Olim

MAMARAJABOVA ZULFIYA NARBAYEVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

Zulfiya Mamarajabova Norbayevna — Oʻzbekistondagi maxsus pedagogika sohasining yetuk va nufuzli olimalaridan biri hisoblanadi. Uning ilmiy faoliyati mamlakatdagi maxsus pedagogika, eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalar taʼlim tizimi va ona tilini oʻqitish maxsus metodikasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan. Z.N.Mamarajabova 1972-yili 2-oktyabrda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. Z.N.Mamarajabova xalq taʼlimi aʼlochisi (2016-y.), oliy taʼlim aʼlochisi ( 2018-y.) unvoniga sazovor boʻlgan va bir qator faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Z.N.Mamarajabova 1989-1994-yillar davomida Toshkent Davlat pedagogika instituti Defektologiya fakultetida tahsil olgan. Talabalik yillarida oʻz iqtidori, bilimini institut ilmiy- amaliy anjumanlarida faol ishtiroki bilan namoyon etdi. Z.N.Mamarajabova 1994-yilda Toshkent Davlat pedagogika instituti Defektologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1994-yili ish faoliyatini Toshkent shahri 322-sonli maktabda ona tili va adabiyot oʻqituvchisi sifatida boshladi. 2001-yili Toshkent Davlat pedagogika instituti Defektologiya kafedrasiga oʻqituvchi lavozimiga ishga kirdi. 2008-yildan Nizomiy nomidagi TDPU Korreksion pedagogika kafedrasi dotsenti lavozimida, 2018-yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Korreksion pedagogika” kafedrasi professori lavozimida faoliyat koʻrsatdi. 2021-yildan hozirgacha – Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universiteti “Surdopedagogika va maxsus pedagogikaning klinik asoslari” professori vazifasida ishlamoqda.Umumiy mehnat faoliyati 30 yil.

Z.N.Mamarajabova 2005-yil 14-yanvar kuni 12.00.02. – Oʻzbek tili ixtisosligi boʻyicha “Oʻzbek tilida sifatlarning konnotativ maʼnolari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2005-yilda pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan. 2008-yilda “Maxsus pedagogika” ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan. Olima oʻzining ilmiy faoliyati davomida pedagogik mahoratini, ilm-fan va maorif sohasida olib borilayotgan islohotlar mazmuni, ijobiy oʻzgarishlarni tez oʻzlashtira olgan hamda taʼlim islohatlarini hayotga tatbiq etish uchun qizgʻin ish olib borgan 2020-yil 19-avgust kuni “Adabiy taʼlim jarayonida eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalarni ogʻzaki nutqini rivojlantirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va shu yilning 30-sentabrda pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2018-yil 28-sentabrda Oliy attestasiya komissiyasining professor ilmiy unvonida tasdiqlangan. 2020-yilda “Adabiy taʼlim jarayonida eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalarni ogʻzaki nutqini rivojlantirish” monografiyasi, “Adabiy taʼlim jarayonida eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalarni ogʻzaki nutqini rivojlantirish metodikasi”, “Eshitish apparati va koxlear implantli bolalar eshituv-nutqiy reabilitatsiyasi” nomli oʻquv qoʻllanmalar nashrdan chiqqan. Uning muallifligida 2010-2025-yillarda maxsus maktablarning 3-sinflari uchun «Ona tili», 4-5 sinflar uchun «Nutq oʻstirish», 3-5-sinflar uchun «Tabiatshunoslik» darsliklari, 5-6-8-sinflar uchun « Oʻzbek tili» darsliklari chop etilgan va respublikaning barcha maxsus maktablariga tarqatildi. 2010-2025-yillarda Z.N.Mamarajabova tomonidan yaratilgan maxsus maktablarning 3-sinflari uchun «Ona tili», 4-5-sinflar uchun «Nutq oʻstirish», 3-5-sinflar uchun «Tabiatshunoslik» darsliklari, 5-6-8-sinflar uchun « Oʻzbek tili» darsliklari respublikamiz maxsus taʼlim tizimi tomonidan zaruriy manba sifatida eʼtirof etilgan. Z.N.Mamarajabova tomonidan ishlab chiqilgan va ommalashtirilgan maxsus pedagogika, maxsus metodikaga doir ishlanmalar LinkedIn, ResearchGate, Google Scholar, Scopus, Web of Science kabi ilmiy axborotlar almashinuviga asoslangan platformalarda yuqori baholangan. Z.N.Mamarajabova tomonidan yakka mualliflikda nashr ettirilgan “Ona tili oʻqitish metodikasi” nomli darslik 2007-yildan buyon shu kunga qadar maxsus metodika fanidan asosiy darslik sifatida foydalanib kelinmoqda va bir necha marta qayta nashr ettirilgan. 2010-2024-yillarda Z.N.Mamarajabova tomonidan yaratilgan Defektologiya fakulteti talabalariga moʻljallagan «Maxsus pedagogika», «Maxsus psixologiya» va «Tabiatshunoslik oʻqitish maxsus metodikasi», «Predmet amaliy taʼlim metodikasi» darsliklari, “Surdopedagogika”, “Ona tili oʻqitish maxsus metodikasi”, “Adabiy taʼlim jarayonida eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalarni ogʻzaki nutqini rivojlantirish” ,“Tabiatshunoslik oʻqitish maxsus metodikasi” oʻquv qoʻllanmalari Toshkent Respublika miqyosida maxsus pedagogika fakultetining bakalavr talabalar va magistrlarini bilim, malaka va koʻnikmalari bilan qurollantirishda dasturilamal boʻlib xizmat qilgan. Mamarajabova Zulfiya Narbayevna tomonidan tayyorlangan «Ona tilini oʻqitishda pedagogik texnologiyalar tatbigʻi», «Eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalarni nutqini rivojlantirishda interfaol usullar», « Maktabgacha yoshdagi eshitishida nuqsoni mavjud bolalarning harakat koʻnikmalarini rivojlantirish» kabi oʻquv-uslubiy qoʻllanmalaridan maxsus pedagogika fakulteti talabalari, maxsus taʼlim muassasasi oʻqituvchilari, tarbiyachilari va surdopedagoglar amaliyotida keng qoʻllanilgan. Z. N. Mamarajabova tomonidan Oʻzbekiston va xorijiy nashrlarda 300 dan ortiq ilmiy va oʻquv-uslubiy ishlar amalga oshirilgan. (2 ta monografiya, 21 ta darslik, 14 ta oʻquv qoʻllanma, 4 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 2 ta elektron darslik). Shuningdek, Mamarajabova Zulfiya Narbaevna maxsus taʼlim tizimi darsliklarning eksperti va taqrizchisi sifatida ishtirok etgan. Maxsus taʼlimini mazmunini takomillashtirish, sifat va samaradorligini oshirish borasida ham qator ibratli ishlarni amalga oshirib kelgan. 2023-2025-yillarda Z.N.Mamarajabova tomonidan “O‘zbek tili grammatikasi asosida o‘zbek imo-ishora tilining lingvistik lug‘ati hamda lotin yozuviga asoslangan daktil alifbosini ishlab chiqish” nomli loyihasi doirasida O‘zbek tili grammatikasi asosida o‘zbek imo-ishora tilining lingvistik lug‘ati hamda lotin yozuviga asoslangan daktil alifbosini o‘rgatuvchi Surdoway.uz platformasiga asos solindi. Surdoway.uz platformasiga O'zbekiston respublikasi adliya vazirligi № DGU 58040 guvohnomasi berilgan. Shu yillarda O‘zbek tili grammatikasi asosida o‘zbek imo-ishora tilining lingvistik lug‘ati hamda lotin yozuviga asoslangan daktil alifbosini oʻrgatuvchi “Imo-ishora va daktil nutqiga oʻrgatish”, ,“Labdan oʻqishga oʻrgatish metodikasi”, “Imo-ishora nutqi segmentatsiyasi”, “Surdopedagogik fanlarni oʻqitish metodikasi”, “Labdan oʻqishga oʻrgatish metodikasi” oʻquv qoʻllanmalari yaratilgan.

