Nazarova Fotimaxon 1954-yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1980-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini “Qishloq xo‘jaligida iqtisodchi-tashkilotchi” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Fotimaxon Nazarova o‘z mehnat faoliyatini 1973-yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Komsomol qo‘mitasida sektor boshlig‘i lavozimida boshlagan.
1981–1984-yillarda O‘zbekiston Respublikasi FA Iqtisodiyot instituti aspiranti, 1989–1991-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini boshqarish” kafedrasi dotsenti, 1991–1994-yillarda O‘zbekiston Respublikasi FA Ishlab chiqarish kuchlarini o‘rganish kengashi (SOPS) doktoranti, 1995–1997-yillarda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘quv yurtlari bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 1998–2009-yillarda O‘zbekiston Bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot instituti sektor mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2009–2013-yillarda Toshkent moliya instituti “Menejment va marketing” kafedrasi mudiri, 2013–2024-yillarda “Menejment va marketing” kafedrasi professori, hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Mehnat iqtisodiyoti” kafedrasida professor lavozimida mehnat qilib kelmoqda.
Nazarova Fotimaxon 1985-yilda iqtisodiyot fanlari nomzodi, 1990-yilda dotsent, 2001-yilda iqtisodiyot fanlari doktori va 2015-yilda Turon Fanlar akademiyasining akademigi darajasini qo‘lga kiritgan. 2022-yilda Malayziyaning Universiteti Teknologi PETRONAS universiteti faxriy professori unvoni berilgan. Fotimaxon Nazarova Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.07.2022.I.16.05 raqamli Ilmiy kengash a’zosi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.01.2020.I.10.03 raqamli Ilmiy kengash a’zosi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida malaka oshirish kursi tinglovchilarining attestatsiya komissiyasi a’zosi hisoblanadi. Nazarova Fotimaxon Xakimovna — “Agroiqtisodiyot” va “Menejment” yo‘nalishlarida o‘z ilmiy maktabini yaratgan iqtisodchi olim. Professor F. X. Nazarova 5 nafar fan doktori va 30 dan ortiq fan nomzodi hamda falsafa doktorlariga (PhD) ilmiy rahbarlik qilib, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashda faol qatnashgan. 2025-yilda esa “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Toshkent moliya instituti “Menejment va marketing” kafedrasi mudiri bo‘lgan davrida “Menejment”, “Marketing”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi”, “Huquqshunoslik” fanlaridan institutning barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalariga dars bergan. Kafedrada respublikamizda “Menejment va marketing” sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Sh. To‘laganova, D. Sabirdjanova, F. Buxarova, O. Jumayev, T. Ermatov, G. Xamdamova, M. Abdukarimova, S. Qosimov, X. Rahmatov, N. Rahmatullayeva, F. Bozorova, B. Sulaymonov, Sh. Xodjayeva hamda O. Saydahmedov kabi tajribali professor-o‘qituvchilar faoliyat olib borishgan. Kafedraning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi “Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida iqtisodiyot tarmoqlariga samarali menejment va marketingni joriy etish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlanmalarni yaratish”dan iborat bo‘lib, ilmiy-tadqiqot ishlariga professor-o‘qituvchilar, aspirantlar va tadqiqotchilar keng jalb etilgan. Professor Fotimaxon Nazarova hozirgi kunga qadar 200 dan ortiq ilmiy maqola, o‘quv qo‘llanma, monografiya va risolalar muallifidir. U aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshqarish, strategik menejment, xalqaro menejment, ta’lim menejmenti va rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini olib borgan. Shu bilan birga, professor F. X. Nazarova Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, TACIS, BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP), JICA va boshqa xalqaro tashkilotlarning eksperti hamda mahalliy mutaxassisi sifatida faoliyat yuritgan. 2015-yilda Turon Fanlar akademiyasining akademigi darajasini olgan, 2022-yilda esa Malayziyaning Universiti Teknologi PETRONAS universiteti faxriy professori unvoni berilgan. Fotimaxon Nazarova ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirishni kompleks baholash, ilmiy tadqiqotlarning natijadorligi va innovatsion ishlanmalarni joriy etish samaradorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash, ilmiy tadqiqot loyihalariga rahbarlik qilish, shuningdek, ilm-fan sohasini rivojlantirish va innovatsion ishlanmalarni iqtisodiyotning tegishli tarmoq hamda sohalariga joriy etish orqali mamlakatimiz ilm-fani yuksalishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Fotimaxon Nazarova yuqori darajadagi tashkilotchilik qobiliyati va boy tajribaga ega bo‘lib, yuklatilgan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajaradi. U o‘z sohasida chuqur bilimga ega, tashabbuskor, davlat, jamiyat va ilm-fan sohasi rivojiga munosib ulush qo‘shayotgan hamda jamoatchilik o‘rtasida katta hurmat qozongan olima ayollardan biridir.