Olim

MURATOV G‘AYRAT AZATOVICH

Biologiya fanlari doktori, professor

Muratov G‘ayrat Azatovich – zamonaviy biotexnologiya sohasidagi fundamental izlanishlari, respublika ilm-fanini boshqarish tizimidagi ko‘p yillik faoliyati hamda mamlakatimizda xalqaro andozalarga javob beradigan oliy ta’lim muassasasini shakllantirish borasidagi xizmatlari bilan tanilgan olim. U Toshkent shahridagi Adju Universitetining birinchi rektori bo‘lib, ushbu oliy o‘quv yurtiga tashkil etilgan kunidan buyon rahbarlik qilib kelmoqda: universitet aynan uning rahbarligida bunyod etildi va bugungi salohiyat darajasiga yetib keldi. G‘ayrat Azatovich 1973-yil 14-yanvarda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Ilm-fan bu xonadonda kasb-korgina emas, balki turmush tarzi edi. Otasi Muratov Ozodxo‘ja Muratovich kimyogar olim bo‘lib, ko‘plab ilmiy ishlar muallifi, umrining katta qismini O‘zbekiston Milliy universitetida katta ilmiy xodim sifatida ilmiy izlanishlarga bag‘ishlagan. Onasi Muratova Mavludaxon Abdulhamidovna filolog bo‘lib, “O‘qituvchi” nashriyotining kadrlar bo‘limiga boshchilik qilgan. Kitob, ilmiy bahs va bilimga hurmat muhitida ulg‘aygan bo‘lajak olim tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishini bolalikdanoq shakllantirgan. Dastlabki ta’limni 1980–1983-yillarda Toshkent shahrining Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumanidagi 233-maktabda olgan, 1983–1990-yillarda esa Toshkent viloyati Kibray tumanidagi 5-maktabda o‘qishni davom ettirib, o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagan. 1990–1995-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning biologiya-tuproqshunoslik fakultetida tahsil olib, universitetni imtiyozli diplom bilan bitirgan hamda “biolog, biologiya va kimyo o‘qituvchisi” mutaxassisligiga ega bo‘lgan. Talabalik yillaridayoq uning ilmiy salohiyati e’tirof etilib, 1993-yilda Alisher Navoiy nomidagi talabalar mukofoti bilan taqdirlangan. Mehnat faoliyatini 1995-yilda Toshkent davlat universitetining “Biotexnologiya” laboratoriyasida katta laborant sifatida boshlagan. O‘sha yiliyoq universitet aspiranturasiga qabul qilinib, sellulaza fermentlari ta’sirida paxta tolasining parchalanishi masalasini o‘rgana boshladi. Bu yo‘nalishdagi izlanishlari samarasi o‘laroq 1998-yil 29-oktabrda, aspirantura muddati tugashidan avval, O‘zR Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti huzuridagi D.015.02.01 raqamli Ixtisoslashgan ilmiy kengashda “G. hirsutum L. va G. barbadense L. turlariga mansub nav va duragay paxta tolalarini fermentlar yordamida parchalash” mavzusida 03.00.23 – biotexnologiya ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Yosh tadqiqotchining bu davrdagi mehnati davlat miqyosida tan olindi: O‘zR Fan va texnika davlat qo‘mitasining 1997-yil 23-dekabrdagi 28-son qaroriga binoan u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aspirantlar uchun ta’sis etilgan Davlat stipendiyasi tanlovida “Agrosanoat majmuasi” yo‘nalishi bo‘yicha 1998-yilgi g‘olib deb topildi. Tanlovda respublikaning turli ilmiy muassasalari tavsiya etgan 67 nafar aspirant ishtirok etgan, yakuniy bosqichga chiqqan 22 nomzod orasidan beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha bittadan g‘olib aniqlangan edi. 1999-yilda G‘.A.Muratov Koreya Respublikasi Hukumati stipendiyasi (Korean Government Scholarship Program) sovrindori bo‘lib, Seul shahridagi Kyung Hee universitetida malaka oshirdi. 2000–2005-yillarda esa Suvon shahridagi Adju universitetining Biokimyoviy muhandislik va biotexnologiya kafedrasi doktoranti sifatida ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. Bu yerda u o‘sha davr uchun mutlaqo yangi bo‘lgan superkritik flyuidlar usulini paxta sellulozasini biokonversiyalash jarayoniga tatbiq etdi. Tadqiqotlar davomida Trichoderma viride, Trichoderma reesei va Aspergillus niger zamburug‘laridan olingan sellulaza ferment preparatlari yordamida G. hirsutum, G. barbadense, G. arboreum va G. herbaceum turlariga mansub paxta navlari tolalarini fermentativ gidrolizlash sharoitlari optimallashtirildi. Superkritik holatdagi CO₂ muhitida ferment preparatlari 160 atmosferagacha bo‘lgan bosimda, 50 °C haroratda 48 soat davomida o‘z barqarorligini saqlashi aniqlandi; glyukoza chiqishi atmosfera bosimidagi jarayonga nisbatan 1,2 barobar oshdi. Shu tariqa superkritik CO₂ usuli paxtachilik chiqindilarini biokonversiyalashning muqobil yo‘li sifatida asoslab berildi. Olingan natijalar Biotechnology and Bioprocess Engineering (Seul), Journal of Industrial and Engineering Chemistry va Chemistry of Natural Compounds kabi xalqaro nashrlarda e’lon qilindi. Bu izlanishlarning amaliy ahamiyati katta edi. O‘zbekiston Paxta selektsiyasi va urug‘chiligi ilmiy-tadqiqot institutining ma’lumotlariga ko‘ra, respublika dalalarida har yili kamida 200–250 ming tonna ochilmagan ko‘saklar chiqindi holida qolib ketardi. Ana shu sellulozaga boy xomashyodan glyukoza, qand moddalari va bioetanol olish imkoniyati olimning tadqiqotlari orqali ilmiy asoslab berildi. 2005–2006 va 2008–2009-yillarda G‘.A.Muratov Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetida, Qirolicha Yelizaveta II gospitali qoshidagi Cancer Research UK (CRUK) ilmiy-tadqiqot institutining “Ko‘krak bezi saratoni” laboratoriyasida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritdi. Bu yerdagi tadqiqotlari ayollarda o‘smaning rivojlanish mexanizmlarini va bu jarayonda kam o‘rganilgan transmembran oqsillari – tetraspaninlarning rolini aniqlashga bag‘ishlandi. Olib borilgan ishlar natijasida sintenin-1 oqsilining tetraspanin bilan boyitilgan mikrodomenlarning yangi tarkibiy qismi ekanligi aniqlandi, uning hujayralar migratsiyasi va aylanishidagi o‘rni ochib berildi. Xususan, CD63 tetraspanini sintenin-1 bilan bevosita bog‘lanishi, boshqa tetraspaninlar (CD81, CD9) esa bu bog‘lanishni bilvosita, oraliq oqsillar orqali amalga oshirishi isbotlandi. Shuningdek, sintenin-1 ishtirokidagi ubikvitin asosidagi yangi turdagi o‘zaro ta’sirlar tavsiflanib, bu jarayonlar fosforillanish hamda autofagiyada muhim rol o‘ynovchi Ulk1 serin-treoninkinazasi tomonidan boshqarilishi ko‘rsatildi. Ushbu natijalar Molecular and Cellular Biology (AQSh, 2006) va Journal of Biological Chemistry (Vashington, 2011) jurnallarida chop etilib, bugungi kunga qadar mos ravishda 197 va 43 marta iqtibos keltirilgan. 2006–2007-yillarda olim O‘zR Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining katta ilmiy xodimi, 2007–2010-yillarda esa O‘zbekiston Milliy universiteti “Mikrobiologiya va biotexnologiya” kafedrasining dotsenti va katta ilmiy xodimi lavozimlarida ishladi. Ko‘p yillik tadqiqotlar yakuni sifatida 2010-yil 27-aprelda yuqorida qayd etilgan Ixtisoslashgan ilmiy kengashda “Paxta tolasi sellulozasini fermentativ konversiyalashning ilmiy asoslari” mavzusida biotexnologiya ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. O‘zR Oliy attestatsiya komissiyasining 2011-yil 30-iyundagi qaroriga asosan unga biologiya fanlari doktori ilmiy darajasi berildi. 