Z.N.Mamarajabova doimiy ravishda xalqaro miqyosida oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyalarda oʻz maqolalari bilan ishtirok etib, maʼruzalar bilan chiqish qilib keladi 2018-2025-yillar davomida Turkiya davlati, Ankara shahri, Ataturk nomidagi xalqaro Madaniyat markazi tomondan doimiy tashkil etilgan «XII Xalqaro Madaniyatlararo muloqot kongressi» mavzusida Xalqaro konferensiyasiga asosiy maʼruzachi sifatida «Oʻzbek milliy qadriyatlari va anʼanalari asosida yosh avlodini tarbiyalashning ijobiy samarasi» mavzusidagi maʼruzalari bilan doimiy ravishda bilan ishtirok etgan.



2010-2016-yillarda Toshkent Davlat pedagogika instituti Defektologiya fakulteti ilmiy ishlar bo‘yicha dekan muovini faoliyati davomida 2010-2016-yillarda Respublika miqyosidagi “Defektologiyaning dolzarb masalalari” ilmiy-amaliy anjumanlarini tashkil etishda asosiy tashkilotchi bo‘lgan. Z.N.Mamarajabova uzoq yillar davomida fan va innovatsion texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam berib kelmoqda. U Turkiya, Misrdagi tadqiqot markazlarida bo‘lgan. Ayni paytda Turkiya, Eron, Rossiya, Belarus olimlari bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Z.N.Mamarajabova uzoq yillar davomida fan va innovatsion texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam berib kelmoqda. Z.N.Mamarajabova doimiy ravishda Turkiya davlati, Bartin shahri, Bartin Universiteti “Zamonaviy turk lahjalari va adabiyoti” kafedrasi nomidan mehmon oʻqituvchi sifatida Oʻzbek tili fakulteti talabalariga “Oʻzbek-turk tillarida sifatlar”, “Oʻzbek-turk tillarida feʼllar” va “Oʻzbek-turk tillarida olmoshlar” mavzularida dars oʻtadi. Z. N. Mamarajabova oʻzining ilmiy maktabiga ega olim boʻlib, boʻlajak surdopedagoglarni tayyorlashga kompetensiyaviy yondashuvni tatbiq etish, maxsus taʼlimda eshitishda nuqsoni boʻlgan oʻquvchilarni ogʻzaki nutqini muloqot quroli sifatida shakllantirish, jamiyatni yetuk aʼzosi sifatida tarbiyalashga doir izlanishlarni amalga oshirishga bevosita rahbarlik qilgan. Olimning rahbarligida soʻnggi yillarda 15 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Z.Mamarajabova rahbarligida shakllangan ilmiy maktab maxsus pedagogika sohasida ilmiy ish olib borayotgan yosh tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy markazga aylangan. Uning shogirdlari maxsus pedagogika sohasida fan nomzodlari darajasiga ega boʻlib, zamonaviy maxsus taʼlim tizimida innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etgan. Zulfiya Mamarajabova ilmiy maktabi — bu nafaqat maxsus taʼlim sohasida ilmiy yoʻnalish, balki yosh avlodni ilmiy faoliyatga ilhomlantiruvchi maktab hamdir. Uning ilmiy merosi va shogirdlari orqali Oʻzbekistonda maxsus pedagogika sohasidagi tadqiqotlar yangi bosqichga koʻtarilgan. Z.N.Mamarajabova 2023-2025-yillarda Toshkent davlat milliy pedagogika universiteti qoshidagi PhD va DSc ilmiy darajalarini berish boʻyicha ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat koʻrsatgan.

Z.N.Mamarajabova Toshkent shahri va Respublika viloyatlaridagi maxsus maktablarda rivojlanishda nuqsoni boʻlgan oʻquvchilarni keng koʻlamli oʻquv va kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlarini olib boradi, turli davlat tadbirlarida faol ishtirok etadi, seminar-treninglar oʻtkazadi, bilim va tajribasi bilan oʻrtoqlashadi. Z.N.Mamarajabova o‘zining kasbiy tajribasi va maxsus pedagogika va metodika sohasida to‘plangan bilimidan foydalanib, shogirdlari bilan birgalikda 2030-yilgacha O‘zbekistonda maxsus pedagogikani rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshiryapti.