Matibayeva Raziya Baltabayevna 1964-yil 25-yanvarda Turkiston shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1986-yilda Toshkent davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetini tamomlagach, «Progress» nashriyotining «Raduga» filiali arab tili bo‘limida korrektor sifatida boshlagan. 1987–1994-yillarda Toshkent shahri Sobir Rahimov tumani (hozirgi Olmazor tumani)dagi 1-sonli umumta’lim maktabida arab tili fani o‘qituvchisi lavozimida mehnat qildi. 1994–1997-yillarda mazkur o‘quv dargohining ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdi. 1997-yilda ta’lim sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari va yosh avlodga bilim berishdagi faolligi uchun «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 1997–1999-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) Arab filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 1999–2008-yillarda Toshkent islom universiteti (hozirgi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi) Sharq tillari kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritdi.
2009-yil 17-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti (hozirgi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi) huzuridagi D 005.11.01 raqamli Ixtisoslashgan kengashda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur ilmiy ish 24.00.02 – Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligi bo‘yicha «Abu-l-Muayyad al-Makkiy al-Xorazmiyning «Manoqib Abi Hanifa» asari hanafiylik bo‘yicha nodir manba» mavzusida bajarilgan. 2010-yildan boshlab rasman tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega. R. Matibayeva 40 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida «Dinshunoslik», «Islom huquqi», «Xalqaro iqtisodiy munosabatlar» hamda «Religiovedeniye» yo‘nalishi talabalariga «Arab tili» fanidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tib kelmoqda. 2008-yilda Misr Arab Respublikasi Milliy tadqiqotlar markazining «Informatsion texnologiya» kursini tamomladi. 2011-yilning mart–iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida«Boshqaruv mahorati» ixtisosligi bo‘yicha qayta tayyorlash kursida tahsil oldi. 2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi masofaviy o‘qitish markazida «Barkamol avlodga yo‘nalishdan milliy tarbiya texnologiyasi» kursini o‘tadi. 2016-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Respublika ilmiy-amaliy markazida «Filologiya va tillarni o‘qitish (sharq tillari)» yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirdi. 2016-yilda Toshkent islom universitetida «Ma’naviyat va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot», «Uzluksiz malaka oshirish tizimi» hamda «Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari» mavzusidagi maxsus kurslarni muvaffaqiyatli yakunladi. 2020-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi tarmoq markazida «Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat» yo‘nalishida masofaviy malaka oshirdi. 2021-yilda Ummon Sultonligining «Sulton Qobus oliy madaniyat va fan markazi» kollejida «Arab bo‘lmaganlarga arab tili o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish» mavzusidagi xalqaro kursda ishtirok etdi. 2023-yilda Bosh ilmiy-metodik markazda «Ta’lim tizimi menejmenti» yo‘nalishi bo‘yicha qayta tayyorlash kursini tamomladi. 2023–2024-yillarda Hamdan bin Roshid Ol Maktum jamg‘armasi va ICESCO hamkorligidagi «Mishkat» dasturi doirasida «Til o‘qitish va o‘rgatishning nazariy asoslari» mavzusidagi xalqaro trening kursida malaka oshirdi. 2010–2020-yillarda Toshkent islom universiteti xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkiloti raisi sifatida jamoatchilik asosida samarali faoliyat yuritdi. Mazkur davrda talaba-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Qizlarjon», «Orasta qizlar», «Yosh olimalar» va «Sirdosh qizlar» klublarini tashkil etdi. Yosh xotin-qizlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularni kasbga yo‘naltirish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish borasida tizimli ishlarni amalga oshirdi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyalariga munosib nomzodlarni tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi. Xususan, akademiya xotin-qizlar qo‘mitasidagi faoliyati davomida 20 nafardan ortiq talaba-qizni Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lishi uchun tayyorladi. Toshkent shahri Shayxontohur tumani «Olima ayollar» uyushmasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining Shayxontohur tumani bosqichida «Fan va ta’lim» yo‘nalishi hamda Toshkent shahar bosqichida «Jamoatchilik» yo‘nalishi bo‘yicha hay’at a’zosi hisoblanadi. 