Razzoqov Sayidmaxsud Raxmonovich 1949-yil 28-martda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. 1999-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, 2006-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni bilan mukofotlangan. 2023-yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi “Prezident-otel” majmuasida Yevroosiyo davlatlari ittifoqi ekspert tanlov qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra “Yevroosiyo davlatlari ittifoqi faxriy fuqarosi” ordeni hamda ushbu yuksak unvon bilan taqdirlangan. 2023-yilda Moskva shahridagi Yevroosiyo davlatlari ittifoqi tashkiliy tanlov ekspert qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda S.R. Razzoqov rahbarligidagi O‘zbekistonning “Fazoviy konstruksiyalar, binolar va inshootlar zilzilabardoshligi” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi “Yevroosiyo davlatlari ittifoqining yetakchi muassasasi” oliy unvoni bo‘yicha 2-o‘rin hamda kumush medalga sazovor bo‘lgan. 1966-yilda yangi tashkil etilgan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga o‘qishga kirgan. O‘qishdagi yuqori ko‘rsatkichlari va a’lo baholari uchun 3-kursdan so‘ng tahsilni Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahridagi oliy ta’lim muassasasida davom ettirgan. 1971-yilda o‘qishni a’lo baholar bilan imtiyozli diplomga tamomlab, Rossiyaning Zelenograd shahridagi harbiy qismda bo‘linma komandiri sifatida xizmat o‘tagan. 1972-yildan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida assistent sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1978-yilda Kiyev muhandislik-qurilish institutida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1978–1984-yillarda “Temir-beton konstruksiyalari” kafedrasi dotsenti hamda ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi mudiri, 1984–1989-yillarda esa ushbu kafedra mudiri lavozimida faoliyat olib borgan. 1989–1993-yillarda Moskva davlat qurilish universiteti (MGSU) doktoranturasida tahsil olib, 1993-yilda MGSUda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1994–2008-yillarda o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limi Mexanika va texnika bo‘limi boshlig‘i, 1999–2012-yillarda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti “Temir-beton konstruksiyalari” kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. 2012-yildan hozirgi kunga qadar Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Qurilish muhandisligi” kafedrasi professori hamda “Fazoviy konstruksiyalar, binolar va inshootlar zilzilabardoshligi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi” MChJ rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. S.R. Razzoqov “Qurilish mexanikasi” hamda “Qurilish konstruksiyalari, noyob binolar va inshootlar zilzilabardoshligi” sohalarida tanilingan va e’tirof etilgan yetuk olimdir. S.R. Razzoqov yosh avlod ongiga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirish, xalqimiz ma’naviyatini boyitish hamda muqaddas dinimizning asl mohiyatini anglatish yo‘lida ham faoliyat yuritadi. U tarixda o‘chmas iz qoldirgan buyuk bobokalonlarimiz — Shayx Xudoydodi Vali, Mahdumi A’zam va Mahdumi Xorazmiylarning ma’naviy merosini yoritishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu borada olim tomonidan 1997–2023-yillar davomida respublika miqyosida 6 marotaba ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilgan. S.R. Razzoqov — “Fazoviy konstruksiyalar mexanikasi” hamda “Qurilish konstruksiyalari, noyob binolar va inshootlar qurilishi” sohalarida o‘zbek ilm-fanini jahon andozalari darajasida rivojlantirgan va dunyoda targ‘ib qilgan taniqli olimdir. U 2 ta monografiya, xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan Xalqaro kongress, simpoziumlar to‘plamlari hamda ilmiy jurnallarda chop etilgan 230 dan ortiq ilmiy maqola, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (O‘zOO‘MTV) grifi ostida nashr qilingan 3 ta o‘quv qo‘llanma va 10 dan ortiq metodik ko‘rsatmalar muallifidir. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida 40 yildan ortiq vaqt davomida qo‘llanilib kelayotgan qurilish konstruksiyalari, materiallari va buyumlari, ularni ishlab chiqish hamda mustahkamlash texnologiyalari, shuningdek, ularning mexanikasiga bag‘ishlangan asosiy darsliklar S.R. Razzoqovning taqrizi va tahriri ostida chop etilgan. S.R. Razzoqov tomonidan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari ro‘yxatiga kiritilgan noyob obyektlar, binolar va inshootlar qurilishi sohasi bo‘yicha faoliyat yurituvchi, Markaziy Osiyoda yagona sanalgan “Fazoviy konstruksiyalar, binolar va inshootlar zilzilabardoshligi” ilmiy-ishlab chiqarish majmuasining nufuzli ilmiy maktabiga asos solingan. Ushbu ilmiy maktab doirasida 1 nafar texnika fanlari doktori (DSc) hamda 8 nafar texnika fanlari nomzodi va falsafa doktorlari (PhD) tayyorlangan. Shuningdek, ilmiy maktabning dolzarb masalalari yuzasidan 20 nafar magistr, 100 dan ortiq quruvchi-muhandis va 25 nafar bakalavr darajasidagi mutaxassislar yetishtirib chiqarilgan. Hozirda respublikamizda qurilish sohasida yagona sanalgan ushbu ilmiy maskanda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan yuborilgan katta ilmiy xodimlar, ilmiy izlanuvchilar va magistrantlar Oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida o‘zlarining doktorlik hamda magistrlik dissertatsiyalari tadqiqotlarini olib bormoqdalar. “Ilmiy birlashma”da ilmiy-tadqiqot va o‘quv jarayonlarini moliyaviy ta’minlash bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bog‘langan holda amalga oshirilmoqda.
