Namazov Shafoat Sattarovich, o‘zbek millatiga mansub, 1942-yil 10-dekabrda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Kultepа qishlog‘ida tavallud topgan. 1949-yilda Sho‘rchi tumani 10-sonli o‘rta maktabga o‘qishga kirgan va uni 1959-yilda tamomlagan. 1959–1961-yillarda shu maktabda VI-VIII sinflarda fizika va matematikadan dars bergan. 1961-yilda Toshkent politexnika institutining kimyo-texnologiya fakultetiga o‘qishga kirgan va uni 1967-yilda muvaffaqiyatli tugatgan. 1967-1968-yillarda Samarqand superfosfat zavodida smenа boshlig‘i lavozimida ishlagan. 1968-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti aspiranturasiga o‘qishga kirgan va 1972-yilda “Qoratov fosforitlarini azot kislotali qayta ishlash va kaliy xloridni fosfor kislota bilan parchalashga asoslangan murakkab konsentrlangan o‘g‘itlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Dissertatsiya himoyasidan so‘ng Sh.S. Namazov kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan; Samarqand kimyo zavodi huzuridagi institutning tajriba-ishlab chiqarish laboratoriyasiga, fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasiga rahbarlik qilgan. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtiroki 1988-yilda “Tarkibi tartibga solinadigan, azot va kaliy saqlovchi polifosfat o‘g‘itlar texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1992-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzurida O‘g‘itlar instituti tashkil etilgan bo‘lib, u yerda Fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasiga rahbarlik qilgan. 1998-yilda Kimyo instituti va O‘g‘itlar instituti O‘zbekiston FA Umumiy va anorganik kimyo institutiga birlashtirilgandan so‘ng Sh.S. Namazov 1998-2000-yillarda ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 2000-2002-yillarda innovatsiya masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2002-yildan hozirgi kungacha “Fosforli o‘g‘itlar” laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlagan. U kondensatsiyalangan fosfatlar kimyosi va texnologiyasiga katta hissa qo‘shgan. Turli nisbatlardagi ozuqa komponentlari bilan istalgan qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun mos keladigan suyuq va qattiq yuqori samarali ekologik toza polifosfatli o‘g‘itlar olishning nazariy asoslarini yaratgan. Sh.S. Namazov polifosfatli o‘g‘itlar kimyosi va texnologiyasi sohasida yangi istiqbolli ilmiy yo‘nalishni rivojlantirgan. Bu yo‘nalish tarkibi boshqariladigan azot va kaliy tutgan past polimerlangan polifosfatli o‘g‘itlarni sintez qilishning ilmiy asoslarini va ratsional texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat bo‘lib, uning asosida ma'lum ortiqcha miqdorda va nisbatan past haroratda kaliy xloridning monomer, polimer fosfor kislotali reagentlar yoki ularning sulfat kislota aralashmalari bilan o‘zaro ta'sir jarayonini olib borish prinsipi yotadi. Birinchi marta polifosfor kislotalarning (PFK) va ularning H2O(K2O) : P2O5 molyar nisbati 1,04-1,2 bo‘lgan kaliy tutgan tuzlarining standart termodinamik konstantalari va yuqori haroratli issiqlik sig‘imi tashkil etuvchilari hisoblab chiqilgan; bu ko‘rsatkichlar yordamida PFK - KCl sistemasida kechadigan reaksiyalarning asosiy yo‘nalishlari aniqlangan.
Sh.S.Namazov o‘g‘itlar sohasi mutaxassislari bilan Qizilqum fosforitini yuqori konsentratsiyali kompleks o‘g‘itlarga qayta ishlashning istiqbolli rejalarini muhokama qilmoqda.
