Tuxliyev Iskandar Suyunovich 1950-yilda Samarqand viloyatining Narpay tumanida, xizmatchi oilasida tavallud topdi. Kattaqo‘rg‘on shahridagi Dzerjinskiy nomli sakkiz yillik o‘rta maktabni tamomlagach, 1969-yilda Toshkent elektromexanika texnikumiga o‘qishga kirdi. Uni a’lo diplom bilan tamomlagach, shu yilning o‘zida Toshkent Politexnika institutining mexanika fakulteti talabasi bo‘ldi. Mehnat faoliyatini 1974–1976-yillarda O‘zbekiston Respublikasi “Go‘shtsutsanoat” vazirligi qoshidagi Markaziy loyihalashtirish va konstruktorlik byurosida katta muhandis lavozimida amaliy faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu Markazning yo‘llanmasi bilan 1976-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot institutining aspiranturasiga o‘qishga kirdi va O‘zR FA akademigi O. X. Hikmatov rahbarligida “O‘zbekiston go‘sht sanoatida texnika taraqqiyotining iqtisodiy samaradorligi” mavzusida 1981-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. I.S. Tuxliyev 1985–1993-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand ilmiy markazi bo‘lim mudiri, so‘ngra uning rahbari etib tayinlandi. Bu davr mobaynida ilmiy markaz o‘z faoliyatida viloyatda olib borilayotgan barcha ilmiy-tadqiqot ishlarini tahlil qildi va ularning ma’lumotlar bazasini yaratdi. Tugallangan ilmiy ishlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish uchun xalq xo‘jaligiga zarur bo‘lgan ilmiy ishlar yo‘nalishlarini aniqlash bilan shug‘ullandi. Ilmiy markaz hay’ati raisligini O‘zR FA akademiklari, SamDU rektorlari A. K. Otaxo‘jayev, Sh. A. Alimov, M. M. Mo‘minov, SamQAQI rektori T. Sh. Shirinqulovlar olib borishgan. I.S. Tuxliyev ustozlari i.f.d., professor K. S. Saidov va O‘zR FA akademigi O. X. Hikmatovning tashabbuslari bilan 1985-yilda Samarqand shahrida tashkil qilingan Ilmiy markazda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha maqsadli dasturlar asosida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Birinchi yo‘nalish “Kapital qurilish” dasturi bo‘lib, unga O‘zR FA akademigi T. Sh. Shirinqulov rahbarlik qilgan. Ikkinchi yo‘nalish “Oziq-ovqat” dasturiga bag‘ishlangan bo‘lib, unga O‘zR FA akademigi I. X. Ergashev rahbarlik qilgan. Uchinchi yo‘nalish “Ikkilamchi resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish” dasturiga k.f.d., prof. T. K. Hamroqulov rahbarlik qilgan. Muhim dasturlardan biri “Tibbiyot” yo‘nalishi bo‘lib, unga t.f.d., prof., Nyu-York fanlar akademiyasi a’zosi A. M. Shamsiyev rahbarlik qilgan. I.S. Tuxliyevning taklifi bo‘yicha ilm-fandagi innovatsion jarayonning bunday maqsadli kompleks mintaqaviy dasturlari bilan ishlash usuli o‘sha davrdagi respublika OOTM va Fanlar akademiyasining 40 dan ortiq ilmiy-tadqiqot institutlarining muhim fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini amaliyotga joriy qilishga imkoniyat yaratdi. Samarqand shahrida 1993-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Rayosatining sayyor majlisida mintaqaning ilmiy-texnik salohiyatini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi va ochiq ovoz berish natijalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yangi tashkil etilgan Samarqand viloyat bo‘limi raisligiga bir ovozdan O‘zR FA akademigi T. Sh. Shirinqulov va bosh ilmiy kotibligiga i.f.n., katta ilmiy xodim I.S. Tuxliyev saylandilar. I.S. Tuxliyev Bosh ilmiy kotib lavozimida ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish bilan birga mamlakatimizning Janubiy-G‘arbiy mintaqasida oliy o‘quv yurtlarida olib boriladigan ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini akademiya fanidagi ilmiy ishlanmalar va ixtirolar bilan hamkorlikda olib borishga erishdi. O‘zi ham muntazam ravishda fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanib, 1994-yildan O‘zR FA Iqtisodiyot institutining bo‘lim boshlig‘i sifatida O‘zR ITDQ 7.1. Davlat ilmiy-texnik granti asosida “O‘zbekiston Respublikasining tabiiy va iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish muammolari” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishiga rahbarlik qildi. I.S. Tuxliyevning O‘zbekistonda ilmiy-texnika taraqqiyoti iqtisodiyotini boshqarish, tashkil qilish va rejalashtirish borasidagi ko‘p yillik ilmiy izlanishlarining mantiqiy natijasi sifatida 1997-yilda O‘zR FA Iqtisodiyot institutida “O‘zbekiston Respublikasi Janubiy-G‘arbiy mintaqasida ilmiy-texnik salohiyatdan