Olim

BAKRIDIN ZARIPOV

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, professor

Bakridin Zaripovda ilmga bo‘lgan kuchli ishtiyoq uning bolalik chog‘idayoq uyg‘ongan. U 1948-yil 10-noyabrda Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida ziyolilar oilasida tavallud topgan bo‘lib, oiladagi kitobxonlik muhiti mutolaaga muhabbat uyg‘otdi. Ilk o‘qigan o‘zbek xalq ertaklari va dostonlari uning tasavvur olamini boyitgan bo‘lsa, badiiy adabiyotlar esa tabiat hodisalari, aniq fanlarga qiziqishini kuchaytirdi. Natijada maktab darsliklari bilan cheklanib qolmasdan, balki ilmiy adabiyotlar dunyosiga sho‘ng‘ib ketdi. Bu esa bo‘lajak olimning tafakkur olamini boyishiga xizmat qildi. 1965-yili o‘rta maktabni a’lo baholarga bitirgan yosh yigit oldida qaysi yo‘ldan borish, qay bir oliy o‘quv yurtiga kirsam ekan, degan savol ko‘ndalang turar edi. Ana shunday paytda undagi tabiatga bo‘lgan mehri ustun kelib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining (hozirgi universitet) biologiya fakultetini tanladi. Besh yillik o‘qish davomida barcha fanlarning a’lo darajada o‘zlashtirishi, universitet hayotidagi va jamoat ishlaridagi faolligi, aniqsa, ilmiy yangilikka qilishga intiluvchanligi bilan ustozlar mehrini qozondi. 1969 yilda Bakridin Zaripov boshliq iqtidorli talabalarning tashabbusi bilan institut tarixida Biologiya fakultetida birinchi marta “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, u bellashuvlar Markaziy televideniye orqali efirga uzatilishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Bu bellashuvga bevosita ustozlik qilgan institutning professor-o‘qituvchilari – akademik A.Yu.Yunusov, professor Z.T.Tursunov, professor Q.S. Sodiqov, dotsent N.K.Qodirova kabi fiziolog olimlarning maslahatlari tadbirning o‘tishini nihoyatda boyitgan edi. Eng qiziqarlisi, o‘shanda B.Zaripov fiziologiya fanining asoschisi, Nobel mukofotining laureati, akademik I.P.Pavlov obrazini yaratib, uning ilmiy yo‘nalishlarini sodda usulda ko‘rsata olgan va itlarda shartli refleks misolida tajribalar ko‘rsatgan edi. Shu orqali u, avvalo, professor-o‘qituvchilar va talabalar, qolaversa, ming-minglab teletomoshabinlar mehrini qozondi. Mazkur institutni 1970 yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan Bakridin Zaripovda ustozlari yuksak ilmiy salohiyatni ko‘ra olib, yosh mutaxassisni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fiziologiya institutiga yo‘naltiradi. Bu yerda professorlar K.R. Rahimov, U.Z. Qodirov, Z.T.Tursunovlar rahbarligida ovqat hazm qilish fiziologiyasi laboratoriyasida tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi. Institutda o‘z iste’dodini ko‘rsata olgan xodimni jamoa avvaliga aspirant, so‘ngra doktorant sifatida Sankt-Peterburgdagi sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining I.P.Pavlov nomidagi Fiziologiya institutining ovqatlanish fiziologiyasi laboratoriyasiga yuborishadi. Omadni qarangki, o‘sha paytda ushbu laboratoriyani butun dunyoda taniqli olim, akademik Aleksandr Mixaylovich Ugolev boshqarardi. U akademik A.M. Ugolev, prof. K.R. Raximov rahbarligida juda qisqa davrda 1975- yilda “Buyrak usti bezining ingichka ichakda ovqat hazm qilish va so‘rilishga ta’siri” mavzusida nomzodlik va 1985-yilda “Hayvonlarda surunkali tajribalarda ovqat hazm qilishning substrat va nosubstrat boshqarilish mexanizmlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiladi. U doktorlik ilmiy darajasini olganidan 36 yoshda edi, xolos. Bu juda katta voqelik, o‘sha paytdagi ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi o‘rnatilgan o‘ziga xos rekord edi. Bakridin Zaripov mehnat faoliyatini bir umr ilm-fan bilan bog‘lab kelmoqda. 