Olim

TURSUNMЕTOV KOMILJON AXMЕTOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Tursunmetov Komiljon Axmetovich 1947-yilda Chimkent (Turkiston) viloyatida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Mehnat staji — 51 yil. Egallab turgan lavozimida 1997-yildan buyon ishlamoqda. K. A. Tursunmetov 1970-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) Fizika fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, aspiranturada tahsil olishga tavsiya etilgan. 1970–1973-yillarda NIIETda (Moskva viloyati) aspiranturada o‘qib, 1974-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1974-yildan Fizika fakultetining “Umumiy fizika” kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1997-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan hamda 1998-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. K. A. Tursunmetov fizikaviy elektronika, fizika o‘qitish metodikasi, eksperimental qurilmalarni yaratish va ishlab chiqish hamda fizika ta’limini mukammallashtirish sohalarida taniqli olim sifatida o‘z ilmiy maktablarini yaratdi. Hozirgi kunga qadar 500 dan ortiq ilmiy ishlar, 30 dan ortiq o‘quv qo‘llanma, darslik, uslubiy qo‘llanma va monografiyalar, 5 ta mualliflik guvohnomasi, 2 ta O‘zbekiston Respublikasi patenti hamda Intellektual mulk agentligining 6 ta guvohnomasi muallifi va hammuallifidir. Ushbu ilmiy ishlarning 200 tasi fizikaviy elektronika sohasidagi tadqiqotlar bo‘lib, unda samarali katod va anod materiallarini yaratish, qotishmalar asosida xususiyatlari bashorat qilingan katod va anod materiallarini olishning fizik prinsiplari ishlab chiqildi. Bu izlanishlar xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan munosib baholandi. Uning tomonidan “Metallarning erish entropiyasi” va “3/4 qonuni” kashf qilinib, O‘zbekiston Respublikasi patentlari bilan e’tirof etilgan. K. A. Tursunmetov 1997-yilda Nyu-York Fanlar akademiyasiga a’zo etib saylandi. U Xalqaro ilmiy jamg‘arma mukofotiga, AQShning “Medal of Honor-2000” va “American of Honor” oltin medallariga sazovor bo‘lgan. AQSh Olimlar uyiga a’zo bo‘lib, u haqidagi ma’lumotlar “XX asrning buyuk olimlari” yilnomasiga kiritilgan. Olim fan, texnika va texnologiyalarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha “Tuproq namligini avtomatik nazorat qilish va o‘simlikni tomchilatib sug‘orishni avtomatik elektron boshqarish tizimi”ni ishlab chiqib, uni amaliyotda sinab ko‘rish bo‘yicha amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. K. A. Tursunmetov — mohir pedagog, tashkilotchi va fizika ta’limining faol targ‘ibotchisi. U 30 yildan ortiq vaqt davomida shahar va respublika fizika olimpiadalarini o‘tkazishda faol qatnashgan, Iqtidorli o‘quvchilar yozgi maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari hamda televizion olimpiada tashkilotchilaridan biri bo‘lgan. Talabalarni fizika bo‘yicha respublika терма jamoasiga 10 yildan ortiq vaqt davomida rahbarlik qilib, ularni olimpiadalarga tayyorlashda faol ishtirok etgan. K. A. Tursunmetov O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (sobiq Xalq ta’limi vazirligi) Respublika ta’lim markazi huzuridagi “Fizika” ilmiy-metodik kengashida 2000–2011-yillarda rais o‘rinbosari, so‘ngra Ilmiy-metodik kengash raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning rahbarligida hamda ilmiy va maxsus muharrirligida ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarining 7–9-sinflari uchun “Fizika” darsliklari nashr etildi va amaliyotga tatbiq etildi. Mazkur darsliklar keyinchalik qayta ishlanib, uning muharrirligida qayta chop etildi hamda amaliyotda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi. Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan Davlat ta’lim standartlari (DTS) va fizika fanidan o‘quv dasturlarini yaratishda ishchi guruh raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Jumladan, 10–11-sinflar uchun fizika va astronomiya fanlaridan uzluksiz majburiy ta’limning DTS va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ijodiy guruhga rahbarlik qildi. Unung rahbarligi hamda hammuallifligida 10- va 11-sinflar uchun “Fizika” darsliklari yaratilib, 7 tilda nashr etildi hamda o‘quv jarayoniga joriy qilindi. Shuningdek, uning ilmiy va maxsus muharrirligida S. Burxonovning “Fizika” (I va II qismlar) ommabop o‘quv qo‘llanmalari tayyorlandi va chop etildi. K. A. Tursunmetov umumta’lim maktablari uchun o‘quv-laboratoriya qo‘llanmalari va ko‘rgazmali plakatlar majmuasini ishlab chiqdi. Ushbu metodik ishlanmalar u otaliqqa olgan 261-maktab ta’lim jarayoniga tatbiq etildi. Shu bilan birga, uning muallifligida elementar fizikadan “Ma’lumotnoma” o‘quv qo‘llanmasi chop etilib, amaliyotga joriy qilindi. Xalq ta’limi tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati va fidoyiligi munosib baholanib, 2007-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Uzluksiz ta’limning o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bo‘yicha Davlat komissiyasi raisi sifatida “Fizika” fani dasturining ishlab chiqilishiga rahbarlik qildi. Ushbu dastur asosida hammualliflikda “Fizika I”, “Fizika II” va “Fizika III” o‘quv qo‘llanmalari yaratildi. Shuningdek, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida “Fizikadan masalalar to‘plami” ishlab chiqilib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida to‘ldirilgan holda qayta nashr etildi. K. A. Tursunmetov akademik litsey va kollejlar uchun o‘quv-laboratoriya qurilmalari kompleksini loyihalashtirdi. Bir qator ta’lim muassasalari uchun ushbu qurilmalar yig‘ib berilib, amaliyotda sinovdan o‘tkazildi. Shu bazada “Fizikadan praktikum” hamda “Fizikadan masalalar to‘plami” o‘quv qo‘llanmalari chop etilib, ta’lim jarayoniga kiritildi. Olim tayanch konspektlar tuzish nazariyasini mukammallashtirib, shogirdi bilan birgalikda rus tilida “Физика I” va “Физика II” o‘quv qo‘llanmalarini (o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun) yaratdi. Ushbu qo‘llanma 3 marotaba qayta nashr etildi. Qisqa vaqt ichida fizika kursini takrorlash va bilimlarni mustahkamlashga mo‘ljallangan “Fizikani takrorlang” o‘quv qo‘llanmasi 7 marotaba qayta chop etilgan. K. A. Tursunmetov shogirdlari bilan birgalikda fizikani mustaqil va intensiv o‘rganish hamda bilimlarni baholash imkonini beruvchi elektron darslik (DGU 2008150), elektron ishlanmalar va virtual laboratoriya ishlarini (DGU 03604, DGU 03628 reestr raqamli patentlar) yaratdi va amaliyotga tatbiq etdi. Chop etilgan o‘quv qo‘llanmalarining 7 tasi respublikadagi “Eng yaxshi darslik muallifi” ko‘rik-tanlovida qatnashib, I va II darajali diplomlar bilan taqdirlangan. O‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimidagi samarali mehnati uchun “O‘zbekiston Respublikasi O‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi a’lochisi” nishoni bilan mukofotlangan. K. A. Tursunmetov oliy ta’lim tizimida ham ulkan va fidokorona faoliyat olib bormoqda. Fizikaning “Mexanika” va “Molekulyar fizika” kurslari uchun laboratoriya qo‘llanmalari majmuasini ishlab chiqib, 10 dan ortiq yangi laboratoriya ishlarini yaratdi. Ushbu izlanishlar asosida hammualliflikda “Fizikadan praktikum”, “Mexanika” o‘quv qo‘llanmasi va “Molekulyar fizika” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi chop etilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etildi. Shuningdek, u “Molekulyar