Oybek Eshboyevich Hayitov 1977-yil 14-fevralda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek. U 1993-yilda U.Yusupov tumanidagi 17-o‘rta maktabni “imtiyozli shahodatnoma” bilan bitirgan. 1994-yilda Qarshi davlat universitetiga o‘qishga kirib, 1999-yilda shu universitetni psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. 2003-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida aspirantura, 2013-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida doktorantura bosqichlarini tamomlagan.
2003–2004-yillar oralig‘ida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda EdNet dasturi asosida iqtisodiyot mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbek-Amerika akademiyasida, 2005-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasining granti sovrindori sifatida Koreya Respublikasi Xandong global universitetida tahsil olgan.
2005-yilning 22-martida “Tadbirkorlik faoliyati motivatsiyasining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi K.067.02.11 raqamli Ixtisoslashgan kengashda, 2020-yilning 24-dekabrida “Oliy ta’lim muassasasi o‘rta bo‘g‘in rahbarlari psixologik kompetentligini modellashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi DSc.03/30.01.2020.P.26.02 raqamli Ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2008-yildan dotsent, 2021-yildan professor ilmiy unvonlari sohibi.
Oybek Hayitov 1993–1994-yillarda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi Maxtumquli nomli 34-jamoa shirkat xo‘jaligida ishchi; 1994–1999-yillarda Qarshi davlat universiteti talabasi; 1999–2000-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ijtimoiy psixologiya kafedrasi assistenti; 2000–2003-yillarda aspiranti; 2003–2005-yillarda assistenti; 2005-yilda mazkur universitetning “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi assistenti; 2005–2010-yillarda dotsenti; 2011–2013-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti “Umumiy psixologiya” kafedrasi doktoranti; 2013-yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi dotsenti; 2013–2017-yillarda Sport o‘yinlari fakulteti dekani; 2017-yilda O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq (mintaqaviy) markazi dotsenti; 2017–2018-yillarda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti Tarix va tillar fakulteti dekani; 2018–2019-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi dotsenti; 2019–2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri; 2020–2021-yillarda mazkur markaz direktorining ilmiy-metodik ishlar bo‘yicha o‘rinbosari; 2021–2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi “Boshqaruv mahorati” kafedrasi mudiri; 2022–2024-yillarda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi professori; 2024–2025-yillarda “Sport psixologiyasi, ijtimoiy-gumanitar va tabiiy-ilmiy fanlar” kafedrasi professori, 2025-yil 6-oktabrdan Ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Oybek Hayitov psixologiya, iqtisodiy psixologiya, sport psixologiyasi, boshqaruv psixologiyasi hamda ta’lim menejmenti yo‘nalishlarida ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. U zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya va raqamli ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalangan holda bakalavriat, magistratura bosqichlari talabalari hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi tinglovchilari uchun ma’ruza, amaliy va seminar mashg‘ulotlarini yuqori ilmiy-uslubiy saviyada tashkil etib kelmoqda. Turli yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Urganch davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Andijon davlat pedagogika instituti, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlarida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritgan hamda bakalavr, magistr va doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilgan.
U “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi (2022-yil). Psixologiya fanlari doktori, professor Oybek Hayitov 2005–2026-yillar ichida Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Italiya, Fransiyadagi TOP-1000 talikka kiruvchi oliy ta’lim tashkilotlarida xizmat safarida bo‘lgan, VIP-professor sifatida talabalar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilar uchun ma’ruzalar o‘qigan. 2000-yildan hozirgi kunga qadar davlat ilmiy texnik dasturlari doirasida 2 ta fundamental loyihada yetakchi ilmiy xodim, 2 ta amaliy loyihada rahbar, 1 tasida katta ilmiy xodim, 2 ta innovatsion loyihada ilmiy xodim hamda 10 dan ortiq xo‘jalik shartnomalarida turli ilmiy lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Oybek Hayitovning 300 ga yaqin ilmiy maqolalari, o‘quv adabiyotlari va monografiyalari nashr etilgan. Mazkur ishlanmalar respublikamiz hamda Amerika qo‘shma shtatlari, Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Polsha, Ukraina, Germaniya, Italiya, Hindiston singari davlatlarda nashrdan chiqqan. U 11 ta falsafa doktorligi (PhD) dissertatsiyasiga ilmiy rahbar va 1 ta fan doktori (DSc) dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan.
Oybek Hayitov mamlakatimizdagi ilm-fan va ta’limning yetuk olimlari, tashkilotchilaridan biri sanaladi. 2009-yildan e’tiboran Birlashgan ixtisoslashgan kengash va Ilmiy kengashlarning a’zosi, Kengashlar qoshidagi Ilmiy seminar raisi va a’zosi sifatida ishlagan. Jumladan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi K.067.18.04 raqamli Birlashgan ixtisoslashgan kengash (psixologiya fanlari), DSc.03/30.01.2020.P.26.02 hamda PhD.03/30.12.2021.P.26.02 raqamli Ilmiy kengashlar (psixologiya fanlari), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi DSc.20/30.12.2019.S.23.02 raqamli Ilmiy kengash (sotsiologiya fanlari), “Oila va gender” Ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi PhD.21/30.10.2020.Ped/S.127.01 raqamli Ilmiy kengash (psixologiya fanlari), O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengash asosidagi Bir martalik kengashlar (psixologiya fanlari), Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqotlar instituti huzuridagi DSc.28/2025.27.12.Ped.01.01 raqamli Ilmiy kengash (pedagogika fanlari) shular jumlasidandir. Oybek Hayitov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan tan olingan “Psixodiagnostika” nomli o‘quv qo‘llanma (№001042 raqamli guvohnoma, 2018-yil 2-oktyabr), “Iqtisodiy psixologiya” nomli o‘quv qo‘llanma (№001043 raqamli guvohnoma, 2018-yil 2-oktyabr), “Psixodiagnostika” nomli darslik (№002953 raqamli guvohnoma, 2020-yil 25-dekabr) muallifidir. Shuningdek, “Bilim olishning intellektual tizimi. Shaxs xususiyatlari va emotsional-intellektualligi sferasini diagnostikalash bloki: Kompyuter dasturi” huquq egasi (DGU 02182 raqamli guvohnoma, 2011-yil 5-may), “Sistemani intellektuallashtirish moduli: Kompyuter dasturi” huquq egasiga hammuallif (DGU 02337 raqamli guvohnoma, 2011-yil 31-oktyabr) hisoblanadi.
Oybek Hayitovning “Boshqaruv sohasidagi professional kompetensiya asoslari” (2008-yil), “Bilim olishning intellektual tizimini ishlab chiqish nazariyasi va amaliyoti” (2011-yil), “Yoshlarda professional o‘sishga intilishni rivojlantirishning nazariy-amaliy asoslari (shajaralar negizi misolida)” (2011-yil), “Rahbar psixologik kompetentligini modellashtirishning nazariy-ilmiy asoslari (oliy taʼlim muassasalari o‘rta bo‘g‘in rahbarlari misolida)” (2021-yil), “Yoshlarni destruktiv taʼsirlardan himoyalashning psixologik jihatlari”, “Psixologik iqtisod”, “Iqtisodiy psixologiya, “Tadbirkorlik psixologiyasi”, “Boshqaruv psixologiyasi”, “Psixologiya”, “Umumiy psixologiya”, “Stress psixologiyasi”, “Sport faoliyati psixologiyasi”, “Sport psixologiyasi”, “Psixodiagnostika”, “Sotsial psixologiya”, “Boshqaruv mahorati” singari monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan bo‘lib, ulardan qiziquvchilar, ilmiy tadqiqotchilar foydalanib kelishmoqda. Psixologiya fanlari doktori, professor Oybek Eshboevich Hayitov ko‘p yillik samarali ilmiy-pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida psixologiya fani taraqqiyoti, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning ilmiy izlanishlari, boy pedagogik tajribasi, rahbarlik faoliyati va ilmiy maktabi mamlakatimiz ilm-fani va oliy ta’lim tizimi rivojiga xizmat qilib, respublika va xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. Bugungi kunda ham u yangi avlod olimlari va mutaxassislarini tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda milliy ilm-fanning xalqaro nufuzini yuksaltirish yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda.