Negmatova Shaxzoda Shuxratovna 1983-yil 31-dekabrda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tavallud topgan. U zamonaviy O‘zbekiston ilm-fani, oliy ta’lim tizimi va ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi serqirra faoliyati, ilmiy salohiyati, tashkilotchilik madaniyati hamda samarali rahbarlik tajribasi bilan tanilgan yetuk olima va professorlardan biridir. Oilaviy muhit va shakllanish jarayoni. Shaxzoda Shuxratovna ilm-ma’rifatga ehtirom kuchli bo‘lgan, ziyolilik an’analari qadrlangan oilada kamol topdi. Otasi Negmatov Shuxrat Xudoyberdiyevich Samarqand viloyati va tuman boshqaruv tizimida uzoq yillar mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan, bugungi kunda Samarqand viloyati Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida el-yurt xizmatida davom etmoqda. Onasi Jumaeva Dilshoda Xanjarovna esa oilada mehr, tartib, kitobxonlik va ma’naviy poklik muhitini shakllantirishga katta hissa qo‘shgan inson sifatida e’tirof etiladi. U ulg‘aygan muhitda ilm, tibbiyot, huquq va jamiyatga xizmat qilish an’analari uzviy namoyon bo‘lgan. Katta singlisi Negmatova Gulzoda Shuxratovna sog‘liqni saqlash tizimida, kichik singlisi Negmatova Sitora Shuxratovna advokat sifatida, ukasi Negmatov Jahongirshoh Shuxratovich esa huquqni muhofaza qilish organlarida faoliyat olib bormoqda. Shaxzoda Shuxratovna Yetkirov Ilhom Farmonovich bilan turmush qurgan, bu oilada to‘rt nafar farzand tarbiyalanmoqda. Ta’lim yo‘li va ilmiy shakllanishi. Ilm-fanga qiziqish, falsafiy tafakkur va ijtimoiy jarayonlarni teran anglashga intilish uning hayot yo‘lini erta belgiladi. U 2005-yilda Samarqand davlat universitetining “Falsafa” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat bosqichini, 2007-yilda “Siyosat falsafasi” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani muvaffaqiyatli tamomladi. 2007–2010-yillarda Samarqand davlat universitetining “Milliy g‘oya, falsafa va fan metodologiyasi” kafedrasi aspiranturasida tahsil olib, tadqiqotchilik madaniyatini chuqurlashtirdi. Mazkur davr uning ijtimoiy-falsafiy qarashlari, ilmiy metodologik tayyorgarligi va pedagogik mas’uliyatga asoslangan kasbiy pozitsiyasini mustahkamladi.
Mehnat faoliyati va kasbiy o‘sish. Negmatova Shaxzoda Shuxratovnaning mehnat faoliyati 2007-yilda Samarqand davlat universitetida assistentlik lavozimidan boshlandi. Dastlabki bosqichdanoq u auditoriya mashg‘ulotlari, ilmiy izlanish va tashkiliy ishlarni uyg‘un olib borib, bosqichma-bosqich tajribali pedagog, izlanuvchan tadqiqotchi va mas’uliyatli rahbar sifatida shakllandi. 2011–2014-yillarda “Milliy g‘oya va falsafa” kafedrasi assistenti, 2014–2015-yillarda katta ilmiy xodim-izlanuvchi, 2015–2016-yillarda “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” kafedrasi mudiri lavozimlarida ishladi. 2016–2018-yillarda mazkur yo‘nalishdagi kafedralarda dotsent, 2018–2020-yillarda esa Samarqand davlat universitetining “Falsafa” kafedrasida professor sifatida falsafa, ma’naviyat va ijtimoiy fanlar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirdi. Rahbarlik faoliyati. Sh. Negmatovaning ilmiy-pedagogik tajribasi, tashabbuskorligi va boshqaruv salohiyati uni oliy ta’lim tizimidagi mas’ul lavozimlarga olib chiqdi. U 2015–2016-yillarda Samarqand davlat universiteti “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” kafedrasi mudiri, 2020–2022-yillarda “Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar” fakulteti dekani, 2022–2023-yillarda universitet rektorining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori sifatida faoliyat yuritdi. 