashkilotchisi boʻldi. Anjumanda Sobiq Ittifoqdan kelgan ushbu sohaning oʻnlab yetakchi olimlari ishtirok etdi. Unda Oʻzbekiston olimlari, jumladan K.N. Nadjimutdinov shogirdlari turli kasalliklarda monooksigenaza tizimi buzilishlarining kasallik kechishiga salbiy taʼsiri, uni aniqlash usullari, kasallikni davolashda qoʻllaniladigan dori vositalarining asoratlanishidagi ahamiyati, shuningdek, ushbu tizim buzilishlarini monooksigenaza tizimi induktorlari yordamida korreksiya qilish masalalarini ham ilmiy muammo sifatida ilgari surdilar. Tabiiyki, masalaga bunday yondashuv muammoning amaliy tomonlarini ochishga va klinik amaliyot masalalariga yaqinlashishga olib keldi. Shu tufayli yuqorida keltirilgan ilmiy muammo K.N. Nadjimutdinov va uning shogirdlari tomonidan yangi bosqichga, yaʼni amaliyot bosqichiga olib chiqilganligining isboti sifatida qabul qilindi. Oʻzbekiston olimlari esa monooksigenaza tizimining amaliy ahamiyatini oʻrgangan “birinchi (pioner) olimlar” deb eʼtirof etildi. O‘sha davr uchun bu ilmiy gipoteza yangi va munozarali edi. Chunki chaqaloqlar oʻlimida nafas yetishmovchiligi sindromi eng asosiy sabablardan biri boʻlib, uning negizida sirt tarangligi xususiyatini taʼminlab beruvchi modda — oʻpka surfaktanti hosil boʻlishining buzilishi yotardi. Ammo ushbu sindromni davolash usullari hali yetarli samaradorlikka ega emasdi. I.R. Mavlyanov esa oʻz ilmiy tadqiqotlari orqali oʻpka surfaktanti sintezini oshirishning oʻziga xos va original usulini, yaʼni monooksigenaza tizimi fermentlari induktorlarini qoʻllash orqali ushbu modda komponentlari hosil boʻlishini koʻpaytirishni isbotlashi kerak edi. Ushbu yondashuv negizida monooksigenaza fermentlari, jumladan, sitoxrom P-450 fermenti miqdorini oshirish orqali 2-tipdagi oʻpka hujayralarida surfaktantning asosiy komponenti boʻlgan fosfolipidlar sintezini kuchaytirish yotar edi. Haqiqatan ham, ushbu fikr nazariy jihatdan koʻp funksiyali monooksigenaza fermentlarining hujayrada turli vazifalarni amalga oshirishda ishtirok etishini hamda bu vazifa ushbu hujayra asosini tashkil etuvchi organ yoki toʻqimaning organizmdagi umumiy rolidan kelib chiqishini yana bir bor isbotlardi. Shuningdek, ushbu fermentlar faolligiga taʼsir koʻrsatish, jumladan, induktorlarni qoʻllash orqali yakuniy natijani oʻzgartirish va modifikatsiya qilish imkoniyati ochilardi. Bu esa oʻsha davr uchun chinakam yangilik edi. Ushbu eʼtirofning amaliy tasdigʻi sifatida 1993-yilda Oʻpka surfaktanti tizimining dolzarb muammolariga bagʻishlanib, Yalta tibbiy tiklanish ilmiy-tadqiqot institutida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ushbu tadqiqot natijalari taqdim etilishini keltirish mumkin. Anjumanda sobiq Ittifoq respublikalarining ushbu soha boʻyicha yetuk olimlari ishtirok etgan edi. Ularning monografiya va ilmiy maqolalari kundalik ilmiy faoliyatimizda qoʻllanib kelayotgan nufuzli, dunyo tan olgan mutaxassislar boʻlib, ularning maʼruzalari bilan I.R. Mavlyanovning tadqiqot natijalari taqdimotini qiyoslash imkoniyati yaratildi. Anjumanda akademik Ye. Nesterov (oʻpka surfaktantini oʻrganish asoschilaridan biri) I.R. Mavlyanovni mazmunli maʼruzasi bilan tabriklab, olib borilgan tadqiqot va uning natijalari katta taassurot qoldirganini taʼkidladi hamda oʻz institutida kelgusi yili oʻpka surfaktantini oʻrganishning amaliy tomonlari boʻyicha maʼruza qilishga taklif etdi. Bu I.R. Mavlyanovning oʻpka surfaktanti boʻyicha olib borgan tadqiqotlari, darhaqiqat, yangi va amaliy surfaktologiya uchun muhim ilmiy yangilik ekanligining eʼtirofi edi. 1994-yilda I.R. Mavlyanov “Chaqaloqlarda nafas