Matkarimova Sadokat Maksudovna 1982-yil 23-avgustda Xorazm viloyatining Urganch shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. Millati oʻzbek. Hozirgi kunda Maʼmun universiteti “Tarix” kafedrasi mudiri. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar hamda xorijiy vatandoshlar qo’mitasining ekspertlar kengashi, Shuningdek Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.tar.04.04 raqamli ilmiy kengash a’zosidir. Uning umumiy mehnat staji 23 yil, oliy taʼlim muassasalaridagi ilmiy-pedagogik faoliyati esa 20 yilni tashkil etadi. S.M. Matkarimova Ma’mun universitetida kafedra mudiri vazifasida 2023-yil 11-avgustdan buyon samarali ishlab kelmoqda.
Asosiy ilmiy yoʻnalishlari – Tarixshunoslik, manbashunoslik, etnografiya, etnologiya va antropologiya ixtisosliklari boʻlib, xususan, Xorazm vohasi oʻzbeklarining tanovul madaniyati, Xiva xonligi davri tarixshunosligi, Xiva xonligi davri tarixshunosligi hamda oʻzbek xalqining moddiy va maʼnaviy madaniyatini zamonaviy metodologik uslublarda oʻrganishga qaratilgan. Bundan tashqari, Xorazm vohasi aholisining xoʻjaligi, dehqonchilik va sugʻorish ishlari tarixi, hunarmandchiligi, hududning etnokonfessional holati, shuningdek, Sharq allomalarining ilmiy merosi masalalari bilan ham faol shugʻullanib keladi. S.M. Matkarimova oʻzining ilmiy va jamoat ishlari davomida qator yuksak mukofotlar bilan eʼtirof etilgan. Jumladan, 2018-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni bilan, 2024-yilda Turon Fanlar akademiyasining “Akademik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. U oʻzining taʼlim yoʻlidagi qadamlarini 2000–2004-yillarda Urganch davlat universitetining “Tarix” mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat bosqichida tahsil olishdan boshlagan. Soʻngra, 2004–2006-yillar davomida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining “Tarixshunoslik, manbashunoslik va maxsus tarix fanlari” ixtisosligi boʻyicha magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Ilmiy va mehnat faoliyatini 2006-yilda Urganch davlat universitetining “Tarix” kafedrasida oʻqituvchi lavozimidan boshlab, 2023-yilning fevral-avgust oylarida kafedra professori darajasigacha koʻtarilgan. Ushbu yillar davomida u yosh mutaxassislarni tayyorlash, taʼlim sifatini oshirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshgan. 2010-yil 16-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti huzuridagi D.015.09.01 raqamli Ilmiy kengashda 07.00.09 – “Tarixshunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” ixtisosligi boʻyicha “Xiva xonligining Qoʻngʻirotlar sulolasi davri tarixshunosligi (XIX–XXI asr boshlari)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. Ushbu tadqiqoti orqali u Xiva xonligi tarixiga oid rus, mahalliy, xorijiy, sovet davri va mustaqillik davri manba va tadqiqotlarini qiyosiy tahlil qilib, xonlik davrining oʻziga xos tarixshunoslik maktabini yoritib bergan. 2018-yilda Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan unga “Oʻzbekiston tarixi” ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvoni berilgan. Olima oʻz tadqiqotlarini uzluksiz davom ettirib, 2021-yil 27-dekabrda Urganch davlat universiteti huzuridagi PhD.03/30.06.2021.Tar.55.05 raqamli Ilmiy kengashda 07.00.07 – “Etnografiya, etnologiya va antropologiya” ixtisosligi boʻyicha “Xorazm oʻzbeklarining anʼanaviy ovqatlanishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini (DSc) yuksak saviyada himoya qildi. Ushbu tadqiqotda Xorazm vohasi aholisining asrlar davomida shakllangan tanovul madaniyati, marosim taomlari, ularning etnik oʻziga xosliklari zamonaviy antropologik yondashuvlar asosida keng qamrovli tadqiq qilingan.
