Olim

YULDASHEV NOSIRJON XAYDAROVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Amerika fan va texnologiyalar uyushmasining doimiy a’zosi (2016), Xalqaro birlashgan fanlar akademiyasi a’zosi (2018), Farg‘ona davlat texnika universiteti (FDTU) huzuridagi 01.04.07-“Kondensirlangan holat fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy kengash raisi (2020), “Journal of Applied Mathematics and Physics” (2022) va “Vestnik SibGIU” (2023) xalqaro jurnallari tahririyatlarining a’zosi, O‘zbekiston Respublikasining “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi (2021). Yuldashev Nosirjon Xaydarovich Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanidagi Nursux qishlog‘ida 1950-yil 11-martda tug‘ilgan. U 1972-yilda Farg‘ona davlat pedagogika instituti (FDPI) Fizika-texnika fakultetini tamomlagan. Harbiy xizmat muddatini o‘tab, 1973–1976-yillari FDPIning “Nazariy fizika” kafedrasida shogird-tadqiqotchi va assistent lavozimlarida ishlagan. 1976–1979-yillari Rossiya Fanlar akademiyasining A.F. Ioffe nomidagi Sankt-Peterburg Fizika-texnika instituti aspiranturasida va 1987–1989-yillari doktoranturasida tahsil olgan. Shu institutning Ilmiy kengashida 1981-yilda fan nomzodligi, 1992-yilda fan doktorligi dissertatsiyalarini himoya qilgan. Uning G.E. Pikus va E.L. Ivchenko bilan hamkorlikda bajargan “Kristallarda eksiton spektri sohasida qutblangan nurlanishning ko‘chirilish nazariyasi” turkumidagi ishlari 1980 va 1981-yillar uchun Sankt-Peterburg Fizika-texnika institutining “Eng yaxshi ilmiy ish” tanlovida 1-o‘rinni egallagan.

1980–1987 va 1989–1994-yillari FDPI (hozirgi FarDU) “Nazariy fizika” kafedrasining katta o‘qituvchisi, dotsenti, professori va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 1998-yildan to hozirgi kungacha Farg‘ona politexnika institutida (FDTU) dastlab “Oliy matematika” kafedrasi dotsenti, so‘ngra 2000-yildan “Fizika” kafedrasi mudiri va professori lavozimlarida ishlab kelmoqda. 2001-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan Mustaqillik yillarida yaratilgan eng yaxshi monografiya tanlovida “Eksiton-polyaritonnaya lyuminestsentsiya i perenos rezonansnogo izlucheniya v kristallax” nomli monografiyasi fizika va texnika yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan.


O‘z shogirdlari bilan AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Daniya, Norvegiya, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro ilmiy konferensiyalarda faol qatnashib, O‘zbekiston fiziklarining jahondagi obro‘-e’tiborini oshirib kelmoqda. 2023-yil 23–27-may kunlari Samarqandda taniqli xorijiy olimlar ishtirokida “Nanophotonics, Metamaterials and Photovoltaics” A.F. Ioffe nomidagi Fizika-Texnika institutida “Yarim o‘tkazgichlar nazariyasi” mavzusida Xalqaro anjumandagi ma’ruza payti (2016). mavzusida o‘tkazilgan III xalqaro konferensiyada qilgan ma’ruzasi jyuri tomonidan eng qiziqarli deb topilib, maxsus diplom bilan taqdirlandi. “Nanophotonics, Metamaterials and Photovol¬taics” Xalqaro anjumanida N.X. Yuldashevga “Eng yaxshi ma’ruza” uchun sertifikat topshirilish payti. Samarqand, 28-sentyabr 2023 yil.

Uning tashabbusi bilan Farg‘ona politexnika institutida 2006 yildan buyon har 3-5 yilda “Yarimo‘tkazgichli mikro- va nanostruktura¬larda optik va fotoelektrik hodisalar” (YMNOFH) mavzusida Xalqaro ilmiy anjuman muntazam o‘tkazib kelinyapti. YMNOFH II Xalqaro anjuman qatnashchilari, Farg‘ana, 8-sentyabr 2011 yil (1-qatorda kul rang kostyumda Litva FA akademigi Vaytkus Y.Y. ). YMNOFH III Xalqaro anjuman qatnashchilari, Farg‘ana, 21-sentyabr 2014 yil (1-qatorda ko‘k rang kiyimda Rossiya FA akademigi Ivchenko E.L. )