buzilishlari sindromining monooksigenaza tizimi induktorlari orqali antenatal profilaktikasini klinik-eksperimental asoslash” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Keyinchalik I.R. Mavlyanov rahbarligida oʻpka surfaktanti buzilishlari hamda uning korreksiyasiga bagʻishlangan bir qator ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilib, dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi. Bu izlanishlar tibbiyot amaliyotiga qator usul va tavsiyalarni tatbiq etish hamda bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish imkonini berdi. 2015–2017-yillarda I.R. Mavlyanov chorak asrdan ortiq vaqt davomida jigar monooksigenaza fermentlari faoliyati boʻyicha olib borgan tadqiqotlarini umumlashtirib, “Персонализированная фармакотерапия: цитохром Р-450 и его изоформы” nomli monografiyasini chop etdi. Keyinchalik ushbu monografiya Yevropada ingliz tilida “Cytochrome P-450: genetic and population aspects” nomi bilan nashr qilindi. I.R. Mavlyanov va uning shogirdlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarning asosiy nazariy natijalari oʻrganilgan kasalliklar rivojlanish mexanizmlarining yangi boʻgʻinlarini ochish va ularni korreksiya qilish prinsiplarini yaratishda oʻz aksini topgan. Pedagogik faoliyat. 1980-yillar boshida (aniqrogʻi 1982-yilda) oliy tibbiy taʼlim tizimiga mutlaqo yangi yoʻnalish — klinik farmakologiya fani kirib keldi. Ilgari tibbiyot institutlarida bu fan oʻqitilmas, tabiiyki, soha boʻyicha mutaxassislar ham yoʻq edi. Ana shunday sharoitda Moskva, Kiyev, Leningrad, Ternopol qatorida ilk bor Toshkent davlat tibbiyot instituti qoshida ham Klinik farmakologiya kafedrasi tashkil etilib, unga professor Q.N. Nadjimutdinov mudir etib tayinlandi. Oʻsha yillari I.R. Mavlyanov klinik farmakologiya yoʻnalishi boʻyicha stajyor-tadqiqotchi sifatida tahsil olayotgan edi va u ham tez orada ushbu kafedra jamoasiga qoʻshildi. Kafedra tashkil etilgan dastlabki kunlardanoq farmakologiya va terapiya kafedralari oʻqituvchilari taklif etilib, predmet boʻyicha oʻquv dasturi hamda metodik materiallar tayyorlashga kirishildi. Yangi fanni klassik farmakologiya va ichki kasalliklar (terapiya) asoslari negizida oʻqitish eng maqbul yoʻl boʻlib chiqdi. Dori vositalari haqidagi nazariy bilimlarni kasalliklar kesimida talqin etish bemorlarda samarali hamda xavfsiz farmakoterapiyani oʻtkazishga zamin yaratdi. Qisqa fursatda oʻquv dasturi va qator qoʻllanmalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Oʻsha davrda kafedrada oʻquv jarayoni oʻziga xos tarzda yoʻlga qoʻyilgandi: Yangi maʼlumotlar muhokamasi:Har yangi oʻquv yili avvalida kafedra yigʻilishida fanga kiritiladigan yangiliklar va ularni talabalarga yetkazish shakllari atroflicha muhokama qilinardi. Namonaviy mashgʻulotlar: Oʻquv yilining dastlabki sikl darslarini tajribali professor va dotsentlar oʻtib berishar, unda barcha yosh oʻqituvchilar ishtirok etishi shart edi. Ushbu oʻziga xos “Mahorat maktabi” yosh pedagoglarga katta amaliy koʻmak berardi. I.R. Mavlyanov Oʻzbekistonda eng birinchi klinik farmakolog mutaxassisligini olgan boʻlishiga qaramay, u ham pedagog sifatidagi dastlabki mahoratini ana shunday hayotiy maktabda tobirlagan edi. (8-rasm)

Klinik farmakologiya predmetining oliy tibbiy taʼlim tizimida oʻqitilishiga nisbatan qoʻllanilgan ushbu yondashuv hamda 1982-yilda ToshDavTI qoshida tashkil etilgan kafedra tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv dasturi, uslubiy materiallar va qoʻllanmalar keyinchalik respublikamizdagi barcha tibbiyot institutlarida yangidan ochilgan klinik farmakologiya kafedralari uchun asosiy manba va tayanch boʻlib xizmat qildi. (9-rasm)