2023-yildan buyon u Samarqand davlat pedagogika instituti rektori lavozimida ishlab kelmoqda. Ushbu davrda institutda zamonaviy boshqaruv madaniyatini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yoshlar bilan manzilli ishlash hamda innovatsion loyihalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida izchil natijalarga erishilmoqda. Uning umumiy mehnat staji 19 yilni tashkil etadi. Ilmiy daraja va tadqiqot yo‘nalishlari Shaxzoda Shuxratovna 2011-yilda falsafa fanlari nomzodi, 2018-yilda esa falsafa fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy izlanishlari ijtimoiy-falsafiy jarayonlar, axloqiy tamoyillar, iqtisodiy munosabatlarning ma’naviy asoslari, milliy g‘oya va jamiyat taraqqiyotida ma’naviyat omilining o‘rnini yoritishga qaratilgan. Olima tadqiqotlarida falsafiy tafakkur, ijtimoiy mas’uliyat, ma’naviy qadriyatlar va zamonaviy ta’lim jarayonlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ochib berishga intiladi. Bu yondashuv uning boshqaruv qarorlarida ham ilmiy asoslanganlik, insonparvarlik va natijadorlik mezonlari bilan uyg‘unlashadi.
Ilmiy meros va shogirdlar maktabi. Sh. Negmatova 120 dan ortiq ilmiy maqola, 2 ta darslik, 2 ta monografiya, 5 ta uslubiy qo‘llanma va 4 ta o‘quv qo‘llanma muallifidir. Uning ilmiy-pedagogik faoliyati falsafa, ma’naviyat, ijtimoiy fanlar hamda oliy ta’limda tarbiya jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish masalalari bilan bevosita bog‘liq. Uning ilmiy rahbarligida 5 nafar fan doktori (DSc), 15 nafar falsafa doktori (PhD), 30 dan ortiq bakalavr va 15 dan ziyod magistr tayyorlangan. Hozirda 15 nafardan ortiq mustaqil izlanuvchiga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Shogirdlari orasida davlat stipendiyalari sovrindorlari ham borligi olimaning yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil maktabini ko‘rsatadi. Samarqand davlat pedagogika instituti rivojidagi natijalar. Shaxzoda Shuxratovna rahbarligida Samarqand davlat pedagogika institutida ilmiy salohiyat, tadqiqot infratuzilmasi, xalqaro hamkorlik va talabalarning intellektual faolligini oshirishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Institutda ilmiy salohiyat 21 foizdan 40 foizga ko‘tarildi, 15 nafar DSc va 122 nafar PhD tayyorlandi, oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti 11 ta ixtisoslik bo‘yicha faoliyat yurita boshladi. Bugungi kunda ushbu ixtisosliklar doirasida 51 nafar tayanch doktorant va 168 nafar mustaqil tadqiqotchi faoliyat olib bormoqda. 2025–2026-yillar davomida 21 nafar mustaqil izlanuvchi dissertatsiya ishini muddatidan avval himoya qilgan bo‘lib, ulardan 8 nafari fan doktori (DSc), 13 nafari esa falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan Web of Science va Scopus bazalariga kirgan jurnallarda 155 ta, xorijiy ilmiy nashrlarda 1140 ta, mahalliy jurnallarda 938 ta maqola chop etildi. Shuningdek, xorijiy konferensiya va anjumanlarda 799 ta, respublika miqyosidagi ilmiy tadbirlarda 830 ta tezis e’lon qilindi. Xususan, ilmiy tadqiqotlar doirasida 161 ta mualliflik guvohnomasi olinib, 69 ta monografiya nashr etildi. Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining tegishli qarorlari bilan institut huzurida ilmiy daraja beruvchi DSc.01/2025.27.12.F.10.02 va PhD.01/2025.27.12.Ped.10.01 raqamli ilmiy kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur kengashlarda muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar institutning ilmiy-tadqiqot markazi sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.
