Qahramon Olimov 1967-yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1991-2005 yilgacha Buxoro muhandislik texnologiya institutida assistent, dosent, kafedra mudiri lavozimida ishlagan. 2005-2013-yillari Akademik lisey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektor, 2013-yildan 2018-yilgacha o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori lavozimida ishlagan. 2018-2020-yillarda Maktabgacha ta’lim vazirligida “Pedagog kadrlar sifatin oshirish va pedagogika kollejlari faoliyatini muvofiqlashtirish” boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 2020-2021-yillari Maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2021-yilning iyun oyidan buyon A.I.Gersen nomidagi RDPUning Toshkent shahridagi filialida ijrochi direktor lavozimida ishlab kelmoqda.
Qahramon Olimov rahbarligida pedagogika sohasi bo‘yicha 15 nafar nomzodlik va falsafa doktori (PhD) dissertasiyasi hamda 3 ta doktorlik dissertasiyalari himoya qilingan. Shulardan 2 ta dissertasiya ishi imkoniyati cheklangan yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash muammolariga bag‘ishlangan. Q.Olimov tomonidan 220dan ortiq ilmiy va metodik ishlar nashr etilgan. Shulardan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasi bo‘yicha 3ta monografiyasi nashr qilingan, O‘zbekiston Davlat patent idorasining 5 ta patenti hamda guvoxnomasini olgan. Q. Olimov tomonidan oliy va kasb-hunar ta’limi tizimi uchun 17 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar nashr etilgan va ta’lim jarayoniga joriy etilgan. Uning muallifligida yaratilgan 3 ta elektron darslik va elektron o‘quv qo‘llanma O‘zbekiston Respubliksi patent idorasining va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining guvohnomalarini olgan. Shuningdek, “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida kasb-hunar kollejlari uchun yozgan “Tikuvchilik korxonalari jihozlari va uskunalari” darsligi 2003 yilda 1-o‘rinni, 2007-yilda oliy ta’lim talabalari uchun hammualliflikda yaratgan “Kasb-ta’limi uslubiyati” o‘quv qo‘llanmasi 2-o‘rinni egallagan, 2008-yilda “Tikuvchilik korxonalari jihozlari” darsligi 2-o‘rinni, 2009-yildagi o‘quv qo‘llanmasi 3-o‘rinni egallagan. Q.Olimov maktabgacha ta’lim, o‘rta maxsus –kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim tizimi uchun davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va fan dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan. Google scholarda iqtiboslar soni 237ta h indeksi -9, h10 inbdeksi 9ni tashkil etadi. 2018-2021-yillardagi faoliyati davrida Respublikada maktabgacha ta’limni rivojlantirishga, pedagogika kollejlari faoliyatini takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shgan. Maktabgacha ta’lim uchun o‘quv metodik majmualarini yaratish va metodik xizmat ko‘rsatish, bolalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, tizimda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida faoliyatlarga rahbarlik qilib ijobiy natijalarga erishgan. A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shaxridagi filialida ijrochi direktor lavozimida faoliyati davrida rahbarligida filialda birinchi o‘quv yilida ta’lim jarayoni samarali tashkil qilingan. Shuningdek, 8ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv rejalari va 100 dan ortiq ta’lim dasturlari ishlab chiqilgan.
Q.Olimov 2008, 2010 va 2012-yillarda “Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti”ning “Markaziy osiyo davlatlarida o‘qituvchilarni o‘qitishning regional tarmog‘i” loyihasi doirasida Germaniya davlatida malakasini oshirib kelgan. 2017-2018-yillarda Italiya, Ispaniya va Sloveniya davlatlarida malakasini oshirgan. U tashabbuskorlik, strategik fikrlash va rejalashtirish qobiliyatiga ega, boshqaruvni puxta o‘zlashtirgan, zamonaviy, tanqidiy va keng fikrlaydigan inson. Har bir boshlagan ishni o‘z vaqtida oxirigacha yetkazishga harakat qiladi. Respublikamizda ta’lim tizimini takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularda ilmiy dunyoqarashni, mehnatga ijodiy munosabatni tarkib toptirish va yuksak madaniyatini shakllantirishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.