Kamoljon Shadimetov 1950-yil 3-mayda Chimkent viloyatining Sayram tumani Sayram qishlog‘ida (hozirgi Chimkent shahri) tug‘ilgan. U xizmatlari uchun Ittifoqning “Shavkatli mehnati uchun” medali, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” fahriy unvoni, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 1 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 10 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishonlari sohibi. Kasaba uyushmalari Butunittifoq, Markaziy, O‘zbekiston Respublikasi Kengashi va Toshkent viloyati Kengashlari hamda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashlari Faxriy yorliqlari, ko‘krak nishonlari, Qozog‘iston xalqi Assambleyasi o‘zbek millati etnomadaniyati “Do‘stlik” hamjamiyatining “Do‘stlik” medali va 30-yilligi, Turon FAning 10-yilligi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. O‘rta maktabni 1967-yilda tugallab, mehnat faoliyatini Sayram remont zavodida ishchi bo‘lib boshlagan; 1968-yili O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatiga borib, “Sotsializm” davlat xo‘jaligi MTPida chilangir (slesar) bo‘lib ishlagan; 1969–1973-yillarda Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi Toshkent viloyati qurilish trestining PMK-1 qurilishida ishchi va Toshkent qishloq xo‘jaligini sug‘orish va mexanizatsiyalash muhandislari institutining (kechki va kunduzgi bo‘limi) talabasi bo‘lib, institutni tamomlagan; 1973–1979-yillarda O‘zbekiston Sovxozlar vazirligining “Glavskotoprom”, “Glavjivprom” trestlari va “Gosseltexnadzor” boshqarmalarida katta va yetakchi muhandis vazifalarida faoliyat yuritgan; 1979–1984-yillarda Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi xodimlari kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari etib saylangan; 1984–1985-yillarda Toshkent viloyati kasaba uyushmalari Kengashining Agrosanoat bo‘limi mudiri etib tayinlangan; 1985–1999-yillarda Toshkent viloyati Agrosanoat xodimlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. Shu aralash, Toshkent Politologiya institutini siyosatshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha sirtdan tamomlagan va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan; 1999–2001-yillarda Toshkent viloyatining Mehnat, aholini ish bilan ta’minlash hududiy boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari etib tayinlangan; 2001–2003-yillarda “Madad” sug‘urta agentligining Toshkent viloyati filiali direktori vazifasini bajargan; 2003–2006-yillarda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshkent viloyati hududiy birlashmasi raisi etib saylangan; 2006–2009-yillarda O‘zbekiston Oqsoqollar Kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent viloyati boshqaruvi raisi etib saylangan; 2007-yildan O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi vazifasiga ham saylangan. 2009-yildan boshlab ushbu lavozimga to‘liq o‘tib, 2015-yilgacha shu vazifaga qayta-qayta muddatga saylangan (shu bilan birga 2013-yildan boshlab “CAPS” MCHJ mebel furniturasi korxonasi Bosh direktori vazifasini ham bajargan); 2016-yil 18.01 dan 31.05 gacha “Kamolon Darvoza” mahallasiga raislik qilgan. 2016-yil may oyidan pensiyaga chiqqan. Shundan buyon 2026-yilgacha O‘zbekiston “Adolat” SDP Faxriylar Kengashi raisi va “Innovatsiya, muqobil energetika targ‘iboti markazi” rahbari vazifasini bajarib keladi. 