Olim

KENJAYEVA MUXAYYO ABDUMURODOVNA

Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Kenjayeva Muxayyo Abdumurodovna 1977-yil 16-yanvarda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1983-1993-yillarda 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim olgan. 1993-1998-yillari Termiz davlat universiteti Filologiya fakultetining O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil olgan. Dastlabki faoliyatini 1998-yil Angor tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 2002-2010-yillar davomida 8-ixtisoslashtirilgan maktab-internatda, 2013-2020-yillar mobaynida 3-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘rgatiladigan maktabda o‘zbek tili va adabiyot fani o‘qituvchisi hamda Metdobirlashma rahbari sifatida faoliyat olib borgan. Muxayyo Kenjaeva 2014-yilda Xalq ta’limi tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” Qonunlarini hayotga tatbiq qilish, yoshlarni milliy istiqlol g‘oyasi va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda erishgan muvaffaqiyatlari hamda soha rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun “Xalq ta’limi vazirining faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlangan. 2017-2019-o‘quv yillarda Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan avgust anjumani seminarlarida o‘zining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. 2017-yil avgustda Xalq ta’limi vazirligi Abdulla Avloniy nomidagi XTXQTMO institutda bo‘lib o‘tgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinflarida dars beruvchi o‘qituvchilar uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari va trenerlar tayyorlash respublika bosqichida faol ishtiroki uchun guvohnomaga ega bo‘lgan. M.A. Kenjayeva 2017-yil ”Ma’rifat” gazetasida chop etilgan “O‘zga yurtda sargardon bo‘lmang” deb nomlangan maqolasi uchun “Eng “Ma’rifat”parvar mushtariy” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 2018-yildan Surxondaryo viloyati Angor tumani XTB bo‘limiga qarashli 24-tayanch maktabda trener sifatida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilariga mashg‘ulotlarni muntazam o‘tib, fan o‘qituvchilarga dars jarayonida metod va pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanish hamda ularning nazariyasi haqida ma’ruzalar olib borgan.Tuman, viloyat respublikada bo‘lib o‘tgan ochiq darslari namunali deb topilib, 2019-2020-yillarda ommalashtirilgan hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. 2017-2019-yillar davomida bir necha o‘quvchilari “Fan olimpiadasi”da viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 2017-2018-yillarda “Yurt ravnaqi” ko‘rik tanlovining “Nazm-she’riyat” yo‘nalishi, “Bilimdon” intellektual telemusoboqasining adabiyot-she’riyat yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchilari viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. M.Kenjaeva 2019-yil “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik tanlovining tuman bosqichida ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egallab, viloyat bosqichida faol ishtirok etgan. Shuningdek, 2020-yil “O‘zbekiston COVID-19 Koronavirus Pandemiyasiga qarshi kurashish va karantin rejimi davrida professor-o‘qituvchi ilmiy faolligini oshirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan masofaviy ilmiy seminarda “Ona tili fanini o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashib sertifikatga ega bo‘lgan. 2019-2021-yillarda tuman, viloyat va respublika miqyosida 9-11-sinf o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Fan olimpiada”larida ona tili va adabiyot fani bo‘yicha hakamlik qilgan. Kenjayeva Muxayyo Abdumurodovna ilmiy-ijodiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Jumladan, 2019-yil fevral oyida Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, SVXTXQTMOH markazi hamkorligida Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir va viloyat televideniyasida “Navoiy-lirik shoir”mavzusida ilmiy ma’ruzalar qilgan. Viloyat televedeniyasida “Ilm-ziyo maskani” ko‘rsatuvida o‘z chiqishlari bilan ishtirok etgan. 