Talabalar yutuqlari va iqtidorlilarni qo‘llab-quvvatlash. Institut talabalari xalqaro va respublika tanlovlari, fan olimpiadalari, ijodiy festivallar hamda sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishmoqda. Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Millatlar mozaikasi – 8 davlat, 1 sahna, 1 qalb” xalqaro festivalida talabalar “Do‘stlik elchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi, “Ijodkor va iqtidorli yoshlar” tanlovida esa 1-darajali diplom qo‘lga kiritildi. 2026-yilda Turkmaniston Respublikasida o‘tkazilgan OMOUS–2026 xalqaro matematika olimpiadasida institutning 2 nafar talabasi bronza medal, jamoaviy bahslarda esa 4 nafar talaba kumush medalga sazovor bo‘ldi. Buxoro shahrida tashkil etilgan BIMO–2026 va BICHO–2026 xalqaro fan olimpiadalarida 7 nafar talaba bronza medali bilan taqdirlanib, institut jamoasi olimpiada kubogi sovrindoriga aylandi. Fan olimpiadalari g‘oliblari soni ham izchil ortib bormoqda: 2023/2024-o‘quv yilida 2 nafar, 2024/2025-o‘quv yilida 8 nafar, 2025/2026-o‘quv yilida esa 24 nafar talaba xalqaro va respublika olimpiadalari g‘olibi bo‘ldi. Institutda ichki fan olimpiadalari muntazam tashkil etilib, g‘oliblar pul mukofoti, sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirilmoqda. 2023–2025-o‘quv yillari davomida institutning 16 nafar iqtidorli talaba va magistranti Prezident hamda davlat stipendiyalari sovrindori bo‘ldi. Jumladan, 1 nafar talaba Prezident davlat stipendiyasi, 12 nafari Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi, 2 nafari Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi, 1 nafari Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi bilan e’tirof etildi. “Rektor stipendiyasi” tizimi yo‘lga qo‘yilib, sovrindorlar soni 2023/2024-o‘quv yilidagi 1 nafardan 2025/2026-o‘quv yilida 5 nafargacha oshdi.
Xalqaro hamkorlik va loyiha faoliyati. Sh. Negmatovaning tashabbusi bilan institutning xalqaro hamkorlik geografiyasi kengayib bormoqda. Hozirda 43 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatilgan, 31 nafar xorijiy professor ta’lim jarayoniga jalb qilingan, 377 nafar professor-o‘qituvchi va talaba xorijga stajirovka hamda akademik tajriba almashish dasturlari uchun yuborilgan. Turkiyada “O‘zbek tili va madaniyati markazi”ning ochilishi, institutda xalqaro yozgi maktablar tashkil etilishi, xorijiy universitetlar bilan ilmiy-ta’limiy aloqalarning kengayishi tashkilotning xalqaro maydondagi taniluvchanligini oshirmoqda. 2023-yilgacha institutga xorijiy investitsiyalar jalb etish amaliyoti shakllanmagan bo‘lsa, 2024-yilda 24 180 dollar, 2025-yilda esa 307 000 dollar investitsiya jalb qilindi. Innovatsion va raqamli tashabbuslar Institutda ta’lim sifatini oshirish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga yo‘naltirish hamda raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Karyera markazi, Psixologik markaz, Volontyorlik markazi, Inkubatsion markaz, Ma’naviy barkamollik markazi hamda STEAM laboratoriyasining tashkil etilishi ana shu yangilanishlarning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Startap tanlovlari va inkubatsion dasturlar natijasida 300 ga yaqin innovatsion loyiha shakllantirildi. Talabalarning ijodiy salohiyatini namoyon etish va iqtidorli yoshlarni keng jamoatchilikka tanitish maqsadida ijodkor.uzfi.uz elektron maydoni ishga tushirildi. Unda rassomlar, xonandalar, sozandalar, ixtirochilar hamda boshqa ijodkor talabalar o‘z ishlari, mualliflik mahsulotlari va innovatsion g‘oyalarini joylashtirish imkoniyatiga ega. Talabalarning psixologik