Olim

MATLAB TEMIROVA

Texnika fanlari nomzodi, professor

Matlab Temirova 1958-yil 2-oktabrda Buxoro viloyatining Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1981-yilda Buxoro qorako‘l teri oshlash zavodida bo‘yash sexi laboranti sifatida boshlagan. Ish faoliyati davrida ikki marta Buxoro shahar Soveti deputatligiga saylangan. 1986-yildan boshlab Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutining taklifiga binoan “Tabiiy va kimyoviy tolalarni yigirish” kafedrasida assistent, 1988-yildan “Yengil sanoat texnologiyasi va jihozlari”, 1993-yildan “Charm va mo‘yna texnologiyasi” kafedralarida katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat olib bordi. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutida respublikamizda birinchi marta “Charm va mo‘yna texnologiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu sohaning ochilishiga ustoz, dotsent Toirov Muhammad-Rizo Shamsiddinovich katta hissa qo‘shgan bo‘lib, M. Temirova ushbu yangi yo‘nalishning birinchi mutaxassis pedagog-o‘qituvchisi sifatida kafedrada ish faoliyatini yuritgan. Respublikamizda bu sohani rivojlantirish va kadrlar tayyorlashda M. Temirovaning alohida o‘rni bor. U 2000-yil 15-aprelda “Mahalliy preparatlar va ikkilamchi mahsulotlar asosida charmni oshlash va pardozlash uchun samarali kompozitsiyalar yaratish va ularni olish texnologiyasi” mavzusidagi ilmiy ishini O‘zbekiston Respublikasi “Fan va taraqqiyot” ilmiy-texnologik majmuasi huzuridagi Ixtisoslashgan ilmiy kengashda 02.00.16 — “Kompozitsion materiallar kimyosi va texnologiyasi” ixtisosligi bo‘yicha texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2005-yildan institutda To‘qimachilik va yengil sanoat fakulteti dekani lavozimida ish faoliyatini olib borgan. Fakultetda faoliyat yuritish davomida oilali ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va ish faoliyatini oilaviy hayoti bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratdi. Ayollarning shaxsiy rivojlanishi uchun psixologik maslahatlar, treninglar va motivatsion uchrashuvlar tashkil etildi. Bu ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini oshirish va hayotda faol bo‘lishlariga yordam berdi. M. Temirova faoliyati davomida yoshlarning tadqiqot ishlariga rahbarlik qilib, “Mahalliy xomashyolar asosida charm va mo‘yna ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan kompozitsion materiallarni olish va ularning texnologiyasi” yo‘nalishidagi ilmiy ishlar asosida nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi, 2 ta patent olindi, 4 ta monografiya, 2 ta darslik hamda 5 ta o‘quv qo‘llanma chop etildi. Davlat ilmiy-texnika dasturlarida bajariladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar bo‘yicha bir necha davlat va xalqaro grantlar ishtirokchisi.

M. Temirova rahbarligida ko‘plab magistrlar tayyorlangan, ular tomonidan bajarilgan magistrlik ilmiy-tadqiqot ishlari turli nufuzli tanlovlarda ishtirok etgan va faxrli o‘rinlarni egallagan. Uning rahbarligida 3 nafar talaba Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan (Rustamov Bobirjon, Norova Durdona, Narzullayeva Munavvar). M. Temirova institut, fakultet va kafedra miqyosida o‘tkazib kelinayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning faol tashkilotchisi bo‘lib, talabalar hamda pedagog xodimlar orasida dolzarb mavzulardagi bir qator tadbirlarni tashkil etgan. Jumladan, 1999–2003-yillarda fakultet, 2003–2005-yillarda esa institut Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasida faoliyat yuritgan. Matlab Temirova 2000-yildan kafedra mudiri lavozimida ishlash bilan bir qatorda, kafedrada “Mahalliy va ikkilamchi mahsulotlar asosida polimer kompozitsion materiallar yaratish” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirgan. Ushbu kafedra bitiruvchilari bugungi kunda respublikamizning ko‘pgina oliy ta’lim muassasalarida dekan, dekan o‘rinbosari, professor, dotsent hamda turli korxona va tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida mehnat qilib kelmoqda. 2005–2013-yillarda To‘qimachilik va yengil sanoat fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritdi. 2005-yilda respublikada birinchi marotaba charm va mo‘yna texnologiyasi mutaxassisligi uchun o‘zbek tilida “Charm va mo‘yna texnologiyasi” nomli o‘quv qo‘llanmasi chop etilgan hamda respublikaning barcha turdosh oliy ta’lim muassasalariga tarqatilgan. Ushbu o‘quv qo‘llanma 2008-yilda “Eng yaxshi o‘quv darsligi” nominatsiyasi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2-darajali diplomiga sazovor bo‘lgan. M. Temirova Germaniyaning “VolkswagenStiftung” fondining “An’analarni modernizatsiyalash: O‘zbekiston to‘qimachilik an’anaviy madaniyatlari — hozirgi zamonning muhim iqtisodiy va madaniy merosi” mavzusidagi xalqaro granti ishtirokchisidir.