Individual PFK ning reaksion qobiliyati molekulyar tuzilishidagi zanjir uzayishi bilan sezilarli darajada oshishi aniqlangan. PFK ning polimer tarkibi va ehtimoliy reaksiyalarning entalpiyasini hisobga olgan holda u birinchi marta kaliy xlorid va PFK o‘zaro ta'siri jarayonining issiqlik effektini konsentratsiya va haroratga bog‘liqlikda hisoblash metodini ishlab chiqqan. Kaliy xloridning ekstraksion fosfor kislotasi (EFK), PFK, EFK va H2SO4 aralashmasi, PFK va H2SO4 aralashmalari bilan kislotali-termik parchalanishini tizimli tadqiq etish orqali KCl parchalanish koeffitsiyenti o‘zgarishining qonuniyatlari, polimerlanish reaksiyalari, kimyoviy va polimer tarkiblar hamda mahsulotlar xossalari, shuningdek jarayon kinetik parametrlarining harorat, konsentratsiya, kislotalar me'yori, boshlang‘ich komponentlar nisbati, EFK va texnik PFK tarkibidagi turli aralashmali ionlarga bog‘liqligi aniqlangan. Kinetik tajribalar natijalarini tizimli qayta ishlash yo‘li bilan jarayonning kinetik va energetik xarakteristikalarini ham haroratga, ham kislotalar konsentratsiyasiga funksional bog‘liqligini aniqlovchi tenglama taklif etilgan. Tarkibiy texnologik tahlil o‘tkazilgan va uning asosida reaktorlar kaskadidagi qurilmalarning optimal soni aniqlangan. KCl ning turli kislotali reagentlar bilan parchalanish reaksiyasining o‘ziga xos xususiyatlari aniqlangan va amalda suvda eruvchan kaliy polifosfatlarini hosil qilishning asosiy sharti - jarayonni ma'lum kislota ortig‘ida va nisbatan past haroratda (250-260°C) olib borish ekanligi topilgan. Topilgan optimal sharoitlarda reaksion massa va hosil bo‘layotgan xlorsiz mahsulotlar eritmalari yetarli oquvchanlikka ega ekanligi ko‘rsatilgan; bu esa KCl parchalanishi bosqichini ham, kislotali kaliy polifosfatlari eritmasini keyinchalik suyuq va qattiq o‘g‘itlarga qayta ishlashni ham alohida texnologik qiyinchiliksiz amalga oshirish imkonini beradi. Kislotali reagentning tabiati sintez qilingan polifosfatli o‘g‘itlarning tarkibini tartibga solishda hal qiluvchi rol o‘ynashi aniqlangan. Taklif etilgan prinsipial jihatdan yangi ilmiy yondashuvning yo‘naltirilgan sintezdagi boshqa ma'lum usullarga nisbatan asosiy ustunligi sezilarli darajada past energo-sig‘imi, yuqori texnologikligi, iqtisodiy samaradorligi, shuningdek berilgan tarkib va xossalarga ega, o‘rtacha polimerlanish darajasidagi suvda eruvchan kaliy polifosfatlarini olish imkoniyatidir. Akademik B.M.Beglov va akademik Sh.S.Namazov laboratoriya tadqiqotlarida EFK, PFK yoki ularning H2SO4 bilan aralashmasini, gazsimon ammiak va karbamidni ishlatib, KCl ni fosfor kislotalar bilan neytrallash yo‘li bilan qattiq, azot va kaliy tutgan polifosfatli o‘g‘itlar olishning umumiy prinsiplari ishlab chiqilgan; o‘g‘itlardagi ozuqa komponentlarining konsentratsiyasi KCl parchalanishi uchun qo‘llaniladigan kislotali reagent turi va neytrallash agentiga bog‘liq holda 58,4-91,0% oralig‘ida o‘zgaradi. 13 ta suv-tuz sistemasida kaliy, ammoniyning mono-, di-, trifosfatlaridan iborat keng harorat va konsentratsiya diapazonida eruvchanlik va o‘zaro ta'sirga oid yangi ilmiy ma'lumotlar olindi. Kaliy polifosfatlari kaliy monofosfatiga nisbatan tuzlovchi ta'sir ko‘rsatishi aniqlangan. Polifosfatlarning tuzlovchi ta'siri polimerlanish darajasi oshishi bilan kuchayadi. Mazkur sistemalardagi eruvchanlikni o‘rganish natijalari kaliy-ammoniyli-polifosfatli o‘g‘itlar (SKAPO‘ - suyuq kaliy-ammoniyli-polifosfatli o‘g‘it) texnologiyasini, ozuqa komponentlari konsentratsiyasi 49,5-56,5% bo‘lgan holatda ishlab chiqishning nazariy asosi hisoblanadi. 220-280°C harorat oralig‘ida H2SO4 ishtirokida monomer fosfor kislotalarining degidratatsiya reaksiyasiga asoslangan sulfopolifosfor kislotalar (SPFK) hosil bo‘lishining qonuniyatlari aniqlangan. SPFK olish jarayonining optimal shartlarini aniqlash imkonini beruvchi kinetik egri chiziqlarning hajmiy grafik tasviri taklif etilgan. SPFK kimyoviy va polimer tarkiblarining ularning konsentratsiyasi va H2SO4 qo‘shilish miqdoriga bog‘liq holda o‘zgarishining umumiy qonuniyatlari aniqlangan. SPFK ning termokimyoviy, issiqlikfizik va gidrolizli xarakteristikalari eksperimental yo‘l bilan aniqlangan; bu ko‘rsatkichlar ularni ishlab chiqarish jarayonining texnologik va issiqlik-texnik hisob-kitoblari uchun zarurdir. SPFK ning PFK bilan solishtirgandagi ustun o‘ziga xos xossalari to‘g‘risida yangi ma'lumotlar olindi; bu esa SPFK ni ozuqa komponentlarining oshirilgan konsentratsiyasi va P2O5 konversiyasi darajasiga ega turli xil polifosfatli o‘g‘itlarni sintez qilish uchun yangi kislotali reagent sifatida tavsiya etish imkonini berdi. “Ammafos-Maxam” AJ mutaxassislari bilan ilmiy ishlanmaning muhokamasi
Sh.S.Namazovning ixtirolariga asoslanib ekstraksion fosfor kislotasi (EFK) ishlab chiqarishning filtrlash uskunalari va kommunikatsiyalari yuzasidan tuz cho‘kindilarini olib tashlash usuli hamda yangi fosfor tutgan o‘g‘it - UFAKS texnologiyasi ishlab chiqilgan va joriy etilgan. Tuz cho‘kindilarini olib tashlash usuli to‘rtta zavod Olmaliq “Ammofos” OAJ (hozirgi “Ammofos-Maxam” AJ), Samarqand kimyo zavodi (“Samarqandkimyo” AJ), Turkmanistondagi Chorjo‘y kimyo zavodi va Qozog‘istondagi Jambul superfosfat zavodlarida 1993-yil narxlari bo‘yicha umumiy iqtisodiy samara 200 mln so‘mni tashkil etgan holda joriy etilgan. UFAKS seriyali o‘g‘itlari Olmaliq “Ammofos” OAJda joriy etilgan. Ammofos o‘rniga UFAKSga o‘tilishi bilan taqchil sulfat kislotasi va ammiak sezilarli tejaldi, fosfogips chiqindilari hajmi keskin kamaydi. Samaradorligi jihatidan esa UFAKS tarkibidagi oltingugurt va kalsiy tufayli ammofosdan ustun turadi. 