fizika”, “Elektr va magnetizm” darsliklarini va mexanikaning “Tebranishlar” bo‘limi bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv plakatlarini yaratdi. Olim yarimo‘tkazgichlar fizikasini o‘qitishga alohida e’tibor qaratdi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida shogirdlari bilan birgalikda “Yarimo‘tkazgichlar fizikasidan masalalar to‘plami” o‘quv qo‘llanmasini yaratdi. Ushbu qo‘llanma 2 marotaba nashr etilib, respublika OTMlarida o‘quv jarayoniga joriy qilindi. Bundan tashqari, “Yarimo‘tkazgichli asboblar fizikasi” o‘quv qo‘llanmasi hamda elektron darsligi, “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” bo‘yicha elektron plakatlar va “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi bo‘yicha virtual laboratoriya ishlari” (S. Vlasov bilan hammualliflikda, DGU 01927 reestr raqamli patent) ishlab chiqildi. K. A. Tursunmetov tomonidan ta’limning barcha bosqichlariga mo‘ljallangan ma’lumotnoma shaklidagi “Fizika tarixi” o‘quv qo‘llanmasi nashr etildi. U respublikadagi 6 ta oliy o‘quv yurti uchun “Fizikadan laboratoriya ishlari qurilmalari”ni loyihalashtirib va amaliyotga joriy etib, o‘quv jarayoniga katta amaliy yordam ko‘rsatdi. 1980–1990-yillarda talabalarning fizika fani bo‘yicha O‘zbekiston respublika terma jamoasi rahbari va Butunittifoq olimpiada qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. 1989-yilda ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun “Oliy ta’lim a’lochisi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Olim “O‘zbekiston Respublikasi Ensiklopediyasi” uchun 10 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar yozgan. Davlat test markazida (DTM) test variantlarini tuzish, tarjima qilish va muharrirlik yo‘nalishida 10 yildan ortiq faoliyat ko‘rsatib, 1000 dan ortiq test topshiriqlarini yaratgan. Deyarli 10 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) ekspert kengashining “Pedagogika” hamda “Fizika-matematika” bo‘limlarida ekspert, shuningdek, ilmiy kengashlar va ilmiy seminarlar a’zosi sifatida samarali ish olib bordi. 2011-yilda Rossiya Xalqaro pedagogik ta’lim akademiyasiga (MANPO) a’zo etib saylandi. 20 yildan buyon “Fizika, matematika va informatika” ilmiy-uslubiy jurnali tahrir hay’ati a’zosi hamda jurnalning fizika masalalari bo‘limi mas’ul muharriridir. K. A. Tursunmetov respublikada fizika ta’limini targ‘ib qilish va uni rivojlantirish yo‘lida doimiy va fidoyilarcha faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublika ta’lim markazining “Fizika” ilmiy-uslubiy kengashiga rahbarlik qilib, fizika fanidan ta’lim standartlari, kompetensiyaviy talablar, o‘quv dasturlari va darsliklarni tayyorlashga bevosita boshchilik qilmoqda. OTM talabalari, maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlarda, ommaviy axborot vositalarida (jumladan, “Ma’rifat” telekanalida) va anjumanlarda fizika yutuqlari, uning tarixi hamda ta’lim muammolari bo‘yicha muntazam ma’ruzalar bilan chiqish qilgan. U shogirdlari bilan birgalikda tuproq namligini o‘lchash, nazorat qilish va ekinlarni tomchilatib sug‘orishning elektron avtomatik tizimini yaratdi va ushbu ishlanma O‘zbekiston Respublikasi patenti bilan muhofaza qilindi. K. A. Tursunmetov — “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi”, “O‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi”, “Oliy ta’lim a’lochisi” hamda “Ustoz” unvonlari sohibi. U o‘ta ishchan, intizomli, o‘ziga va boshqalarga talabchan rahbar, o‘z kasbining fidoiysi, tashabbuskor, mehnatsevar va mohir pedagog-olimdir. K. A. Tursunmetov — O‘zbekiston va uning fizika ta’limi taraqqiyoti yo‘lida bor bilim va kuch-g‘ayratini safarbar etib kelayotgan fidoyi inson.