1985-yildan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) biologiya fakultetida “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” kafedrasi mudiri, biologiya fakulteti dekani, mamlakat bosh universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori lavozimlarida ishladi. 1992 yildan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparatida Davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. 1994 yildan Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, Respublika o‘quv-uslubiy birlashmasining rahbari, fiziologiya ixtisosligidan doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish bo‘yicha O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ixtisoslashtirilgan Kengash raisi lavozimlarida samarali mehnat qildi va ko‘plab fan nomzodi va fan doktorlarini tayyorladi. Mamlakatimiz ilmiy jamoatchilik Bakridin Zaripovni ko‘p qirrali olim sifatida alohida e’tirof etishadi. Bu bejiz emas, albatta. Fiziologiya yo‘nalishida uni hazm qilish tizimi, inson salomatligiga oid fiziologiya, zamonaviy fiziologiyadagi yutuqlar va ulardan samarali foydalanish masalalari qiziqtiradi. Shu bois ilmiy faoliyatining katta qismi surunkali tajribalar sharoitida ingichka ichakning ovqat hazm qilish va tashish funksiyalarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Bu esa kutilgan natijalarni berib, ustozi akademik A. M. Ugolev bilan hamkorlikda surunkali tajribalar sharoitida ovqat hazm qilish traktini o‘rganishning yangi – in-vivo usulini ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Bu usul dunyoning juda ko‘plab – 30dan oshiq mamlakatlarida, ilmiy laboratoriyalarda qo‘llanib kelinmoqda. Darhaqiqat, akademik B.Z. Zaripovning ilmiy faoliyati ingichka ichakda membrana gidrolizi va transportining turli fiziologik holatlarda tadqiq qilish bo‘lib, bu yo‘nalishda akademik A.M. Ugolev ilmiy maktabining davomchisi hisoblanadi. U ustozi izidan borib, ko‘p vaqtini yangi zamonaviy ilmiy tadqiqotlar olib borish barobarida, fiziologiya ilmining davomchilarini tarbiyalashga bag‘ishlayotgani alohida tahsinga loyiqdir. Bakridin Zaripovich ilmiy faoliyatini ko‘p qirraligi shundaki, ilm-fan fidoyisi sifatida iqtisodiyotimiz ravnaqi yo‘lida ham tinmay izlanib kelmoqda. Gap shundaki, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yangi soha, o‘zbek iqtisodiyot fanidagi yangi yo‘nalish bo‘lgan klaster nazariyasi ilmining asoschilaridan biri sanaladi. Shu bois klaster tizimida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unligini ta’minlash, uni paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning innovatsion modeliga aylantirish bo‘yicha ilmiy takliflar berishdan aslo charchamaydi va bu haqida ko‘plab asarlar, o‘quv qo‘llanmalar, tavsiyanomalar, maqolalar yozib kelmoqda. Bakridin Zaripov klaster usuliga to‘xtalar ekan, “Xalqimizning “Ipidan ignasigacha” degan iborasi — bu klaster usulining aynan o‘zidir”, deya ta’rif beradi. Ushbu yangi tizim haqida tasavvur hosil qilish uchun shuni o‘zi yetarli. Ortiqcha izohga hojat yo‘q. Chindan ham, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va boshqarishning yangi usuli o‘zida mahsulot yetishtirish va chuqur qayta ishlashning barcha bosqichini qamrab oladi. Bu esa sohada samaradorlikning oshishiga, sanoatlashuvi jarayonlari tezlashishiga, qishloq aholisi uchun muqim ish o‘rinlari va doimiy daromad manbalari paydo bo‘lishiga, pirovardida odamlarning boy yashashiga mustahkam zamin yaratadi. Akademik B.Zaripovning ilmiy ishlari, fiziologiya fani ilmiga qo‘shgan hissasi xalqaro miqyosda tan olingan. Masalan, u Jahon fiziologlari jamiyati (Stokgolm) akademigi, Rim universiteti (Italiya) faxriy professori, Nyu-York fanlar akademiyasi (AQSh) akademigi, Janubiy Rossiya universiteti faxriy professori, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi a’zosi, akademik I.P.Pavlov nomidagi (Rossiya) oltin medalning Osiyo qit’asidagi yagona sohibi hisoblanadi. Shuningdek, B.Zaripov “Oliy ta’lim a’lochisi” yuksak unvonining sohibi hamdir. Bakridin Zaripov hamkasblari va shogirdlariga mehribon, ayni paytda talabchan va haqqoniy do‘st insondir. Bugungi kunda uning shogirdlari nainki respublikamizda, balki ko‘plab xorijiy davlatlarda fan-ta’lim va ishlab chiqarishning turli sohalarida samarali faoliyat yuritishmoqda. Binobarin, Bakridin Zaripov rahbarligida 4 ta fan doktori, 17 ta fan nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. B.Zaripov 400 dan ortiq ilmiy va ommabop ishlar, shundan 200 dan ortig‘i xorijiy davlatlar ilmiy jurnallarida, 37 tasi esa “Scopus” bazasida indeksatsiya qilingan. Bundan tashqari, u oliy ta’lim muassasalari, litsey, kollejlar va maktablar uchun 25 dan ortiq darsliklar, 35 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, 5 ta monografiyalar nashr etgan. Akademik A.M. Ugolev bilan birgalikda kalamushlarda surunkali tajribalar qo‘yish bo‘yicha ixtiro va 20 dan ortiq ratsionazatorlik guvohnomalarining muallifi hamdir. Akademik Zaripov B. tashabbusi va tashkiliy qo‘mita raisligida O‘zbekiston Milliy universitetida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Koronavirus COVID-19, biologiyasi, etiologiyasi va fiziologiyasi” hamda Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” nomlarida xalqaro konferensiyalar an’anaviy ( 5-marta) o‘tkazilib kelinmoqda. Akademik B. Zaripov davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining murojaatiga asosan, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladigan ilmiy-amaliy takliflarini tayyorlab kelmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining klaster g‘oyasi asosida yozilgan kitob — “Cotton-Textile Cluster — locomotive of the economic development” («Paxta-to‘qimachilik klasteri — taraqqiyot lokomotivi») kitobi Germaniyaning nufuzli “Lambert Academic Publishing” xalqaro ilmiy nashriyotida ispan, italyan, nemis, rus, portugal, fransuz kabi tillarda chop etildi. Shuningdek, ushbu kitob “Lap Lambert Academic Publishing” bazasiga kiritildi. 2023 yilda Nyu-Yorkda nashr etilgan “Integral ovqatlanish bo‘yicha qo‘llanma” (“Integral Nutritional Guide”) kitobi esa nafaqat dunyo ilmiy jamoatchiligi, balki sog‘lom turmush tarzi tarafdori bo‘lgan insonlar tomonidan iliq kutib olindi. Natijada u turli tillarga tarjima qilinib, qayta nashr etilmoqda. Umuman, oxirgi yillarda akademik mualliflik va hammuallifligida “Bilimsizlik insoniyat uchun eng qorong‘u tundir”, “Klaster — integratsiya, innovatsiya va iqtisodiy o‘sish”, “Iste’dodli insonlar — mamlakatning bebaho boyligidir”, “Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans ostonasida”, “Tafakkurning 64 nuqtasi”, “Tafakkur va taraqqiyot quyoshi”, “Birinchi Renesans allomalari” va “Ikkinchi Renesans allomalari” kitoblari keng kitobxonlar jamoasi hukmiga havola etildi. Chinakam ustoz maqomiga erishgan, ilm-fan va ta’lim uyg‘unligini ta’minlash yo‘lida izlanishdan bir zum ham to‘xtamayotgan bu fidoyi insonning bemisl mehnatlari yuksak darajada e’tirof etilib, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi arafasida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Bir necha bor Mustaqillikning yubiley sanalariga bag‘ishlangan medallar bilan taqdirlangan. Hozirgi kunda B. Zaripov Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” kafedrasi professori, “Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi” rahbari lavozimida mehnat qilib, hazm tizimidagi fiziologik jarayonlarga turli omillarning ta’siri va uning korreksiyasi, “COVID-19”ga chalingan organizmlar faoliyati tiklanish davrining fiziologik mexanizmlari mavzularida shogirdlariga rahbarlik qilib, ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettirmoqda. Akademik B. Zaripovning Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasida faoliyati davomida kafedra Innovatsiya agentligining innovatsion, xalqaro fundamental loyihalar va “Bo‘lajak olim” start-uplar kabi turli tanlovlarida umumiy hisobda 3 mlrd 800 mln so‘mlik davlat grantini yutganligi kafedra xodimlarining katta ilmiy salohiyatga ega ekanligining isboti hisoblanadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisining maslahatchisi sifatida klaster usulini rivojlantirish va ommalashtirishga yaqindan ko‘mak berib kelyapti. Ta’kidlash kerakki, akademik B. Zaripov tashabbusi bilan Rossiya fanlar akademiyasi huzuridagi I.P. Pavlov nomidagi fiziologiya instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, ikki tomonlama shartnoma tuzildi. Ilmiy aloqalarning mahsuli o‘laroq, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya fakultetida “Yangi O‘zbekiston yosh fiziologlari maktabi” to‘garagi ochildi. Yosh fiziologlar maktabi oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa talabalar, yosh olimlar orasida fiziologiya fanini keng targ‘ib qilish, jahon fiziologlari tajribalarini chuqur o‘rganishdan iborat. Shuningdek, bo‘lg‘usi mutaxassislarni innovatsion fiziologik laboratoriyalar bilan yaqindan tanishtirish, mustaqil eksperimentlar qilish orqali yuqori malakali, professional, bugungi zamon talabiga mos kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish maqsad qilingan. Shu bois mashg‘ulotlar innovatsion usul va texnologiyalardan foydalanilgan holda o‘tkazilyapti. Chunki nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashsagina yanada mustahkamlanadi, yoshlarni yangiliklarga ruhlantiradi. Yaqinda yosh fiziologlar maktabining navbatdagi mashg‘ulotida “Quyon ichagida innovatsion fiziologik surunkali (in vivo) jarrohlik usuli” mavzuida jarrohlik amaliyoti bajarildi. Ushba mashg‘ulot nafaqat yurtimiz oliy o‘quv yurtlari talabalari, balki qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Chexiya, Belarus Respublikasi universitetlari fiziolog olimlari, talabalarida katta qiziqish uyg‘otdi. Natijada ko‘plab chet ellik olimlar ushbu darsni onlayn ishtirokchisiga aylandi. B. Zaripov qayerda bo‘lmasin shu yurt manfaati uchun jon koyitib yuradi. Mana, bir misol: Akademik 2022, 2024 yillarda NASA (Milliy Aeronavtika va Fazo Ma’muriyati)ning “Oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish fiziologiyasi” bo‘yicha dasturida ishtirok etish uchun AQSh bo‘lib qaytdi. Ushbu safar chog‘ida O‘zbekistonlik fiziolog olimning ilmiy ma’ruzasi va muhokamalardan keyin AQShda “bilbordi” namoyish etilishi kutilmagan voqelik bo‘ldi. Sababi, Manxettendagi osmono‘par binoga bilbord joylashtirish narxi juda qimmat. Shu bois unga, asosan, taniqli shaxslar suratlari va dunyoga mashhur kompaniyalarning reklamalarigina joylashtiriladi. E’tiborlisi, Bakridin Zaripovning surati tekin e’lon qilindi. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, “bilbord”da “O‘zbekistonga investitsiya kiriting!” shiori e’lon qilindi.



Chindan ham, hozir O‘zbekistonga ayniqsa ilm-fan, ta’lim va innovatsiya sohalarida investitsiya kiritishning ayni fursati. Chunki barcha sohalar, jumladan, iqtisodiyot tarmoqlarida ham investitsiyaga chanqoqlik bor. Bevosita davlat rahbari ilm-fanni va tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarida xususiy sektor ulushini ko‘paytirishga jiddiy e’tibor qaratayotgani yangi loyihalar ustida ishlashga katta turtki bo‘lyapti.

B. Zaripov va Rafael Kushak, Efraim Gurman Akademik B. Zaripov ko‘plab xalqaro loyihalarda ishtirok etgan. Xususan, u NASA (AQSh)ning oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish fiziologiyasiga bag‘ishlangan nufuzli loyihasi doirasidagi muhokama va tadbirlarda faol qatnashib kelmoqda. Ustozning fidokorona mehnati natijasida 2021 yilda u O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan. Shuningdek, mustaqillikning yubiley sanalariga bag‘ishlangan medallar bilan bir necha bor mukofotlangan. Mukofotlash jarayoni I.U. Madjidov va akademik B. Zaripov

Hozirgi kunda B. Zaripov Mirzo Ulugbek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining «Inson va hayvonlar fiziologiyasi» kafedrasi professori hamda «Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi» rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda. U ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettirib, shogirdlarga ovqat hazm qilish tizimidagi fiziologik jarayonlarga turli omillarning ta’siri va ularni korreksiya qilish, shuningdek, COVID-19 dan keyingi tiklanish davrining fiziologik mexanizmlari yo‘nalishlarida rahbarlik qilmoqda. B. Zaripov I.P. Pavlov nomidagi Fiziologiya institutida

Xalqaro molekulyar allergologiya markazi bilan hamkorlikda «Ekologiya, yashil energetika va sog‘liq: umumiy yondashuvdan aniq yechimlarga» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada (2025 yil mart, III «GREEN WORLD» ekofestivali doirasida) hakamlar hay’ati raisi sifatida ishtirok etilgan. O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetida «Uch avlod uchrashuvi: an’analar va qadriyatlar» (2025 yil may) nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ma’ruza qilib, unda Akademik B. Zaripov yoshlar bilan uchrashuvda ham nutq so‘zladi. B. Zaripov shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Javohir Sindorov bilan

O‘zbekiston Shaxmat akademiyasi hamda «SPORT-FRIENDSHIP-VICTORY» shaxmat maktabi bilan hamkorlikda shaxmat turnirini tashkil etishda faol ishtirok etgan va buning uchun minnatdorchilik bildiruviga sazovor bo‘lgan. Musobaqa g‘oliblari akademik jamg‘arma hisobidan moddiy rag‘batlantirildi. Qushrabot tumani maktab o‘quvchilari bilan «Akademik va yoshlar uchrashuvi» tadbiri B. Zaripov boshchiligida Samarqand davlat universiteti muzeyiga o‘quvchilar ekskursiyasi

Yil davomida Toshkent shahridagi Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda hamda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi 82-maktabda biologiya fanidan ma’ruzalar o‘tkazilgan. Eng yaxshi natijalarga erishgan, olimpiada g‘oliblari bo‘lgan hamda 6 oy davomida 5 ta badiiy asar o‘qigan o‘quvchilar uchun har oy 100 ming so‘mdan ikki nafar o‘quvchiga mukofot joriy etilgan. Shuningdek, litsey va maktab o‘quvchilari o‘rtasida akademik stipendiya tanlovi o‘tkazilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida Qo‘shrabot tumani hokimligi tomonidan tashakkurnoma topshirilgan.

2025-yil 12-fevral kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabida akademik Zaripov ishtirokida master-klass o‘tkazildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti va Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi Harvard University, New York University, University of Pittsburgh hamda Vet Whittles ilmiy-ishlab chiqarish kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumlari asosida faoliyat yuritmoqda. B. Zaripov va uning shogirdlari “Kelajak muhandislari” tanlovida B. Zaripov Chexiya tabiiy fanlar universiteti olimlari bilan

B. Zaripov Moldovada «Congresului VIII al Fiziologilor din Republica Moldova cu participare internațională» konferensiyasida tashkiliy qo‘mita a’zosi sifatida ishtirok etdi. Akademik Zaripov tashabbusi bilan Rossiya, Qozog‘iston, Chexiya va Moldova davlatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari va olimlari bilan xalqaro hamkorlik rivojlantirilmoqda. Xususan, Saint Petersburg State University of Economics bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Akademik B. Zaripov rahbarligida «O‘zbekistonda chigirtkadan muqobil oziq-ovqat oqsili va nutrienlar olish texnologiyasini ishlab chiqish» mavzusidagi № AL-9524115100 amaliy loyiha 2 mlrd 234 mln 456 ming so‘m miqdorida moliyalashtirilgan. Ilmiy-tadqiqot ishlari O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya va ekologiya fakultetida (2025–2027 yy.) olib borilmoqda.