Toreniyazov E.Sh. 1960-yili 20-dekabrda Kegeyli tumanida tug‘ilgan, millati qoraqalpoq, ma'lumoti oliy. Tumandagi №13-o‘rta maktabda 1968-1978-yillar davomida bilim olib, Nukus davlat universitetiga o‘qishga kirib, 1983-yili «qizil diplom» bilan tugatgan, mutaxassisligi olim-agronom. Mehnat faoliyatini 1983-yildan Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti «O‘simliklarni himoya qilish» laboratoriyasida kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlashdan boshlab, 1985-1988-yillarda O‘rta Osiyo O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasida tahsil olgan. Aspiranturaninig nazariy kursi tamom bo‘lgandan keyin, 1988-2001-yillarda Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti «O‘simliklarni himoya qilish» laboratoriyasida ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, 2001-2004-yillari institut direktor o‘rinbosari, 2004-2007-yillarda ushbu institut direktori lavozimida ishlagan. Bundan keyingi faoliyati: 2007-2011-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali direktori, 2011-2015-yillarda shu filial kafedra professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2015-2016-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi qo‘mita raisi, 2015-2021-yillarda ToshDAU Nukus filiali direktori, 2021-2023-yillari Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori va kafedra professori lavozimlarida ishlab, 09.10.2023-yildan institutning «O‘simliklar himoyasi va karantini» kafedrasi professori lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda. Olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida 1989-yili Moskvadagi K.A.Timiryazev nomidagi qishloq xo‘jalik Akademiyasida nomzodlik, 1999-yili Toshkentda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. Shuningdek, 1993-yili O‘zbekiston Oliy Attestatsiya komissiyasi tomonidan «Katta ilmiy xodim» va 2016-yili «O‘simliklarni himoya qilish» mutaxassisligi bo‘yicha «Professor» unvoni berilgan. Toreniyazov Elmurat Sherniyazovich Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida rahbar bo‘lib ishlagan davrida institutning moddiy-texnik darajasini oshirishga katta hissasini qo‘shib, uning rahbarligida 5 ta davlat, 2 ta innovatsion loyihalari va 2 ta chet el granti yutib olindi. Institut tajriba bazasini g‘o‘zaning faqat elita urug‘chiligi bilan shug‘ullanadigan xo‘jalikka o‘tkazib, 2005-yildan boshlab boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining super elita va elita urug‘larini etishtirib berish bo‘yicha ishlar olib borishga ixtisoslashtirgan. Institutda g‘o‘za navlarini yaratish bo‘yicha ish natijasida 2004-2005-yillari 2 ta Chimboy-5018, Do‘stlik-2 navlarini O‘zbekiston Respublikasi davlat reestriga «Istiqbolli navlar» qatoriga kiritib rayonlashtirdi va hududda ko‘paytirish ishlarini olib borib, navlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitiga rayonlashtirib, urug‘larini ko‘paytirish ishlariga rahbarlik qilgan va mazkur g‘o‘za navlari bugungi kunda katta samara berib ekilib kelinmoqda. Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialida va Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutiga aylantirilib, rektori bo‘lib ishlagan lavozimlaridagi xizmat faoliyatini olib borgan davrlarida moddiy-texnik bazani rivojlantirish, talabalarga bugungi kun talabi asosida bilim berishni tashkillashtirish bo‘yicha ishlar olib bordi. Birinchi navbatda filial atrofini tozalash va obodonlashtirish ishlarini jadal olib borib, suvsiz qolgan yerlarni sug‘orish chora-tadbirlarini ishlab chiqdi. Bir qancha mevali va manzarali daraxt navlarini ekish ishlarini olib borib, bugungi kunda to‘la mevali bog‘ barpo etilishini amalga oshirdi. Bundan tashqari 2008-2010-o‘quv yillarida bakalavr ta'lim yo‘nalishining buxgalteriya hisobi va audit, veterinariya, sug‘oriladigan yerlardagi meliorativ tizimlar va 2016-2017-yillarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik, mevachilik va uzumchilik, baliqchilik ta'lim yo‘nalishlarini ochib, filialni yanada kengaytirish, kvotalarni har yilda 30-40 % oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarini amalga oshirishi tufayli kontingentlar soni 4000 ga yetkazishga erishildi. Filialni alohida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutiga aylantirish va so‘nggi 3 yilda dargohning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va dunyoning nufuzli Oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha muhim natijalarga erishildi. Jumladan, Yaponiyaning Chiba universiteti, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti, Yaponiyaning Shova farmatsevtika universiteti, Rossiyaning Orenburg davlat agrar universiteti, Belgorod davlat agrar universiteti, Novosibirsk davlat agrar universiteti, Volgograd davlat agrar universiteti, Qozog‘iston milliy agrar universiteti, Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Shirinsho Shotemur nomidagi Tojikiston agrar universiteti (Tojikiston), Ozarbayjon davlat agrar universiteti (Ozarbayjon), M.Avezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universiteti (Qozog‘iston), Varshava ekologiya va uni boshqarish universiteti (Polsha), AZ-Germany Consulting korxonasi bilan xorijiy amaliyotni amalga oshirishda vositachilik tashkiloti, PRAXX Germaniyada kasbiy malaka oshirish tashkiloti (Germaniya), Volgograd davlat agrar universiteti (Rossiya), Novosibirsk davlat agrar universiteti (Rossiya), Gorsk davlat agrar universiteti (Rossiya), N.V.Vereshchagina nomidagi Vologda davlat suv xo‘jaligi akademiyasi (Rossiya), A.N.Kostyakov nomidagi gidrotexnika va melioratsiya umumrossiya ilmiy-tadqiqot instituti (Rossiya), K.A.Timiryazev nomidagi davlat agrar universiteti (Rossiya), I.T.Trubilin nomidagi Kuban davlat agrar universiteti (Rossiya), Stavropol davlat agrar universiteti (Rossiya), Bryansk davlat agrar universiteti (Rossiya), Shova farmatsevtika universiteti (Yaponiya), Qirg‘iziston xalqaro universiteti (Qirg‘iziston), M.X.Dulati nomidagi Taraz davlat universiteti (Qozog‘iston), Tambov davlat universiteti (Rossiya), Ural davlat agrar universiteti (Rossiya), Perm davlat agrar-texnologiya universiteti (Rossiya), Taraz innovatsion-gumanitar universiteti (Qozog‘iston), Latviya tabiiy fanlar instituti (Latviya), Bashkiriya davlat agrar universiteti (Rossiya) va Ozarbayjon davlat agrar universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, bugungi kunda talabalarga bilim berish va ilmiy-tadqiqotlar olib borishda hamkorlik ishlari rivojlantirilmoqda. Institutning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ta'minlash va xalqaro tashkilotlardan mablag‘ tushirish bo‘yicha: Yaponiyaning OYO korporatsiyasi bilan bajarilayotgan «Okazaniye sodeystviya po lesonasajdeniyu protiv borbi s opustinivaniyem v Karakalpakstane Respublika Uzbekistan» loyihasi doirasida filialga 13750 dollarlik qiymatdagi meteorologik stantsiya olib keltirildi. Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan imzolangan memorandum asosida filialimizga 7000 dollarlik yangi rusmdagi ximikatlarni purkagichlar va 22000 dollarlik tuproqni haydamay ekadigan seyalka olib kelinib, professor-o‘qituvchilar dars jarayonida, tadqiqotlar olib borishda samarali ishlatmoqda. Germaniyaning STEPS systems MChJ bilan shartnoma doirasida xorijiy investitsiyalarning umumiy bahosi jami 24,068 yevroni tashkil etadigan laboratoriya uskunalari olindi. Faoliyat olib borgan lavozimlari bilan birga fanning muayyan sohasi hisoblangan qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararli omillardan himoya qilishda maxsus maktab yaratib, bugungi kunga qadar 82 bakalavr malakaviy ishlariga, 21 magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan. Olim tomonidan yaratilgan ilmiy maktabida olimning ilmiy rahbarligida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan doktorantlardan bugungi kungacha Yusupov R.O. “Qovun pashshasining biologiyasi, zarari va unga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqish” (2018) mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori (PhD), “Qoraqalpog‘iston poliz ekinlari biotsenozida ikki qanotlilarning rivojlanish bioekologiyasi va zararkunanda turlariga qarshi kurash tadbirlarini ilmiy asoslash” (2025) mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori (DSc), Eshmuratov E.G‘. “Qoraqalpog‘iston sharoitida poliz ekinlarining so‘ruvchi zararkunandalariga qarshi uyg‘unlashgan himoya qilish tizimini yaratish” (2019) mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori (PhD), Aytimov I.A. “Qoraqalpog‘iston agrobiotsenozi o‘rmonzorlari zararkunandalariga qarshi kurash choralarining ilmiy asoslari” (2022) mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori (PhD), Bauatdiynov B.U. “Qoraqalpog‘iston bug‘doy agrobiotsenozi zararkunandalarining dominant turlariga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish” (2022) mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori (PhD), Hamidullayev J.U. “Qoraqalpog‘iston ekstremal sharoitida beda biotsenozi zararli omillariga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishning ilmiy asoslari” (2023) mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori (PhD), Annaqulov B.Q. “Qoraqalpog‘iston agroiqlimi o‘zgarishidagi kanalarning rivojlanish bioekologiyasi, zararkunandalariga qarshi kurash tadbirlarining ilmiy asoslari” (2026) mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, ishlab chiqarishda katta yangiliklari bilan ishlarini davom ettirmoqda. Olim rahbarligida faoliyat olib borayotgan shogirdlaridan Reymov A.T. “Qoraqalpog‘iston sharoitida sholi biotopi zararkunandalari bioekologiyasi va qarshi kurash tadbirlarini takomillashtirish” (2026), Rozimova A.P. “Qoraqalpog‘iston sharoiti kartoshka biotopida zararkunandalar sonini boshqarishdagi kurash tadbirlarini takomillashtirishning ilmiy asoslari” (2027), Amaniyazov I.P. “Qoraqalpog‘istonda ekologik jarayonlar o‘zgarishi sharoitida so‘ruvchi zararkunandalarga qarshi biologik usulni qo‘llashni takomillashtirishning ilmiy asoslari” (2027), Bekbergenov M.O. “Qoraqalpog‘iston sharoiti urug‘ mevalilarda qalqonlilarning rivojlanish bioekologiyasi o‘zgarishliklari va qarshi kurash tizimini ishlab chiqish” (2028), Sultanbayeva F. “Qoraqalpog‘iston ekstremal sharoitida kunjut navlari zararkunandalari bioekologiyasi, qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqish” (2028) mavzusidagi dissertatsiya ishlarini, ko‘rsatilgan yillari himoya qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarini olib bormoqda. Olib borilayotgan ilmiy ishlarga rahbarlik bilan birga o‘zi tomonidan o‘tkaziladigan ilmiy loyihalarga rahbarlik va bajaruvchi sifatidagi olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlari, pedagogik faoliyati natijalari asosida bugungi kungacha 520 dan ortiq ilmiy maqolalar, 20 kitob, 8 ta monografiya, 9 ta darslik, 19 o‘quv qo‘llanma, 4 uslubiy qo‘llanma, 27 dan ko‘proq ishlab chiqarishga tavsiyanoma va 51 maqolalari mahalliy va chet davlatlarning nufuzli nashriyotlarida chop ettirgan. Xalqaro ma'lumotlar bazasidagi nufuzli impakt-faktorli xorijiy nashrlarda so‘nggi besh yil davomida 38 ta maqolalari chop etilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ilmining nazariy va amaliy ahamiyati, natijalari ishlab chiqarishda joriy etilib, olim tomonidan berilgan tavsiyalar ishlab chiqarishda iqtisodiy samara bermoqda. Xalqaro Scopus Preview bazasidagi Xirsh indeksi H-index 15 da. Ilmiy-tadqiqot va lavozimli ishlaridagi yutuqlarini hisobga olib 1998-yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi «Faxriy yorlig‘i», 2006-yili «Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi» davlat unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 15, 20, 25, 30 yilligi munosabati bilan «Ko‘krak nishonlari» bilan taqdirlangan. Uchinchi (2004-2009-yy.) va to‘rtinchi (2014-2019-yy.) chaqiriq Chimboy tumani Xalq deputatlari Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi (2009-2014 va 2014-2019-yillar) deputati bo‘lib saylanib, davlatimizning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga hissasini qo‘shib kelayotgan olimlardan hisoblanadi. Oilali, 6 o‘g‘il-qizni tarbiyalab voyaga etkazmoqda. Farzandlari ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan yosh olimlar hisoblanib, qizlari Toreniyazova Lolaxan Elmuratovna (Qoraqalpog‘iston sharoitida ekologik omillar o‘zgarishining hasharotlar rivojiga ta'sirini aniqlash va foydalanishning ilmiy asoslari, 2020) b.f.f.doktori, Toreniyazova Saltanat Elmuratovna (Qoraqalpog‘iston sharoitida kartoshka navlarini tanlash, ekish sxemalari va ko‘chat qalinligining ilmiy asoslarini ishlab chiqish, 2023) q.x.f.f. doktori, o‘g‘li Toreniyazov Tileumurat Elmuratovich (Qoraqalpog‘iston sharoitida danakli mevalarda shiralarning rivojlanish (Aphididae) bioekologiyasi va qarshi kurashni ilmiy asoslash, 2024) q.x.f.f. doktori, qizi Toreniyazova Gauxar Elmuratovna (Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi holati va sohadagi o‘zgarishlar, 2026) t.f.f.doktori doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilib, o‘z sohalari bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillardagi Toreniyazov E.Sh. rahbarligida olib borilayotgan «Qovun pashshasi (Myiopardalis pardalina Big.) ga qarshi feromon tutqichlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish» va «Orol dengizi qurigan joylaridagi o‘simliklar entomofaunasini aniqlash va zararkunandalariga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqish» mavzusida innovatsiya va amaliy loyihalarning oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarini bajarishda kutilgan natijalarga erishilmoqda. Qovun pashshasi turiga qarshi kurash tadbirlarini, Orol dengizi qurigan joylarida barpo etilgan yashil qoplama o‘simliklarida tarqalib zarar keltirayotgan zararkunandalari turlari, rivojlanish bioekologiyasini aniqlab, qarshi olib boriladigan biologik kurash tadbirlarini ishlab chiqib, joriy etishga rahbarlik qilib, natijalar ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti huzuridagi, 06.01.01. “Umumiy dehqonchilik, Paxtachilik”, 06.01.05. “Seleksiya va urug‘chilik” (qishloq xo‘jaligi ilmi), 06.01.09. “O‘simliklarni himoya qilish” (qishloq xo‘jaligi ilmi) shifri asosida doktorlik ishlarini himoya qiladigan PhD.08/2025.27.12. Qx.10.01- raqamli Ilmiy kengashga rahbarlik qilib, qishloq xo‘jaligi sohasini ilmiy darajali mutaxassislar bilan ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.