S.M. Matkarimova ilmiy-tadqiqot ishlarini davlat granti va amaliy loyihalar bilan uzviy bogʻliq holda olib boradi. U oʻz faoliyati davomida qator yirik fundamental va amaliy loyihalarda samarali ishtirok etgan. Jumladan: Xorazm Maʼmun akademiyasining IJT-5-18 shifrli “Xiva minoralari” granti; PZ-201709202 sonli “Xorazm viloyati va Xiva shahrining turistik salohiyatidan samarali foydalanish va uni yanada oshirish strategiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat amaliy granti loyihasi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining 63-02/05 sonli “Ibn Sino va zamonaviylik” davlat granti loyihasi; Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi gumanitar fanlar ITI tomonidan amalga oshirilgan PZ-20170915198 – “Qoraqalpogʻiston jamiyatidagi ijtimoiy koʻrsatmalar transformatsiyalanishi: tarix va amaliyot” mavzusidagi fundamental loyiha (2018–2020); Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining 14-07-12 raqamli “Oʻzbekistonning raqamli etnokonfessional atlasini yaratish” kabi respublika miqyosidagi muhim loyihalarda bosh tadqiqotchi va ishtirokchi sifatida faoliyat yuritgan. Olimaning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati ham eʼtiborga molikdir. 2006–2010-yillarda UrDU Tarix fakultetida Davlat attestatsiya komissiyasi kotibi, 2013–2016-yillarda fakultet Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, 2016–2020-yillarda esa Murabbiylar kengashi raisi vazifalarida ishlab, talaba-yoshlar tarbiyasi, qizlarni jamiyatdagi faolligini oshirish, fan olimpiadalari hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlarni tayyorlashda jonbozlik koʻrsatgan. Pedagogik faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya va oʻqitish texnologiyalaridan unumli foydalanib keladi. Magistratura bosqichi talabalariga “Eski oʻzbek yozuvini oʻqitish metodologiyasi”, bakalavriat talabalariga “Fan va texnika tarixi”, “Oʻzbekiston tarixi”, “Jahon sivilizatsiyasi tarixi”, “Sharq allomalarining ilmiy merosi” kabi fanlardan yuqori ilmiy-nazariy saviyada dars beradi. Oʻzining mashgʻulotlarida jahon tajribasida qoʻllaniladigan multimediali taʼlim resurslaridan samarali foydalanadi. Oʻquv jarayonini uslubiy jihatdan taʼminlash maqsadida xorijiy adabiyotlar bilan boyitilgan o’quv dastur va oʻquv-uslubiy majmualar yaratgan. S.M. Matkarimova ilmiy hamjamiyatning faol aʼzolaridan biridir. U oʻzining ilmiy-tashkiliy tajribasini matbuot sohasida ham keng qoʻllab kelmoqda: “Oʻzbekiston olimlarining ilmiy-amaliy tadqiqotlari” nomli respublika jurnali hamda “International Journal of science and education” nomli xorijiy jurnalning Bosh muharriri hisoblanadi. Bundan tashqari, “Maʼmun science”, “Yosh olimlar”, “Journal of Uzbekistan's Development and Research”, “MSI Research Journal” kabi jurnallarining tahrir hayʼati aʼzosidir. Tadqiqotchi oʻz faoliyati davomida jami 200 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 4 ta darslik, 1 ta oʻquv qoʻllanma, 4 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 8 ta monografiya, 2 ta kitob tarjimasi, 1 ta monografik albom hamda koʻplab ilmiy maqolalar eʼlon qilgan. Uning 4 ta monografiyasi mualliflik huquqi (patent) bilan himoyalangan. S.M. Matkarimovaning ilmiy maqolalari OAK jurnallarida hamda Scopus, Web of Science hamda nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarida chop qilingan, shuningdek turli xil xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida nashr qilingan. U xalqaro va respublika miqyosida oʻtkaziladigan yirik anjumanlarda muntazam ishtirok etib, sermazmun maʼruzalari bilan Oʻzbekiston ilm-fanini dunyo miqyosida targʻib qilib kelmoqda. Xususan, 2023-yil oktyabrda Boku shahrida Haydar Aliyevning 100 yilligiga bagʻishlangan xalqaro simpoziumda, Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan “Этнические меньшинства в истории России” konferensiyasida, Tojikistonda tashkillashtirilgan xalqaro “5-Artuch oʻqishlari” anjumanida, Tbilisida boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etib, maxsus