Pardayev Olim Mamayunusovich 1976-yil 20-may kuni Jizzax viloyatida tavallud topgan. 1983–1993-yillarda Samarqand shahridagi 13-sonli umumta’lim maktabida tahsil olgan. 1997-yilda Samarqand kooperativ institutining “Buxgalteriya hisobi, nazorat va xo‘jalik faoliyatining tahlili” mutaxassisligini tamomlagan. 2017-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2017-yil 29-martdagi 236/1-sonli bayonnomasi asosida unga iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan. 2018-yil 30-may kuni 08.00.05 – “Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti” ixtisosligi bo‘yicha Oliy attestatsiya komissiyasining 03 № 008255-sonli qarori bilan dotsent ilmiy unvoni berilgan. 2021-yil 30-dekabrda mazkur ixtisoslik bo‘yicha Oliy attestatsiya komissiyasining 05 № 003776-sonli qarori bilan professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. 2008-yildan buyon Samarqand iqtisodiyot va servis institutida samarali mehnat qilib kelmoqda. Mehnat faoliyatini 1997-yilda boshlagan. 1997–2001-yillarda “Vatan LTD” auditorlik firmasining Samarqand filialida hisobchi va bosh mutaxassis, 2002–2003-yillarda Samarqand kooperativ tijorat kollejida II toifali muhandis, 2004–2008-yillarda “Baxmal Standart” xususiy korxonasi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2008–2017-yillarda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida marketing bo‘limi noziri hamda Menejment kafedrasi assistenti sifatida ishlagan. 2017-yilda Menejment va statistika kafedrasi dotsenti, 2017–2018-yillarda magistratura bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2018-yilda Bank-moliya xizmatlari fakulteti dekani etib tayinlangan. 2025–2026-yillarda Servis fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritgan. 2026-yildan buyon institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Olim Pardayev rahbarligida bugungi kunga qadar 5 nafar iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Hozirda u 10 ga yaqin doktorant va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy tadqiqotlariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Olimning shu kungacha 300 ga yaqin ilmiy ishlari chop etilgan. Jumladan, 3 ta darslik, 6 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy qo‘llanma, 3 ta uslubiy tavsiya va 2 ta monografiya muallifi hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) e’tirof etgan ilmiy jurnallarda 30 dan ortiq, shuningdek, xorijiy ilmiy jurnallarda ko‘plab maqolalari nashr etilgan. Uning 3 ta ilmiy maqolasi Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi jurnallarda chop etilgan. O.Pardayev 2021–2024-yillarda amalga oshirilgan “ERASMUS+” AgroDev xalqaro loyihasi hamda “Tengdoshim” NNT va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda grant loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etgan. Shuningdek, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Spin-off” korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yoshlarni ish bilan ta’minlash hamda professor-o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga qaratilgan bir qator innovatsion loyihalar muallifi hisoblanadi. Hozirgi kunda O.Pardayev “Hududlarda turizmni innovatsion rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanish yo‘llari”, “Barqaror rivojlanish va yashil transformatsiyaning zamonaviy mexanizmlari” hamda “Yangi O‘zbekistonda tarmoqlarning barqaror rivojlanishi va moliyaviy strategiyalarning ahamiyati” mavzularida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. O.Pardayev 2 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash hamda 2 ta ilmiy seminar a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, u 2 ta malakaviy imtihon komissiyasida a’zo va rais sifatida faoliyat yuritmoqda. 2026-yil 15-may kuni Toshkent shahrida “Turizm sohasida davlat, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi: soha taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sish garovi” mavzusida ilmiy-amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Turizm qo‘mitasi raisi A. U. Aqqulov hamda akademik N. To‘xliyev ishtirok etdi. Mazkur ilmiy-amaliy anjumanda O. Pardayev ham faol qatnashib, ma’ruza bilan chiqish qildi. Ma’ruzasida hududlarga turistlar oqimini ko‘paytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda sohaning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ilgari surdi. O.Pardayev fan va innovatsion texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U ilmiy va amaliy tajriba almashish maqsadida Rossiya, Turkiya, Xitoy va Qozog‘istonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarida bo‘lgan, xalqaro konferensiyalar, seminarlar va ilmiy uchrashuvlarda faol ishtirok etgan. Mazkur xalqaro aloqalar natijasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va innovatsion tajribalarni ta’lim hamda ilmiy faoliyatga joriy etish bo‘yicha samarali ishlarni olib bormoqda. Pardayev Olim Mamayunusovich 2019-yildan buyon VI va VII chaqiriq Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Deputat sifatida O. Pardayev mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va mahalla yettiligi bilan hamkorlikda hududlardagi mavjud muammolarni muntazam o‘rganadi. Xususan, mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, infratuzilma obyektlari, aholini qiynayotgan masalalar hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan bog‘liq muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘radi. Shuningdek, hudud infratuzilmasini yaxshilash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, mahallalarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hamda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqib kelmoqda. Fuqarolar manfaatlarini ta’minlash, mahallalardagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning yechimini topish yuzasidan deputatlik nazoratini amalga oshiradi. O.Pardayev 2021-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni hamda 2022-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Mazkur mukofotlar uning ta’lim, ilm-fan, jamoatchilik va davlat boshqaruvi sohalaridagi samarali mehnati, mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi munosib hissasi hamda ko‘p yillik fidokorona faoliyati e’tirofi sifatida topshirilgan.