I.R. Mavlyanov nafaqat oʻsha davr uchun mutlaqo yangi boʻlgan “Klinik farmakologiya” fanini talabalar qulay oʻzlashtirishi uchun oʻquv-uslubiy, koʻrgazmali hamda tarqatma materiallar tayyorlash bilan shugʻullandi, balki ushbu bilimlarni talabalarga yetkazish hamda ularni baholash texnologiyalarini ham chuqur oʻrgandi. U pedagogik mahoratini oshirish maqsadida quyidagi maxsus oʻquv kurslarini tamomladi: 1993–1994-yillarda: Tibbiyot oliygohlari professor-oʻqituvchilari uchun tashkil etilgan bir yillik “Test nazariyasi” kursini bitirdi. 1998-yilda: AQSH Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Trener”, “Oʻquv dasturlarini tuzish”, “Oʻquv dasturlarini amalga oshirish monitoringi va nazorati” hamda “Menejer” yoʻnalishlaridagi treninglarda qatnashib, tegishli sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. (10-rasm)

Oʻtgan asrning 90-yillarida dori vositalari xavfsizligini taʼminlash amaliy tibbiyotning dolzarb vazifasiga aylandi. Shu munosabat bilan, Sogʻliqni saqlash vazirligi buyrugʻiga asosan prof. K.N. Nadjimutdinov tashabbusi bilan “Respublika farmakologik axborot-tahlil markazi” tashkil etildi. Markaz profilaktika muassasalariga davolash jarayonini klinik-farmakologik nuqtayi nazardan tahlil qilish, dori vositalarining samaradorligi va xavfsizligini taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatishi lozim edi. 1990-yilda I.R. Mavlyanov ushbu markazning Farmakokinetika laboratoriyasi mudiri etib tayinlanib, respublikamiz viloyatlarida dori vositalarini ratsional qoʻllashni tashkil etishda faol qatnashdi. 2000-yilda I.R. Mavlyanov tanlov asosida 1-ToshMI Klinik farmakologiya kafedrasi mudiri lavozimiga tayinlandi. Oʻsha davrda fan turli fakultetlarda turlicha kurslarda oʻqitilar va har bir yoʻnalish uchun alohida kvalifikatsiya talablarini taqzo etardi. I.R. Mavlyanov rahbarligida kafedra jamoasi oʻquv dasturlarini davr talabiga moslab qayta ishlab chiqdi; maʼruzalar, taqdimotlar, nazorat savollari, vaziyatli masalalar hamda oʻquv kasallik tarixlari bazasini shakllantirdi. Davolash fakultetida dars berish tizimi mantiqiy ikkita bosqichga ajratildi: 5-kursda: Bazis klinik farmakologiya asoslari; 6-kursda: Ratsional farmakoterapiya (keng tarqalgan kasalliklarda dori vositalarini tanlashga klinik-farmakologik yondashuv). Talabalarning amaliy koʻnikmalarini baholash uchun 5-kursda “Dori bilan davolash tahlili” (Анализ лекарственной терапии), 6-kursda esa “Davolash varaqasini ekspert baholash” (Экспертная оценка листа назначения) usullari ishlab chiqilib, oʻquv jarayoniga tatbiq etildi. 2005-yilda I.R. Mavlyanov tomonidan “Dori vositalari personal tanlovining bosqichma-bosqich va qadamma-qadam tizimi” ishlab chiqildi va u “Intellektual mulk egalari gildiyasi” tomonidan ilmiy yangilik sifatida roʻyxatga olindi. 2002-yilda u Respublika tibbiyot oliy taʼlim muassasalari rektorlari prezidiumi huzuridagi ishchi guruhda “Davolash ishi” yoʻnalishi boʻyicha dastur direktori etib tayinlandi. Oʻsha kezlarda birlamchi boʻgʻin uchun Umumiy amaliyot shifokorlarini tayyorlash ustuvor vazifaga aylangani sababli, taʼlim standartlari, namunaviy dasturlar va kasbiy tavsifnomalar majmuasi yaratildi. Ushbu islohotlar doirasida I.R. Mavlyanov hammuallifligida bir qator fundamental darsliklar nashr etildi: 2004-yilda: 6-kurs talabalari uchun “Рациональная фармакотерапия” (oʻzbek va rus tillarida); 2006-yilda: 5-kurs talabalari uchun “Клиническая фармакология” (oʻzbek va rus tillarida); Shifokorlar malakasini oshirish kurslari uchun: “Рациональная фармакотерапия: от стандартной до персональной терапии” darsligi. 