Rejametova Nilufar Ilxamovna 1979-yil 23-mayda Samarqand shahrida tug‘ilgan. U “Do‘stlik” ordeni (2026-y.), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni (2021-y.), “Xalq ta’limi a’lochisi” (2017-y.), “Madaniyat va san’at fidokori” (2026-y.) hamda xalqaro “O‘z kasbining fidoyisi” (2026-y.) ko‘krak nishonlari va bir qator Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Mehnat faoliyatini 2000-yilda Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 360-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida musiqa rahbarligidan boshlagan va 2010-yilga qadar mazkur muassasada faoliyat yuritgan. 2007-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida bakalavriat, 2010-yilda esa magistratura bosqichida tahsil olgan. 2012-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti “Musiqa ta’limi” kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishlagan. 2016-yilda Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida tayanch doktoranturada tahsil olgan. 2019-yilda 13.00.08 – Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek xalq cholg‘ulari vositasida bolalar ijodkorligini shakllantirish texnologiyalarini takomillashtirish” mavzusida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2020-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti “Musiqa ta’limi” kafedrasi mudiri, 2021-yilda esa “Musiqa madaniyati” fakulteti dekani vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritgan. 2022-yildan hozirgi kunga qadar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti “Musiqiy ta’lim” kafedrasi dotsenti lavozimida mehnat qilib kelmoqda. 2026-yilda 13.00.08 – Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha “Maktabgacha musiqa ta’limida an’ana va novatsiyalar uzviyligini ta’minlashning pedagogik strategiyalari” mavzusida pedagogika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
N.I. Rejametova musiqa ta’limi sohasida ilmiy-uslubiy faoliyatni izchil olib borib, ta’lim mazmuni va metodikasini takomillashtirishga qaratilgan qator ilmiy-uslubiy ishlar muallifi hisoblanadi. Olimaning sohaga oid 100 ga yaqin ilmiy maqolalari “Bola va zamon”, “Xalq ta’limi”, “Maktabgacha ta’lim metodikasi”, “Pedagogik ta’lim”, “Fan va san’at” kabi nufuzli respublika jurnallarida hamda 20 ta xorijiy nashrlarda chop etilgan. 2017-yilda “Xalq ta’limi” ilmiy-metodik jurnalining “Eng faol pedagog-tadqiqotchi” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. N. Rejametova 2013-yilda “Pedagogik grantlar dasturi” sovrindori bo‘lib, o‘zbek va rus tillarida “O‘zbek xalq cholg‘u asboblarini chalishga o‘rgatish metodikasi” nomli metodik qo‘llanmani tayyorlagan va amaliyotga tatbiq etgan. Uning boy ilmiy merosida “Maktabgacha ta’limda musiqa o‘qitish metodikasi” (2021-y.), “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari musiqa rahbarlarining kasbiy mahoratini rivojlantirish” (2020-y.) kabi o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek, “Pedagogicheskiye strategii preyemstvennosti traditsiy i novatsiy v doshkolnom muzikalnom obrazovanii” (2025-y.) monografiyasi hamda o‘zbek tili lotin alifbosida chop etilgan “Maktabgacha ta’limda musiqa o‘qitish metodikasi” (2025-y.) darsligi alohida va muhim o‘rin egallaydi. Mazkur ilmiy-metodik ishlar tizimda musiqa ta’limi jarayonini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etishga, bolalarning individual xususiyatlari, iqtidori va qobiliyatini aniqlash hamda ularni samarali rivojlantirishga xizmat qiladi. N. Rejametova tashabbusi bilan 2003-yilda tashkil etilgan va rahbarlik qilib kelinayotgan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalardan iborat “Asaloy” o‘zbek xalq cholg‘u ansambli respublika va xalqaro tanlov hamda festivallarda faol ihtirok etib, sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lib kelmoqda. Jumladan, “Navro‘z sadolari” xalqaro ko‘p ovozli milliy cholg‘u ansambl va orkestrlari festivali hamda “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalida erishgan yutuqlari bilan e’tirof etilgan. Ansambl faoliyati bolalarni o‘z halkining musiqiy an’analari, madaniy merosi va tarixiy qadriyatlari bilan