Zoitjon Tilaboyev 1948-yilda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on shahrida dehqon oilasida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) Biologiya-tuproqshunoslik fakultetini “Biokimyo va biofizika” ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. U biologiya fanlari doktori, professor. Z. Tilaboyev o‘z ilmiy faoliyatini 1967-yilda ToshDU Kimyo fakultetidagi “Organik kimyo” kafedrasida (akademik I. P. Sukervanik rahbarligi ostida) laborant sifatida boshlagan. U 1973-yilda akademik B.O. Toshmuhamedov va kimyo fanlari doktori, professor A.K. Toshmuhamedova rahbarligida bajarilgan “Ayrim membrana-faol birikmalarning sintezi va tadqiqi” mavzusidagi diplom ishini himoya qilgan. Mazkur izlanish respublikada endigina shakllanayotgan “Bioorganik kimyo” yo‘nalishidagi dastlabki diplom ishlaridan biri bo‘lgan edi. O‘zR FA Bioorganik kimyo bo‘limi tashkil topgach, Z. Tilaboyev professor H.A. Aslonov rahbarlik qilayotgan Organik sintez laboratoriyasida, keyinchalik esa akademik A. Abduvohobov rahbarligidagi Fosfororganik birikmalar laboratoriyasida o‘z ilmiy faoliyatini davom ettirdi. 1976-yilda O‘zR FA Bioorganik kimyo bo‘limi rahbariyatining tavsiyasiga ko‘ra, Z. Tilaboyev Leningrad (Sankt-Peterburg) shahridagi sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasining I. M. Sechenov nomidagi Evolyutsion fiziologiya va biokimyo instituti maqsadli aspiranturasiga o‘qishga kirdi va 1980-yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1998-yilda olim 02.00.10 — “Bioorganik kimyo, tabiiy va fiziologik faol moddalar kimyosi” ixtisosligi bo‘yicha “Zararkunanda hasharotlar esterazalarining o‘ziga xos bo‘lgan substratlik mosligi va ingibitorlarga nisbatan sezuvchanlik xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning keng ko‘lamli tadqiqotlari zararli hasharotlarga qarshi ekologik xavfsiz o‘simliklarni himoya qilish vositalarini yaratish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, bu jarayonda ularning issiqqonli organizmlar va zararli bo‘g‘imoyoqlilarga biologik ta’sir mexanizmlari chuqur o‘rganildi. Qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanilayotgan sintetik preparatlar tanlab ta’sir etish xususiyatiga ega emas. Ular nafaqat zararkunanda hasharotlar, balki issiqqonli organizmlar, shu jumladan inson uchun ham zaharli hisoblanadi. Bundan tashqari, ular atmosfera havosi, suv havzalari va tuproqni ifloslantiradi. Bu kimyoviy moddalar tirik organizmlarning asab tizimida joylashgan atsetilxolinesteraza fermentining biologik faolligini susaytiradi, bu esa oxir-oqibat o‘limga olib keladi. Shu sababli olib borilgan tadqiqotlar faqatgina zararkunanda hasharotlargagina tanlab ta’sir qiluvchi insektitsid preparatlarini yaratishga qaratildi. Tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishi hasharotlar organizmida asab impulslarining o‘tkazilishiga ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega bo‘lgan ko‘plab fosfororganik birikmalarni (FOB) izlash va sintez qilishdan iborat bo‘ldi. O‘tkazilgan izlanishlar natijasida sutemizuvchilar va bo‘g‘imoyoqlilar — jumladan, donli ekinlar shirasi (bitlar), o‘rgimchakkana, quruqlikda yashovchi mayda tunlamlar va boshqa zararkunandalarning xolinesteraza fermenti faol markazi tuzilishidagi farqlarni aniqlash imkonini beruvchi muhim ma’lumotlar olindi. Bu holat hasharotlarning insektitsidlarga chidamliligi muammosini hal etish imkoniyatini berdi, chunki o‘rgimchakkana va kuzgi tunlam fermentlarining faolligini pasaytiruvchi ayrim FOBlarning amalda qo‘llaniladigan mezulol, dorsan, karbofos hamda rogor kabi insektitsidlarga nisbatan kuchaytiruvchi (aktivlashtiruvchi) ta’siri aniqlandi. Mazkur izlanishlarning istiqboli va amaliy ahamiyati aynan shu jihat bilan izohlanadi. Olingan FOBlarni tanlab ta’sir etuvchi insektokaritsidlar sifatida qo‘llash taklif etildi. Shu sohadagi ilmiy izlanishlarni yanada kengaytirish uchun yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar jalb etildi va xalqaro ilmiy aloqalar o‘rnatildi. Shu bilan birga, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘tkazilgan tadqiqotlarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular nafaqat birikmalarni ajratib olish va ularning tuzilishini aniqlashni, balki kimyoviy tuzilish hamda Fiziologik ta’sir o‘rtasidagi bog‘liqlik mexanizmlarini o‘rganishni ham o‘z ichiga oldi. Shuningdek, turli xil kimyoviy modifikatsiyalangan birikmalar orasida gerbitsid, fungitsid, afitsid va insektitsid xususiyatlariga ega bo‘lgan samarali moddalar mavjudligi aniqlandi. Institutning ilmiy faoliyati ana shu masalalarni sifatli hal etishga qaratilgan bo‘lib, bu borada yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar jalb etildi va xalqaro ilmiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari keng rivoj topib, bu o‘z navbatida shartnomaviy ishlarning hajmi oshishiga olib keldi. So‘nggi yillarda professor Z. Tilaboyevning ilmiy faoliyati Turkiston termitlari (Anacanthotermes turkestanicus)ga qarshi kurashish vositalarini izlash va yaratishga qaratilgan. Ushbu zararkunanda hasharotlar qurilish inshootlarining yog‘och karkaslari hamda sellyuloza saqlovchi konstruksiyalari bilan oziqlanib, banklar, kutubxonalar, arxivlar, maktablar va ayniqsa, Xiva, Samarqand hamda Buxoroning qadimiy me’moriy yodgorliklariga jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu hasharotlar yetkazayotgan zarar dunyo miqyosida yiliga 20 milliard AQSH dollaridan ortiqni tashkil etadi. Termitlarning yashirin hayot kechirishi va nihoyatda serpushtligi O‘zbekistonning qishloq hududlarida 30 mingdan ortiq turarjoyning shikastlanishi hamda yaroqsiz holatga kelishiga olib kelmoqda. Ushbu zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida g‘o‘za (*Gossypium L.*) va shirinmiya (*Glycyrrhiza glabra L.*) o‘simliklarining ikkilamchi metabolitlari asosida ekologik xavfsiz preparatlar ishlab chiqildi. Maxsus yaratilgan tuzoqlardan foydalangan holda qishloq aholisiga tegishli xususiy xonadonlarda (Xo‘ja, Mingqamish, G‘alcha, Choshtepa va Shirinobod qishloqlarida) o‘tkazilgan dala sinovlari ushbu preparatlarning yuqori darajadagi antitermit xususiyatiga ega ekanligini ko‘rsatdi. Iqtisodiy samaradorlik hisob-kitoblari shuni ko‘rsatdiki, ishlab chiqilgan vositalar ekologik jihatdan noqulay hamda import qilinadigan “Reagent 200” preparatiga nisbatan ancha arzon va xavfsizdir. Professor Z. Tilaboyev o‘rindoshlik asosida Geologiya hamda Neft va gaz konlarini qidirish institutida ham faoliyat yuritib, neft va gaz konlarining uglevodorod zaxirasini baholashga imkon beradigan tadqiqotlarni olib bordi. Fundamental yondashuvlar natijasida uglevodorodlarning hosil bo‘lishi hamda ularni bioorganik molekulalardan sintez qilishning mikstgenetik nazariyasi yaratildi. Ushbu konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida (sobiq Davlat patent idorasi) ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Uglevodorod konlarini qidirishning istiqbolli hududlarini aniqlash usuli” nomli ixtiro patentiga asos bo‘ldi. Olim Z. Tilaboyev 350 dan ortiq ilmiy maqola, 4 ta monografiya hamda bir qancha darsliklar, metodik qo‘llanmalar va o‘quv dasturlari muallifidir. U 20 dan ortiq patentlar sohibi hisoblanadi. Ko‘p yillar davomida xalqaro va respublika miqyosidagi simpozium hamda konferensiyalarda ma’ruzalar bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Z. Tilaboyev bugungi kunga qadar yuqori malakali ilmiy kadrlar (falsafa doktorlari (PhD) va fan doktorlari (DSc)) tayyorlash yo‘lida samimiy va tinimsiz xizmat qilib kelmoqda.