2005–2006-yillarda Dori vositalarining nojoʻya taʼsirini oʻrganish boʻyicha JSST huzuridagi xalqaro tashkilot bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston 2005-yilda ushbu tashkilotga kuzatuvchi, 2006-yilda esa haqiqiy aʼzo boʻlib kirdi. I.R. Mavlyanov SSV Farmakologiya qoʻmitasi bilan birgalikda respublikada Farmakonazorat tizimi va uning maʼlumotlar bazasini shakllantirishda bevosita bosh-qosh boʻldi. 2005-yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil topgach, birlashgan kafedraning 1-ToshMI hududidagi bazasiga I.R. Mavlyanov rahbar etib belgilandi. U Tibbiy-pedagogika va Stomatologiya fakultetlari xususiyatidan kelib chiqib, fanni oʻqitish texnologiyalari hamda yangicha pedagogik yondashuvlarni ishlab chiqdi. Bunda unga 90-yillarda oʻtagan pedagogika va menejment boʻyicha xalqaro trening tajribalari asqotdi. Sog‘liqni saqlash tizimida ilmiy faoliyatni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq faoliyat. 2012-yilda I.R. Mavlyanov Sogʻliqni saqlash vazirligiga ishga oʻtkazilib, Ilmiy-tadqiqot jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻlimi rahbari (sobiq Tibbiyot olimlari kengashi raisi) etib tayinlandi. Bu lavozimda u kafedra yoki institut miqyosidan chiqib, mamlakat miqyosidagi tibbiyot ilmini muvofiqlashtirish masalalari bilan shugʻullana boshladi. Oʻsha davrda vazirlik tizimidagi 40 ga yaqin OOTM hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ilmiy izlanishlar Davlat fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi (GKNT) grantlari hisobidan moliyalashtirilardi. 2012–2018-yillarda Ushbu kengash aʼzosi boʻlgan I.R. Mavlyanov tibbiyot loyihalarini baholashda soha xususiyatlaridan kelib chiqadigan alohida mezonlarni joriy etishni qatʼiy talab qildi va barchasini amaliyotga kiritishga erishdi: Soha xususiyatini eʼtiborga olish: Texnikada natija prinsipial yangi uskuna yoki buyum shaklida namoyon boʻlsa, tibbiyotda bu — yangi diagnostika va davolash usullari, dori vositalari hamda inson salomatligiga qaratilgan ijtimoiy yangiliklardir. Baholash mezonlari: Ijtimoiy soha loyihalarining natijadorligini aniqlash uchun soha ehtiyojlariga mos keluvchi alohida mezonlar ishlab chiqildi. Vazirlikdagi faoliyati davomida u ilmiy faoliyatni tartibga soluvchi qator normativ-meʼyoriy hujjatlarni ham yaratdi: 1. SSVning 48-sonli buyrugʻi hamda nizomi: Uslubiy tavsiyalar, ilmiy qoʻllanma va monografiyalar mazmuniga qoʻyiladigan talablar hamda rasmiylashtirish tartibi belgilandi. 2. SSVning 24-sonli buyrugʻi: Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari natijalarini amaliyotga tatbiq etish va rasmiylashtirishdagi xilma-xillikni bartaraf etib, yagona tartib oʻrnatildi. 2014–2015-yillarda I.R. Mavlyanov tashabbusi bilan OOTM, ITI va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyati tahlili asosida 7 ta ustuvor ilmiy platforma ishlab chiqildi. SSV kengaytirilgan kollegiya majlisida tasdiqlangan ushbu platformalar kelgusida ilmiy grant loyihalari mavzularini shakllantirishda asosiy yoʻnaltiruvchi manba boʻlib xizmat qildi. Respublikamizda har yili oʻtkaziladigan Ilmiy va innovatsion ishlanmalar yarmarkasida vazirliklar kesimida texnologiyalar transferi hamda ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish amalga oshirilardi. 