tanishtirish, shuningdek, boshqa xalqlar madaniyatiga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib, ularning nafosat tuyg‘usi, ma’naviy-axloqiy qarashlari va madaniy dunyoqarashini shakllantirishga hissa qo‘shmoqda. N. Rejametovaning maktabgacha musiqa ta’limi sohasida milliy an’analarni zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan ilmiy izlanishlari xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilgan. Xususan, 2017-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Siān shahrida o‘tkazilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro san’at festivali doirasidagi ilmiy simpoziumda uning “Maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘zbek xalq cholg‘ularini chalishga o‘rgatishda Buyuk ipak yo‘li an’analarini tiklash” mavzusidagi ma’ruzasi eng yaxshi ilmiy ma’ruzalardan biri deb topilib, diplom bilan taqdirlangan. N. Rejametovaning xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish va musiqa ta’limi sohasida ilg‘or pedagogik tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasidagi faoliyati keyingi yillarda yanada kengaydi. Jumladan, 2021-yil 10-mart kuni Belarus davlat pedagogika universiteti Estetik ta’lim fakultetida onlayn shaklda o‘tkazilgan “Madaniy-ma’rifiy loyiha: hamkorlik qilamiz va birgalikda yaratamiz” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida Belarus, Rossiya, O‘zbekiston, Italiya, Polsha va Xitoydan olimlar hamda pedagoglar ihtirok etdilar. Mazkur xalqaro anjumanda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Musiqa ta’limi kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent N. Rejametovaning ma’ruzasi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi va musiqa ta’limi sohasidagi dolzarb ilmiy yondashuvlardan biri sifatida baholandi. Xalqaro ilmiy hamkorlikning izchil davomi sifatida 2021-yil 26-may kuni Rossiya Federatsiyasi Udmurtiya Respublikasidagi V. G. Korolenko nomidagi Glazov davlat pedagogika instituti Musiqa ta’limi kafedrasi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Musiqa madaniyati fakulteti o‘rtasida birinchi onlayn ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida har ikkala oliy ta’lim muassasasining musiqa ta’limi sohasidagi faoliyati taqdim etildi, o‘quv fanlarini o‘qitish mazmuni va metodikasi yuzasidan tajriba almashildi. Mazkur ilmiy yo‘nalishdagi izlanishlarining mantiqiy davomi sifatida, 2021-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Siān shahrida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro san’at festivali doirasida ilk bor tashkil etilgan xalqaro ilmiy simpoziumda ihtirok etib, “Sushchnostniye xarakteristiki vzaimodeystviya traditsiy i sovremennosti v doshkolnom muzikalnom obrazovanii i vospitanii” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi. Ushbu ma’ruza ham simpoziumning eng yaxshi ilmiy ishlaridan biri sifatida e’tirof etilib, diplom bilan taqdirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirari to‘g‘risida”gi PQ-4884-son qarori ijrosi yuzasidan N. Rejametova tomonidan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim tizimlarida musiqa ta’limining uzviyligini ta’minlash konsepsiyasi”ni yaratishda Ishchi guruh rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Bevosita uning tashabbusi bilan “Musiqa ta’limining uzluksiz ta’lim dasturlari majmuasi” yaratildi. N. Rejametova 2021-yilda “Maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim o‘quv dasturlari va fanlarning uzluksizligini va uzviyligini ta’minlash” loyihasi doirasida “Musiqa” fani bo‘yicha ishchi guruh rahbari sifatida faoliyat olib bordi. N. Rejametova 2020-yildan shu kungacha mamlakatimizda ta’lim va tarbiya jarayonidagi barcha komponentlarning zamonaviylashuvi, jadal yangilanishi pedagoglarga qo‘yiladigan kasbiy talab plankasini yanada yuqoriga ko‘tarishda O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan hamkorlikda “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari musiqa rahbarlarining kasbiy mahoratini rivojlantirish” mavzusidagi modulli seminarni olib boradi. N. Rejametova xalqaro hamkorlik va ilmiy