O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, Soka (Yaponiya) universiteti faxriy doktori
Xakimov Akbar Abdullayevich 1949-yil 9-avgust kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek, ma’lumoti — oliy. 1957–1967-yillarda Toshkent shahridagi umumta’lim maktabida tahsil olgan. O‘qish davomida tarix, adabiyot va tasviriy san’at fanlariga qiziqqan. 1968-1972-yillarda Toshkent Teatr va rassomlik institutida tahsil olib, o‘z ilmiy-ijodiy faoliyatini 1970-yilda San’atshunoslik ilmiy tadqiqot institutida laborant lavozimida boshlagan. A.Xakimov tasviriy va amaliy-bezak san’ati ixtisosligi bo‘yicha ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borib, katta yutuqlarga erishdi. 1977-yilda Moskva shahrida professor L.I.Rempel ilmiy rahbarligida “IX-XIII asrlar O‘rta Osiyo hunarmandchiligi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1993-yilda “Zamonaviy O‘rta Osiyo san’ati” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida himoya qildi. A.Xakimov 1972-2005-yillarda San’atshunoslik institutida kichik ilmiy xodim, aspirant, katta ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, direktor o‘rinbosari, direktori lavozimlarida faoliyat yuritdi. Xususan, 1982-1998-yillarda institutning “Amaliy bezak san’ati” bo‘limiga rahbarlik qildi. 1997-2005–yillarda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi lavozimida ishladi. 1998-2000-yillarda – “San’at” jurnali Bosh Muharriri. 2000-2005-yillarda – San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimida ishladi. A.Xakimov “Boysun” madaniyat va san’atini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga asos solgan va birinchi raisi bo‘lgan. A.Xakimovning tashabbusi va izlanishlari sababli Boysun madaniy markaziy YUNESKOning nomoddiy madaniy meros yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan.
San’at tarixi va nazariyasi, tasviriy va amaliy-bezak san’ati sohalarida tan olingan yirik olim. O‘zbekiston san’ati tarixi va zamonaviy san’atni tarixiy izchillikda tadqiq etib, bu uzviy o‘ziga xos jarayon ekanini, jahon san’atida o‘z o‘rniga ega fenomen ekanini ilmiy jihatdan isbotlagan. Islom san’atining o‘ziga xos badiiy jihatlarini jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi ekanligini asoslarini ishlab chiqqan. A.Xakimov rahbarligida davlat dasturlari doirasida 3 ta fundamental va 5 ta amaliy ilmiy loyihalar bajarilgan. Olimning ko‘plab ilmiy ishlari orasida O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atiga bag‘ishlangan monografiya va kitoblari alohida o‘rin tutadi: “Ma’danga bitilgan qo‘shiq” (1987), “The art of Central Asia” (1988), “Декоративное искусство республик Средней Азии” (1988), “Декоративная пластика республик Средней Азии” (1992), “Atlas of Central Asian Artistic Crafts and Trades”. Volume I. Uzbekistan (1999), “Творчество С.Алибекова” (2000), “Творчество Б.Джалалова” (2003), “Искусство нового Узбекистана” (2001), “Авангард ХХ века” (2003), “Шедевры Самаркандского музея” (2004), “Ичан-кала” (2006) “Долина откровений: творчество Ж.Умарбекова” (2006), “Антология живописи Узбекистана” (2009), “Искусство Узбекистана: история и современность” (2010), “Художник и время: творчество А.Икрамджанова” (2012), “Прикладное искусство Узбекистана: традиции и инновации” (2013), “Созидание прекрасного” (2014), “Новая узбекская живопись” (2015), “Нетленный свет. Жизнь и творчество Чингиза Ахмарова” (2018), Шедевры прикладного искусства Узбекистана (2019), O‘zbekiston san’ati tarixi. Qadimgi davr, o‘rta asrlar, hozirgi zamon (o‘zbek, rus ingliz tillarida, 2022), O‘zbekiston hunarmandchiligi (2023), Quyosh nurlari bilan yog‘rilgan dunyo. J.Izentayev (2024), A. Hakimov — jahonga mashhur olim. Uning asarlari dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Bolgariya, Rossiya, Shveysariya, Ispaniya, Shvetsiya, Hindiston, Iordaniya, AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Turkiya va boshqa davlatlarda nashr etilgan: “The art of Central Asia” (Leningrad, 1988), “L’art de l’Ouzbekistan” (Parij, 1996), “Arts and crafts in Transoxiana and Khurasan” (Parij, 2000), “The Philosophy of Central Asian Urbanism” (London, 2002), “The Art and Crafts of the Central Asian Turkic-Speaking Peoples” (Myunxen, Istanbul, 2006). San’at tarixi masalalari bo‘yicha ilmiy, akademik nashrlardan tashqari, A.Hakimov tomonidan 2019-yilda Xitoy, Sug‘d, Eron, Vizantiya va boshqa mamlakatlar xalqlari va hukmdorlarining milodiy VI asrda Buyuk Ipak yo‘lining magistral qismlarida sodir bo‘lgan o‘zaro munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan “Ipak saltanatlari” tarixiy-badiiy romani nashr etildi. Olim tadqiqotlari ijtimoiy-g‘oyaviy va madaniy-badiiy ahamiyatga ega. Turli nashrlar va OAVlarida keng jamoatchilikka yetkazildi. Tadqiqot natijalari yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va o‘z yurtidan, uning tarixidan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Oliy o‘quv yurtlarida darslik va o‘quv qo‘llanmalar shaklida bevosita amaliyotga joriy etildi. A.Xakimov 1980-yildan hozirgi kungacha Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. “Badiiy tanqid tarixi va nazariyasi” hamda “Amaliy san’at” fanlaridan K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. A.Xakimov EGO talabalar ilmiy-tajriba konferensiyasi asoschisi. Bu anjuman orqali o‘nlab talabalar o‘z ilmiy ishlarini boshlaganlar. San’atshunoslik instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.12.2019. San.51.01 raqamli Ilmiy kengash raisi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.38/09. 07.2020.San.119.01 raqamli ilmiy darajalar beruvchi kengash a’zosi hisoblanadi. A. Xakimov ilmiy rahbarligida 5 nafar fan doktori va 28 nafar fan nomzodi va falsafa doktori tayyorlangan. 1996-yilda Parijda YUNЕSKOning Bosh Idorasida “Temuriylar davri madaniyati” hamda 1998-yilda Buxoro va Xiva shaharlarining 2700 yilligiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro ko‘rgazmalari muallifidir. A.Xakimov 1980-yillardan e’tiboran qator xorijiy davlatlarda o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashgan. (Bolgariya, Vetnam, Rossiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Hindiston, Shvetsiya, Iordaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Eron, Xitoy va boshqa). Bir qator nufuzli Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, AQSh, Malayziya, Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro xalqaro konferensiyalarda o‘zining dolzarb va mazmunli bayonotlari bilan ishtirokchisi. 50 ga yaqin xalqaro ilmiy anjumanlar ishtirokchisi. AISA, Parij Xalqaro badiiy tanqidchilar Assotsiatsiyasi a’zosi (1986), shu Assotsiatsiyaning O‘zbekiston badiiy tanqidchilari seksiyasi raisi (1986), 2000-yilda Tokiodagi Soka universiteti (Yaponiya) faxriy doktori etib saylangan. 50 ga yaqin xalqaro ilmiy anjumanlar ishtirokchisi. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining YUNЕSKO bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniy merosi hamda tasviriy va amaliy-bezak san’ati”ga oid 18 ta respublika va xorijiy ko‘rgazmalar konsepsiyalari muallifi (Fransiya, Germaniya, AQSh, Yaponiya) hamda Shveysariya rivojlantirish va hamkorlik byurosining 5 ta xalqaro ilmiy loyihalari kuratori hisoblanadi. Hozirgi davrda o‘z shogirdlari bilan O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atida an’analarning tarixiy davomiyligi ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shuningdek, Islom san’ati: falsafa va poetika fundamental monografiyasi ustida ishlamoqda.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar mamlakat kelajagini belgilaydigan, insonlarni dunyoqarashini shakllantiradigan, yoshlarni vatanparvarlik, insoniylik ruhida tarbiyalaydigan asosiy lokomotivdir. Yangi O‘zbekiston davrida siyosatshunoslik, sotsiologiya, psixologiya, falsafa, tarix, iqtisodiyot, sharqshunoslik, san’atshunoslik, huquqshunoslik kabi muhim fanlar rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur fanlar Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadi va Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu o‘rinda O‘zbekistonni ma’naviy birlashtiradigan umummilliy g‘oyaga aylangan Islom svilizatsiyasi markazini barpo etish tashabbusingiz nafaqat o‘zbekistonlik olimlar, butun dunyo olimlari tomonidan yuksak baholanmoqda va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod qilishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston madaniy merosini Luvr, Berlin va boshqa mashhur muzeylarda namoyish etilishi O‘zbekistonning xalqaro imijini yanada oshiradi. Bu bo‘yicha yurtimiz, ayniqsa San’atshunoslik instituti arxeologlari, san’atshunoslari sidqidildan mehnat qilmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan Yangi O‘zbekiston davrida hunarmandchilik sohasida xalqaro miqyosda maqtanishga arzigulik o‘zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, mahalla tizimida hunarmandchilik jahonda o‘xshashi yo‘q holatdir. Hozirda dunyo mamlakatlari bizga kelib, hunarmandchilikni rivojlantirish tajribasini o‘rganmoqdalar. Birgina 2019- va 2023-, 2025-yillarda o‘tkazilgan Qo‘qon Xalqaro hunarmandchilik festivalida xorijdan 700 dan ortiq hunarmandlar, mutaxassislar va san’atshunos olimlarning ishtirok etgani buning yaqqol isbotidir. Badiiy hunarmandchilikning rivojlantirilishi san’atshunoslikni, xususan tasviriy va amaliy-bezak san’atini ham rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Festivallar doirasida ilmiy anjumanlar, seminar trening, mahorat darslari va davra suhbatlarining tashkil etilishi san’atshunoslar, iqtisodchilar va hunarmandlarni o‘zaro bog‘lashga hamda hunarmandchilik, turizm va ilm-fanni rivojlantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. A.Xakimov oilali, 2 nafar farzandi, 3 nafar nevarasi bor.