2012–2016-yillarda I.R. Mavlyanov ushbu yarmarkalarni tashkil etishda faol qatnashdi. Shu yillari Sogʻliqni saqlash vazirligi bir qator faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. U sohaga oid innovatsion faoliyat mexanizmlarini tahlil qilib, “Sogʻliqni saqlash tizimida innovatsion faoliyat konsepsiyasi”ni ishlab chiqdi. Shuningdek, I.R. Mavlyanov ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi: SSV topshirigʻiga koʻra respublika oliy taʼlim tizimidagi magistrlar faoliyatini oʻrganib, ularni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish mexanizmlarini ishlab chiqdi. Tibbiyot sohasi boʻyicha ilmiy salohiyatni tahlil qilib, kadrlar ulushi kamayib borayotgan ixtisosliklarni aniqladi. Magistratura hamda doktorantura kvotalariga nisbatan maqsadli va tabaqalashtirilgan yondashuv rejalarini shakllantirdi. Vazirlikdagi faoliyati davomida u davlat miqyosidagi muhim hujjatlarni tayyorlashga jalb etildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent davlat stomatologiya institutini hamda Respublika ilmiy-amaliy sport tibbiyoti markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi Prezident qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etdi. 2015-yilda amaliy tibbiyotda dori vositalarini xavfsiz qoʻllash hamda polipragmaziyaning oldini olish chora-tadbirlariga eʼtibor yanada kuchaytirildi. SSVning 2015-yil 30-iyuldagi 306-sonli buyrugʻi bilan Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutiga (ToshVMOI) yangi yoʻnalish sifatida Klinik farmakologiya fani kiritildi va kafedra mudiri etib I.R. Mavlyanov tasdiqlandi. Shu tariqa, I.R. Mavlyanov va u boshqargan jamoa oldida diplomdan keyingi taʼlim tizimida amaliyotchi shifokorlarga klinik farmakologiya bilim va koʻnikmalarini oʻrgatishdek muhim vazifa paysalga solinmay yoʻlga qoʻyildi. (11-rasm)

Shuningdek, tor mutaxassisliklar yoʻnalishi boʻyicha ushbu institutda, shuningdek, respublika ilmiy-amaliy markazlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tahsil olayotgan klinik ordinatorlar uchun ham klinik farmakologiya kurslarini oʻqitish vazifasi yuklatildi. I.R. Mavlyanov va uning kafedrasi jamoasi ushbu masʼuliyatli vazifani hozirgi kunga qadar muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda. Sport tibbiyoti bilan bog‘liq faoliyat. 2013-yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi huzurida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-1994-sonli qarori qabul qilinishi munosabati bilan majmuani barpo etish va jihozlash boʻyicha jadal ishlar boshlandi hamda markaz 2015-yil may oyida tantanali ravishda ochildi. Biroq oʻsha davrda respublikada sport tibbiyoti yoʻnalishida milliy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar taqchilligi oʻta dolzarb muammo edi. Mutaxassislar nafaqat ilmiy-tadqiqot muassasalarida, balki oliy tibbiy taʼlim muassasalari kafedralarida ham yetishmas edi. Shu sababli qisqa fursatda sport tibbiyoti ixtisosligi boʻyicha yuqori malakali ilmiy va pedagog kadrlar poydevorini yaratish markaz oldidagi ustuvor vazifa qilib belgilandi. Ushbu muhim vazifani tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida 2016-yilda I.R. Mavlyanov Sogʻliqni saqlash vazirligidan Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazildi. (12-rasm)

Endi I.R. Mavlyanov sport tibbiyoti sohasida ilmiy izlanishlarni rivojlantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashdek masʼuliyatli vazifalarni amalga oshirishi zarur edi. Dastlab u yangi tashkil etilgan markazning ilmiy yoʻnalishini belgilab, ustuvor ilmiy muammo sifatida tasdiqlanishiga erishdi. Bunda unga Sogʻliqni saqlash vazirligidagi boy tajribasi qoʻl keldi. Natijada “Milliy va dunyo darajasida yuqori natijalarga erishish uchun sportchilarni tanlash va tayyorlashning tibbiy-biologik va tibbiy-psixologik ilmiy asoslarini yaratish” mavzusi markazning ilmiy platformasi etib