Olim

AMANOVA MAXFURAT ESHMURADOVNA

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

Amanova Maxfurat Eshmuradovna 1966-yil Samarqand viloyati Narpay tumanida tug‘ilgan. U “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni (2023-y.), “Shuhrat” medali (2022-y.), “O‘zbekiston mustaqilligining 20-25 yilligi” ko‘krak nishonlari (2011–2016-yy.) bilan taqdirlangan. M.E. Amanova mehnat faoliyatini 1982-yil Samarqand viloyati Narpay tumani KPSS XXVII s’yezdi sovxozida oddiy ishchi vazifasidan boshlagan. 1984-yil Xalqlar do‘stligi ordenli Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti “Meva-sabzavot va uzumchilik” fakultetiga o‘qishga kirgan va 1990-yil imtiyozli diplom bilan yakunlagan. Besh yillik talabalik davrida a’lo baholarga o‘qishi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun “Ilmiy kengash”ning faxrli stipendiyasini olgan. Ilmiy faoliyatini 1990-yil Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti sabzavotchilik kafedrasida stajyor-tadqiqotchi lavozimidan boshlagan. 1991-yilda Toshkent davlat agrar universiteti “Sabzavotchilik” kafedrasi aspiranturasining kunduzgi bo‘limiga qabul qilingan va 1994-yil aspiranturani muvaffaqiyatli yakunlagan. 1995-yil 24-oktyabrda nomzodlik dissertatsiyasini Toshkent davlat agrar universitetidagi ixtisoslashgan kengashda «Сортовые особенности набухания и прорастание семян овощных культур при различных температурах, типе, механическом составе и влажности почвы» mavzusida 06.01.06 – “Sabzavotchilik” ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan va qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 1994-yil 13-sentyabrdan O‘zbekiston O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti Moyli ekinlar laboratoriyasiga kichik ilmiy xodim lavozimiga ishga qabul qilingan va 1996-yil ushbu laboratoriyaning mudiri vazifasiga tayinlangan. 1999 va 2005-yillar Xalqaro institut ICRISAT (International Crops Research Institute for the Semi-Arid Tropics)da, 2004-yil VNIIMK (Всероссийский научно-исследовательский институт масличных культур)da, 2006-yil Dunyo sabzavotchilik markazi (The World Vegetable Center)da kasbiy malakasini oshirib qaytgan. 2012-yil 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik ixtisosligi bo‘yicha katta ilmiy xodim ilmiy unvonini olgan. 2013–2015-yillari O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, direktor (vazifasini bajaruvchi) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2015–2017-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazida bo‘lim boshlig‘i va bosh mutaxassis lavozimlarida ishlagan. 2019-yil “Moydorlik darajasi yuqori, ertapishar va hosildor moyli ekinlarning (*Arachis hypogaea*, *Sesamum indicum*, *Carthamus tinctorius*) yangi navlarini yaratish” mavzusi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. M.E. Amanova seleksioner olimlar orasida ham o‘z ishining yetakchisi hisoblanadi. Uzoq yillik ilmiy faoliyati davomida uning muallifligida qishloq xo‘jaligi ekinlarining ertapishar, serhosil, mahalliy ekologik iqlim sharoitga bardoshli 16 ta, shundan: yer yong‘oqning uchta “Mumtoz”, “Salomat” va “Lider”, kungaboqarning “Jahongir”, kunjutning “Qora shaxzoda”, “Sadaf”, maxsarning “Saxro malikasi”, baqlajonning “Parizod”, “Tuxfa”, topinamburning “Mo‘jiza” va qovoqning “Shirintoy”, “Baxodir”, batatning “Asal” navlari yaratilgan, davlat reestriga kiritilgan va respublikamizning barcha hududlarida yetishtirish uchun joriy etilgan. Shu bilan birga, yaratilgan ilmiy yangiliklar uchun Intellektual mulk agentligining 4 ta patentini olgan. Respublikamizning shimoliy hududlari uchun kunjutning eksportbop uchta: “Xiva”, “Urganch” va “Qora shaxzoda-2” navlari