YMNOFH V Xalqaro anjuman qatnashchilari, Farg‘ana, 28-sentyabr 2023 yil YMNOFH IV Xalqaro anjumanining ochilishi, Farg‘ana, 21-sentyabr 2018 yil, N. X. Yuldashevning ilmiy qiziqishi “Qattiq jism fizikasi”ning “Eksitonlar fizikasi”, “Yarim oʻtkazgichlarda optik, fotoelektrik va fotovoltaik hodisalar”, “Yupqa pardali yarim oʻtkazgich strukturalarda tenzoelektrik hodisalar” kabi fundamental yoʻnalishlariga taalluqlidir. Sankt-Peterburg Fizika-texnika institutining taniqli olimlari G. E. Pikus, Ye. L. Ivchenko va A. V. Selkinlar bilan hamkorlikda yarim oʻtkazgich kristallarda erkin eksitonlarning optik orientatsiyasi va dipol tiklanishi, eksiton-polyariton lyuminessemsiyasi hamda qutblangan rezonans nurlanishning koʻchirilish muammolari boʻyicha original ilmiy ishlar eʼlon qilgan. N. X. Yuldashev ilmiy faoliyatining ikkinchi yoʻnalishini Fargʻona davlat universiteti (FarDU) va Fargʻona politexnika instituti (FarPI) fizik-eksperimentator olimlari bilan hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etadi. Bunda yarim oʻtkazgich fotorezistor plyonkalar va anomal fotovoltaik xususiyatli yupqa pardalar tayyorlashning samarali texnologik usullari ishlab chiqildi, toʻrtta Mualliflik guvohnomasi olindi hamda yupqa polikristall plyonkalarda muvozanatli elektr oʻtkazuvchanlikning temperatura va infraqizil nurlanish taʼsiridagi soʻnishi, tashqi qutblovchi maydonsiz fotoelektret holat, aralashmaviy fotoyutilishdagi anomal fotokuchlanish (AFK) generatsiyasi, ionlarning termo-maydon migratsiyasi tufayli AFKning kuchayishi, AFKning soʻnishi tufayli yuzaga keladigan eksiton-polyariton lyuminessemsiyasining tiklanishi kabi yangi fotoelektrik va optik hodisalar oʻrganildi. Ushbu natijalar boʻyicha uchta nomzodlik (J. Ergashev, M. A. Karimov, M. Ataboyev) va ikkita doktorlik (S. M. Otajonov, M. A. Karimov) dissertatsiyalari himoya qilindi hamda “Yupqa pardali strukturalarda fotoelektret effekt” nomli monografiya (J. Ergashev ishtirokida) tayyorlandi. Bulardan tashqari tor zonali (PbS, PbSe, PbTe, Bi2Te3, Sb2Te3 kabi) yarim o‘tkazgich kristall, polikristall hamda yupqa plenkalarda p’ezoqarshilik effektinining nazariy va eksperimental ravishda kompleks tadqiqoti, jumladan, ularning elektrofizik va optik xususiyatlariga bir o‘qli statik va ishorasi o‘zgaruvchan tsiklik deformatsiyalar, mikroto‘lqinlar, ichki mexanik kuchlanishlar, kristall donachalar chegaralari, sirt holatlar va nostexiometrik nuqsonlarning ta’sirlarini o‘rganish amalga oshirildi. Bu ilmiy izlanish natijalari asosida ikkita doktorlik disserta-tsiyasi (E.A. Abdullaev, X.M. Sulaymonov) tayyorlandi va ular bilan hammualliflikda ikki qismdan iborat “Effekt p’ezosoprotivleniya v xalkogenidax svintsa i vismuta” nomli monografiya e’lon qilindi. Rossiyalik taniqli olimlar (o‘ngdan chapga: f.-m.f.d., professolar Shamirzayev T.S., Toropov A.A, Shubina T.V., Rodin P.B., Rodina A.V.) va f.-m.f.n Ayibjonov M. bilan oilaviy muhitdagi suhbat (2023). Akademik Ivchenko Eugenius Levovichning Far PI Fizika kafedrasi olimlari bilan muloqot payti (2014) Oliy oʻquv yurtlaridagi pedagogik faoliyati natijalari boʻyicha hammualliflikda “Kvant mexanikasi asoslari” darsligini va A. A. Detlaf, B. M. Yavorskiylarning “Kurs fiziki” darsligi tarjimasini oʻzbek tilida nashr ettirdi. Fizika kafedrasi aʼzolari bilan birgalikda tayyorlagan “Fizika kursi” 3 jildlik maʼruzalar toʻplami 2008-yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Eng yaxshi oʻquv qoʻllanmalar” tanlovida 2-oʻrinni egallagan. Hozirda ushbu adabiyotlardan oliy taʼlim tizimida keng foydalanib kelinmoqda. Shogird talabalari oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida fizika fanidan Respublika olimpiada va tanlovlarida koʻp marotaba gʻoliblikni qoʻlga kiritishgan. Akademik litseylar bilan ham mustahkam aloqalar oʻrnatilgan boʻlib, u kishining rahbarligidagi oʻquvchilar fizika fanidan viloyat va respublika bosqichlarida olimpiada gʻoliblari boʻlishgan. 2000–2018-yillarda “Fizika” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib, 6 ta oʻquv laboratoriyasining zamonaviy jihozlanishiga, dars mashgʻulotlarining axborot texnologiyalari vositalarida muntazam oʻtilishiga erishdi. Kafedra professor-oʻqituvchilaridan 4 nafari fan doktori (DSc), 2 nafari fan nomzodi va 10 dan ortigʻi falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini himoya qildilar. Shuningdek, 3 ta darslik, 8 ta oʻquv qoʻllanma va 40 ga yaqin uslubiy qoʻllanma yaratildi. Oʻquv jarayoniga yangi innovatsion pedagogik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari faol joriy etildi. Kafedraning nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari (Sankt-Peterburg Fizika-texnika instituti, Germaniyaning Dortmund texnika universiteti, Novosibirsk Yarimoʻtkazgichlar fizikasi instituti, Litva davlat universitetining Nanotexnologiya instituti, Turkmaniston Fanlar akademiyasining Texnologiyalar markazi) va universitetlari (Sankt-Peterburg davlat universiteti, Novosibirsk davlat universiteti, Novokuznetsk shahridagi Sibir davlat industrial universiteti, Qozogʻiston Respublikasining L. N. Gumilyov nomidagi Yevraziya milliy universiteti, Dushanbe texnika universiteti, Oʻsh davlat universiteti, Oʻsh texnologiya universiteti) bilan muntazam ilmiy va oʻquv-uslubiy aloqalari taʼminlandi.

Osh DU dan kelgan hamkasblar bilan ishchi suhbat payti (2025). 2001–2015-yillarda N. X. Yuldashev rahbarligida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining davlat budjetidan moliyalashtirilgan 3 ta fundamental va 1 ta innovatsion loyihasi bo‘yicha umumiy hajmi 400 mln so‘mdan ortiq ilmiy-tadqiqot ishlari bajarildi. U Ilmiy-texnik kengash ishida ham faol qatnashib kelmoqda.

Yuldashev N. X. yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishiga astoydil kirishgan, “Yarimo‘tkazgichlar va kondensirlangan muhitlar fizikasi” sohasida o‘z ilmiy maktabini yaratgan taniqli mohir pedagog va salohiyatli olimdir. Uning rahbarligida kafedra ilmiy seminari muntazam faoliyat yuritadi. 2017–2026-yillarda 10 nafar shogirdi fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va 1 nafari fan doktori (DSc) dissertatsiyasini himoya qildi. U 10 ga yaqin darslik va o‘quv qo‘llanma, 5 ta ilmiy monografiya, 4 ta ixtiro uchun patent va 200 dan ortiq ilmiy maqola muallifidir. O‘sh davlat universiteti qoshidagi 01.04.07 – “Kondensirlangan holat fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy kengash a’zosi bo‘lgan. “Ilmiy-texnika jurnali” (2012) va “Scientific-technical elektron journal” (2020) larining mas’ul muharriri. Ish kabinetida shogirdlari davrasida (2022).

Far PI Fizika kafedrasi Ilmiy semiinari a’zolari bilan Yangi yil arafasida (2024).

Yuldashev Nosirjon Xaydarovich hozirgi kunda kafedra qoshida zamonaviy laboratoriyalar kompleksini (2 ta ilmiy va 4 ta o‘quv laboratoriyasi) tashkil etib, o‘qitishning ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini zamon ruhi hamda milliy istiqlol g‘oyasi tamoyillari bilan bog‘lagan holda talabalarga saboq bermoqda. Shogirdlari bilan yarim o‘tkazgichli mikro- va nanostrukturalarda optik, fotoelektrik va tenzoelektrik hodisalarni tadqiq etish bilan samarali shug‘ullanib kelmoqda. U talaba yoshlarning talabchan, to‘g‘riso‘z va samimiy ustozi, fizika fanidan chuqur fundamental ilm sohibi hamda keng dunyoqarashga ega ma’rifatparvar inson sifatida el-yurt hurmatini qozongan.