sertifikatlar bilan taqdirlangan. Shuningdek “Maʼmuniy-Xorazmshohlarning dunyo tamaddunida tutgan oʻrni”, “Jadidchilik: oʻzgarish va taraqqiyot” , “Amudaryo havzasida antropogen landshaftlar va ijtimoiy tarix” kabi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda moderator sifatida anjumanlarni tashkil qildi. Yosh olimlarni tayyorlash, ularning tadqiqotlarini ekspertizadan oʻtkazish S.M. Matkarimova ilmiy faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. U koʻplab tadqiqotchilarning falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) dissertatsiyalariga ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchi, rasmiy opponent va taqrizchi sifatida ishtirok etadi. Shuningdek, 20 dan ortiq monografiya, darslik, o’quv qo’llanma, o’quv-uslubiy qo’llanmalarga mas’ul muharrirlik qilgan, ilmiy taqrizchi bo’lgan. Olimaning ilm-fan targʻibotidagi xizmatlari ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik orasida ham keng eʼtirof etilgan. U muntazam ravishda telekoʻrsatuvlar, radioeshittirishlarda tarixiy-etnologik mavzularda chiqishlar qilib keladi. Xususan, Xorazm televideniyesining dasturida “Maʼmuniylar davrida ilm-fan taraqqiyoti” mavzusida maxsus intervyu bergan. Uning bevosita ishtiroki va muallifligida YouTube platformasida tayyorlangan “Islomxoʻja va uning islohotlar dasturi”, “Xorazm Maʼmun akademiyasi va unda faoliyat olib borgan allomalar”, “Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi”, “Xorazm Jadidlari”, “O’zbekistonda millatlararo totuvlik” nomli tarixiy hujjatli filmlar keng jamoatchilikka taqdim etilib, minglab tomoshabinlar tomonidan eʼtirof etilgan.
S.M. Matkarimova jahon va mahalliy miqyosdagi yetakchi ta’lim hamda ilmiy muassasalar va universitetlar bilan strategik sheriklik aloqalarini oʻrnatishda faol ishtirok etgan. Xususan, Yevropa ta’lim tizimining ilgʻor vakili hisoblangan Germaniyaning Erlangen-Nurnberg universiteti hamda Markaziy Osiyodagi zamonaviy ta’lim markazlaridan biri — AUCA (Amerika universiteti) bilan muvaffaqiyatli aloqalar oʻrnatgan. Shuningdek, MDH makonida fundamental ilm-fanni rivojlantirish maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg (Leningrad) davlat universiteti, Oltoy va Omsk davlat universitetlari, Ozarbayjonning sohadagi bosh muassasalari — Milliy fanlar akademiyasi va Boku davlat universiteti bilan samarali akademik hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Xalqaro maydonda orttirilgan ushbu ilgʻor tajribani milliy ta'lim tizimiga tatbiq etish maqsadida Toshkentdagi yangi avlod oliygohlari — Alfraganus, Renaissance va Vatan universitetlari bilan hamkorlik integratsiyasini ta'minlashda tashabbuskorlik koʻrsatgan.” 2025-yil yanvar oyida S.M. Matkarimova iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdagi mehnati uchun “Bobur nomli davlat stipendiyasi sohibining ilmiy rahbari” sifatida oliy taʼlim vazirligining maxsus tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. S.M. Matkarimova ilm-fanga baxshida etilgan ibratli hayoti, yangicha pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etishdagi tinimsiz mehnati hamda boy ilmiy merosi bilan Oʻzbekiston tarix fani va etnologiyasi rivojiga bugungi kunda ham oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda. Tarix qa'riga sayohat qilish, oʻtmish nafasi ufurib turgan koʻhna shahar va qadamjolarni oʻz koʻzi bilan koʻrish maqsadida dunyoning koʻplab tarixiy maskanlariga borgan. Bu shunchaki sayohat emas, balki insoniyat tamadduni poydevorini, ajdodlar dahosi va qadimiy madaniyatlar silsilasini chuqurroq anglashga boʻlgan intilish edi.
Uyushtirilgan har bir ekspeditsiya asrlar sadosini tinglash, koʻhna devorlar qatiga yashiringan sirlarni his qilish va oʻtmish xotiralarini bugungi kun bilan bogʻlash uchun oʻziga xos ma'naviy koʻprik vazifasini oʻtadi. Muallif borgan har bir muqaddas qadamjo, har bir arxeologik hudud va qadimiy obida oʻtmishning buyuk saboqlarini bugungi avlodga yetkazuvchi jonli guvohga aylandi.