150 ming tonna miqdorida UFAKS joriy etilishi va ishlab chiqarilishidan olingan iqtisodiy samara 1998-yil narxlari bo‘yicha taxminan 250 mln so‘mni tashkil etdi. Sh.S.Namazovning ishlari mustaqillik yillarida, fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz Markaziy Qizilqum (MQ) konlarining mahalliy fosforitlarini qayta ishlashga o‘tgan davrda alohida dolzarblik kasb etdi. Bu fosforitlar fosforga kambag‘al bo‘lib, boyitish qiyin. U yuvib kuydirilgan konsentratdan ammofos ishlab chiqarish texnologiyasini sanoat sinovlaridan o‘tkazib joriy etishda faol ishtirok etdi. Mazkur texnologiya bugun ham muvaffaqiyatli ishlayapti. Olmaliq “Ammofos” OAJning yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda Sh.S.Namazov MQ fosforitlaridan yangi turdagi kompleks o‘g‘itlar — ammoniy sulfatfosfat va «Suprefos» nomli azot-fosfor-oltingugurt-kalsiy tutgan o‘g‘itlar olishning samarali texnologiyalarini ishlab chiqib joriy etdi. Olmaliq “Ammofos” OAJda 2005-yildan hozirgi kungacha 250 ming tonna ammoniy sulfatfosfat va 2 000 ming tonnadan ortiq Suprefos 750 mlrd so‘mlik hajmda ishlab chiqarildi. Suprefos ishlab chiqarish yillari davomida 1 500 ming tonnadan ortiq fosfogips chiqindiga tashlash hajmi kamaytirilib, undan yo‘qolishi mumkin bo‘lgan 30 mlrd so‘mdan ortiq miqdoridagi 100%-li P2O5 ning 30 ming tonnadan ortiq yo‘qolishi oldini olindi. Suprefos va ammoniy sulfatfosfat nafaqat O‘zbekiston Respublikasida, balki xorijda ham katta talabga ega. 300 ming tonnadan ortiq Suprefos va 88,8 ming tonna ammoniy sulfatfosfat 45 mln AQSh dollari miqdorida eksportga yuborildi. UFAKS texnologiyasi ishlab chiqarishga joriy etilishi “Ammafos-Maxam” AJda ilmiy ishlanmaning amaliyotga tatbiq qilinishi
Ilmiy izlanishlar natijasida Sh.S.Namazov qishloq xo‘jaligini yuqori sifatli o‘g‘itlar bilan ta'minlash borasida ma'lum muvaffaqiyatlarga erishdi. Xususan, Qizilqum fosforitlarini boyitmasdan past me'yorli azot kislotasi yordamida parchalashga asoslangan nitrofos olishning resurs tejaydigan texnologiyasi yaratildi va “Samarqandkimyo” AJda ishlab chiqarishga muvaffaqiyatli joriy etildi. Bu texnologiya eng kambag‘al xomashyoni ishlatish, texnologik siklni sezilarli soddalashtirish va energiya resurslarini tejash imkonini beradi. Bunda nitrofos tarkibida o‘simliklar uchun zarur ozuqa komponentlari superfosfatga nisbatan ikki baravar ko‘p bo‘ladi. 2006-2020-yillar davomida 735 ming tonna nitrofos 281 mlrd so‘mlik hajmda ishlab chiqarildi; 24 ming tonna nitrofos 3 mln AQSh dollaridan ortiq miqdorda eksportga yuborildi. MQ ning turli fosforitlari (fosfat uni, kimyoviy boyitilgan konsentrat, termokonsentrat) ni EFK bilan EFK : FS = 100 : (5-30) massa nisbatlarining keng diapazonida parchalash va hosil bo‘lgan kislotali fosfatlarni keyinchalik gazsimon ammiak bilan neytrallash asosida boshlang‘ich komponentlar nisbatiga bog‘liq holda (mass. %) quyidagi tarkibda ammofosfatli o‘g‘itlar olishning prinsipial imkoniyati ko‘rsatildi: P2O5 umumiy 43,27 dan 50,25 gacha; P2O5 o‘zlashtiriladigan 34,55 dan 49,02 gacha; P2O5 suvda eruvchan 24,60 dan 46,68 gacha; azot 4,74 dan 10,40 gacha. Yuqorida ko‘rsatilgan MQ fosforitlarining to‘rt turi EFK va sulfat kislota qo‘shimchasi bilan EFK : H2SO4 : FS nisbatlar oralig‘ida parchalanish jarayoni tadqiq etildi. Jarayonga qo‘shiladigan sulfat kislota qanchalik ko‘p bo‘lsa, fosforitning Kp qiymati shunchalik yuqori ekanligi aniqlandi. Parchalanish mahsulotlarining ortiqcha kislotaliligi neytrallanganda yuqori miqdordagi o‘zlashtiriladigan va suvda eruvchan fosfor shakllari tutgan sulfoammofosfatli o‘g‘itlar olindi. Boyitilgan va boyitilmagan Qizilqum fosforitlarini azot kislotasi qo‘shimchasidagi EFK bilan parchalash va hosil bo‘lgan kislotali bo‘tqalarni keyinchalik ammiak bilan ammonizatsiya qilish usuli orqali nitroammofosfatli o‘g‘itlar olish texnologiyasi ishlab chiqildi. HNO3 qo‘shilmasi CaO hisobida stexiometrik me'yordan 15 dan 40% gacha o‘zgartirilib ko‘rildi. EFK : FS = 100 : (30-40); 100 : (30,4-40,5); 100 : (20,7-27,6) bo‘lgan optimal nisbatlarda mos ravishda fosfat uni, changsimon fraktsiya va termokonsentrat uchun azot kislotasi me'yori 25% da olingan aktivlashtirilgan nitroammofosfatli o‘g‘itlardagi suvda eruvchan va o‘zlashtiriladigan fosfor shakllari (trilon B bo‘yicha) miqdori mos ravishda 59,71-66,27 va 77,72-88,27% oralig‘ida o‘zgaradi. Rentgenoskopik va IQ-spektroskopik tahlil usullari yordamida barcha turdagi ammofosfatli o‘g‘itlarning tuzli tarkibi aniqlandi. Qizilqum fosforitlari va EFK asosida olingan barcha turdagi ammofosfatli o‘g‘itlarning tuz tarkibi asosan ammoniy digidrofosfat, kalsiy gidro- va digidrofosfat, shuningdek, qisman aktivlashtirilgan va to‘liq parchalanmagan fosforitlardan iborat ekanligi ko‘rsatildi. G‘o‘zadagi agrokimyoviy sinovlar taklif etilgan ammofosfatli o‘g‘itlarning ammofosga nisbatan ustunligini ko‘rsatdi. 100%-li P2O5 ning 1 tonnasi tannarxi ammofosga nisbatan 15-20% arzonroq. Akademik Sh.S. Namazov rahbarligidagi laboratoriyada birinchi marta MQ fosforitlarini miqdori ko‘paytirilgan bug‘latigan EFK (36-45% P2O5) bilan parchalash va hosil bo‘lgan kalsiyfosfatli suspenziyani suyuq va qattiq fazalarga ajratish, so‘ngra kislotali monokalsiyfosfatni turli reagentlar (bo‘r, so‘ndirilmagan ohak, fosforitlar va ammiak) bilan neytrallash yo‘li bilan qo‘sh superfosfat va konsentrlangan azot-fosforli o‘g‘it olish usuli ishlab chiqildi. Tajriba qurilmasida texnologiyalarni aprobatsiya qilish orqali optimal parametrlar aniqlandi va ishlab chiqilgan o‘g‘itlar uchun texnologik sxemalar taklif etildi; bu o‘g‘itlar tarkibi va sifati jihatidan GOST talablarini to‘liq qondiradi. Ayniqsa katta ilmiy va amaliy qiziqish uyg‘otadigan narsa Qizilqum fosfat xomashyosi, ohaktosh, dolomit, kaliy xlorid, ammoniy sulfat va turli bentonit gillarini ammiakli selitra (AS) eritmasiga qo‘shish yo‘li bilan modifitsiyalangan AS olish texnologiyalari seriyasidir. Yuqorida ko‘rsatilgan qo‘shimchalar granulalar mustahkamligini oshirishi, ularning g‘ovakligini, dizel yoqilg‘isini shimib olishini va bo‘kish tendensiyasini kamaytirishi aniqlandi. Bu qo‘shimchalar shuningdek, parchalanish boshlanish haroratini 35-55°C ga oshiradi. Stabilizatsiyalangan AS olish texnologiyasi 2009-yilda “Navoiazot” AJda joriy etilgan va joriy etilgan kundan hozirgi kungacha 250 mlrd so‘mlik 610 ming tonna azot-fosforli o‘g‘it (AFU) ishlab chiqarilgan, jumladan 20,8 mln AQSh dollari miqdorida eksportga yuborilgan. Ohakli-ammiakli selitra (OAS) texnologiyasi ham “Navoiazot” AJda joriy etilgan bo‘lib, 36,24 mlrd so‘mlik 56 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Akademik Sh.S.Namozov, t.f.d. M.O.Jumanova, PhD B.N.Qarshiyev NPK-o‘g‘itlarining yangi turi tahlili natijalarini muhokama qilmoqdalar “Navoiazot” AJ mutaxasislari bilan ilmiy ishlanmalar muhokamasi
Jigarrang ko‘mirni azot kislotasi bilan bosqichma-bosqich oksidlash yo‘li bilan azot-gumusli o‘g‘itlar olish jarayoni tadqiq etildi. Ko‘mirni azot kislotasi bilan ikki bosqichli oksidlashda organik moddaning asosiy qismi 90% dan ortiq unum bilan gumin kislotalariga aylanadi. Oksidlash bosqichidan ajratib olingan ammoniy gumat suyuq azotli o‘g‘it KAS ga qo‘shimcha sifatida ishlatildi. N miqdori 15,15 dan 29,42% gacha va ammoniy gumat miqdori 0,73 dan 8,2% gacha bo‘lgan KAS – ammoniy gumat olindi. Oksidlashdan keyin qolgan ko‘mirni karbamid bilan aralashtirish yo‘li bilan N miqdori 8,24 dan 23,54% gacha, organik modda miqdori 40 dan 67,57% gacha va gumin kislotalari miqdori 20,89 dan 35,01% gacha bo‘lgan qattiq azot-gumusli o‘g‘itlar olindi. IQ-spektroskopik tadqiqot asosida boshlang‘ich karbamid, oksidlangan ko‘mir va azot-gumusli o‘g‘itning kompleks birikma hosil qilishi aniqlandi. Qizilqum fosforitlarining fosforkislotali bo‘tqalarini jigarrang ko‘mirni azot kislotasi bilan oksidlash mahsuloti bilan aralashtirish yo‘li bilan quyidagi tarkibda (mass. %) fosfor-gumusli o‘g‘itlar olish imkoniyati ko‘rsatildi: P2O5 umumiy 16,96-32,36; P2O5 o‘zlashtiriladigan limon kislota bo‘yicha 11,90-28,97; P2O5 suvda eruvchan 8,82-25,24; N 4,25-4,56; CaO o‘zlashtiriladigan 5,15-8,37; gumusli moddalar 14,34-25,54. MQ fosforitlarini ko‘mirni azot kislotasi bilan oksidlash mahsuloti bilan parchalash asosida berilgan tarkib va xossalarga ega organomineral o‘g‘itlar olishning prinsipial imkoniyati ko‘rsatildi. Chorvachilik va parrandachilik chiqindilarini Qizilqum fosfat xomashyosi bilan kompostlash yo‘li bilan birinchi marta yangi turdagi organomineral o‘g‘itlar (OMU) olindi. Kompostlardan ajratib olingan gumin kislotalarini, dastlabki turli fosforitlarni va ularning o‘zaro ta'sir mahsulotlarini kimyoviy, IQ-spektroskopik va rentgenografik jihatdan tadqiq etish natijasida o‘zaro ta'sir reaksiyasi gumin kislotalarning karboksil guruhlari va ortofosfat anionlarining kalsiy ionlari ishtirokida kislota-asos mexanizmi bo‘yicha erimaydigan kalsiy gumat va eriydigan monokalsiyfosfat hosil qilib kechishi asoslandi. Parranda go‘ngini 30%-li HNO₃ eritmasi bilan kislotalash, so‘ngra olingan kislotali mahsulotni Qizilqumning nostandart fosfat xomashyosi bilan ishlov berish yo‘li bilan OMU olishning yangi usuli ishlab chiqildi. Bunda P2O5 umumiy va P2O5 o‘zlashtiriladigan miqdori mos ravishda 5-6 va 3,7-3,9% ga erishiladi. Ilmiy-pedagogik faoliyatidan lavha
Ularni qishloq xo‘jaligida tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. G‘o‘zadagi OMU ning agrokimyoviy sinovlari yuqori samaradorlikni ko‘rsatdi. Nazorat variantiga nisbatan hosildorlik qo‘shimchasi 4,0 s/ga ni tashkil etdi. O‘tkazilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, qimmat texnologik uskunalar, sanoat korxonasi qurilishi zarurati yo‘qligi va issiqlik hamda energiya xarajatlarining keskin kamayishi hisobiga OMU dagi fosforning tannarxi an'anaviy ammofosga nisbatan 3-4 marta arzonlashadi. Agrokimyo va tuproqshunoslik instituti hamda Paxta seleksiyasi, urug‘chilik va agrotexnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda OMU ni qishloq xo‘jaligida tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilib, respublika barcha viloyat hokimiyatlariga yuborildi. Hozirda akademik Sh.S. Namazov rahbarligida Qizilqum, Guliob va Qoraqalpog‘iston Respublikasi fosforitlari bazasida yangi turdagi yuqori samarali ham yakka, ham kompleks o‘g‘itlar texnologiyasini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan maqsadli tadqiqotlar olib borilmoqda. Bunda asosiy e'tibor ekstraksion fosfor kislotasini organik erituvchilar yordamida tozalash texnologiyasini ishlab chiqishga, tozalangan EFK asosida suvda eruvchan kompleks o‘g‘itlar, yem-xashak va oziq-ovqat fosfatlari olishga, oziq-ovqat va maishiy chiqindilarni, meva daraxtlari barglarini gumusli moddalar miqdori oshirilgan organik va organomineral o‘g‘itlarga qayta ishlashga qaratiladi. 2003-yilda “O‘zbekiston Respublikasining xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizatori” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. 2023-yilda “Mehnat Shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (akademik) etib saylandi. Sh.S. Namazov tomonidan 12 ta monografiya, 1 150 dan ortiq ilmiy ish jumladan, xorijda 270 dan ortiq nashr etilgan; 50 dan ortiq ixtiro muallif guvohnomasi va patenti olingan. U 23 fan doktori, 26 fan nomzodi va 26 falsafa doktori (PhD) ni tayyorlagan. Namangan davlat texnika universitetida akademik va yoshlar uchrashuvi
Ilmiy faoliyatidan tashqari u katta jamoat ishini ham olib bormoqda: doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kengash a’zosi, O‘zbek kimyo jurnali bosh muharririning o‘rinbosari, ilmiy ishlarni nashr etish bo‘yicha ekspert komissiyasi raisidir. Sh.S. Namazov mineral va organomineral o‘g‘itlar kimyosi va texnologiyasi bo‘yicha nafaqat MDH da, balki uzoq xorijda ham tan olingan ilmiy maktab yaratdi va mustaqil O‘zbekistonning ilmiy hamda iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash va rivojlantirish yo‘lida olib boradigan ko‘p qirrali faoliyatida yangi yutuq va muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritajagi shubhasizdir.