2005–2013-yillarda Buxoro shahrida an’anaviy tarzda (2001-yildan boshlab) o‘tkazib kelingan xalqaro va respublika miqyosidagi “Ipak va ziravorlar” festivali, milliy liboslar namoyishi hamda hunarmandchilik va savdo yarmarkalarida Buxoroning tarixiy Ipak yo‘li markazi sifatidagi ahamiyatini aks ettirish, milliy hunarmandchilik, savdo hamda madaniy merosni targ‘ib qilish maqsadida ipak mahsulotlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda To‘qimachilik va yengil sanoat fakulteti qizlari milliy liboslar va zamonaviy dizayn yo‘nalishidagi moda ko‘rik-tanlovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rib qatnashdilar. Natijada fakultet talabalari nafaqat viloyat bosqichlarida, balki respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda ham iftixorli o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Amalga oshirilgan samarali ishlar hamda yuqori natijalar uchun fakultet jamoasi va faol talabalar respublika tanlovlari tashkilotchilari hamda viloyat rahbariyati tomonidan faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.



Viloyat oliy ta’lim muassasalari bosqichida ayol professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritish — bu nafaqat shaxsiy mahorat, balki intellektual salohiyat, sabr-toqat va strategik fikrlashning yuksak namunasidir. Bu yutuq orqali ishtirokchi o‘zining bilim va tajribasini namoyon etib, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarning ham yuqori natijalarga erisha olishini isbotladi. Shu bilan birga, respublika miqyosida Buxoro viloyati nomidan ishtirok etib, ayollar o‘rtasidagi shaxmat musobaqasida faxrli 3-o‘rinni egallash — katta sharaf va mas’uliyatli natija hisoblanadi. Bu yutuq nafaqat shaxsning o‘zini, balki butun viloyat nufuzini oshirishga xizmat qildi. Mazkur muvaffaqiyat ayollarning ilm-fan va sportdagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini, ularning intellektual salohiyati va raqobatbardoshligi yuqori darajada ekanini yaqqol namoyon etadi. Bunday yutuqlar yosh avlod uchun ham ilhom manbai bo‘lib, ularni bilim olishga va sport bilan shug‘ullanishga undaydi. M. Temirova 2018-yilda D. I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetida bo‘lib, u yerdagi o‘quv jarayonlari bilan tajriba almashdi hamda lak-bo‘yoq kompozit materiallari va qoplamalari texnologiyasi, polimer yopishtiruvchi moddalar, germetiklar va birikmalar texnologiyasi bo‘yicha malakasini oshirdi.

M. Temirova kafedrada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot, o‘quv-uslubiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda faol ishtirok etadi va dars mashg‘ulotlarini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida olib boradi. U o‘quv jarayonini samarali tashkil etish bilan bir qatorda, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga ham katta e’tibor qaratib kelayotgan fidoyi pedagogdir. Nafeqat dars berish, balki yoshlarni har taraflama kamol toptirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan tajribali murabbiy sifatida M. Temirova talabalarni bilimli, ijodkor va mustaqil fikrlaydigan shaxs etib tarbiyalashga alohida ahamiyat beradi. Uning rahbarligida talabalar intizomi, odobi, tashabbuskorligi, mehnatsevarligi hamda bilimga bo‘lgan chanqoqligi bilan ajralib turadi. Ustoz o‘zining yuksak mas’uliyati, mehr-oqibati va kasbiga sadoqati orqali guruh talabalarini tarbiyalashda katta fidoyilik namoyon etmoqda. Bu esa uning pedagogik mahorati hamda insonparvarlik fazilatlarining yorqin ifodasidir. M. Temirova 2023-yil 7-maydan universitetning “Kimyo texnologiyasi” kafedrasi professori sifatida o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. 2026-yilda uning ilmiy rahbarligida “Qorako‘l terilariga ishlov berishda sut mahsulotlari chiqindisini qo‘llash texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. M. Temirova 147 ta ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar e’lon qilgan. Shulardan yakka mualliflikda 1 ta, hammualliflikda 5 ta monografiya, yakka mualliflikda 2 ta darslik va 2 ta o‘quv qo‘llanma, hammualliflikda 3 ta o‘quv qo‘llanma chop ettirgan. Jami 114 ta ilmiy va 36 ta o‘quv-uslubiy ishlar muallifidir. Uning hammuallifligida tayyorlangan ishlar uchun Rossiya Federatsiyasining 1 ta sanoat namunasiga ixtiro patenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 6 ta elektron ta’lim resursiga intellektual mulk guvohnomalari berilgan. Shundan pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan asosiy ishlar: 1. Charmni pardozlash uchun samarali kompozitsiyalar yaratish (Monografiya). — Buxoro: Buxoro viloyat bosmaxonasi MChJ, 2020. — 128 b. (Hammuallif: Xaydarov A.A.); 2. Разработка эффективных композиций для дубления и отделки кож (Монография). — Россия: Lambert, 2021. — 118 с. (Hammualliflar: Haydarov A.A., Jamilova N.Q.); 3. Ftalimidometilmetakrilat sopolimerlari asosida polimer kompozitsiyalar olish va ularning xossalarini o‘rganish (Monografiya). — Buxoro: “Durdona” nashriyoti, 2021. — 100 b. (Hammualliflar: Haydarov A.A., Xudoynazarova G.A., Haydarova H.A.); 4. Tarmoq kimyosi va texnologiyasi (Darslik). — Toshkent: “Dizayn-Press” MChJ nashriyoti, 2013. — 327 b.; 5. Charm va mo‘yna texnologiyasi (O‘quv qo‘llanma). — Toshkent: “Paradigma” nashriyoti, 2018. — 340 b. (Hammualliflar: Musayev S.S., Qodirov T.J.); 6. Qoplama hosil qiluvchi polimerlar kimyoviy nazariy asoslari (O‘quv qo‘llanma). — Buxoro: “Umid” nashriyoti, 2023. — 140 b.; 7. Charm va mo‘yna texnologiyasi (Darslik). — Buxoro: “Umid” nashriyoti, 2023. — 188 b.; 8. Mahalliy va ikkilamchi xomashyolar asosida charmni oshlash va pardozlash uchun samarali kompozitsiyalar yaratish (Monografiya). — Buxoro: “Umid” nashriyoti, 2024. — 148 b.; 9. Polimer kompozitsion materiallar yaratish asoslari (O‘quv qo‘llanma). — Buxoro: “Ipak yo‘li” nashriyoti, 2025. — 188 b. U “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni (2011-y.), I darajali “Mehnat faxriysi” (2024-y.) va “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonlari (2025-y.) hamda bir qator Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. M. Temirova doimiy ravishda o‘z pedagogik malakasi va ilmiy-nazariy saviyasi ustida ishlab kelmoqda. U to‘g‘risoz, ma’naviy yetuk, jamoa orasida yuksak obro‘-e’tiborga ega inson. U institut, fakultet va kafedra jamoat ishlarida faol ishtirok etish bilan birga, institut jamoatchilik kengashi raisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.