Olim

PRIMQULOV MAHMUD TEMUROVICH

Turon fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor

Mahmud Primqulov 1939-yil 14-martda Samarqand viloyatining Ishtixon shahrida tug‘ilgan. U “Mehnat faxriysi” medali (1986-y.), “Kimyo sanoati a’lochisi” (1984-y.) va “O‘zbekiston Oliy ta’lim a’lochisi” (2025-y.) ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, “Turon Fanlar akademiyasining 10 yilligi” va “Akademik” ko‘krak nishonlari hamda bir qator Faxriy yorliq va diplomlar sohibidir. O‘sha davr qoidalariga binoan o‘qishni amaliyot bilan birga olib borib, 1960–1961-yillarda Namangan shahridagi 518-sonli kimyo zavodida kimyoviy sex apparatchisi o‘quvchi-yordamchisi bo‘lib ishlagan va Namangan davlat pedagogika institutida maxsus dastur bo‘yicha tahsil olgan. 1965-yilda Daugavpils shahri sintetik tolalar zavodiga diplom amaliyotiga borib, u yerda usta yordamchisi bo‘lib ishlagan. 1966-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining (sobiq Toshkent to‘qimachilik instituti) kimyo-texnologiya fakultetini tamomlagan. 1966-yilning fevral oyida institutni tugatgach, Paxta sellyulozasi kimyosi va texnologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida (NIIXTS) mehnat faoliyatini boshlagan. Mazkur institutda laborant (1966-y.) va aspirant (1967–1970-yy.) bo‘lgan. Aspiranturadagi o‘qishining birinchi yilini Toshkentda o‘tkazib, qolgan davrini Moskvadagi “Kimyoviy tolalar” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida (NPO “Ximvolokno”) davom ettirgan hamda 1972-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Nomzodlik dissertatsiyasining mavzusi “O‘ta mustahkam viskoza kordini ishlab chiqarish jarayonida ustmolekulyar tuzilish o‘zgarishi kinetikasi” deb nomlangan. Viskoza kord — avtomobil g‘ildiraklari tarkibida armatura vazifasini bajaruvchi, sellyulozadan olinadigan sun’iy tola hisoblanadi. Viskoza — bu texnik nom bo‘lib, ishqor bilan ishlov berilgan sellyulozaning oltingugurt-uglerod birikmasi bilan hosil qilgan efirining 4 foizli ishqoriy quyuq eritmasidir. Sellyulozaning ustmolekulyar tuzilishini (strukturasini) o‘zgartirish orqali tolaning mustahkamligini kerakli ko‘rsatkichga yo‘naltirish mumkin. Ma’lumki, viskoza kordini ishlab chiqarish uzluksiz jarayondir. Uning strukturasini o‘rganishda har bir bosqichdan so‘ng tolalar namuna sifatida olinib, uning to‘liq strukturasi tahlil qilingan. Dastlabki bosqichda — viskoza eritmasi filyeradan (filyera — platina va iridiy qotishmasidan tayyorlangan, agressiv muhitga chidamli, diametri 10–12 mm bo‘lib, yuzasida 40 mkm diametrli teshikchalari mavjud konstruksiya) bosim ostida chiqib, cho‘ktirish vannasiga (sulfat kislotasi, natriy sulfat va sitnk sulfat tuzlari aralashmasi eritmasi) tushgan zahotidagi struktura o‘zgarishi, ya’ni eritmadan qattiq sellyuloza tola ko‘rinishiga o‘tish jarayoni gazli lazer yordamida uzluksiz kinolentaga tushirish orqali Chernogolovka shahridagi N. N. Semyonov nomidagi Polimerlar fizikasi ilmiy-tadqiqot institutida olib borilgan. Dissertatsiya natijasida viskoza kord ipining ikki tomonga bukilish darajasini 2 baravarga oshirishga erishilgan. Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, Toshkentga qaytib, Paxta sellyulozasi kimyosi va texnologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida mehnat faoliyatini kichik ilmiy xodim (1970–1973-yy.), katta ilmiy xodim (1973-y.), sho‘ba mudiri (1973–1974-yy.), laboratoriya mudiri (1974–1976-yy.), bo‘lim mudiri (1973–1994-yy.) va “Sellyuloza enterprayz” korxonasi direktori (1993-y.) lavozimlarida davom ettirgan. NIIXTS Sobiq Ittifoq Kimyo sanoati vazirligi Butunittifoq “Kimyoviy tolalar” birlashmasi qoshidagi uchta tarmoq institutidan biri bo‘lgan. Bular: asosan sun’iy tolalar bo‘yicha “Kimyoviy tolalar” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi (Mitischi shahri, Moskva viloyati), “Butunittifoq sintetik tolalar ilmiy-tadqiqot instituti” (VNIISV, Tver shahri) hamda Toshkent shahridagi NIIXTS institutidir. O‘sha davrlarda Ittifoqda yiliga 1,5–1,6 million tonna kimyoviy tola ishlab chiqarilar edi. Mazkur tarmoq institutlarining asosiy vazifasi o‘z sohalari bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan kimyoviy tolalarning texnologiyasi, ekologiyasi, mahsulot assortimenti, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda yangi texnika va texnologiyalarni yaratishdan iborat bo‘lgan. Quyidagi suratda Balakovo shahridagi “Kimyoviy tolalar ishlab chiqarish birlashmasi”da o‘tkazilgan Ittifoq Fan va texnika qo‘mitasi huzuridagi “Mo‘ljallangan polimerlar holati” kengashining sayyor majlis a’zolaridan bir guruhi korxona bilan tanishib, bosh muhandis atrofida to‘plangan jarayon aks etgan: Chapdan o‘ngga: Ittifoq davridagi “Fan va texnika qumitasi” qoshidagi “Orentirlangan polimerlar holati” kengashi. Kengash Rayisi Serkov A.T., a’zolari – “Kimyoviy tolalar ishlab chiqarish birlashmasi Bosh muhandisi Xrulyov V.I., akad. Usmanov H.U., professorlar: Pakshver A.B., Rogovin Z.A., Primqulov M.T., Razikov K.X., Kuddryavtsev G.I. Shu jumladan, NIIXTSga Sobiq Ittifoqdagi atsetat tolalari ishlab chiqaruvchi quyidagi korxonalar biriktirilgan edi: Farg‘ona kimyoviy tolalar zavodi (O‘zbekiston), Engels “Kimyoviy tolalar ishlab chiqarish birlashmasi” qoshidagi atsetat va triatsetat kimyoviy tolalar zavodlari (Rossiya), Serpuxov kimyoviy tolalar zavodi (Rossiya), Kaunas atsetat va triatsetat kimyoviy tolalar zavodi (Litva) hamda Kirovakan kimyoviy tolalar va sigaret filtri uchun tolali lentalar ishlab chiqaruvchi zavodi (Armaniston). Ushbu korxonalar yordamida, laboratoriya xodimlari, institut Konstruktorlik byurosi va Tajriba zavodining tegishli bo‘limlari bilan birgalikda M. Primqulovning ilmiy rahbarligida quyidagi ilmiy-amaliy ishlar amalga oshirilgan: • Farg‘ona kimyoviy tolalar zavodida — tola shakllantirish mashinasining tezligi 350 m/min.dan 450 m/min.ga oshirildi. Buning uchun mashina shaxtasi 1,5 metrga uzaytirilib, ipni g‘altakka o‘rovchi qismidagi yangi urchuq (vereteno) va kops sig‘imini 1,5 kg.dan 2,8 kg.ga oshirish imkoniyati yaratildi. Laboratoriya tajribalari asosida tayyorlangan texnik topshiriq bo‘yicha Ukrainaning Vinnitsa shahridagi elektrotexnika zavodi muhandis-texnik xodimlari tomonidan 100 dan ortiq yangi urchuq ishlab chiqarilib, ishlab chiqarish sharoitida sinash uchun zavodga yetkazib berildi. Shuningdek, havo yordamida ip tarkibidagi elementar tolalarni birlashtiruvchi (pnevmobirlashtirish) texnologiyasi yaratildi va amaliyotga joriy etildi. • Farg‘ona kimyoviy tolalar zavodining 2-navbati — istiqbolda rejalashtirilgan triatsetat zavodi uchun yangi texnika va texnologiyalar ishlab chiqildi. Tola shakllantirish