Olim

ADIZOVA IQBOLOY ISTAMOVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

Adizova Iqboloy Istamovna, 1957-yil 8-dekabrda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Ayni damda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashaydi. U 1-darajali “Mehnat Faxriysi” ko‘krak nishoni (2025-y.), “Scientific Academy” ilm ma’rifat markazining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) miqyosida tashkil etilgan “Ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Alisher Navoiy” medali (2023-y.) va bir qator Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi
Iqboloy Adizova o‘quvchilik yillaridanoq, o‘zi o‘qigan 24-maktabdagi tadbirlar, qishloq hayoti, tengdoshlarining yutuqlari haqida tuman gazetasiga xabar va lavhalar yozib turgan. Hatto, uning faoliyatiga bag‘ishlab, “Iqbolning iqboli kulsin” nomli maqola ham chop etilgan. U mehnat faoliyatini, 1980-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Kitob palatasida boshlagan. 1983-yilda Nizomiy nomidagi TDPIning o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasida ish faoliyatini davom ettirgan. O‘sha yili ToshDU o‘zbek filologiyasi fakultetining aspiranturasiga o‘qishga kirgan. 1990-yilda “Bayoniy she’riyatining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. Aspiranturani tugatib, 1988-yilda mazkur fakultetning o‘zbek klassik adabiyoti kafedrasiga ilmiy xodim bo‘lib ishga kirdi. 1990-yildan boshlab shu kafedrada o‘qituvchi (1990), katta o‘qituvchi (1994), dotsent (1996-2014) lavozimlarida faoliyat olib bordi. Iqboloy Adizovaning hayotida 2017-yildan yangi davr boshlandi. U Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti o‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasiga dotsent lavozimiga ishga qabul qilindi. 2022-yildan hozirgi kungacha mazkur oliy o‘quv yurtida professorlik lavozimida ishlab kelmoqda. Umumiy mehnat faoliyati 43 yil. Iqboloy Adizova 2020-yilda “Uvaysiy she’riyatida poetik tafakkurning yangilanishi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari doktori (DsS) ilmiy darajasini oldi. 2024-yilda professorlik ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi. Olimning ilmiy yo‘nalishlari: o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyot, matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, navoiyshunoslik, mumtoz poetika. Tadqiqotlari mamlakatimiz ilm ahli va xorijiy davlat olimlari tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. Iqboloy Adizovaning 200 dan ortiq ilmiy maqolalari, darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya va risolalari nashr etilgan. U 1 nafar fan doktori dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan. Hozirda 3 nafar nomzodlik dissertatsiyasiga rahbarlik qilmoqda. Afg‘onistonlik Jamila Yesar kabi xorijlik shogirdlari borligi olimning xalqaro miqyosda ham ilmiy-pedagog kadrlar yetishtirayotgani dalilidir.
I. Adizova mamlakatimizdagi ilm-fan va ta’limning yetuk olimlaridan biri. Uning “El dardini kuylagan she’riyat” (1990), “So‘zdin baqoliroq yodgor yo‘qdur” (1995), “Boqiylik saodati” (1997), “So‘zumni o‘qub anglag‘aysen o‘zumni...” (2008), “Uvaysiy she’riyatida janrlar takomili” (2011), “Uvaysiy she’riyatida poetik tafakkurning yangilanishi“ (2020), “Bobur tafakkurida mavjlangan daryo” (2023), “Zahiriddin Muhammad Bobur hikmatlari – Aphorisms by Babur” (2023), “Tazkira – adabiy jarayon ko‘zgusi” (2024) kabi monografiyalari, ikki yuzdan ortiq maqolalari o‘zbek va chet tillarda e’lon etilgan. “Thinker poetess of the east” monografiyasi Germaniyaning “Lambert Academik Publishing” nashriyotida ingliz tilida chop etilgan (2020). “Alisher Navoiy she’riyatida kitobat san’atining o‘rni” nomli maqolasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-fevraldagi 55-F-sonli Farmoyishiga ko‘ra, Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan 30 jildlik “Istiqlol davri navoiyshunosligi” to‘plamining 30-jildida nashr etildi. Iqboloy Adizova millatimizning noyob adabiy boyliklaridan hisoblangan ko‘plab nodir qo‘lyozmalarni arab alifbosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvidan joriy alifboga tabdil etib, ilmiy izohlar va ko‘rsatkichlar bilan nashr ettirgan hamda tadqiq qilgan. Muhammad Yusuf Bayoniyning “Shajarayi Xorazmshohiy” (1994), Hasanmurod Qori Laffasiyning "Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimayi hollari" (2025), Muhammad Yusuf Bayoniyning “Devon” (2026)lari shular jumlasidandir.
I. Adizova o‘z sohasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida taniqli olima. U ta’lim islohotlarida faol qatnashgan tashkilotchi. Respublika ijod maktablari va Oliy ta’lim uchun qator darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar muallifidir.