S.R. Razzoqov rahbarligida davlat grantlarining ustuvor yo‘nalishlari dasturlari doirasida xalqaro maqomdagi 3 ta amaliy, respublika miqyosidagi muammolar yechimiga qaratilgan 3 ta fundamental, 15 ta amaliy va 2 ta innovatsion loyiha bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli bajarilib, amaliyotga joriy etilgan. Ushbu Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi va uning ilmiy laboratoriyasi faoliyati Vazirlar Mahkamasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, “O‘zstandart” agentligi hamda Sanoat xavfsizligi qat’iy nazorat qilinishini ta’minlash agentligi tomonidan berilgan 5 ta litsenziya, akkreditatsiya attestatlari va rasmiy ruxsatnomalar asosida qonuniy va tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda. Bugungi kunda jahon miqyosidagi dolzarb yo‘nalishlardan biri sanalgan “Noyob binolar va inshootlar qurilishi” sohasi bo‘yicha mas’uliyat darajasi eng yuqori bo‘lgan obyektlarni tadqiq qilish, loyihalash, zavodlarni ishga tushirish, barpo etish hamda ularning ekspluatatsiya holatini baholash kabi 25 turdagi faoliyatni bir joyda jamlagan maxsus konstruktorlik byurosi — “Fazoviy konstruksiyalar, binolar va inshootlar zilzilabardoshligi” ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi MChJda professor S.R. Razzoqov rahbarligida izchil ishlar olib borilmoqda. Jumladan, respublikamiz hamda Samarqand viloyatidagi yirik qurilish konstruksiyalari zavodlarida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu zavodlarning laboratoriyalari “O‘zstandart” agentligi tomonidan attestatsiyadan o‘tkazilib, tegishli rasmiy attestatlar bilan ta’minlangan. Olim va uning jamoasi tomonidan 55 ta sanoat binosi, 40 ta muhandislik inshooti, 60 ta kollej va litsey hamda 80 tadan ortiq maktab binolari loyihalashtirilgan, qurilgan va rekonstruksiya qilingan. S.R. Razzoqovning ilmiy faoliyati davomida erishgan yutuqlari va tadqiqot natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lib, u kishining rahbarligida respublikamiz hamda MDH davlatlarining yetuk olimlari jalb etilgan holda seysmik hududlarda noyob binolar va inshootlar qurilishida tejamkor fazoviy konstruksiyalarni qo‘llash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ilmiy-amaliy natijalar asosida yaratilgan xalqaro maqomdagi 4 ta me’yoriy hujjat bugungi kunda shaharsozlik normasi va qoidalari (ShNQ)ni ishlab chiqishda unumli qo‘llanib kelinmoqda. U Fazoviy konstruksiyalarni qo‘llash bo‘yicha xalqaro “IASS” (Madrid) va “MOO” (Moskva) assotsiatsiyalari a’zosi hamda ularning O‘zbekiston bo‘limi raisidir. S.R. Razzoqov 1997–2004 va 2014–2019-yillar davomida (jami 14 yil) 6 marotaba Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) ekspert kengashi a’zoligiga tayinlangan. Shuningdek, u O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyoti hamda respublikamizda arxitektura va qurilish sohasida chop etiladigan bir qancha ilmiy jurnallarning tahririy hay’ati a’zosidir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zstandart” agentligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining davriy ravishda shakllantiriladigan ilmiy-texnik kengashlari tarkibida faoliyat yuritib kelmoqda. S.R. Razzoqovning ko‘p yillik sermahsul faoliyati davomida uning bevosita tashabbusi bilan institutda 12 ta xalqaro hamda 25 dan ortiq respublika ilmiy-amaliy anjumanlari tashkil etilgan. Shuningdek, xorijning yetakchi ilmiy markazlari bilan 8 ta anglashuv va hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bugungi kunda olim tomonidan asos solingan ilmiy maktab dunyo miqyosidagi dolzarb muammolardan biri — seysmik mintaqa sharoitlarini inobatga olgan holda noyob binolar va inshootlar uchun samarali konstruktiv yechimlar yaratish, ularni tadqiq qilish, loyihalash, barpo etish hamda ekspluatatsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan. Ushbu ilmiy maktab va uning bazasida faoliyat yurituvchi “FKBIZ” ilmiy-ishlab chiqarish majmuasida 7 ta fan sohasi hamda 14 ta ixtisoslik bo‘yicha yetuk fan doktorlari (DSc)ni tayyorlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari — Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Jizzax politexnika instituti va boshqa oliy dargohlar bilan istiqbolli hamkorlik shartnomalari tuzilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ushbu murakkab va dolzarb ilmiy muammolarni amalda hal etish maqsadida S.R. Razzoqov o‘z faoliyati davomida Sankt-Peterburg, Moskva, Kiyev, Chelyabinsk, Tomsk, Samara, Poltava, Kursk, Belgorod, Uzoq Sharq, Minsk, Novocherkassk, Tbilisi, Olmaota, Dushanbe, Bishkek va Toshkent shaharlaridagi yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida 20 marotaba malaka oshirgan va 8 marotaba ilmiy amaliyot (stajirovka) o‘tagan. Olim xorijda o‘tkazilgan qator Xalqaro kongress va simpoziumlarda munosib ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan qatnashgan. U tarafidan ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyanomalar bugungi kunda amaliyotda keng qo‘llanib kelinmoqda hamda oliy malakali fan doktorlari (DSc)ni tayyorlash dasturlarini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.