portretini shakllantirish, ularning psixo-emotsional holati, ijtimoiy moslashuvi, kommunikativ ko‘nikmalari, stressga chidamliligi, emotsional barqarorligi va kognitiv jarayonlarini ilmiy asosda o‘rganish uchun campus.samdpi.uz platformasi faoliyat yuritmoqda. Psixolab.samdpi.uz ilmiy-innovatsion muhiti esa psixologik laboratoriya faoliyati, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning ilmiy ishlari, xalqaro loyihalari hamda zamonaviy tadqiqot yo‘nalishlarini ommaga taqdim etishga xizmat qiladi. Institut ilmiy jurnallari va professor-o‘qituvchilarning maqolalarini ommalashtirish maqsadida journals.uzfi.uz portali, talabalarning 4+2 amaliyotlarini boshqarish va avtomatlashtirish uchun practicum.uzfi.uz tizimi yo‘lga qo‘yildi. Practicum servisi amaliyotga kelish-ketish jarayonlarini nazorat qilish, talabalar va xodimlar miqyosida monitoring yuritish, amaliy tayyorgarlikni shaffof boshqarish imkonini beradi. “Bir tugmali” baholash mexanizmi sifatida ishlab chiqilgan feedback.sampdi.uz platformasi ta’lim sifati, boshqaruv samaradorligi va raqamli xizmatlar holatini tezkor baholashga mo‘ljallangan. Talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar dekanat, kutubxona, LMS, moliyaviy va ma’muriy xizmatlar faoliyati yuzasidan fikr-mulohazalarini atigi bir tugma orqali bildira oladi. Tizim ma’lumotlarni real vaqt rejimida jamlab, sun’iy intellekt yordamida tahlil qiladi hamda rahbariyat uchun analitik hisobotlar shakllantiradi. O‘quv jarayonini monitoring qilish va yuklamalarni avtomatik hisoblashga qaratilgan SmartTaqsimot platformasi dars jadvali, davomat, auditoriya bandligi va o‘qituvchi faoliyatini raqamli tarzda tahlil qiladi. Sun’iy intellekt elementlari noto‘g‘ri kiritilgan ma’lumotlar, takroriy yoki bajarilmagan soatlar va yuklama samaradorligi bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga yordam beradi. Smart Assessment tizimi esa ta’lim sifatini baholash va o‘quv jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga hamohang tarzda rivojlanmoqda. Ma’naviy-ma’rifiy faoliyat va talabalar hayoti. Shaxzoda Shuxratovna rahbarligida institutda 1220 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir, minglab talabalarni qamrab olgan to‘garaklar hamda yoshlar bilan muntazam ochiq muloqotlar tashkil etildi. U yangi avlod pedagoglarini tarbiyalash, psixologik muammolarga ilmiy yondashish, yoshlar tarbiyasida vatanparvarlik ruhini kuchaytirish va milliy g‘oyani mustahkamlash yo‘nalishidagi faol tashabbuskor rahbar sifatida tanilgan. Jumladan, 829 ta ma’naviy-ma’rifiy, 179 ta profilaktik, 141 ta sport-sog‘lomlashtirish hamda 71 ta mahallalar bilan hamkorlikka yo‘naltirilgan tadbir o‘tkazilgan. “Xorazmiy avlodlari”, “Yosh matematiklar”, “Muhandis”, “Chevar qizlar”, “Artstudio”, “Rangtasvir”, “Yosh dasturchi texniklar”, “Kasbim mening faxrim”, “Zamonaviy IT va sun’iy intellekt asoslari”, “Yosh tarixchi pedagog”, “Ma’naviyat targ‘ibotchilari”, “Sog‘lom hayot sari”, “Lider talabalar”, “Til va madaniyat”, “Yosh tadqiqotchilar” kabi to‘garaklar talabalarning intellektual, ijodiy va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Mazkur to‘garaklarga 2351 nafar talaba fan yo‘nalishida, 2295 nafari sport, 630 nafari ma’naviy-ma’rifiy faoliyat, 188 nafari ayollar bandligini ta’minlash, 152 nafari esa badiiy jamoalar bo‘yicha jalb etilgan. 