Uzoq yillik pedagogik faoliyati natijasi o‘laroq, “O‘zbek adabiyoti tarixi (XVI-XIX asr II yarmi)” o‘quv qo‘llanmasi va darsligini chop ettirgan. O‘quv qo‘llanma 3 marta, darslik 5 marta qayta nashr etildi. 2022-yilda Qozog‘iston Respublikasida ham “Evero” nashriyoti tomonidan chop etildi. Darslikdan, nafaqat mamlakatimizda, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston universitetlarida ham qo‘llanma sifatida foydalanilmoqda. Turkiyadagi, Hindistondagi ayrim mutaxassislar ham undan o‘z tadqiqotlarida foydalanishgan. I. Adizova davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ijod maktablarining 7-sinflari uchun “Adabiyot” darsligini yaratishda hammuallif sifatida ishtirok etgan. Olima O‘zbekiston televideniyesi va radiosida davrning dolzarb masalalari bo‘yicha o‘z chiqishlari bilan ishtirok etadi. “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston tarixi”, “Madaniyat va ma’rifat” telekanallarida adabiy-tarixiy va madaniy-ma’rifiy mavzulardagi ko‘rsatuvlarda muntazam qatnashib, buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy-adabiy merosining tarixiy va bugungi kun uchun ahamiyati borasida teran fikrlarni bildirib kelmoqda. U O‘zbek tili va adabiyoti universitet ilmiy hayotida ham faol. Jumladan, “O‘zbek adabiyoti tarixi (7 jildlik)” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyiha, “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” deb nomlangan amaliy loyihalarda (2023-2024) va O‘zbekistondagi Islom Sivilizatsiya Markazini eksponatlar bilan boyitishda faol qatnashgan. Jumladan, Markazning “Muhammad Yusuf Bayoniy” (2025) amaliy loyihasini tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatib, o‘z iqtidorini namoyon etgan. I.Adizova universitetning o‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi professori sifatida nafaqat kafedra a’zolarining, balki fakultetdagi ilmiy ishlarning rejalashtirilishi, uning dolzarb mavzulari bo‘yicha yosh tadqiqotchilarga, magistrantlarga va talabalarga doimiy ravishda yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgi kunda barcha ma’ruzalarining elektronlashtirilgan variantini yaratgan. Magistratura o‘quv rejasiga ilk bor kiritilgan “Badiiy matn poetikasi” fani bo‘yicha o‘quv qo‘llanma tayyorlagan. Matbuotda dolzarb mavzularda maqolalari bilan qatnashib turadi. O‘zi va shogirdlari bilan birga o‘zbek mumtoz adabiyotining poetik xususiyatlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Iqboloy Adizova auditoriyada talabalarni o‘z bilimi va mahorati bilan mutaxassislik fanlariga qiziqtira olgan yetuk pedagog. Ma’ruza mashg‘ulotlarida elektron ta’limni qo‘llagan holda, uni ilmiy-metodik jihatdan yuqori saviyada olib boradi. U 4 ta darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 6 ta monografiya, 2 risola, 200 dan ortiq (20 tasi Scopus va xalqaro jurnallarda) ilmiy maqolalar muallifidir. Uning maqolalari AQSH, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Qozog‘iston davlatlaridagi nufuzli ilmiy jurnallarda hamda Scopus bazasidagi nashrlarda e’lon qilingan. Turkiyada chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti” o‘ttiz jildlik ensiklopediyasini tayyorlashda ilmiy maqolalari bilan qatnashgan.
Iqboloy Adizova xalqaro maydonda, filolog olimlar bilan hamkorlik etish, fikr almashish jarayonida ham faol. U uzoq yillar davomida fan va innovatsion texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam berib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkiya, Bursa, Izmirda bo‘lib o‘tgan o‘nlab xalqaro ahamiyatga molik anjuman, simpozium va konferensiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Turkiyalik professor Tenju Seyhan, Afg‘onistonlik professor Shafiqa Yorqin kabi olima ayollar bilan hamkorlikda hammualliflikda maqolalar chop ettirgan. Olima dunyo oliy ta’lim muassasalari reytingida yuqori o‘rinda turuvchi Turkiyaning Bursa – Uludog‘, Izmirning Ege, Qozog‘istonning Ahmad Yassaviy universitetlarida muntazam ravishda ma’ruzalar o‘qib keladi. Iqboloy Adizova ilmiy–pedagogik faoliyatini jamoat ishlari bilan uyg‘unlashtirgan. 2000-2013-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida Xotin-qizlar kengashiga raislik qilib, keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirdi. Universitet qoshidagi Zulfiya mukofoti sovrindorlari klubiga rahbarlik qildi. 2022-2023-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc 03/30.12.2019.Fil.19.01 raqamli ilmiy kengashning raisi vazifasini halollik bilan, sidqidildan bajardi. Hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi hamda Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy seminar a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Iqboloy Adizova “O‘zbekiston: til va madaniyat” jurnalining tahririyat a’zosi. Iqboloy Adizova Toshkent, Farg‘ona, Navoiy viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarida muntazam ravishda adabiy-ma’rifiy muloqotlar olib boradi. Bu orqali bugungi kunda mamlakatimizdagi islohotlar yutug‘ini ta’minlashga salmoqli ulush qo‘shib kelmoqda. Ayni ijodiy kamolotga erishgan professor Iqboloy Adizova, o‘zining kasbiy tajribasi va o‘zbek mumtoz adabiyoti poetik xususiyatlarini o‘rganish sohasida to‘plangan bilimidan foydalanib, albatta, yoshlarimiz va adabiyotshunosligimiz uchun ko‘plab ilmiy-amaliy ishlarni tashkillashtiradi va amalga oshiradi. Bunga uning iste’dodi va qudrati yetarli. Iqboloy Adizova oilali. 4 nafar farzandi bor.