mashinasining tezligini 500 m/min.ga yetkazish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalar o‘tkazilib, belgilangan tartibda texnik topshiriq tayyorlandi va Kiyev eksperimental-mexanika zavodiga topshirildi. Bir yil davomida 100 o‘rinli mashinaning 5 o‘rinli bir seksiyasi tayyorlanib, keyingi yili NIIXTS tajriba zavodining 2-sexiga o‘rnatildi. Triatsetat ipi olish uchun mashina quvvatiga mos ravishda qo‘shimcha asbob-uskunalar (reaktor, filtr, nasos va boshqalar) o‘rnatildi hamda ishga tushirildi. • Atsetat ipining pishiqligini (ikki tomonga bukilishlar sonini) 2,5 baravarga oshirish maqsadida yangi konstruksiyadagi filyera ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. • Kirovakan kimyoviy tolalar zavodida — sigaret filtri ishlab chiqarish uchun atsetat lentalari tayyorlaydigan mashina va asosiy texnologik asbob-uskunalar Germaniyadan keltirilgan edi. Ishlab chiqarishda sarflanadigan filtr materiallari va har bir lenta ipiga mo‘ljallangan atsetat eritmasini filyeraga uzatib beruvchi dozalovchi nasoslarni import qilmasdan, ularni mahalliy mahsulotlarga almashtirish yoki yangisini ishlab chiqish ham NIIXTSga yuklatildi. Buni amalga oshirishda M. Primqulov laboratoriya xodimlari bilan birgalikda ko‘plab tajriba va izlanishlar olib bordi. Klin kimyoviy zavodida ishlab chiqariladigan viskoza shtapel tolasi asosida Serpuxov shahridagi Butunittifoq noto‘qima matolar yaratish va ishlab chiqarish institutiga belgilangan tartibda buyurtma berilib, 5–6 turdagi texnik ko‘rsatkichli filtr-material namunalari olindi. Ushbu namunalar Kirovakan zavodida ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o‘tkazilib, ulardan biri ijobiy natija berdi. Ijobiy natija ko‘rsatgan filtr-materialni zavod talabiga mos hajmlarda yetkazib berish uchun Orel (Rossiya) shahridagi kanop ishlab chiqarish korxonasi rekonstruksiya qilindi va atsetatsellyulozaning atsetonli quyuq eritmasini filtrlashga mo‘ljallangan noto‘qima filtr-material tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Chapdan: Akad. To‘rayev A.S., professorlar: Azizov U.A., va Primqulov M.T., akademiklar: . Usmanov H.U. va Tashpulatov Yu.T. • Dozalovchi nasos Ukrainaning Chernigov shahridagi mexanika zavodi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va Kirovakan kimyoviy tolalar zavodida amaliyotga joriy etildi. • Moskvadagi Kurchatov nomidagi institut buyurtmasi asosida laboratoriya sharoitida “poloye volokno” — g‘ovak (naychasimon) atsetat tolasi olish texnologiyasi yaratildi hamda uning namunalari buyurtmachiga topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan NIIXTS tugatilib, institut hududi Mudofaa vazirligi ixtiyoriga o‘tkazilgach, xodimlar laboratoriyalarining ilmiy yo‘nalishlariga qarab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlariga — Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda Bioorganik kimyo institutlariga o‘tkazilgan. Tajriba zavodi xodimlari esa yangi barpo etilayotgan “Davlat belgisi” ishlab chiqarish birlashmasi qoshidagi Qog‘oz fabrikasiga ishga joylashtirilgan. M. Primqulov O‘zR FA Bioorganik kimyo institutiga bosh muhandis lavozimiga taklif etilgan. Ushbu institutda ikki yil (1993–1994-yy.) faoliyat yuritgach, uni himoyalangan qog‘oz ishlab chiqaruvchi Toshkent qog‘oz fabrikasiga (“Davlat belgisi” DUK qoshidagi) taklif qilishgan. U mazkur