2012-yilda dotsent, 2017-yilda esa professor ilmiy unvonlari bilan tasdiqlandi. Doktorlik ishining natijalari amaliyotga tatbiq etildi. 2009-yilda ular O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv jarayoniga – magistrlar uchun “Biotexnologiyaning zamonaviy muammolari”, bakalavrlar uchun “Ferment muhandisligi”, “Biotexnologiya va mikroorganizmlar ekologiyasi”, “Biotexnologiya asoslari” kabi kurslarga kiritildi. O‘sha yili “Tegirmon” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga paxta chiqindilari sellulozasidan bioetanol olish uchun mo‘ljallangan tajriba-sanoat qurilmasining texnologik sxemasi va fermentativ gidroliz jarayonining optimal parametrlari topshirildi. 2010–2012-yillarda G‘.A.Muratov O‘zbekiston Milliy universiteti “Mikrobiologiya va biotexnologiya” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi. Shu bilan birga, O‘zR Prezidentining 2011-yil 26-oktabrdagi PQ-1631-son qaroriga asosan Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan Yuqori texnologiyalar markazining birinchi direktori sifatida uning tashkil etilishi va faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlariga boshchilik qildi. Bu davrda olimning ilmiy qiziqishlari genetika va selektsiya sohasiga ham kengaydi. 2012–2015-yillarda u Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi ITD-6-01 raqamli “G‘o‘zaning noyob namuna chigitlarining unuvchanligini tiklash va urug‘lik sifatini yaxshilash uchun ferment kompozitsiyalarini qo‘llash” loyihasiga rahbarlik qildi. Tadqiqotlar natijasida jahon g‘o‘za kolleksiyasi arxividagi 25–35 yil saqlanib, amaliy hayotchanligini yo‘qotgan namunalarning unuvchanligini tiklovchi biotexnologik stimulyatorlar yaratildi – bu esa noyob genofonddan seleksiya amaliyotida donor sifatida foydalanish imkonini berdi. 2015–2017-yillarda esa A-8-10 raqamli “G‘o‘zaning D₁, D₅, A₂, AD₁, AD₂ genomli turlaridan foydalanish orqali sintez qilingan duragay oilalardan qimmatli xo‘jalik belgilari majmuasiga ega yangi seleksion tizmalarni yaratish” loyihasida ilmiy maslahatchi sifatida ishtirok etdi. Ushbu izlanishlar samarasi o‘laroq qimmatli xo‘jalik belgilariga ega ikkita yangi g‘o‘za navi yaratildi va G‘.Muratov ularning hammuallifi hisoblanadi: – “SP-Kamolot” navi – Intellektual mulk agentligining NAP 00212 raqamli patenti (davlat reestrida 2018-yil 7-dekabrda ro‘yxatga olingan); – “Kamolot-79” navi – NAP 00344 raqamli patent (davlat reestrida 2021-yil 8-noyabrda ro‘yxatga olingan). Bu navlar hosildorligi, tola sifatining yuqoriligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining xulosasiga ko‘ra ular ishlab chiqarishga joriy etilgan. Jumladan, “Kamolot-79” navi Toshkent viloyatidagi “TCT Agro cluster” dalalarida ekilib, 2022-yilda gektaridan 37–42 sentner hosil olingan; ekin maydonlarini kengaytirish ishlari davom etmoqda. Bugungi kunga qadar G‘.A.Muratov tomonidan 117 dan ortiq ilmiy ish e’lon qilingan, shundan 13 tasi xorijiy nashrlarda – AQSh, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya va Tailandda chop etilgan. Olim 2 ta monografiya, 1 ta darslik, 1 ta o‘quv qo‘llanma va 2 ta patent muallifidir. Uning ishlariga Google Scholar ma’lumotlariga ko‘ra 295 marta, Web of Science ma’lumotlar bazasida esa 195 marta iqtibos keltirilgan; Hirsh indeksi mos ravishda 5 va 4ni tashkil etadi. Olimning yirik nashrlari orasida 2007-yilda chop etilgan “Ферментативная конверсия хлопковой целлюлозы” monografiyasi (206 bet), 2017-yilda S.G‘.Boboev bilan hammualliflikda yaratilgan “G‘o‘zani turlararo murakkab duragaylash” monografiyasi (206 bet), 2012-yilda nashr etilgan “Методическое пособие по курсу биотехнология” uslubiy qo‘llanmasi hamda 2017-yilda chop etilgan “Biologik faol va dorivor moddalar biotexnologiyasi” o‘quv qo‘llanmasi (360 bet) alohida o‘rin tutadi. So‘nggi kitob respublikada ushbu mavzu bo‘yicha davlat tilida yaratilgan ilk manba bo‘lib, bugungi kunda Toshkent davlat agrar universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari hamda professor-o‘qituvchilari tomonidan keng foydalanilmoqda. Yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash G‘.A.Muratov faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Uning rahbarligida 2 nafar fan doktori (DSc), 1 nafar fan nomzodi, 23 nafar magistr va 10 nafar bakalavr tayyorlangan. Shogirdlari bugungi kunda respublika ilm-fani va oliy ta’limining yetakchi bo‘g‘inlarida faoliyat yuritmoqda: Boboev Sayfulla G‘afurovich (2017-yilda “Murakkab turlararo duragaylash orqali g‘o‘zaning ko‘p genomli yangi duragaylarini yaratish va xususiyatlarini ochib berish” mavzusida DSc dissertatsiyasini himoya qilgan) – Toshkent davlat agrar universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori; Normurodova Qunduz Tog‘ayevna (2019-yilda “Kraxmal tutuvchi xomashyolardan etanol olish biotexnologiyasini takomillashtirish” mavzusida DSc dissertatsiyasini yoqlagan) – O‘zbekiston Milliy universiteti “Mikrobiologiya va biotexnologiya” kafedrasi mudiri; Nazarov Kamolxonjon Karimovich (2007-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan) – Toshkent davlat texnika universiteti “Biotexnologiya” kafedrasi professori. 2011–2013-yillarda G‘.A.Muratov O‘zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining “Mikrobiologiya va biotexnologiya” yo‘nalishi bo‘yicha ekspert kengashi a’zosi, shuningdek Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalarni baholash bo‘yicha ekspert bo‘lib faoliyat yuritdi. 2012–2020-yillarda olim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha xizmatida yetakchi konsultant, shu’ba mudiri va bosh konsultant lavozimlarida ishladi. Ushbu davrda u respublikaning butun ilm-fan sohasini nazorat qilib, Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirdi. Bu lavozimda u ilm-fan sohasini tartibga soluvchi 120 ta hujjatni – jumladan 2 ta O‘zbekiston Respublikasi qonuni, 22 ta Prezident Farmoni, 44 ta Prezident qarori va Vazirlar Mahkamasining 52 ta qarorini tayyorlashda bevosita ishtirok etdi hamda ularning o‘z muddatida va sifatli bajarilishini nazorat qildi. Har yili o‘tkaziladigan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkalarini o‘tkazishda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti tanlovini va Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari saylovini tashkil etishda faol qatnashdi. Olimning bu boradagi muhim tashabbuslaridan biri – 2016-yilda respublika ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan olimlarning ilk yagona elektron bazasini shakllantirganidir. Bazaga jami 9559 nafar ilmiy xodim, jumladan 1961 nafar (21 %) fan doktori va 7598 nafar (79 %) fan nomzodi to‘liq qamrab olindi. Ushbu tizim mamlakat ilmiy salohiyatini baholash va boshqarishda muhim vosita bo‘lib xizmat qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4041-son qarori bilan Toshkent shahrida Adju Universiteti tashkil etildi va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-iyuldagi 420-son qaroriga asosan Muratov G‘ayrat Azatovich ushbu universitetning birinchi rektori etib tayinlandi. O‘shandan buyon u universitetga uzluksiz rahbarlik qilib kelmoqda. Bugungi kunda Toshkent shahridagi Adju Universitetida 9 ta fakultet – Arxitektura, Qurilish muhandisligi, Elektrotexnika va kompyuter muhandisligi, IT-biznes, Interyer dizayni, Sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot, Biznes boshqaruvi, Koreys filologiyasi va menejment hamda Ingliz filologiyasi va menejment yo‘nalishlari faoliyat yuritmoqda. Universitetda 1500 dan ortiq talaba ta’lim olmoqda; ular orasida Rossiya, Misr, Pokiston, Ummon, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan yoshlar ham bor. O‘quv jarayoni to‘liq ingliz tilida, Koreya Respublikasi Adju universitetining xalqaro darajadagi dasturlari asosida olib boriladi. Dars mashg‘ulotlarini 50 nafar professor-o‘qituvchi olib boradi, ulardan 23 nafari Koreya, AQSh, Hindiston va Pokistondan taklif etilgan xorijiy mutaxassislardir. Universitet jamoasida 15 nafar falsafa doktori (PhD) va 8 nafar fan doktori (DSc) faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Adju universiteti (Koreya Respublikasi) diplomi topshiriladi. “Oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish” tamoyili asosida rivojlanish maqsadida universitet 18 ta tashkilot bilan hamkorlik memorandumlari imzolagan, yirik qurilish va sanoat korxonalari bilan – Qurilish vazirligi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zshaharsozlik LITI” DUK, “Mimar Group”, “Artel Electronics”, “BMB Trade Group”, O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi, Mudofaa vazirligi qoshidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kabi 30 dan ortiq kompaniya bilan mustahkam aloqalar o‘rnatgan. Ushbu korxonalar talabidan kelib chiqib o‘quv rejalari va fan dasturlari Adju universiteti bilan kelishilgan holda takomillashtirib borilmoqda, talabalar uchun qo‘shimcha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. So‘nggi yillarda rektorning tashabbusi bilan universitet faoliyatida bir qator yangi yo‘nalishlar ochildi. 2022-yilda Koreya Energetika agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan hamkorlikda energetika sohasida kadrlarni qayta tayyorlash markazi tashkil etildi. 2025-yilda universitet huzurida “Ajou International School” xalqaro o‘rta maktabi ish boshladi – bu iqtidorli yoshlarni maktab yoshidan xalqaro ta’lim standartlariga tayyorlash imkonini berdi. O‘sha yili Malayziyaning Sultan Idris nomidagi Pedagogika universiteti (Universiti Pendidikan Sultan Idris), Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda Malayziya–O‘zbekiston oliy ta’lim konsorsiumi tashkil qilindi. Universitetning ilmiy salohiyatini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lgan yana bir tashabbus – 2025-yildan “Science and Innovation” xalqaro ilmiy-tadqiqot jurnali bilan hamkorlikda “Advanced Journal of University Science and Creative Innovations (AJOU SCI)” ilmiy jurnalining ta’sis etilishidir. Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining tavsiya etilgan nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, yosh tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy natijalarni e’lon qilishning nufuzli maydoniga aylanmoqda. Shuningdek, universitetda muntazam ravishda respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda. Rektorlik faoliyati bilan bir qatorda G‘.A.Muratov ilmiy izlanishlarini ham to‘xtatmagan: so‘nggi yillarda uning 10 dan ortiq yangi ilmiy maqolasi chop etilgan. Muratov G‘ayrat Azatovichning ilm-fan va ta’lim sohasidagi xizmatlari yuksak baholangan. U 1993-yilda Alisher Navoiy nomidagi talabalar mukofoti, 1998-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aspirantlar uchun ta’sis etilgan Davlat stipendiyasi, 1999-yilda Koreya Respublikasi Hukumati stipendiyasi sovrindori bo‘lgan. 2007-yilda, O‘zR Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining katta ilmiy xodimi lavozimida ishlab turgan paytda, Fanlar akademiyasi hayʼatining 13-iyundagi 8/1-son qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Rivojlanayotgan mamlakatlar fanlar akademiyasi (TWAS)ning yosh olimlar uchun birgalikda ta’sis etgan mukofoti bilan taqdirlangan – u o‘sha yilgi to‘rt nafar g‘olib orasida biologiya yo‘nalishi bo‘yicha yagona sovrindor edi. Shuningdek, olim 2016-yilda “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil” va 2017-yilda “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik ko‘krak nishonlari bilan mukofotlangan. G‘ayrat Azatovich o‘z yutuqlari haqida gapirganda ustozlarini eslashni unutmaydi. Vatanimizda unga ilm yo‘lini ko‘rsatgan biologiya fanlari doktori, professor M.M.Rahimov va B.T.Yo‘ldashev, Koreya Respublikasida ilmiy izlanishlariga rahnamolik qilgan professor Chul Kim, Buyuk Britaniyada zamonaviy molekulyar biologiya maktabidan bahramand qilgan professor Fedor Berditchevski – ularning har biri olim shakllanishida o‘z izini qoldirgan. Olim o‘zbek, rus, ingliz va koreys tillarini mukammal biladi. Turmush o‘rtog‘i Muratova Muxtarama Baxtiyorovna – filolog, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Xorijiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i. Oilada ikki o‘g‘il voyaga yetgan: Ozodxo‘jayev Dostonxon G‘ayratxo‘ja o‘g‘li Buyuk Britaniyaning University of Westminster universitetida Master of Science, Koreyaning Inha universitetida Bachelor of Science darajalarini olgan bo‘lib, hozirda BILLZ IT kompaniyasida mahsulot rivojlantirish bo‘limi rahbari (Chief Product Officer); Ozodxo‘jayev Abrorxon G‘ayratxo‘ja o‘g‘li Inha universitetini Bachelor of Science darajasi bilan tamomlagan, University of Westminster universitetida MBA bo‘yicha tahsil olmoqda va ayni paytda BILLZ kompaniyasida raqamli mahsulotlar dizayneri bo‘lib ishlaydi. Shu tariqa oilaviy ilm va bilim an’anasi uchinchi avlodda ham davom etmoqda. Umumiy mehnat staji 36 yilni, ilmiy-pedagogik faoliyati esa 31 yilni tashkil etadi. Hamkasblari G‘ayrat Azatovichni bosiq, kamgap, ammo har bir so‘zi va qaroriga mas’uliyat bilan yondashadigan rahbar sifatida ta’riflashadi. Uning mehnatsevarligi, atrofdagilarga yordam berishga doimo tayyorligi va insoniy mehri jamoada alohida hurmat qozongan. U o‘ziga ham, xodimlariga ham talabchan, tashkilotchilik qobiliyati yuqori mutaxassis, ilm-fan va ta’lim sohasidagi jamoatchilik o‘rtasida munosib e’tirofga sazovor bo‘lgan olimdir. Bugungi kunda professor Muratov G‘ayrat Azatovich o‘z bilimi va tajribasini mamlakatimizda xalqaro darajadagi oliy ta’lim tizimini shakllantirishga, yosh avlodni jahon andozalari asosida tayyorlashga hamda O‘zbekiston ilm-fanining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga bag‘ishlab kelmoqda.