foydalanish mexanizmi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Doktorlik dissertatsiyasi tadqiqotining amaliyotga joriy qilish natijalari, O‘zbekiston Respublikasi davlat ilmiy-texnik siyosati konsepsiyasini takomillashtirish bo‘yicha takliflari O‘zR Rayosati tomonidan konsepsiyaning asosiy variantiga qo‘shish uchun qabul qilingan. Janubiy-G‘arbiy mintaqadagi ilmiy-texnik salohiyatdan samarali foydalanish va ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zR FA Samarqand bo‘limini tashkil qilish va uning qoshida Mintaqaviy muammolar kompleks ilmiy-tadqiqot institutini ochish bo‘yicha ilmiy asosnoma O‘zR FA Rayosati tomonidan uni ochish bo‘yicha qaror qabul qilinishiga xizmat qilgan. I.S. Tuxliyev 1998-yilda Samarqand viloyati hokimining 85-Q-sonli qarori bilan viloyat davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i (viloyat hokimining o‘rinbosariga tenglashtirilgan) etib tayinlangan. Bu davr mobaynida viloyatning kichik va o‘rta tadbirkorlari oldida turgan qator muammolarni hal qilish lozim edi. Hukumat qarori bilan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishda korxonalarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish jarayoniga xorijiy investorlarni jalb qilgan holda amalga oshirish masalasi qo‘yilgan edi. I.S. Tuxliyevning tashabbusi bilan ushbu masalalarni bajarish uchun va viloyatga xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsadida 2001-yilda Samarqand viloyati hokimligi va respublika Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda “Samarqand – xorijiy mamlakatlarning qadimiy hamkori” nomli xalqaro simpozium o‘tkazildi. Simpoziumga qo‘yilgan yo‘nalishlarning muhokamasida chet el mamlakatlari elchixonasi vakillari, xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar va 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlar investorlari qatnashdi. Turli tarmoq vazirliklari rahbarlari, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan birgalikda aksiyalari respublika fond birjasiga sotuvga qo‘yilgan korxonalarga tashriflar ham tashkil qilingan. Simpoziumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida boshqarma tomonidan viloyat hokimligining yordami bilan xorijiy investorlar e’tiborini jalb qilish maqsadida ingliz, rus va o‘zbek tillarida “Xorijiy investorlarni jalb qilishning mintaqaviy imkoniyatlari” nomli risola va “Samarqand – asrlar chorrahasida” nomli tarixiy-madaniy kitob nashr qilindi. I.S. Tuxliyev 2002–2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bosh boshqarma boshlig‘i lavozimida Bosh vazir o‘rinbosari va ushbu qo‘mita raisi topshirig‘iga asosan kichik va o‘rta tadbirkorlar faoliyatida qatnashadigan barcha tashkilotlarning vazirlik hamda qo‘mita raislarining o‘rinbosarlari bilan birgalikda respublikada tadbirkorlik faoliyatini ochishdagi mavjud meyniyat (byurokratik) to‘siqlarni bartaraf etuvchi dastlabki yangi “Yagona darcha” tizimini tayyorlashni muvofiqlashtirdi va ushbu hujjatni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritishda qatnashdi. I.f.d. I.S. Tuxliyev O‘zR Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bilan Turkiyaning Istanbul shahrida “MDH mamlakatlarida qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish va rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashdi va ma’ruza qildi. I.S. Tuxliyev 2003–2005-yillarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti “Iqtisodiyotda axborot tizimlari” kafedrasi professori va 2005–2006-yillarda tanlov asosida Toshkent davlat texnika universiteti “Marketing” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi. I.f.d. I.S. Tuxliyev tashabbusi va uning ilmiy darajasidan foydalangan holda Toshkent davlat texnika universitetida 5A340107 – “Iqtisodiyotda axborot tizimlari” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura ochildi. Ushbu mutaxassislik bo‘yicha 2004-2005-o‘quv yilidan boshlab, iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan barcha tashkilot va korxonalar uchun magistrlar tayyorlash boshlandi, ularni o‘qitish uchun tegishli fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlari va o‘quv rejalari tayyorlandi va ta’lim jarayoniga tatbiq qilindi. I.S. Tuxliyev kafedraning ta’lim jarayoni bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini 2002–2005-yillarda i.f.d., professor A. M. Qodirov rahbarligida ГНТП-2. “П-2.8. Разработка организационно-экономического механизма формирования и реализации инновационной политики и его влияние на эффективность развития экономики страны” rus tilidagi davlat ilmiy-texnik grantining ijrochisi sifatida davom ettirdi. Tadqiqotning asosiy maqsadi iqtisodiyotning o‘tish davrida innovatsion jarayonlarni rivojlantirishda metodologik yondashuvlarni asoslash va tegishli tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. 2006-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Toshkent davlat texnika universiteti Ilmiy kengashining tavsiyasiga ko‘ra I.S. Tuxliyevni “Makroiqtisodiyot” ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvonida tasdiqladi. Professor Tuxliyev Iskandar Suyunovich 2006–2024-yillar davomida mamlakatimiz, xususan Samarqand viloyati turizm sohasini rivojlantirishga, sohaga yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash vazifasini bajarishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Ushbu yillar davomida institutning “Xalqaro turizm va turizm servisi” kafedrasining tashkilotchisi va mudiri, professori lavozimlarida samarali mehnat faoliyatini olib bormoqda. Kafedraning asoschisi sifatida, yaratgan o‘quv-uslubiy hujjatlari va talabalar uchun yangi avlod darslik, o‘quv qo‘llanma va lug‘atlari mamlakatimiz turizm sohasidagi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlarning ta’lim jarayonida qo‘llanilmoqda. Professor I.S. Tuxliyev turizm ilmiy maktabining shakllanishi davomida 13 nafar fan nomzodlari, falsafa doktorlari hamda 3 nafar fan doktorlarini tayyorladi. Shuningdek, professor I.S. Tuxliyev turizm sohasining dolzarb muammolarini ilmiy-metodologik jihatdan hal qilishda qator fundamental va amaliy davlat grantlariga rahbarlik qilib kelmoqda. Professor I.S. Tuxliyevning 400 dan ortiq ilmiy-amaliy maqolalari dunyoning turli mamlakatlarida nashr qilingan. So‘nggi yillar davomida jami 62 ta, shu jumladan “Scopus”da 3 ta, xorijiy jurnallarda 16 ta ilmiy maqola nashr qilgan. “Turizm: nazariya va amaliyot”, “Mehmonxona xo‘jaligida innovatsiya”, “Turizmda geoaxborat tizimlari”, “Туризм: теория и практика”, “Introduction to tourism and hospitality” va “Turizm xizmatlar bozori” nomli darsliklari OTMlar uchun hamda O‘zR Turizm qo‘mitasi buyurtmasi asosida, professor I.S. Tuxliyev rahbarligida, kollej va texnikumlar talabalariga mo‘ljallangan “Turizm va mehmondo‘stlik asoslari” nomli o‘quv qo‘llanmalari tayyorlangan. Bugun bu adabiyotlardan barcha viloyatlarning turizm ta’lim maskanlari foydalanmoqda. Har yili o‘tkaziladigan an’anaviy XVII Toshkent Xalqaro turistik yarmarkasida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti “Лучшее учебное заведение сферы туризма” nominatsiyasining g‘olibi bo‘ldi va maxsus yarmarkaning sovg‘asi bilan taqdirlandi. XVIII Toshkent Xalqaro turistik yarmarkasida “Xalqaro turizm va turizm servisi” kafedrasi mudiri, professor I.S. Tuxliyev “Лучший учитель-наставник в сфере туризма 2011” nominatsiyasining g‘olibi bo‘ldi va xalqaro yarmarkaning sertifikati bilan taqdirlandi. Professor I.S. Tuxliyev 2005–2020-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining OAK Rayosati qarori bilan 2004–2006-yillarda “Menejment” ixtisosligi bo‘yicha Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi K.067.07.06. Ixtisoslashgan kengash a’zosi, 2006–2010-yillarda 08.00.04 – “Makroiqtisodiyot” va 08.00.03 – “Industrial tarmoqlar iqtisodiyoti” ixtisosliklari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi FA Iqtisodiyot instituti huzuridagi D.015.06.01 Ixtisoslashgan kengash a’zosi, 2011-yildan hozirgi kungacha Samarqand iqtisodiyot va servis instituti huzuridagi 08.00.05 – “Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti” va “Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosliklari bo‘yicha DSK.27.06.