korxonada Markaziy kimyo laboratoriyasi boshlig‘i hamda laboratoriya boshlig‘i o‘rinbosari (1994–2004-yy.) lavozimlarida mehnat qilgan. Ushbu davrda O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Qog‘oz fabrikasida “ISO 9001” xalqaro standarti joriy etilgan. Ikki yillik tayyorgarlik ishlarida faol qatnashgani bois, M. Primqulov korxonaning “Faxriy kitobi”ga kiritilgan kamchilik xodimlardan biridir. M. Primqulov 2004–2007-yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti “Kimyo o‘qitish metodikasi” kafedrasi professori, 2007–2015-yillarda Toshkent kimyo-texnologiya instituti “Sellyuloza va yog‘ochsozlik texnologiyasi” kafedrasi professori lavozimlarida faoliyat olib borgan. Uning ilmiy-pedagogik staji 60 yildan ortiqni tashkil etadi. Yuqorida keltirilgan tadqiqotlar asosida 3 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. O‘zi esa 1972–1983-yillarda atsetat tolasi va piltasini ishlab chiqarishni takomillashtirishga bag‘ishlangan tadqiqotlari natijasida 1989-yilda Mitischi shahridagi “Kimyoviy tolalar” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. M. Primqulov Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Sellyuloza va yog‘ochsozlik biotexnologiyasi” kafedrasiga ishga o‘tgach, pedagogik faoliyat bilan bir qatorda faol ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib bordi. U bir qancha doktorant va magistrlarni ilmiy izlanishlarga jalb etdi. Olimning asosiy ilmiy yo‘nalishi mahalliy bir yillik o‘simliklardan turli strukturaviy ko‘rinishdagi sellyuloza ajratib olish va ularni sanoatda qo‘llash yo‘llarini tadqiq etishdan iborat bo‘ldi. Jumladan, sholi, g‘o‘za, saflor hamda qamish poyasidan sellyuloza qismini ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi. Qurilish sohasida ajratib olingan sellyulozalar asosida suyuq gulqog‘oz tayyorlash texnologiyasi yaratildi va amaliyotga tatbiq etildi. Shuningdek, qamishdan yarimtayyor sellyuloza ajratib olish orqali press-material tayyorlashga erishildi. Bundan tashqari, dorivor o‘simliklar poyasidan sellyuloza olish va undan mikrokristall hamda nano ko‘rinishli sellyuloza sintez qilish texnologiyasi ishlab chiqildi. Ushbu ishlanmalar tibbiyot va farmatsevtika sohalari talablariga muvofiq ravishda barcha sinovlardan ijobiy o‘tdi. Dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda Tadqiqotlar natijasida 3 nafar falsafa doktori (PhD) va 20 dan ortiq magistr tayyorlangan. M. T. Primqulov jami 6 nafar fan nomzodi va 20 dan ortiq magistrlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik qilgan. Hozirda 2 nafar doktorant, 2 nafar magistrant hamda bir qancha bitiruvchi bakalavrlarning bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda.

Sellyuloza Nanozarrachali gidrogel Nanozarrachalar Tadqiqotchi ish ustida Sellyuloza tolalari

Mikrokristal sellyuloza va tabletkalar

Namunalar ko‘zdan kechirilmoqda. Ilmiy rahbar va tadqiqotchi Suyuq gulqog‘oz va press materiallar namunalari

Uning kimyo fani va texnologiyasini rivojlantirish borasida xalqaro hamda respublika ilmiy jurnallarida mualliflik va hammualliflikda 600 ga yaqin ilmiy ishi chop etilgan. Jumladan, 15 ta ixtiro va patent, 5 ta monografiya, 2 ta lug‘at hamda sellyuloza va qog‘oz texnologiyasiga bag‘ishlangan 55 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratilgan. Hammualliflikda yozilgan “Qog‘oz