Olim

AKILOVA KAMOLA BALTABAYEVNA

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Kamola Baltabayevna Akilova Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini “San’at tarixi va nazariyasi” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi (2005–2010), O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari (2017–2021) lavozimlarida faoliyat yuritgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston tasviriylik san’ati Galeriyasi direktori. Kamola Baltabayevna Akilova 1964-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati — o‘zbek. 1987-yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini bitirgan. San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasi va doktoranturasida tahsil olgan. 1989-yilda “1970–80-yillarda O‘zbekiston rangtasvirida xalq san’atini talqinidagi muammolar” (“Проблема интерпретации народного искусства в станковой живописи Узбекистана 1970-80-х годов”) mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini hamda 2002-yilda “XX asr O‘zbekiston xalq amaliy-bezak san’ati: rivojlanish muammolari” (“Народное декоративно-прикладное искусство Узбекистана ХХ века: проблемы развития”) mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2005-yil iyun oyidan 2010-yil sentabr oyiga qadar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi lavozimida faoliyat yuritgan. 2003-yildan bugungi kungacha Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “San’at tarixi va nazariyasi” kafedrasida “Markaziy Osiyo amaliy san’ati tarixi”, “San’at menejmenti”, “AQSh va Lotin Amerikasi san’ati”, “Ilmiy tadqiqot usullari va ularning tahlili” fanlaridan dars berib kelmoqda. K. Akilova (2004-yil noyabr oyidan 2005-yil iyungacha, 2007-yil may oyidan 2017-yil aprel oyiga qadar) O‘zbekiston Tasviriylik san’ati galeriyasi direktori o‘rinbosari hamda (2008–2017-yillarda) o‘rindoshlik asosida Yoshlar ijod saroyi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. “Народное декоративно-прикладное искусство Узбекистана. ХХ век”, “Поиски смысла”, “Tasvir va talqin”, “Хранители многовековых традиций”, “Наследие и современность”, “Народное искусство и живопись Узбекистана”, “История декоративно-прикладного искусства Центральной Азии”, “Men – o‘zbek xalqining rassomiman” (o‘zbek, ingliz, rus tillarida), “The Chronicles of Art: Interwoven Histories of Expression” (ingliz tilida) nomli monografiyalar muallifi, “Tretyakov Davlat Galeriyasi”, “O‘zbekiston davlat san’at muzeyi”, “I. V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi”, “O‘zbekistonning zamonaviy miniatyura san’ati” albomlarining kirish so‘zi muallifi, “Sahrodagi Luvr”, “O‘zbekiston: fan va madaniyat, sivilizatsiya chorrahasida” albomlarining ilmiy muharriri va boblar muallifi, “Markaziy Osiyo amaliy-bezak san’ati tarixi” darsligi muallifidir. Uzoq yillar davomida XX asr O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’ati tarixi va nazariyasi ustida tadqiqot olib boradi. K. Akilova 200 ga yaqin mahalliy va xorijiy nashrlarda e’lon qilingan ilmiy maqolalar muallifi, ko‘plab ko‘rgazma loyihalarining kuratori, turli respublika va xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya, seminar, treninglarning ishtirokchisi va tashkilotchisidir. K. Akilovaning ilmiy nashrlari O‘zbekiston tasviriy va amaliy-bezak san’ati, dizayn, san’at tarixi va nazariyasi, madaniyatshunoslik, muzeyashunoslik sohasiga oid bo‘lib, ular muallifning ilmiy qiziqishlari kengligidan dalolat beradi. K. Akilovaning har bir maqolasi mukammal tadqiq etilishi bilan birga badiiy amaliyot bilan uzviy, mavzuni tanlashda konsepsionallik va o‘ziga xos metodologik yondashuvga ega. 2003–2021-yillar davomida K. Akilova 10 dan ziyod yirik ilmiy-amaliy konferensiyalar: “Markaziy Osiyo hududidagi tarixiy-madaniy merosni restratsiyalash muammolari” (2005-yil, noyabr); “Buyuk Ipak Yo‘li. Madaniyat va an’ana. O‘tmish va kelajak” (2006-yil, noyabr); “O‘zbekistonda dizaynni rivojlantirishdagi dolzarb muammolar” (2006-yil, may); “Zamonaviy san’at: asosiy tendensiyalar va rivojlanishning dolzarb muammolari” (2007-yil, oktabr); “O‘zbekistonda zamonaviy badiiy ta’limdagi dolzarb muammolar” (2007-yil, may); “Muzeylar — O‘zbekiston badiiy madaniyati tizimida” (2007-yil, noyabr) kabi respublika konferensiyalarining tashkilotchisi va kuratori bo‘lgan; “Tarixiy-madaniy merosni saqlash: dolzarb muammolar va ularni yechimi strategiyasi” (UNESKO bilan hamkorlikda, Samarqand shahri, 2019-yil); “Markaziy Osiyo sivilizatsiya va madaniyatlar chorrahasida” Xiva Forumi (UNESKO bilan hamkorlikda, Xiva, 2021-yil) kabi xalqaro konferensiyalar tashkil etgan. 2003–2008-yillar davomida K. Akilova 15 dan ziyod xalqaro va respublika ko‘rgazmalarining, shu jumladan: O‘zbekiston Tasviriylik san’ati galeriyasining tantanali ochilishiga “XX asr O‘zbekiston tasviriy san’ati” ekspozitsiyasi (2004-yil); “O‘zbekiston san’ati va madaniyati ko‘rgazmasi” binosining tantanali ochilish marosimiga “O‘zbekiston an’anaviy badiiy hunarmandchiligi” ekspozitsiyasi (2006-yil); Xitoyda O‘zbekiston madaniyat kunlari doirasida “O‘zbekiston zamonaviy tasviriy san’ati” va “O‘zbekistonning buddizm yodgorliklari” ekspozitsiyasi (2005-yil, may); Parijdagi UNESKOning shtab-kvartirasida Samarqand shahrining 2500-yilligi hamda Marg‘ilon shahrining 2000-yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma (2006-yil); Moskva shahrida o‘tkazilgan “Salon-2006” xalqaro ko‘rgazmasida “Sivilizatsiya, madaniyat, inson” O‘zbekistonning ekspozitsiya loyihasi (2006-yil, mart); “Navqiron O‘zbekiston” an’anaviy va zamonaviy san’at festivali kuratori (2010, 2012-yillar); Jeneva shahridagi BMT saroyida tashkil etilgan “O‘zbekiston epigrafikasi durdonalari” ko‘rgazmalarining konsepsiyasi muallifi hamda kuratori bo‘lgan. K. Akilova “Zamonaviy san’atda yangilik, afsona va haqiqat” 4-Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesining direktori va kuratori (2007-yil), “Turli madaniyatlar — yagona dunyo” 7-Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi kuratori (2013-yil). A. S. Pushkin nomidagi DTSMda o‘tkazilgan I. V. Savitskiy nomidagi DSMning “Nukus xazinasi” nomli ko‘rgazmasining milliy kuratori bo‘lgan (Moskva, 2017-yil). K. Akilova tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ko‘rgazma faoliyati, O‘zbekiston Tasviriylik san’ati galeriyasi faoliyatini rivojlantirish, O‘zBA Xalqaro madaniyat karvon-saroyi faoliyatini rivojlantirish hamda xalqaro plenar va badiiy ijod simpoziumlarining ilmiy konsepsiyalari ishlab chiqilgan. 2011, 2014, 2016–2024-yillarda hamda bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasining arhitektura va san’at yo‘nalishi bo‘yicha Ekspert kengashining raisi va a’zosidir. Matn lotin alifbosiga o‘girildi hamda imlo va tinish belgilari bo‘yicha xatoliklari tuzatildi: 2008-yildan 2017-yilga qadar K. Akilovaning Yoshlar ijod saroyidagi faoliyati davomida uning rahbarligida 150 dan ziyod ko‘rgazmalar va ijodkor yoshlarning taqdimotlari o‘tkazilgan. O‘zbekiston Tasviriylik san’ati galeriyasida 300 ga yaqin ko‘rgazmalar, ijodiy uchrashuvlar, taqdimotlar uning rahbarligida tashkil etiladi. K. Akilova 2006-yildan to bugungi kunga qadar hukumat doirasidagi rasmiy delegatsiyalarni O‘zbekiston Tasviriylik san’ati galeriyasi, Yoshlar ijod saroyi, O‘zbekiston amaliy san’ati muzeyi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda mamlakatimizning muhim tarixiy-madaniy obyektlari bo‘yicha olib boruvchi san’atshunosdir. K. Akilova boshqaruv, ilmiy-pedagogik faoliyatidan tashqari san’at va madaniyatni targ‘ib qilishda ham faoldir. San’atga oid teleko‘rsatuvlarda doimiy chiqishlar qilib keladi. “Igor Vitalyevich Savitskiy”, “Aleksandr Volkov”, “O‘zbekistonning an’anaviy kulolchiligi” hamda “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi 10 yoshda” nomli filmlarning ilmiy maslahatchisi. 2002-yildan 2012-yilga qadar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan “Tashabbus” Respublika ko‘rik-tanlovida hakamlar hay’ati raisi va a’zosi sifatida ishtirok etgan. Adenauer fondi loyihasi doirasida respublikamizning turli hududlarida yosh boshqaruvchilar uchun ma’ruzalar qilgan. 2003-yilda Shveysariyaning Hamkorlik bürosi homiyligida tashkil etilgan “Chegaralar” nomli yoshlar loyihasining kuratori bo‘lgan. Bugungi kunda K. Akilova “San’at va madaniyat muammolari” (Ozarbayjon Respublikasi, Boku shahri) xalqaro jurnali tahrir hay’ati a’zosi hamda Boku shahrida tashkil etilgan san’atshunoslik bo‘yicha turkiy xalqlar kengashi raisi o‘rinbosaridir. K. Akilovaning 8 ta shogirdi falsafa doktorligi (PhD) ilmiy darajasini olish uchun san’at tarixi va nazariyasi, muzeyashunoslik ihtisosligi bo‘yicha dissertatsiya himoya qilishdi. Bugungi kunda K. Akilovaning shogirdlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Badiiy ekspertiza boshqarmasi, Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, muzey va galeriyalar, ko‘rgazma zallarida faoliyat yuritishmoqda. K. Akilova 2017-yildan 2021-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Shu davrda O‘zbekistonning 14 ta muzeyida ekspozitsiyalar qayta tashkil etildi va yangilandi. Toshkentdagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini tayyorlashda ham qatnashgan. “O‘zbekiston madaniy merosi jahon muzeylarida” loyihasining tahrir hay’ati a’zosi va maqolalar muallifi. 2020-yilda K. B. Akilovaga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan, 2021-yilda OAK tomonidan “professor” unvonini olgan, 2024-yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi unvonini olgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston Tasviriylik san’ati galeriyasi direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.