Oripova Gulnozaxon Murodilovna Fаrg‘оnа dаvlаt univеrsitеti dotsenti lаvоzimidа faoliyat yuritib kelayotgan adabiyotshunos olima, filologiya fanlari doktori. U o‘zbеk adabiyotshunоsligini rivоjlаntirishning nаzаriy mаsаlаlаri, she’rshunoslik bilаn bоg‘liq ilmiy muаmmоlаr yuzаsidаn tаdqiqоtlаr оlib bоrmоqdа. Mehnat faoliyatini 2005-yilda Farg‘ona pedagogika kollejida ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, Farg‘ona davlat universitetida o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritgan. Hozirda Farg‘ona davlat universiteti adabiyotshunoslik kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda. 2019-yilda “Mustaqillik davri o‘zbek she’riyatining g‘oyaviy-estetik va badiiy xususiyatlari” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hamda 2024-yilda “Mustaqillik davri o‘zbek lirikasi: janr xususiyatlari va poetikasi” mavzusidagi filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Ushbu ilmiy natijalar olimaning o‘zbek adabiyotshunosligi, xususan, zamonaviy she’rshunoslik yo‘nalishida shakllangan yetuk mutaxassis ekanligini ko‘rsatadi. Hozirda uning “Mustaqillik davri o‘zbek she’riyatining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari” (“GlobeEdit” nashriyoti, 2020), “Hozirgi o‘zbek hikoyachiligida Shoyim Bo‘tayevning badiiy-uslubiy izlanishlari” (“Classic” nashriyoti, 2022), “O‘zbek lirikasining poetik xususiyatlari” (“Fan” nashriyoti, 2025) nomli monografiyalari mustaqillik davri o‘zbek adabiyotshunosligining eng muhim yo‘nalishlaridan bo‘lgan janrlar taraqqiyoti, uslubiy yangilanishlar va poetik mahorat masalalarini qamrab olgan. G.Oripova muallifligida folklorshunoslik, matn tahlili va she’rshunoslikka oid “O‘zbek folklori”, “Lirik va epik asarlarni tahlil qilish usullari”, “She’riy vaznlar va janrlar tipologiyasi” kabi o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar nashr etilgan bo‘lib, ular hozirda oliy ta’lim tizimida keng qo‘llanilmoqda. Gulnoza Oripova respublika miqyosida yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda. U Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi o‘rinbosari sifatida Farg‘ona filologiya maktabining rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, Qo‘qon universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari hamda shu Kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi sifatidagi faoliyati asosida yosh filolog olimlar avlodini tayyorlash ishlarida faollik ko‘rsatmoqda. Hozirda G.Oripova ilmiy rahbarligida 10 dan ortiq tadqiqotchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Olimaning ilmiy-pedagogik faoliyati davomida “Ustoz-shogird” tizimi asosida ilmiy rahbarligidagi talaba-yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti tanlovi g‘olibi (M.Abduqahhorova), “O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov” nomli stipendiya sohibi (F.Raxmataliyeva) bo‘lgan. Gulnoza Oripova hozirda Turkiyaning Hoji Bayram Vali universiteti professori Vali Savash Yelok, Artvin Choruh universiteti professori Erhan Giray, Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi olimlari Almaz Ulvi Binnatova, Bedirxon Ahmadli, Leyla Fayaq qizi, Hindistonning Javoharlal Neru universiteti professori Shahbaz Amil kabi yetakchi xorijiy olimlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, o‘zbek filologiyasining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlarning doimiy ishtirokchisidir. U hozirgi kunga qadar Polsha, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli simpoziumlarda o‘zbek lirikasi, janrlar tipologiyasi va hozirgi adabiy jarayon masalalarida ilmiy ma’ruzalar bilan chiqish qilgan. Bu ishtiroklar natijasida uning ilmiy qarashlari nufuzli xorijiy nashrlarda e’tirof etilgan. Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasining “International Journal of Social, Psychological and Educational Studies (IJSOPES)” ilmiy jurnali tahririyat kengashi a’zosi bo‘lishi yuqori akademik ishonch belgisidir. G.Oripova xalqaro miqyosda o‘zbek ilm-fanini targ‘ib qilishda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, u dunyoning nufuzli THE (Times Higher Education) reytingida 601-o‘rinda qayd etilgan Hindistonning Javoharlal Neru universiteti (JNU) hamda xalqaro reyting bazalarida QS 700-o‘rinda turuvchi M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti talabalariga o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan. 2024-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilgan “International approaches and best practices of using data in scientific research” o‘quv kursini yakunlagan. Bu esa olimaning ilmiy tadqiqotlarida faqat an’anaviy metodlar bilan cheklanmay, balki statistik tahlil, raqamli ma’lumotlar bazasi va xalqaro metodologiyalardan foydalana olishini tasdiqlaydi. Gulnoza Oripova nafaqat adabiyotshunos olima, balki ilmiy-amaliy loyihalar tashkilotchisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda. U zamonaviy filologiya va pedagogikaning dolzarb masalalarini o‘z ichiga olgan Farg‘ona davlat universitetida bajarilayotgan “O‘zbek tilli va adabiyotining o‘qitilish masalalari: tahlil va tadqiq” loyihasiga rahbarlik qilmoqda. Olima G.Oripova respublikadagi nufuzli nashrlardan biri bo‘lgan “FarDU. Ilmiy xabarlar”, “Научный Вестник ФерГУ”, “Scientific journal of the Fergana State University” ilmiy jurnalining filologiya fanlari bo‘yicha tahririyat kengashi a’zosi. Gulnoza Oripova zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligida mustaqillik davri she’riyati va lirikasi poetikasini tizimli tadqiq etgan yetuk olima. Uning ilmiy izlanishlari nafaqat milliy adabiyotshunoslik, balki xalqaro akademik doiralarda ham e’tirof etilgan bo‘lib, adabiy janrlar tipologiyasi va qiyosiy she’rshunoslik rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. G.Oripova Farg‘ona filologiya maktabining nufuzini oshirishda, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda va yuqori malakali yosh olimlar avlodini tayyorlashda faol ilmiy-tashkilotchi hamda ustoz sifatidagi faoliyati bilan ajralib turadi.