2025-yilda 12 marotaba “Rektor va yoshlar” ochiq muloqotlari o‘tkazilib, talabalar tomonidan bildirilgan murojaatlar, taklif va tashabbuslar bevosita o‘rganilgan hamda amaliy yechimlar topilgan. Sport yo‘nalishida ham institut talabalari sezilarli yutuqlarga erishdi: xalqaro musobaqalarda 5 ta oltin, 14 ta kumush va 9 ta bronza, respublika chempionatlarida esa 119 ta oltin, 68 ta kumush va 77 ta bronza medal qo‘lga kiritildi. Bu natijalar yoshlarning nafaqat ilmiy-intellektual, balki jismoniy va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar samarasi hamdir. Inklyuziv ta’lim, ijtimoiy himoya va amaliy hamkorlik. Samarqand davlat pedagogika institutida inklyuziv ta’lim, ijtimoiy himoya va yoshlar bilan manzilli ishlash yo‘nalishlarida ham tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi bilan hamkorlik doirasida talabalar pedagogik amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Bu jarayon bo‘lajak pedagoglarning kasbiy tajribasini boyitish hamda inklyuziv muhitda ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi huzuridagi “Inklyuziv rivojlanish markazi” faoliyati bilan tanishish orqali alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, korreksion-pedagogik mashg‘ulotlar va ularning ta’lim olish imkoniyatlari o‘rganildi. Jomboy tumanidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlarning muammolari, ehtiyojlari hamda qiziqishlari aniqlanib, ularni kasb-hunar, xorijiy tillar, tadbirkorlik va bandlikka yo‘naltirish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Institut kafedralarining umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi filiallari faoliyati ham amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Bu tizim pedagogik amaliyot, metodik tajriba almashish, maktab va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish hamda bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jamoatchilik va ijtimoiy-siyosiy faoliyati. Negmatova Shaxzoda Shuxratovna ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyati bilan bir qatorda jamoatchilik hamda ijtimoiy-siyosiy hayotda ham faol ishtirok etadi. U 2024-yildan buyon O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati sifatida ta’lim, yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va ijtimoiy himoya masalalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarda qatnashib kelmoqda.
Davlat va jamoat mukofotlari. Ko‘p yillik samarali mehnati, ta’lim tizimi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi hamda ilm-fan taraqqiyotidagi xizmatlari uchun Shaxzoda Shuxratovna “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni (2024-yil), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi” esdalik nishoni (2016-yil), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining “Faxriy yorlig‘i” (2026-yil), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda viloyat va shahar hokimliklarining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Shuni ta’kidlash joizki, Negmatova Shaxzoda Shuxratovna ilm-fan, ta’lim boshqaruvi, ma’naviyat, innovatsiya va ijtimoiy mas’uliyatni uyg‘unlashtira olgan zamonaviy rahbar va yetuk olima sifatida e’tirof etiladi. Uning ilmiy merosi, shogirdlar maktabi, oliy ta’limda sifat va raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan tashabbuslari, xalqaro hamkorlikdagi faol pozitsiyasi hamda yoshlar tarbiyasiga doir amaliy ishlari Samarqand davlat pedagogika institutining ilmiy-ma’rifiy nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Sh. Negmatovaning faoliyati pedagogik oliy ta’lim muassasasida ilmiy salohiyat, raqamli transformatsiya, insonparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va xalqaro ochiqlik tamoyillarini uyg‘un rivojlantirishning yorqin namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.