belgilandi. Shundan soʻng, xodimlarning ilmiy tadqiqot natijalarini muntazam eʼlon qilib borishlari uchun davriy nashr tashkil etish hamda uni OAK roʻyxatiga kiritish vazifasi koʻndalang boʻldi: 2017-yilda: I.R. Mavlyanovning saʼyi-harakatlari bilan markazda “Sport va tibbiyot” ilmiy-amaliy jurnali taʼsis etildi hamda u jurnal bosh muharriri oʻrinbosari etib tayinlandi. OAK eʼtirofi: Keyinchalik ushbu jurnal Oliy attestatsiya komissiyasining dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan nashrlar roʻyxatiga kiritildi. Va nihoyat, eng muhim va zarur masalalardan biri — markazda diplomdan keyingi taʼlim institutini (doktorantura) yoʻlga qoʻyish edi. Oʻsha davrda Milliy olimpiya qoʻmitasi tizimida bu kabi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydigan boshqa muassasa mavjud emasdi. I.R. Mavlyanovning bevosita xizmatlari evaziga 2017-yildan eʼtiboran markazda bosqichma-bosqich quyidagi ixtisosliklar boʻyicha tayanch doktorantura va mustaqil izlanuvchilik yoʻnalishlari ochildi: 1. `14.00.38` — Sport tibbiyoti 2. `19.00.04` — Maxsus va tibbiy psixologiya 3. `14.00.12` — Tibbiy reabilitologiya 4. `03.00.17` — Sport fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi Shu tariqa, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi orqali soha amaliyotini yuqori malakali milliy kadrlar bilan taʼminlash tizimiga mustahkam poydevor qoʻyildi. Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi ilmiy faoliyatining muhim koʻrsatkichlaridan biri amaliy grant loyihalari bilan bogʻliqdir. 2017–2018-yillarda yosh va istiqbolli sportchilarni tanlash hamda genetik va fenotipik xususiyatlarni oʻrganish vazifasidan kelib chiqib, I.R. Mavlyanov tashabbusi bilan 2018–2020-yillarga moʻljallangan ikkita amaliy grant loyihasi shakllantirildi va yutib olindi: “Dermatoglifikaga asoslangan genetik xususiyatlar boʻyicha istiqbolli sportchilarni tanlash usullarini takomillashtirish” “Sport natijalarini bashorat qilish va mashq dasturlarini muqobillashtirish uchun sportchilar fiziologik holatining matematik modelini yaratish” Ushbu loyihalar doirasida dissertatsiyalar himoya qilindi, koʻplab ilmiy maqolalar chop etilib, amaliyotga qimmatli tavsiyalar kiritildi. Ushbu fidoyilarcha mehnat oʻzining amaliy samarasini berdi. 2016-yilda Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtgan XXXI yozgi Olimpiya hamda XV yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi erishgan olamshumul zafarlarda markaz jamoasi va I.R. Mavlyanovning munosib hissasi bor edi. Markaz sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tibbiy, tibbiy-biologik hamda psixologik tayyorgarligiga bevosita masʼul edi. Oʻzbekiston terma jamoasi: Olimpiya oʻyinlarida: 13 ta medal (4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza) bilan 207 mamlakat orasida 21-oʻrinni; Paralimpiya oʻyinlarida: 31 ta medal (8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 ta bronza) bilan 176 mamlakat ichida 16-oʻrinni egalladi. Oʻzbekistonning jahonda “sport mamlakati” sifatida eʼtirof etilishi markaz jamoasiga yangi kuch va ilhom bagʻishladi. Prezidentning 2023-yil 28-iyuldagi PQ-244-sonli “Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sport tibbiyotini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Natijada I.R. Mavlyanov va markaz xodimlari tomonidan shifokorlar malakasini oshirishga qaratilgan bir qator oʻquv dasturlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi: 1. “Sport farmakologiyasi” 2. “Sport tibbiyotida farmakologiya asoslarining qoʻllanishi” 3. “Sportda ratsional farmakologik korreksiya asoslari” Shuningdek, soha mutaxassislari va shifokorlar uchun moʻljallangan 2 jildlik “Спортивная фармакология” nomli milliy qoʻllanma yaratildi. (13-rasm)