yaratilgan bo‘lib, ayni vaqtda seleksiya yutug‘ini patentlash uchun Intellektual mulk agentligi sinovidan o‘tkazilmoqda. M.E. Amanova o‘z ilmiy faoliyati davomida 14 ta mahalliy va 3 ta xalqaro (IFAR, BIOVERSITY INTERNATIONAL, KOPIA) ilmiy loyihalarda loyiha rahbari va asosiy ijrochi sifatida ilmiy-tadqiqotlar olib borgan. Xalqaro tashkilotlar (BIOVERSITY INTERNATIONAL, KOICA, KOPIA, IСRISAT, IСARDA, World Vegetable Center, IFAR, RDA, USA, USAID, VIR va VNIIMK) bilan qishloq xo‘jalik ekinlari jahon genofondini tadqiq qilish va Markaziy Osiyo bo‘ylab xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish, milliy genofondni boyitish, noan’anaviy ekinlar introduksiyasi, seleksiya, patentshunoslik bo‘yicha hamkorlik qilishda faol ishtirok etgan. M.E. Amanova uzoq yillik ilmiy-ijodiy va pedagogik faoliyati davomida 200 ga yaqin ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalar (shundan “Web of Science Core Collection” yoki “Scopus” ma’lumotlar bazasida indekslangan nashrlarda chop etilgani 20 ta), qishloq xo‘jaligi ekinlari jahon kolleksiyasini o‘rganish va seleksiya jarayonini tashkil qilish bo‘yicha 3 ta uslubiy qo‘llanma, respublikada moyli ekinlar urug‘chilik dalalarida aprobatsiya o‘tkazish bo‘yicha (Respublika urug‘chilik markazi bilan hamkorlikda) uslubiy qo‘llanma, topinambur urug‘chiligi va tovar mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 2 ta standart, moyli ekinlarning birlamchi urug‘chiligi, moyli va sabzavot ekinlarini yetishtirish texnologiyalari bo‘yicha 10 dan ortiq tavsiyanomalar, 1 ta darslik, 5 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta monografiya chop etgan. Himoya qilgan shogirdlari soni 5 kishi, shundan 1 tasi fan doktori (DSc) va 4 tasi q.x.f.f.d. (PhD). Ayni vaqtda 4 ta doktorantga va 2 ta mustaqil tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Shu bilan birga, ToshDAU huzuridagi DSc.05/04.03.2022.Q.x.13.01 va Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ITI huzuridagi DSc.05/08.03.2024.Q.x.42.02 ilmiy kengashlari va ushbu kengashlar qoshidagi ilmiy seminarlarning a’zosi hisoblanadi. Ayni vaqtda professor M.Amanova talabalarga “Sabzavot ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi va urug‘shunosligi”, “Sabzavotchilik va polizchilik”, “Kam tarqalgan sabzavotlar”, “Sabzavot ekinlari biologiyasi” va “Sabzavot ekinlari genofondi” fanlaridan bilim berish bilan birga, Xorazm viloyati iqlim sharoitida ertangi eksportbop tarvuz yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish, respublikamizning shimoliy hududlari uchun ekologik stress omillarga bardoshli pomidor, tarvuz navlarini yaratish, respublikamizning janubiy hududlari uchun kunjutning qurg‘oqchilikka va garimselga chidamli navlarini hamda yashil no‘xat, sabzavot loviyalarining eksportga mo‘ljallangan navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasidagi klaster, MChJ, fermer va dehqon xo‘jaliklariga ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

M.E. Amanova universitetda va kasb-hunar maktablarida yoshlar bilan uchrashuvlarda faol ishtirok etib, kelajak avlodni elga hurmat, vatanga sadoqat hamda kasbga jonkuyarlik ruhida tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Oilali, ikki farzandning onasi.



Yer yong‘oqning Mumtoz navi

Qovoqning Baxodir navi

Kunjutning yangi Bellur navi

Yer yong‘oqning Lider navi Toshkent viloyati “Agrover” MCHJ



Maxsarning Sahro malikasi navi Toshkent viloyati Qibray tumani 2014 yil Kunjutning Sadaf navi Andijon viloyati Jalaquduq tumani 2018 yil

Xorazmda ertangi tarvuz yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqildi.

2015-yil 2020-yil 2024-yil



AQSH 2024-yil