21 ta turli mavzulardagi kitoblar muallifi. Muqobil energetika targ‘iboti bo‘yicha davlat granti doirasida “Muqobil energiya manbalaridan foydalanish va uning iqtisodiy istiqbollari” va “Muqobil energiya rivoji — kuchli ijtimoiy himoya omili” kitoblarini nashri uchun davlat grantlariga sazovor bo‘lgan. Shu mavzuda 5 ta kitob va 50 ga yaqin maqolalar va ishlanmalar muallifi. Shuningdek, muqobil energiya manbalaridan foydalanish targ‘iboti bo‘yicha tashabbuslari uchun sertifikat va diplomlar berilgan. Ushbu ijodiy va amaliy faoliyati yuzasidan Rossiya Xalqaro ekologiya, inson va tabiat xavfsizligi akademiyasining haqiqiy a’zosi — akademik unvoniga sazovor degan qaror qabul qilingan. Izlanish va tadqiqotlar natijasida tayyorlangan “Suzuk ota izidan” asari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Qatar, AQSh, Malayziya, Indoneziya mamlakatlariga tarqatilgan va e’tirof etilgan. Maktablar, oliygohlar, masjid, madrasalar, muzey va kutubxonalar hamda qiziquvchi kitobxonlarga 1000 nusxasi tarqatilgan. Qozoq, malay hamda ingliz tillariga tarjima qilinishi belgilangan. Buning taqdimotlari ko‘plab muhim maskanlarda o‘tkazilib, yuqori baholangan. Jumladan, “Sohibqiron Amir Temur avliyolar yurtida” deb nomlangan asari Janubiy Qozog‘iston va O‘zbekistonliklarda katta qiziqish uyg‘otgan. Samarqanddagi Pedagogika universitetida bo‘lib o‘tgan Xalqaro konferensiyada ma’ruzasi matni (118–122-betlarida) kiritilgan. Ushbu to‘plamning “Adolat — hayotimizning bosh mezon” nomli maqolasi bilan Amir Temur bobomizning 690-yilligiga bag‘ishlangan izlanish va tadqiqotlar bo‘yicha xulosalarni bilib olish mumkin. Faoliyati davomida turli sohalarda ishlagani uchun shu sohalarning muammolarini o‘rganib, tadqiqotlar olib borib, ilmiy-ommabop kitoblar nashr ettirib, to‘plam, broshyura, albom, bukletlar, slaydlar, plakatlar hamda gazetalar va jurnallar, radio va televideniyeda 300 ga yaqin maqolalar e’lon qilgan va chiqishlar qilgan. A. Yassaviy, Suzuk ota va Raushanbek tabib hayoti hamda faoliyatiga bag‘ishlangan filmlar suratga olinishida asarlari orqali ilmiy maslahatchi bo‘lgan. Muqobil energetika targ‘iboti bo‘yicha kitoblari o‘rta maxsus ta’lim o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilmoqda. Ushbu soha rivoji hozir hammaga ayon. Muqobil energetika targ‘iboti bo‘yicha taklifi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’qullangan va targ‘ibot ishlarini kengaytirish uchun 50 mln so‘m pul mablag‘i ham ajratilgan. Qator Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ma’ruzalar va maqolalar bilan qatnashgan. Jumladan, Samarqanddagi jadidchilarning yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 150-yilligi va Sayramdagi taniqli tarixchi olim, Turon FAning akademigi, professor Mirahmad Mirholdorovning 90-yilligiga bag‘ishlangan konferensiyalarda qatnashib, muhim tarixiy voqeliklarni tadqiq qilib, “Suzuk ota izidan” kitobi orqali kengroq, haqiqiy manbalar asosida ochib berishga muvaffaq bo‘lgan.
M. Behbudiy hayot faoliyati bo‘yicha tayyorlagan ma’ruzasi va maqolasi konferensiya ishtirokchilari hamda tashkilotchilarida katta qiziqish uyg‘otgani uchun tayyorlangan to‘plamning birinchi maqolasi etib kiritilgan. M. Mirholdorov ijodini chuqur o‘rganib, “Suzuk ota izidan” kitobidan foydalanib, uning faoliyatining ilgari ma’lum bo‘lmagan qirralarini ochgani uchun shogirdi sifatida “Bebaho meros” kitobining tahririyati tarkibiga kiritilgan hamda Turon FA Rayosati (Prezidiumi) qaroriga ko‘ra, Akademiyaning haqiqiy a’zosi (akademigi) etib saylangan. Shuningdek, muqobil energetika manbalaridan foydalanish bo‘yicha faoliyati yuqori baholanib, professor unvoni berilgan. “Suzuk ota izidan” kitobi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi kitoblar fondiga taqdimot (hadiya) asosida qabul qilingan va Markaz direktori Sh. Abduhalikovning “Tashakkurnoma”si bilan taqdirlangan.
Shuni qayd etish mumkinki, o‘zidagi eng oxirgi “Suzuk ota izidan” kitobini “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2026-yil 14-martdagi A. Navoiy va Z. M. Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbirida Yozuvchilar uyushmasiga sovg‘a qilgan. Shuningdek, M. Mirholdorovning “Bebaho meros” kitobini M. Mirholdorovning farzandlari bilan birga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidga taqdim etgan. Sirojiddin Sayyid o‘z navbatida ularga yangi nashrdan chiqqan “Yarim asr devoni” kitobini ehtirom ila sovg‘a qilgan. Ular bunday e’tirof va e’tibordan nihoyatda mamnun bo‘lishgan. Shu bilan birga, uyushma raisi unga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlik qilishni hamda uyushmaga a’zo bo‘lishni taklif etgan. Bu takliflarni mamnuniyat bilan qabul qilib, a’zo bo‘lish uchun tegishli hujjatlarni topshirgan. Ma’lumki, fan va tibbiyot uchun ilmiy, asoslangan tahlil kerak. Har ikkisiga ham tajriba va faraz, qiyos va tahlil juda zarur. Jumladan, tibbiyotda qon tarkibini aniqlash orqali olinadigan qon tahlillari shular jumlasidandir. 2022-yilda akademiklar Saidahror Saidahmedovich G‘ulomov va Kamoljon Shadimetovning “Iqtisodiyot va ta’lim” jurnalida “Insonda yashirin ochlikni qisqartirish — sog‘lom umrni uzaytirish va aql-zakovatni rivojlantirishning asosiy omili” nomli maqolasi chop etilgan. Ushbu QR-kodni skanerlab, maqolaning to‘liq matni bilan tanishish mumkin (rasmda). Maqolada soch tolasidan namuna olib, bosh miya va tanadagi mavjud moddalarning yetarli yoki etishmasligini aniqlaydigan tahlil markazidan foydalanish, ya’ni Moskvadagi Skalniy markazi usulini qo‘llagan holda uning filialini O‘zbekistonda ham ochish zarurligi taklif etilgan. Ilgari surilgan ushbu xorijiy usul va bildirilgan fikrlarni amalga oshirgan holda, O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib an’anaviy qon topshirish (stressli, og‘riqli) usulini qo‘llamay, soch tolalaridan namuna olib, inson tanasi uchun zarur bo‘lgan moddalar (kalay, magniy, yod va boshqa elementlar) miqdorini hamda zararli va radioaktiv moddalarning mavjudligini (1 gramm soch tolasidan nafaqat foydali, balki zararli elementlarni ham) aniqlaydigan “Neutron nutrition” tahlil NAD-TS markazi tashkil etildi. Kasaliklarning biomarkerlarini aniqlaydigan “Neutron nutrition” tahlil markazida (NAD-TS) bo‘lgan akademiklar S. G‘ulomov va K. Shadimetov NAD-TS markazi rahbari Shukurona Saidova bilan uchrashib, aholi uchun shunday katta qulaylik yaratganliklari bilan tabrikladilar hamda tahlil uchun soch tolalaridan namuna topshirdilar (suratda muloqot jarayoni). K. Shadimetov ikki o‘g‘il va bir qizning otasi hamda olti nafar nevara va olti nafar chevaraning bobosidir. O‘g‘li Ilhom Shadimetov — oliy ma’lumotli, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va AQShning Michigan universitetida tahsil olgan, fan nomzodi, Energetika vazirligida bo‘lim boshlig‘i va I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali o‘qituvchisi; Qizi Shahnoza Shadimetova — Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgan, tikuvchilik sohasida tadbirkor; O‘g‘li Ikrom Shadimetov — magistr, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgan, quruvchi-tadbirkor. Turmush o‘rtog‘i nafaqada (pensioner), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Kadrlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Hozirda u oldiga yanada ulkan maqsadlar qo‘ygan. Xususan, buyuk ajdodlaridan qolgan tarixiy merosni, qadimiy tabobat va zamonaviy tibbiyot sirlarini o‘rganish hamda ularning o‘zaro integratsiyasini tadqiq etish ustida izlanmoqda. K. Shadimetov tashabbusi bilan partiyada “Iste’dod” klubi tuzilgan. Uning iste’dodli a’zolari tanlovlarda aniqlanib, ixtirochilik ishlarini hayotga joriy etishda ularga amaliy yordam berilgan. Jumladan, chiqindidan biogaz olish texnologiyasi o‘rganilib, uning namoyish varianti yasalgan va sinab ko‘rilgan hamda “O‘zekspomarkaz”da 7 marotaba namoyish qilingan. Hozirda viloyatlarda uning mahalliy sharoitda yasalgan qurilmalari shogirdlari tomonidan qurilib, ishga tushirib berilmoqda. Shuningdek, tabobatda akademik-tabib Raushanbek Teshabayevning faoliyatini o‘rganishda ilmiy maslahatchi sifatida ishtirok etib, uning “Maqsadim — xalqimiz salomatligi” kitobi nashr etilishida va hujjatli film suratga olinishida, hamda Xoja Ahmad Yassaviy, Suzuk ota va Ahmad Yassaviyning 110 yoshli avlodi Ibrohim otaning faoliyatini o‘rganib, hujjatli filmlar yaratilishida ilmiy maslahatchi bo‘lib qatnashgan.
Turon Fanlar akademiyasining 2026-yil apreldagi (1/64-26-sonli bayonnoma) qarori bilan “Turonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” xalqaro unvoni berilgan. Ushbu tadqiqotlarini yangi kitoblar holida nashr etish va bu borada yoshlarga amaliy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish niyatida. Zero, ilm yo‘lidagi intilish — umr mazmunidir.