Sport farmakologiyasi sohasida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida `03.00.17` — “Sport fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi” nomli yangi ixtisoslik shifri ochildi hamda doktorantura orqali ilmiy kadrlar yetishtirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. I.R. Mavlyanov bir qator nufuzli xalqaro anjumanlarda “Sport farmakologiyasi va uni personallashtirish” mavzusida maʼruzalar qildi. Uning tashabbusi bilan Sport tibbiyoti vrachlari va tibbiy reabilitologlarning MDH, Boltiqboʻyi davlatlari va Gruziya xalqaro assotsiatsiyasi Rayosat Kengashi kun tartibiga sport tibbiyoti shifokorlarining sport farmakologiyasi boʻyicha malakasini oshirish masalasi ham kiritildi (I.R. Mavlyanov, Minsk, 2024). (14-rasm)

2024-yilda Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya hamda XVII Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasining dunyoning eng kuchli 20 ta mamlakati qatoridan joy olgani yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va amaliy islohotlarning yaqqol samarasidir. Ushbu tarixiy gʻalabalarda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, shuningdek, I.R. Mavlyanov va u kishining shogirdlari olib borgan ilmiy izlanishlar natijalarining hissasi behisobdir. Markaz va I.R. Mavlyanov faoliyatidagi yana bir ulkan yutuq — 2018-yilda ushbu dargohda `14.00.38` — Sport tibbiyoti hamda `19.00.04` — Maxsus va tibbiy psixologiya ixtisosliklari boʻyicha dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha Ilmiy kengashning tashkil etilishi boʻldi. Keyinchalik ushbu kengash vakolati doirasiga `14.00.12` — Tibbiy reabilitologiya hamda `03.00.17` — Sport fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi ixtisosliklari ham biriktirildi. Shubhasiz, mazkur Ilmiy kengashni tashkil etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyishda I.R. Mavlyanovning jonbozligi hamda tashkilotchilik mehnati alohida eʼtirofga loyiqdir. Shuningdek, 2017–2018-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Sport tibbiyoti shifokorlari milliy assotsiatsiyasi tashkil etilib, I.R. Mavlyanov ushbu assotsiatsiyaning vitse-prezidenti etib tasdiqlandi. (15-rasm)

Keyinchalik ushbu assotsiatsiya MDH, Boltiqboʻyi davlatlari va Gruziya sport tibbiyoti shifokorlari hamda tibbiy reabilitologlari xalqaro assotsiatsiyasiga aʼzo boʻlib kirdi. I.R. Mavlyanov ushbu xalqaro tuzilmaning Boshqaruv Kengashi aʼzosi, 2024-yilda esa Assotsiatsiyaning bosh kotibi etib tasdiqlandi.Shubhasiz, bunday nufuzli xalqaro tashkilotlardagi faoliyat mamlakatimizda sport tibbiyoti shifokorlarini tayyorlash, ularning kasbiy malakasini oshirish va sohaga ilgʻor xalqaro tajribalarni tatbiq etish jarayonlariga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. (16-rasm)

Demak, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyat boshlaganiga 2-3 yil o‘tmasdan xodimlarni ilmiy tadqiqot jarayoniga jalb qilish va ilmiy faoliyatni jadallik bilan olib borish uchun barcha sharoitlar yaratiladi, jumladan ustuvor ilmiy yo‘nalish, diplomdan keyingi ta’lim instituti, soha yo‘nalishidagi jurnal va dissertatsiyalar himoya uchun ilmiy kengash. Bunday sharoitni yaratilishi o‘z natijasini beradi. Hozirgi kungacha ushbu markazda sport tibbiyoti sohasi bo‘yicha 40 ortiq dissertatsiya himoyalari o‘tkaziladi, 30 dan ortiq monografiya va qo‘llanma va risolalar yoziladi, 40 dan ortiq amaliyot uchun tavsiyalar va ixtiro va elektron dasturlar ishlab chiqilib amaliyotga tadbiq etiladi.