Mo‘minov Sidiqjon Mirsobirovich 1956-yil 15-iyul kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi Buloqboshi qishlog‘ida tug‘ilgan. Sidiqjon Mo‘minov 1973-yili Rishtondagi 5-o‘rta maktabni “a’lo” baholar bilan bitirganidan keyin Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga hujjat topshiradi. Kirish imtihonlaridan “a’lo” va “yaxshi” baholar olgan bo‘lishiga qaramay, mandat komissiyasidan o‘ta olmaganidan keyin Farg‘ona mexanika zavodida oddiy ishchi bo‘lib ishlay boshlaydi. Kelasi – 1974-yili Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kiradi. Ikkinchi kurs talabasi ekanligi paytidan boshlab institutda chiqadigan “Pedagog” ko‘p tirajli gazetasida mas’ul kotib lavozimida yarim ish o‘rnida ishlaydi. 1978-yili institutni imtiyozli diplom bilan bitirganidan keyin “Pedagog”da to‘liq ish o‘rnida faoliyat yurita boshlaydi. 1979-yilning may oyidan 1980-yilning noyabr oyiga qadar harbiy xizmatda bo‘lib qaytganidan keyin 1982-yilgacha FarDPIning “Pedagog” gazetasi mas’ul kotibi, 1982-yildan FarDPI o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi, 1994-yildan FarDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, nutq madaniyati kafedrasi dotsenti, 1995–1998-yillari FarDU doktoranti, 1998–2000-yillari FarDU umumiy tilshunoslik kafedrasi dotsenti, 2000–2004-yillari FarDU o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, 2004-yildan FarDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, 2007-yildan FarDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, FarDU tilshunoslik kafedrasi professori, FarDU ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, FarDU tahririyat-nashriyot bo‘limi muharriri, tilshunoslik kafedrasi professori, FarDU o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, 2021-yil 8-sentabridan esa FarDU tilshunoslik kafedrasi professori lavozimlarida ishlab kelmoqda. Sidiqjon Mo‘minov 1990-yilda “Okkazional-nutqiy nominatsiyada motivatsiyaning roli” mavzusidagi tadqiqot ishini nihoyasiga yetkazib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. 2000-yilda “O‘zbek muloqot xulqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. U o‘zining ilmga ishtiyoqi, izlanuvchanligini namoyish etib, respublika va xorijiy ilmiy-amaliy anjumanlarda, vaqtli matbuotda ilmiy maqolalari, televideniyeda chiqishlari bilan ishtirok etib kelmoqda. Filologiya fakulteti o‘zbek filologiyasi yo‘nalishi talabalariga “Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish”, “Tilshunoslik va tabiiy fanlar”; magistratura bo‘limi lingvistika (o‘zbek tili yo‘nalishi) I–II bosqich magistrantlariga “Lingvokulturologiya”, “Nutq tiplari”, “Areal lingvistika”, jurnalistika ixtisosligi I–II bosqich magistrantlariga “Tahliliy o‘qish”, “Notiqlik mahorati / teleradio nutqi” fanlaridan zamonaviy pedagogik texnologiyalardan samarali foydalangan holda dars berib kelmoqda. S.Mo‘minovning shu kunga qadar muloqot madaniyatining turli qirralariga oid o‘nta monografiya, o‘ndan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanma va risolalari, she’riy to‘plamlari, respublikaning nufuzli ilmiy jurnallari va to‘plamlarida ikki yuzdan ortiq maqolalari e’lon qilingan. Bir necha xalqaro ilmiy anjumanlarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Respublika ilmiy hayotida Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashi a’zosi, Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash raisi, a’zosi; Termiz davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash va ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zosi; bir necha izlanuvchan yoshlarning ilmiy rahbari sifatida ham faol ishtirok etadi. Shu kungacha S.Mo‘minov ilmiy rahbarligida 4 ta doktorlik (DSc), o‘ndan ortiq filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoya qilingan. Bir necha shogirdlari dissertatsiyalarini yakunlash, himoya qilish arafasida. O‘nga yaqin tadqiqotchilar prof. S.Mo‘minov ilmiy rahbarligida ilmiy izlanish olib bormoqdalar. Yigirmaga yaqin magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan. Ikkita doktorlik, o‘ndan ortiq nomzodlik (PhD) dissertatsiyalariga rasmiy opponentlik qilgan.
2013-yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan ta’sis etilgan grant tanlovida “Ijtimoiy ekologiya muammolari” nomli monografiyani tayyorlash va chop etish” mavzusidagi loyiha bilan qatnashib, 70 millionlik grant sohibi bo‘lgan. 2020-yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlangan 7–11-sinflar uchun “Nutq madaniyati va notiqlik san’ati” darsligi mualliflaridan biri. Ayni kunlarda mazkur darslik nashr etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risida”gi nizomning 26-bandiga asosan OAK Rayosatining 2014-yil 30-yanvardagi 202/5-son, 2020-yil 7-yanvardagi 01-07/664-son hamda 2021-yil 8-yanvardagi 01-04/068-son qarorlari bilan OAK Filologiya fanlari bo‘yicha ekspert kengashi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ilmiy faoliyatini ma’naviy-ma’rifiy, ijodiy ishlar bilan qo‘shib olib boradigan tinib-tinchimas olim va shoir S.Mo‘minov 2008-yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan (YU № 03). Shu bois u badiiy ijod va jamoat ishlarida ham barchaga o‘rnak bo‘lib keladi. Jumladan, uning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etiladigan ma’naviy-ma’rifiy sohadagi tadbirlardagi, respublika va viloyat ommaviy axborot vositalaridagi faol chiqishlari, fakultet Nuroniylar kengashining raisi hamda Farg‘ona shahar Nuroniylar kengashining a’zosi sifatidagi faoliyati tahsinga sazovor. S.Mo‘minov doimiy ravishda o‘z malakasini, ilmiy-nazariy saviyasini oshirish ustida qat’iyat bilan ishlaydi, bilimi, dunyoqarashi va mustaqil fikrlari bilan ajralib turadi.
Farg‘ona viloyati hokimi Bozorov Xayrullo Hayitbaevich “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
2011-yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil”, 2021-yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishonlari; 2021-yili “Xalqaro Amir Temur jamoat fondi” esdalik nishoni, 2022-yili “Vatanning sadoqatli farzandi”, 2023-yil 2-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 433-sonli buyrug‘iga asosan “Oliy ta’lim a’lochisi”, 2023-yil 8-noyabrda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining buyrug‘iga ko‘ra “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonlari hamda 2024-yil 27-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Oilali, uch farzandning otasi va sakkiz nabiraning bobosi.