2018-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq Davlat test markazi)ning arab tili bo‘yicha eksperti sifatida faoliyat yuritmoqda. R. Matibayeva O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi faoliyati davomida davlat grantlari asosidagi amaliy-tadqiqot loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda. 2015–2017-yillarda amalga oshirilgan A-1-0745 (A-1-078) raqamli «O‘zbekiston mustaqilligi yillarida millatlararo munosabatlar va diniy sohada amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan yutuqlar solnomasini yaratish (Diniy bag‘rikenglik psixodiagnostikasi tizimini shakllantirish)» mavzusidagi amaliy loyiha ijrochisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2021-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar.57.01 raqamli ilmiy kengashda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Doktorlik ishining mavzusi «IX–XIV asrlarda Markaziy Osiyoda islom qadriyatlarining milliy urf-odatlar bilan uyg‘unlashuvi (Abu Hanifaga oid «Manoqib» va «Musnad» asarlari asosida)» deb nomlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2021-yil 25-avgustdagi qaroriga muvofiq, unga tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi berildi. R. Matibayeva «Arab tili va adabiyoti al-Azhar» kafedrasidagi samarali faoliyati davomida «Арабский язык. Интенсивный курс снуля» nomli darslik, «Mы учим арабский язык», «Арабский язык I», «Арабский язык II» kabi o‘quv qo‘llanmalarini yaratdi. Shuningdek, talabalar uchun «Параллельные тексты», «Рукводство для чтения параллелбных текстов» o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari hamda «Arab adabiyoti yangi davri (IX–XX asrlar)» xrestomatiyasini nashr qildi. Hammualliflikda «Исламское богословие (Калам)» o‘quv qo‘llanmasini hamda «Jaholat xuruji» ilmiy risolasini chop etgan. Olima tomonidan Islom adabiyotining manaqib janrini chuqur manbashunoslik nuqtai nazaridan tahlil qiluvchi 3 ta muhim monografiya nashr etildi: «Imom Abu Hanifa manoqiblari»; «Manakib kak literaturniy janr: istoricheskiy obzor i analiz»; «Abu-l-Muayyad Xorazmiyning «Manoqib» asarida Abu Hanifa siymosi». Shuningdek, uning «Manoqib Abi Hanifa» asarining hanafiylik tarihidagi o‘rni» nomli monografiyasi chop etilgan. Tadqiqotchining respublika va xorijiy nufuzli nashrlarda 200 dan ortiq ilmiy maqolalari e’lon qilingan bo‘lib, u 70 ta xalqaro ilmiy anjumanda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Uning ilmiy izlanishlari Islom adabiyoti janrlari, xususan, manaqiblarning tarixiy sharhi, tipologiyasi va uslubiy xususiyatlarini kompleks tahlil qilishga qaratilgan. R. Matibayeva AQSh, Germaniya, Malayziya, Turkiya va Qozog‘iston kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro konferensiyalarda 70 dan ortiq ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. 2020-yilda L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti (Qozog‘iston) tomonidan tashkil etilgan onlayn masterklassda «Xorijiy til grammatikasini o‘qitishda eksplitsit yondashuvni qo‘llash samaradorligining nazariy asoslari» mavzusida ma’ruza qildi. 2021-yilda Malayziya Milliy universiteti va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan «Islom sivilizatsiyasi olimlari» xalqaro seminarida ishtirok etdi. 2023-yilda A. Yassaviy nomidagi qozoq-turk xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari uchun «O‘qitish maqsadlarini shakllantirishda Blum taksonomiyasidan samarali foydalanishning innovatsion usullari» mavzusida maxsus ma’ruza o‘qidi. 2024-yilda AIFED (Barqaror rivojlanish uchun innovatsiya va bandlik uyushmasi) tomonidan tashkil etilgan madaniyatlararo va akademik seminarda hamda ispan va portugal olimlarini Islom sivilizatsiyasi bilan tanishtirishga bag‘ishlangan ilmiy seminarlarda faol ishtirok etdi. 2024-yil may oyida Turkistonda o‘tkazilgan «Turkiy dunyoning yangilanish davridagi intellektual harakatlar» xalqaro simpoziumida terminologiya va til imkoniyatlariga doir ma’ruzasi bilan qatnashdi. 2024-yil oktyabr oyida Turkiyaning Amasya universitetida bo‘lib o‘tgan AELTE xalqaro konferensiyasida «Kalila va Dimna masallari orqali ingliz tilini o‘qitish» mavzusidagi tadqiqotini taqdim etdi. 1999 yildan hozirgi vaqtgacha respublika oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanlarda muntazam ravishda ma’ruzalar bilan ishtirok etib kelmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi miqyosida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan quyidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanlarining tashkilotchisi hisoblanadi: 2015-yildan buyon — «Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning tutgan o‘rni»; 2022-yildan buyon — «Chet (arab) tili zamonaviy ta’limida vosita va til muammosi hamda innovatsion yondashuv». 1997-yilda yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatlari uchun «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2011-yilda «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil», 2016-yilda «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil» hamda 2021-yilda «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 30 yil»esdalik nishonlari bilan mukofotlandi 2006 va 2014-yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, 2012 va 2018-yillarda esa O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. 2016-yilda u rahbarlik qilgan tashkilot «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining eng namunali boshlang‘ich tashkiloti» ko‘rik-tanlovida I darajali diplomga loyiq ko‘rildi. 2017-yilda «Namunali tayanch punktlari» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida «Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotining ibratli raisi» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Raziya Matibayeva oilali, uch nafar farzandning mehribon onasi, besh nafar nevaraning sevimli buvisi. Raziya Matibayeva kuchli bilimi, ko‘p yillik tajribasi, talabchanligi, tashabbuskor va tashkilotchiligi, intizomliligi, namunali xulqi, samimiy muomalasi bilan rahbariyat va mehnat jamoasi orasida hurmatga sazovor bo‘lib kelmoqda. Ko‘p yillik ish tajribasi asosida unga topshirilgan har qanday ishni halollik va sadoqat bilan bajaradi.