2020-2021-yillarda Respublika teleradiokompaniyasining “Muqaddas ayol”, “Til-millat ruhi”, “Zulfiya-sevgi va sadoqat kuychisi” radioeshittirishlarida mazmunli ma’ruzalar qilgan. 2020-yil Xalq ta’limi sohasida yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda ko‘p yillik samarali va shijoatli mehnati, jamoat ishlaridagi fidoyiligi uchun “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2021-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz filiali va Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug 11506 Harbiy qism hamkorligida Amir Temur tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy tadbirda “Jahon tamaddunida Sohibqiron Renessansi” nomli ilmiy ma’ruzasi bilan ishtirok etgan. 2021-yil mustaqil tadqiqotchi sifatida 13.00.02 ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha “5-6-sinf o‘quvchilarda lingvistik kompetensiyalarni rivojlantirish metodikasi” mavzusida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati sermahsul bo‘lib, Xalqaro va Respublika jurnal va konferensiya to‘plamlarida 60 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgan. Uning tadqiqot ishi yuzasidan 50 dan ortiq elektron dars ishlanmalari, videoroliklari o‘quvchilarning bilimini oshirish maqsadida tayyorlangan bo‘lib Respublikamizning “O‘qituvchi”,”Ma’rifat”,”Ta’lim yangiliklari” kanallariga chiqarilib, ommalashtirilgan. Jumladan, 5-10-sinf o‘quvchilari uchun ona tili va adabiyot fanlaridan tayyorlagan ushbu videodarslari didaktik, metodik, pedagogik - psixologik, estetik talablarga mos ravishda o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda yaratilgan. 2021-2023-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida faoliyat olib borgan. 2021-yil M.A. Kenjayeva ilmiy rahbari Abdullayeva Barno Sayfutdinovna hammuallifligida tadqiqot ishi yuzasidan “O‘quvchilarda lingvistik kompetensiyalarni rivojlantirish metodikasi” nomli multimediya elektron darslik ishlab chiqdi. 2022-yilda Toshkent davlat pedagogika universitetining mobil metodik yordam guruh a’zosi sifatida Yashnobod tumanidagi 61-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilariga Milliy o‘quv dasturi mazmuni, dars mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish bo‘yicha sеminar trеning tashkil etdi. Kenjayeva Muxayyo Abdumurodovna 2022-yil MDH xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik tanlovida ilmiy-uslubiy ishlari va ilmiy maqolalari bilan ishtirok etib, “Tashabbuskor islohotchi” ko‘krak nishoniga ega bo‘ldi. 2023-yil 8-may sanasida O‘zbekiston respublikasi televideniyasining Madaniyat va ma’rifat kanalidagi"Tong nafasi" ko‘rsatuvida, “Olima ayollarning jamiyatda va oilada tutgan o‘rni” mavzusidagi eshittirishda o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi. 2023-yilda “Boshlang‘ich ta’limda ona tili va uni o‘qitish metodikasi” kafеdrasi ilmiy-uslubiy sеminarida “Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining innovatsion kasbiy faoliyatini oshirish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. 2022-2023-yillarda M.A. Kenjayeva Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.01.2020. Ped.26.04 raqamli ilmiy kengash a’zosi sifatida, 2023-2024-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.01.2020. Ped.26.04 raqamli ilmiy kengash kotibi sifatida faoliyat olib borgan. Shu yillar mobaynida 13.00.02-Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha 25 dan ortiq tadqiqotchilarga taqrizchi, 16 nafar tayanch va mustaqil tadqiqotchilarga opponent bo‘ldi. 2023-yildan buyon hozirga qadar Yangi asr universitetida faoliyat olib bormoqda. U Yangi asr universitetda “Yangi O‘zbekiston yoshlarida XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z maqolasi bilan faol ishtirok etib, sertifikat bilan taqdirlangan. M.A. Kenjayeva 2023-yil “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” tanlovining respublika bosqichini tashkil etishda qo‘shgan munosib hissasi uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tashakkurnomasi bilan taqdirlangan. 