-2017.1.18.01.K.067.12.01 raqamli Ilmiy kengashlar a’zosidir. Professor I.S. Tuxliyev tomonidan 2015–2020-yillar mobaynida milliy turizm xizmatlar bozorini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlarining amaliyotga tatbiqi natijalariga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining quyidagi guvohnomalari berildi: Samarqand viloyati turistik-rekreatsion resurslarining geoaxborotli tizimi ma’lumotlar bazasiga (№ BGU 00320); O‘zbekiston hududlarida turizm taraqqiyoti intensivligi koeffitsientini hisoblash EHMlar uchun dasturiga (№ DGU 03562); Turizm xizmatlari bozori boshqaruv tizimi samaradorligini baholashning uslubiy asoslari EHMlar uchun dasturiga (№ DGU 03563); O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan turfirma va mehmonxonalarning ma’lumotlar bazasiga (№ BGU 00327); Turistik korxonalar boshqaruv samaradorligini dinamik me’yorlar modeli yordamida baholash EHMlar uchun dasturiga (№ DGU 03656); “Turizm: nazariya va amaliyot” fanidan elektron darslik EHMlar uchun dasturiga (№ DGU 04690). Professor I.S. Tuxliyevning turizm sohasida ko‘p yillar davomida olib borgan fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida “Turizm sohasini innovatsion rivojlantirish iqtisodiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonda turizm ilmiy maktabi yaratildi. Ilmiy maktabning ishtirokchilari avvalambor ilmiy ishini himoya qilgan Qozog‘istondagi va Toshkent shahridagi shogirdlari bo‘lsa, keyingi o‘rinda Samarqand, Xorazm, Nukus, Buxoro, Namangan, Qarshi davlat universitetlarining turizm sohasida ilmiy ishini himoya qilgan vakillari hamda tadqiqotchi-izlanuvchilaridir. Professor I.S. Tuxliyevning ilmiy maktabiga shuningdek magistrlar va iqtidorli talabalar ham jalb qilingan. Ularga xorijiy nufuzli jurnallarga hamda ilmiy anjumanlarga maqolalar tayyorlashda va fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli o‘rinlarni egallashda yordam berib kelinmoqda. Professor I.S. Tuxliyev tomonidan bakalavrlar uchun tayyorlangan “Turizm asoslari” darsligi “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” respublika tanlovining g‘olibi bo‘ldi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta’limi vazirliklari va “Iste’dod” jamg‘armasining II darajali diplomi bilan taqdirlandi. Mazkur kitob respublikaning oliy o‘quv yurtlari tomonidan darslik va o‘quv qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda. Professor I.S. Tuxliyev jamoatchilik asosida bir qancha vazirlik va idoralarda ilmiy ekspert sifatida ham faoliyat yuritmoqda. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi tadqiqotlar dasturlari bo‘yicha ekspertlar kengashi a’zosi, O‘zR Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq Test markazi) tomonidan tashkil etiladigan oliy o‘quv yurtlarini attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ekspert a’zosidir. Bundan tashqari, professor I.S. Tuxliyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashning Xizmat ko‘rsatish (servis) sohasi o‘quv-uslubiy birlashmasining Ilmiy kotibi sifatida Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish hamda Davlat ta’lim standartlarini tayyorlash bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari ilmiy natijalarini chop etish tavsiya qilingan ilmiy nashri bo‘lmish “Servis” jurnalining tahrir hay’ati a’zosidir. Narpay tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2026-yilning may oyida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” ezgu qadriyatlarni birlashtirgan, yuraklarni yaqinlashtirgan samimiy tadbirlardan biri bo‘ldi. Iqtisod fanlari doktori, professor, Turon fanlar akademiyasi akademigi Tuxliyev Iskandar Suyunovich qatnashgan uchrashuvda keksa avlodning hayotiy saboqlari, o‘rta avlodning mas’uliyati va yosh avlodning orzu-intilishlari yagona maqsad yo‘lida jamlandi. Davlatimiz tomonidan keyingi yillar davomida Tuxliyev Iskandar Suyunovich mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, turizm sohasiga yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlashdagi halol mehnati tufayli quyidagi mukofotlarga sazovor bo‘ldi: • 2020-yilda — “Ko‘p yillik samarali va halol mehnati hamda o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun” Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Faxriy yorlig‘i; • 2020-yilda — Turizm sohasida kadrlar yetishtirish va ilm-fan rivojlanishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Faxriy yorlig‘i; • 2020-yilda — Oliy ta’lim tizimidagi ko‘p yillik halol mehnati va Samarqand viloyatining turizm sohasi rivojiga qo‘shgan samarali hissasi uchun Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamentining Faxriy yorlig‘i; • 2021-yilda — Turon Fanlar akademiyasi Rayosatining qarori bilan Akademik ilmiy unvoni; • 2022-yilda — Ko‘p yillik halol mehnati uchun I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni; • 2023-yilda — Turizm sohasini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun “Turizm fidoiysi” ko‘krak nishoni.