faoliyatda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2022-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Siān shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda ekspert hay’ati a’zosi sifatida qatnashgan. Shuningdek, 2024-yilda Qozog‘iston Respublikasining Shımkent universiteti bilan hamkorlik doirasida akademik mobillik dasturi asosida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar, shuningdek, mahorat darslarini o‘tkazib, tegishli sertifikat va tashakkurnoma bilan taqdirlangan. Ushbu faoliyatlar bilan bir qatorda, u 2025-yilda Kembrij xalqaro tashkiloti ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro o‘quv-treninglarda ishtirok etib, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda musiqa fani bo‘yicha milliy o‘quv dasturlarini qayta ishlab chiqish jarayonida ishchi guruh raisi sifatida samarali faoliyat yuritgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yildagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Nilufar Ilxamovna Rejametova sohani rivojlantirish hamda yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Bu mukofot nomzodning pedagogik va ijodiy faoliyati davlat miqyosida yuqori baholanganining yaqqol dalilidir. N. Rejametovaning ilmiy-ijodiy faoliyatida maktabgacha ta’lim tizimida musiqiy tarbiya jarayonini takomillashtirish, bo‘lajak pedagog kadrlarni tayyorlash hamda musiqa san’ati va ta’lim amaliyoti o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlash muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. 2020-yildan boshlab N. Rejametova tashabbusi bilan O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi qoshida “Ijodiy ustaxona” tashkil etildi. Ushbu ijodiy-uslubiy maydon doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining musiqa rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, pedagoglar hamda san’at sohasi vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar va davra suhbatlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. “Ijodiy ustaxona” ta’lim tizimining turli bosqichlari o‘rtasida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlovchi muhim ijodiy-uslubiy platforma vazifasini bajarib kelmoqda. Uning faoliyati doirasida maktabgacha yoshdagi bolalarning musiqiy qobiliyatlarini rivojlantirish, milliy musiqa merosini o‘rganish va targ‘ib etish, musiqa rahbarlarining kasbiy mahoratini oshirish, shuningdek, talabalarning amaliy tayyorgarligini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tadbirlarda O‘zbekistonning taniqli kompozitorlari va bastakorlari bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib, ular orqali ishtirokchilar milliy musiqa ijodkorligi, zamonaviy asarlar yaratish jarayoni va o‘zbek musiqa san’atining boy an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. “Ijodiy ustaxona” faoliyati doirasida amalga oshirilgan mazkur ishlar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida musiqiy ta’lim sifatini oshirish, musiqa rahbarlarining ilmiy-ijodiy salohiyatini rivojlantirish, talabalarning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirish hamda ta’lim va san’at sohalari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. N.I. Rejametova musiqa ta’limi sohasida maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim va malaka oshirishgacha bo‘lgan uzluksiz tizimning barcha strategik bo‘g‘inlarida samarali faoliyat yuritmoqda. Olima o‘z tadqiqotlarida musiqa ta’limida an’ana va novatsiyalar uzviyligini ta’minlashning pedagogik strategiyalariga tayanib, etnomadaniy qadriyatlarni ilg‘or avangard yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan holda an’anaviy o‘zbek musiqasini saqlash, qadrlash va zamonaviylashtirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Natijadorlikka yo‘naltirilgan ilmiy maktabi evaziga u soha bo‘yicha doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilib, yuqori malakali kadrlar tayyorlamoqda. Murabbiyning bevosita rahbarligida shogirdlari orasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat stipendiatlari va xalqaro tanlovlar g‘oliblari yetishib chiqayotgani mazkur faoliyatning tizim uchun yuqori amaliy ahamiyatini yaqqol tasdiqlaydi.