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan 2023-yil dekabr oyida “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzusida o‘tkazilgan diktantlar tanlovini tashkil etishda qo‘shgan munosib hissasi uchun Muxayyo Kenjayeva Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. 2024-yil Yoshlar ma’naviyati va kitobxonligini oshirish maqsadida tashkil etilgan “Kitob mening do‘stim” Respublika tanlovining universitet bosqichida faol tashkilotchiligi hamda hakamligi uchun Yangi asr universiteti rektorining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. M.A. Kenjayeva har o‘quv yili davomida universitet va respublika miqyosida o‘tkazilgan, jumladan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Termiz davlat pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Sirdaryo viloyat XTXQTMOHM, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalarida o‘z maqolalari va tezislari bilan ishtirok etib kelmoqda. 2024-yil 13.00.02-Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan. Kenjayeva Muxayyo Abdumurodovna 2025-yil Yangi asr universitetida Grand ta’lim maktabi o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan metodik seminarda Boshlang‘ich sinf darsliklari (ona tili, o‘qish savodxonligi) tavsifi, ”Muammoli ta’lim” texnologiyasi, ”MYBT” texnologiyasi, boshlang‘ich sinflarda “Sindikat”,“Videotopishmoq” metodlarining qo‘llanilishi va PISA xalqaro baholash dasturi asosida tayyorlangan rasmli testlardan foydalanish haqida “Boshlang‘ich sinf darslarida pedagogik texnologiyalar” deb nomlangan taqdimot-ma’ruzasi bilan ishtirok etgan. M.A. Kenjayeva “Ustoz-shogird” tizimini izchil yo‘lga qo‘ygan holda bevosita uning rahbarligida Surxondaryo viloyat XTXQTMOHM tinglovchilaridan 8 nafari Bitiruv malaka ishini, Oliy ta’lim muassasalarida 90 nafar talaba kurs ishini, 7 nafar talaba bitiruv malakaviy ishni, 10 nafar talaba magistrlik dissertatsiyasini va 1 nafar shogirdi 2025-yil mart oyida 13.00.02-Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilishdi. Kenjayeva Muxayyo Abdumurodovna ish faoliyati davomida 2 ta darslik “Ona tili” (2025), “Amaliy o‘zbek (rus) tili. O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi”(2025, hammuallif likda); 4 ta o‘quv qo‘llanma “Ona tili o‘qitish metodikasi”(2021, hammualliflikda), “Ona tili-o‘qish savodxonligi va uni o‘qitish metodikasi” (2024, hammualliflikda), “Mutaxassislikka kirish” (2024, hammualliflikda), “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” (2025, hammualliflikda); 1 ta monografiya “Ona tili darslarida o‘quvchilarning lingvistik kompetensiyalarini rivojlantirish metodikasi”; 3 ta o‘quv-metodik qo‘llanma “Ona tili” (2023), “Ona tili o‘qitish metodikasi” (2023), “Ona tili ta’limida o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish yuzasidan namunaviy dars ishlanmalar”(2023) va 1 ta avtobiografik “Surxon Barchinoylari - mustaqillik qaldirg‘ochlari” (2021, hammuallif likda) nomli kitoblar chop ettirgan. M.A.Kenjayeva o‘zining ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida jamoat tashkilotlarida turli tadbirlar, qiziqarli kechalar, davra suhbatlari va seminarlarda faol ishtirok etib kelmoqda. U Yangi asr universitetining “Maktab va maktabgacha ta’lim” kafedrasi dotsenti sifatida ilmiy-tadqiqot jabhalarida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, ochiq darslarga muntazam ishtirok etib, yosh o‘qituvchilarga uslubiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. M.A. Kenjayeva ish faoliyati davomida yangilikka intilishi, tashabbuskorligi, izlanuvchanligi, mas'uliyatliligi, o‘zining alohida ish tajribasiga ega va o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni puxta bajaradi. Ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni olib borish yuzasidan talabalarga ta’lim-tarbiya bеrishda, jamoatchilik ishlarini bajarishda, talabalarni har tomonlama o‘z kasbining mutaxassisi bo‘lishida yangi pеdagogik tеxnologiyalarni samarali tatbiq etgan holda mеhnat qilib, jamoatchilik o‘rtasida hurmatga sazovor bo‘lmoqda. U ko‘p yillik tajribaga ega ilg‘or pеdagog sifatida zamonaviy ta’lim tеxnologiyalaridan foydalangan holda yoshlarga samarali bilim berib kelmoqda.